O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v. b. Baxtiyor Saidov bugun, 9 mart kuni Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Hakalani qabul qildi.
TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida 2022 yilda oliy va yuqori darajada o‘tkazilgan ikki tomonlama va mintaqalararo tadbirlar yakunlari muhokama qilingan, hamkorlikni barcha sohalarda yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Diqqatga sazovor jihat shundaki, diplomatlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik hamda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda imzolash uchun qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. 2022 yil 6 iyul kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili/Evropa komissiyasi vitse-prezidenti mahkamasi rahbari Pedro Serrano va O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov ishtirokidagi marosimda mazkur bitim muzokarachilar tomonidan dastlabki tarzda imzolandi.
Yangi hujjat amaldagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (1996) o‘rniga ishlab chiqilgan bo‘lib, u ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan. Mazkur hujjat ikki tomonlama sheriklikni faollashtirish uchun zamonaviy va mustahkam asos yaratadi, savdo-iqtisodiy munosabatlarning me’yoriy-huquqiy bazasini sezilarli darajada isloh etadi.
Mavzuga doir maqolalar:
O‘zbekiston va YeI rahbariyati hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi. 30.10.2022
Evropa Ittifoqining maxsus vakillari Toshkentda. 23.02.2022
EIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili tayinlandi. 23.06.2021