Turkiya gumanitar yordam ko‘rsatkichi bo‘yicha 2018 yilda ham dunyodagi yetakchi davlat sifatida qayd etildi. “Global gumanitar yordam–2018” hisobotida Turkiya dunyoning eng saxovatpesha davlati deb e’tirof etilgan.
Qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan Taraqqiyot tashabbusi (Development Inıtiatives) tashkilotiga ko‘ra, gumanitar maqsadlarda sarflangan mablag‘ mamlakat yalpi ichki mahsulotining 0,85 foizini tashkil etadi.
“Turkiya dunyodagi eng boy mamlakat emasdir, ammo u eng qo‘li ochiq mamlakat ekani aniq”, degan Turkiya Qizil yarim oy jamiyati raisi Kerem Kinik.
Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) Myanmadan Somaliga qadar, Kosovodan Falastinga qadar, Iroqdan Afg‘onistonga qadar, Ukrainadan Madagaskarga qadar – Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alarida hamkorlik va texnikaviy yordam faoliyatini amalga oshirib, millionlab insonlar koriga yaramoqda. Agentlik Turkiya bayrog‘i ostida sayyoramizning 140ga yaqin mamlakatida har yili o‘rtacha 2000 ta loyihani amalga oshiradi.
Masalan, Sudanda davom etayotgan insoniy buhronni yengillatish, Somalidagi qurg‘oqchilikni bartaraf etish, Liviya tibbiyot tizimini isloh etish, Yamanda vabo ofatiga qarshi kurash, Myanmaning Arakan muzofotida yuzaga kelgan inqirozni hal etish, xususan, rohinja musulmonlariga ko‘mak ko‘rsatish, Falastin xalqiga yordam berish kabi xayrli ishlarga Turkiya bosh-qosh bo‘lgan.
Ayni choqda, Turkiya hukumati huzuridagi Favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etish va ularning oldini olish boshqarmasi (AFAD) dunyoning 60ga yaqin davlatida gumanitar hamda qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirmoqda.
Yangi asrda dunyo hamjamiyati urushlar, qurolli to‘qnashuvlar va etnik nizolar tufayli misli ko‘rilmagan qochqinlar muammosiga duch keldi. Tahlilchilar mazkur jarayonni Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik aholi ko‘chishi deya baholamoqda.
Turkiya bu borada ham dunyoda yetakchi o‘rinda turibdi. Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda turk zaminida 4 milliondan oshiq qochqin panoh topgan.
“Biz qochqinlarni ajratib qo‘ymaymiz, bizning uylarimiz qochqinlarniki bilan devordarmiyon joylashgan, farzandlarimiz ham ayni maktablarda o‘qishadi. Sirasini aytganda, zulm chekkan insonlar uchun Turkiya erk ramziga aylandi”, degan Turkiya Qizil yarim oy jamiyati raisi Kerem Kinik.
Ayni vaqtda Turkiya maktablarida 600 mingdan ziyod suriyalik qochqin bolalar tahsil olmoqda.
BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha Oliy komissari matbuot kotibi Yens Lerke qochqinlarga g‘amxo‘rlik borasida Turkiya boshqa mamlakatlarga namuna bo‘layotganini ta’kidlagan.
Oliy komissarning Suriyaga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha idorasi ham Turkiyaning Gaziantep shahrida faoliyat yuritmoqda.
BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha Oliy komissari matbuot kotibi Suriya, Iroq, Afg‘oniston va boshqa o‘lkalardan bosh olib ketgan millionlab qochqinlarni o‘z bag‘riga olgani uchun rasmiy Anqaraga tashakkur izhor qilgan.
BMT hisob-kitobiga ko‘ra, hozirga qadar Turkiya tomonidan qochqinlarga yordam maqsadida sarflangan mablag‘ miqdori 37 milliard dollardan oshadi.
Turkiya 2017 yilda ham gumanitar yordam ko‘rsatkichi bo‘yicha sayyoramizda birinchi mamlakat deya e’tirof etilgan edi. 2017 yil natijalariga ko‘ra, Turkiya – 8,07 milliard, AQSh – 6,68 milliard, Germaniya – 2,99 milliard, Buyuk Britaniya – 2,52 milliard hamda Yevropa Ittifoqi 2,24 milliard dollar miqdorida gumanitar yordam ko‘rsatgan.
S.Salim