Joriy yil 22 may soat 20:10 dan boshlab O‘zMTRKning “Kinoteatr” telekanalida “Crime Syndrome” deb nomlangan 12 qismli yapon filmi o‘zbek tilida namoyish etiladi. Bu haqda Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Detektiv janridagi kartina 2021 yil sentyabr oyida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda Yaponiya fondi o‘rtasida tuzilgan bitim doirasida taqdim etilmoqda.
Politsiya detektivi Takasi Mutoning ota-onasidan yodgor qolgan yagona singlisi qotillik qurboni bo‘ladi. Qotillikda asosiy gumonlanuvchi o‘z joniga qasd qilgan. Ammo vaqt o‘tsa-da, Takasi Muto jinoyat ortida boshqa bir sir yashirin deb hisoblaydi. Film hodisalari ana shu fojiaviy taqdir tegrasida kechadi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zMTRK va Yaponiya fondi hamkorligida yapon madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar turkumi o‘zbek tilida namoyish etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Yaponiya fondi Kunchiqar o‘lka hamda dunyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘lida, san’at va madaniyat, yapon tilida tahsil, Yaponiyani kashf etish va intellektual almashuv kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelmoqda.