Toshkentda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo va Turkiyaning Pamuqqal’a universiteti rektori Ahmad Qutlug‘xon o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zFA matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomon o‘rtasida ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va kuchaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar tayyorlash va amalga oshirish, o‘zbek-turk xalqlari tarixini o‘rganish, birgalikda ilmiy yig‘inlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda tarix fani oldidagi vazifalardan kelib chiqib, ularning yechimlaridan biri sifatida kadrlar tayyorlash masalasi ekaniga urg‘u berildi. Bunda ikki tomonlama mutaxassislar va yoshlar almashinuvi dasturini amalga oshirish dolzarb ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, yosh tarixchi olimlar o‘qish muddati va mavzular ko‘lamini kengaytirish, institut yoshlarining til bilish darajasini yaxshilash maqsadida turkiyalik mutaxassislarni jalb etishga kelishildi.
Uchrashuv so‘ngida Tarix instituti va Pamuqqal’a universiteti o‘rtasida kelishuv bitimi imzolandi.