O‘zbekiston – Ozarboyjon: madaniy hamkorlik istiqbollari

Boku shahrida – Ozarboyjon Prezidenti kutubxonasida “Ozarboyjon adabiyoti o‘zbek tilida” nomli loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchisi, elchixona kengashi a’zolari, Ozarboyjon Milliy Majlisi deputatlari, Milliy Majlisning ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik guruhi a’zolari, jamoat arboblari, shoir-adiblar va OAV vakillari qatnashdi.

Anjumanni Prezident kutubxonasi rahbari Mail Ahmedov ochdi va “Ozarboyjon adabiyoti o‘zbek tilida” loyihasi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini ta’kidladi. Qayd etilishicha, ozarboyjon va o‘zbek xalqlarini ko‘p asrlik tarixga ega madaniy-adabiy aloqalar bog‘lab turadi. XX asr oxirida, ikki mamlakat mustaqillikka erishganidan keyin esa ushbu aloqalar strategik darajaga ko‘tarildi. Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Haydar Aliyeva nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi o‘tkazayotgan ko‘plab tadbirlar, jumladan, yuqoridagi loyiha ham do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ozarboyjonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Quliyev o‘z nutqida ikki birodar xalq o‘rtasidagi rishtalarni bundan-da mustahkamlash uchun amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar xususida so‘zladi.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov esa madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik borasida batafsil ma’lumot berdi. Diplomatning qayd etishicha, O‘zbekistondagi turli ta’lim va madaniyat maskanlarida Ozarboyjon madaniyat burchaklari tashkil etildi. Masalan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Ozarboyjon adabiyoti va madaniyati xonasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Uzayr Hojibekov nomidagi Ozarboyjon-O‘zbekiston musiqa madaniyati xonasi tashkil etildi.

Samir Abbosovga ko‘ra, Ozarboyjon madaniyat markazi O‘zbekistonda o‘tkazayotgan tadbirlar mahalliy jamoatchilik tomonidan qiziqish bilan qabul qilinmoqda. Bu borada ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun har yili o‘tkazilayotgan “Ozarboyjon haqidagi eng yaxshi maqola” ijodiy tanlovi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ozarboyjon madaniyat markazi noshirlik borasida bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Masalan, 2016 yilda “Zamonaviy o‘zbek va ozarboyjon she’riyatining o‘ziga xosliklari” nomli kitob chop etildi. Ikki tilda nashr etilgan kitobda o‘zbek va ozarboyjon shoirlari asarlaridan namunalari berilgan.

Bundan tashqari, o‘zbekcha-ozarboyjoncha, ozarboyjoncha-o‘zbekcha so‘zlashuv lug‘ati, Ozarboyjon xalq yozuvchisi Anorning tanlangan asarlari, ulug‘ shoir Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si (tarjimon O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol) dunyo yuzini ko‘rdi. Umuman, keyingi yillarda Ozarboyjon madaniyat markazi “XX asr Ozarboyjon she’riyati antologiyasi”, “Birodar O‘zbekistonda Ozarboyjon madaniyati”, “Ozarboyjon adiblari hikoyalari”, “Zamonaviy Ozarboyjon shoirlari she’rlari”, “Ozarboyjon madaniy merosi” kabi to‘plamlarni, Muhammad Fuzuliy, Baxtiyor Vahobzoda asarlarini chop etdi. Tarix fanlari doktori Ali Hasanovning “Geopolitika”, adib Yunus O‘g‘uzning “Sulton Alp Arslon”, “Amir Temur”, “Malika va jodugar” kitoblari ham o‘quvchilarga manzur bo‘ldi.

Tadbirda so‘z olgan Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi raisi Anor, Milliy Majlis deputati Siyovush Navro‘zov, adib Yunus O‘g‘uz va boshqa ishtirokchilar ikki do‘st mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar.

S.Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

O‘zbekistonda atoqli ozarboyjon adibi Anorning yangi kitobi chop etildi. 18.08.2016

Yunus O‘g‘uz: “Maqsadim – turkiylarning dunyo tamaddunidagi o‘rnini ko‘rsatish”. 16.11.2015