Toshkentda yapon an’anaviy o‘yini bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi

Toshkentdagi Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida yapon tilini o‘rganayotgan talabalar o‘rtasida yapon “karuta” o‘yini bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqada Toshkent va Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 24 nafar iqtidorli talaba o‘zaro bellashdi. Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Jahon iqtisodi va diplomatiya universiteti, Japan Digital University, Samarqand davlat chet tillari instituti va O‘zbekiston–Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi vakillari o‘z bilimini namoyish etdi.

Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil qilingan tadbir qatnashchilarini Yaponiya elchisi o‘rinbosari, maslahatchi Toda Shinsuke qutladi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda yapon tilini o‘rganishga ko‘maklashish, talabalarning bilimga rag‘batini oshirish, yoshlarni yapon madaniyati bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir.

Musobaqadan so‘ng ishtirokchilar uchun an’anaviy yapon taomi – sushi tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi tashkil qilindi.

Mavzuga doir maqolalar:

Yaponiyaning “SAI” barabanchilar guruhi Toshkentda kontsert namoyish etdi. 01.11.2022

Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligi doirasida ko‘rgazma ochildi. 25.02.2022

O‘zbekiston va Yaponiya diplomatik munosabatlariga 30 yil to‘lmoqda. 11.01.2022