Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingan Bursaning 2022 yil davomida ko‘plab muhim tadbirlarga mezbonlik qilishini ta’kidladi. Bu haqda u mazkur tarixiy shaharga Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TÜRKSOY) tomonidan yuksak maqom berilishi munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishdagi nutqida ma’lum qilgan.
Keng qamrovli tadbirlar ilm-fan, san’at, madaniyatdan tortib sportga qadar – turli yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Avval xabar berganimizdek, 2021 yili Istanbul shahrida birinchi bor o‘tkazilgan “Qo‘rqut ota” turk dunyosi film festivali 2022 yilda Bursada tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
Turkiya madaniyat va turizm vaziri ushbu faktni yana bir karra tasdiqladi.
Mehmet Nuri Ersoy Bursa shahriga berilgan “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” maqomi ham yuksak va mas’uliyatli maqom ekanini urg‘ulagan va undan to‘g‘ri foydalanilsa, shahar xalqi uchun katta imkoniyatlar eshiklari ochilishini qayd etgan. Jumladan, Bursaning jug‘rofiy joylashuvi va rivojlangan transport tarmog‘i bu yerga kelmoqchi bo‘lgan turistlar sonining oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
2012 yildan buyon “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” maqomi Ostona, Eskishehir, Qozon, Marv, Turkiston, O‘sh va Xiva shaharlariga berilgan.
Vazir M.N.Ersoy ko‘hna tamaddun beshigi sanalgan Bursa Vifiniya, Lidiya, Fors, Rim, Vizantiya, Saljuqiylar, Usmoniylar kabi davlatlarning boy tarixiga shohid ekanini ta’kidlagan. U, ayni choqda, ushbu hudud YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganini ham yodga oldi. E’tiborga molik jihati, Bursa YuNESKOning ijodiy shaharlari ro‘yxatidan ham o‘rin olgan.
Bursa ma’muriyati rahbari Alinur Oqtosh esa ko‘hna madaniyat va tarixga ega shaharda bugun sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm taraqqiy etgani haqida gapirgan. A.Oqtosh Bursaga turli mintaqalar qatori O‘zbekistondan ham sayyohlar kelayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan. Ma’lum bo‘lishicha, shaharga har yili o‘rtacha 1,5 million sayyoh keladi. Endilikda bu raqamni ikki baravarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning sentyabr oyida Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan TÜRKSOY doimiy kengashining 38-majlisida Bursa shahri Turkiy davlatlarning madaniy poytaxti sifatida bir ovozdan ma’qullangan.
Turkiyaning shimoli-g‘arbida, Istanbuldan 154 km masofada joylashgan Bursa shahri mamlakatning to‘rtinchi yirik shahri sanaladi. Uludag‘ tog‘lari bag‘rida, Marmar dengizi sohilida nash’u namo topgan Bursa ko‘p asrlik tarixga ega. Manbalarga ko‘ra, shaharga miloddan avvalgi 2 asrda asos solingan. Buyuk ipak yo‘lidagi shahar o‘z davrida Usmoniylar davlatining poytaxti bo‘lgan. Keyinroq saltanat poytaxti Edirnega ko‘chirilgan bo‘lsa-da, Bursaning iqtisodiy-siyosiy hamda madaniy ahamiyat kamaymagan. O‘z davrida hunarmandchilik, amaliy san’at, me’morchilik, ilmu fan markazi sanalgan shaharda ko‘plab me’moriy durdonalar saqlanib qolgan.
C.Calim
Shu mavzudagi maqolalar:
Mehmet Nuri Ersoy: “Insoniyatning eng hayratomuz drama va fojialari turk dunyosida yashirin”. 15.11.2021
Pandemiyaga qaramay, Turkiya turizmni rivojlantira oldi. Muvaffaqiyat siri nimada? 23.11.2021