Turkiya Qurolli kuchlari joriy yil 20 yanvar kuni Suriyaning Afrin shahrida boshlagan “Zaytun novdasi” operatsiyasi mintaqada terrorizm tahdidi bartaraf etilgunga qadar davom etadi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Twitter tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ma’lum qilgan.
Prezident Erdo‘g‘on Turkiya xalqi osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan operatsiya o‘tkazish uchun o‘zgalarning roziligini olish shart emasligini ta’kidlagan.
“Anqara boshqa davlatlarning fikr-mulohazalariga e’tibor bermaydi. Biz uchun muhimi – Turkiya xalqining istagi. Turkiya o‘z muammolarini o‘zi hal qiladi va sarhadlariga bir to‘da bosqinchilar xavf solishiga yo‘l qo‘ymaydi”, – degan Turkiya yetakchisi.
Qayd etilishicha, “Zaytun novdasi” operatsiyasi so‘nggi paytlarda Suriya shimolidan Turkiyaga qarshi amalga oshirilgan hujumlarga javob sanaladi. Mazkur operatsiya nafaqat Turkiya milliy manfaatlarini himoya qilish, ayni choqda, Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlash, Suriya xalqi xavfsizligini ta’minlashga ham qaratilgan.
Maqsad – terror o‘chog‘ini yo‘q qilish
Suriyaning shimoli-g‘arbida joylashgan Afrin shahri 2012 yil iyulda PYD jangarilari tomonidan egallangan. O‘shandan buyon shahar terror o‘chog‘iga aylanib, Turkiyaga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda. Afrindan panoh topgan terrorchilar Turkiyaning Kilis shahri va Xatay muzofotini ko‘p bora o‘qqa tutgani qayd etilgan.
Turkiya rahbariyati mazkur beqarorlik o‘chog‘ini yo‘q qilish uchun 20 yanvar kuni harbiy operatsiyaga kirishdi. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, Turkiyaning xatti-harakatlari BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi to‘g‘ridagi rezolyutsiyasi hamda BMT Nizomining 51-moddasiga asoslanadi.
Suriya ozodlik armiyasi ham ishtirok etayotgan operatsiyaning dastlabki kunlaridayoq Afrindagi ko‘plab terror ob’ektlari yo‘q qilingani va bir qator qishloqlar jangarilardan tozalangani xabar qilingan.
Turkiya qurolli kuchlari harbiy operatsiyada faqat terror o‘chog‘i yo‘q qilinayotgani, tinch aholiga esa zarar yetkazilmasligini bildirgan.
Ayni paytda PYD/PKK terrorchilari Suriya–Turkiya chegarasining 65 foizini nazorat qilmoqda. Shu bois operatsiyaning dastlabki bosqichida chegara hududida 30 km xavfsizlik zonasini tashkil etish maqsad qilingan.
Anqara va Vashington: taranglashgan munosabat
Rasmiy Anqara ko‘pdan buyon Vashingondan Suriyadagi YPG, PYD kabi terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilib kelmoqda. Ammo AQSh ma’muriyati bu talablarga e’tibor qaratmayotir. Tahlilchilarga ko‘ra, Anqaraning “Zaytun novdasi” operatsiyasiga kirishishiga Vashingtonning mintaqadagi terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati ham sabab bo‘lgan.
“Vashington Turkiya xavfsizligiga tahdid solayotgan PKK/PYD-YPG terrorchilari bilan hamkorlik rejasidan voz kechmasligini ma’lum qildi. Pentagon Suriyaga 5 ming yuk mashinasida qurol-aslaha yo‘lladi. Amerika samolyotlari Suriya shimoliga qurol yetkazish uchun 2000 ta reysni amalga oshirdi. Bularning bari Turkiyani janubiy sarhadlarida terror tahdidini bartaraf etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishga majbur qildi”, – deydi BİLGESAM Strategik tadqiqotlar markazi eksperti Ali Semin.
Niderlandiya Tashqi ishlar vaziri Halbe Ziylstra ham Turkiyaning terrorizmga qarshi kurashini yoqlagan. Mahalliy parlamentda Turkiya Qurolli kuchlarining “Zaytun novdasi” operatsiyasini sharhlagan vazir buni turklar va kurdlar ziddiyati deb tushunmaslik kerakligi, aslida terrorga qarshi kurash kechayotganini ta’kidlagan.
PYD, YPG, PKK – bir maqsadni ko‘zlagan uch to‘da
Tadqiqotlar “Islom davlati” terrorchi tashkiloti safida urush olib borgan jangarilar endilikda PYD va YPG guruhlari tarkibida begunoh insonlar qonini to‘kayotganini ko‘rsatmoqda.
Rasmiy Anqara ko‘pdan beri PYD (Demokratik ittifoq partiyasi) va YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) xatarli harakatlar ekanidan ogohlantirib kelmoqda. Xo‘sh, ushbu ikki tashkilotning xatari nimada?
Xabaringiz bor, PKK (Kurdiston ishchi partiyasi) necha yillardan buyon Turkiya fuqarolari va davlat muassasalariga qurolli hujumlar uyushtirib kelmoqda. PKK uyushtirgan hujumlarda yuzlab tinch aholi va xavfsizlik kuchlari vakili halok bo‘lgan.
AQSh va Yevropa Ittifoqi PKKni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Ammo G‘arbning ko‘plab mamlakatlari, xususan, AQSh 2003 yilda Suriyadagi kurdlar tomonidan tashkil etilgan PYDni (Demokratik ittifoq partiyasi) PKKga aloqadorligini rad etib, uni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tahlillarga qaraganda, PYD – Kurdiston ishchi partiyasining Suriyadagi shaxobchasidir. YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) esa PYDning jangovar qanoti hisoblanadi. Ayni paytda har ikki tashkilot Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilariga aloqador emasligini aytib keladi. Bir qator ekspertlar nazdida esa, uchala tashkilot ham bir maqsadni ko‘zlab faoliyat yuritib kelayotir. Masalan, Amnesty International tashkiloti 2015 yil 13 oktyabrda e’lon qilgan hisobotda YPG Suriyadagi arab va turkmanlarga qarshi harbiy jinoyatlar sodir etgani xususida so‘z boradi. Xavotirli jihati shundaki, Suriyadagi boshboshdoqlik bois PYD va YPG jangarilari o‘z faoliyatini qonuniylashtirishga urinayotir.
PKK terrorchilari ayrim G‘arb mamlakatlarida qo‘poruvchi emas, jabrdiyda sifatida qabul qilinayotir. Rasmiy Anqara buni o‘ta xatarli hol deb hisoblaydi. Turkiya rahbariyati terrorchi to‘dalarga aslo shafqat qilinmasligini ta’kidlab keladi.
S.Salim