O‘zbekiston va Qirg‘iziston poytaxtlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yanada kengayadi. 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov va Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Doniyor Sidiqov uchrashuvida shu haqda so‘z borgan.
Qirg‘iziston elchixonasi rasmiy sayti xabariga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakat poytaxtlarining savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligi masalalari muhokama etilgan. Shu jumladan, qo‘shma korxonalar tashkil etish, turli sohalar, xususan, turar-joy kommunal va transport jabhalarida tajriba almashish bilan bog‘liq biznes-forum hamda davra suhbatlari o‘tkazish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Hokim va elchi uchrashuvida, shuningdek, yaqin istiqbolda ikki davlat poytaxtlari madaniyat kunlarini o‘tkazish masalasi ham muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Doniyor Sidiqov 2016 yil 22 iyunda Qirg‘iziston Prezidentining farmoni bilan ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan. Toshkentga kelgunga qadar u Qirg‘iziston Milliy banki, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat intellektual mulk idorasi va Hukumat ma’muriyatida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Ayni paytda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik turli sohalarda rivojlanmoqda. Bunda oliy darajadagi uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xabaringiz bor, 2016 yil 24 dekabrda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev amaliy tashrif bilan Samarqandga keldi. Forumlar majmuasi saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish zarurligini ta’kidlagan.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida 2016-2017 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi yangi shakldagi siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik davlatlararo munosabatlarning muhim sohasi hisoblanadi. Ushbu masala muhokamasida 2016 yilning o‘tgan davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23 foiz o‘sganiga qaramasdan, bu ko‘rsatkich ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlariga mos kelmasligi qayd etilgan. Prezidentlar ikki yil davomida tovarlar turini tubdan kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini 500 million dollargacha ko‘paytirish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidlagan.
Sobir Salim