28 iyun kuni Markaziy Osiyoning besh davlati ombudsmanlari mintaqada inson huquqlari himoyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ikki bitimni imzoladilar. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan shartnomalar Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda ma’qullandi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Markaziy Osiyo davlatlari ombudsmanlarining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi hamkorligi” forumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan USAID ko‘magida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning inson huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarning oldini olish choralarini ko‘rish va mintaqa fuqarolarining huquqiy madaniyatini oshirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Forum doirasida imzolangan hamkorlik haqidagi bitim xalqaro robitalarni rivojlantirish va inson huquqlari sohasida doimiy tajriba almashishni ko‘zlaydi.
Inson huquqlarini hurmat etish va himoya qilish AQSh tashqi siyosatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
“USAID bugungi forumni qo‘llab-quvvatlashidan faxrlanadi. Inson huquqlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasining imzolanishi kelajakda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarga turtki bo‘ladi”, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.
Forumda Markaziy Osiyoning besh davlati ombudsmanlari, shuningdek, davlat va xalqaro tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining 150 nafar vakili ishtirok etdi. Forum va imzolangan bitimlar mintaqa ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi. Shuningdek, forum Markaziy Osiyo mintaqasida inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha muhokamalar uchun xalqaro platforma bo‘lib xizmat qildi.
USAID O‘zbekiston Ombudsman tashkilotini uzoq vaqtdan beri qo‘llab-quvvatlab keladi. Shuningdek, u mazkur institutning mustaqil faoliyat yuritish vakolatlarini kengaytiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqishga ko‘maklashdi. USAID Ombudsman institutiga butun mamlakat bo‘ylab fuqarolarga murojaat qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi uskunalarni taqdim etdi. Ombudsman idorasi USAID ko‘magida Advokatlar palatasi va milliy nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan barcha fuqarolar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash maqsadida davlat – jamoatchilik sherikligi asosida ishlaydi.
Shu mavzudagi maqolalar:
USAID va O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi tadqiqot boshladi. 17.11.2021
USAID: yangi ko‘p million dollarli loyiha uchta strategik maqsadga qaratilgan. 06.10.2021