O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo hajmi 10 foizga oshdi

Toshkentda Eron Islom Respublikasi milliy bayrami – Islom inqilobi g‘alabasining 39 yilligi munosabati bilan qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xorijiy davlatlarning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, diplomatlar, O‘zbekiston ilm-fan namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari jam bo‘ldi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov qatnashdi.

Anjumanda Eron Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahman Og‘oraziy nutq so‘zlab, mamlakatlarimiz hamkorligi o‘tgan yili yanada rivojlanganini mamnuniyat ila qayd etdi.

“Munosabatlarining ildizlari uzoq tarix, madaniyat va  mushtarak daho siymolarga borib taqaluvchi, har ikkisi ham mustaqil va qudratli bo‘lishga intiluvchi ikki buyuk mamlakat – Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar o‘tgan yili yanada rivojlangani, tomonlar oliy martabali siyosiy va iqtisodiy rahbarlarining o‘zaro tashriflari ko‘paygani, savdo-iqtisodiy ayirboshlash hajmi 10 foizga o‘sganining guvohi bo‘ldik: 2017 yili ikki mamlakat savdo aylanmasi 420 million AQSh dollaridan oshdi. Ammo bulardan ham muhimi shuki, ikki mamlakatning  iqtisodiy imkoniyatlari va ilmiy-texnikaviy salohiyatidan keng foydalanish borasida kelishuvlarga erishildi”, – dedi Eron elchisi.

Qayd etilishicha, iqtisodiy jihatdan jahondagi o‘n sakkizinchi katta mamlakat hisoblangan Eron O‘zbekiston bilan do‘stona hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. Buning natijasida ikki mamlakat o‘rtasida quruqlik, temir va havo yo‘llari orqali tranzit yuk tashish hajmi o‘sdi. Energetika, texnologiyalar, ilm-fan va universitetlararo aloqalar kabi yangi sohalardagi hamkorlik yuksalmoqda. Yaqin kelajakda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilishi kutilmoqda.

Eron diplomatiga ko‘ra, hozirda ikki mamlakat o‘rtasida dolzarb muammolar yuzasidan yaqin mintaqaviy muzokaralar olib borilmoqda. Afg‘onistondagi beqaror vaziyat asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Har ikki davlat bu muammo yechimini topish yo‘lidagi harakatlarini kuchaytirishga azmu iroda qilgan. Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi Janubiy Osiyo uchun eng muhim masaladir. Bu holda Markaziy Osiyoga soya solishi mumkin bo‘lgan tahdidlar yo‘li to‘siladi. Mazkur muammo esa Afg‘onistonning o‘zidagi ichki guruhlarning kelishuvi, mintaqa va qo‘shni mamlakatlarning qo‘llab-quvvatlashlari bilan hal etiladi.

Eron elchisi O‘zbekistondagi so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan tub o‘zgarishlarga ham baho berdi.

“Shak-shubhasiz, o‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘shni mamlakatlarga nisbatan yuritilayotgan siyosatda yuz bergan o‘zgarish va islohotlar quvonch uyg‘otadi va uni qo‘llab-quvvatlashga undaydi. Bunday yangicha yondashuv O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida va Yevroosiyo mintaqasida katta ahamiyatga molik davlat ekanini yana bir karra tasdiqlaydi”, – dedi elchi Bahman Og‘oraziy.

Diplomat O‘zbekiston tarixiy-madaniy o‘rni va maqomining tiklanishi nafaqat mamlakatning o‘zi, mintaqadagi boshqa davlatlarning ham taraqqiyotiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Eron 1991 yil 25 dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan. 1992 yil 10 mayda ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilgan. Ikki mamlakat hamkorligining shartnomaviy-huquqiy asosini 60 ga yaqin hujjat tashkil etadi.

S.Salim