“Tarixiy g‘alaba uchun” – Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Turkiy dunyoning Oliy ordeni” bilan taqdirlandi

Ozarbayjonning tarixiy g‘alabasi turk dunyosi birligini yanada kengaytirdi. Foto: “President.az”

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Turkiy dunyoning Oliy ordeni” bilan taqdirlandi. Nufuzli mukofotni Istanbulda o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi VIII sammitida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on topshirdi.

Turkiy tilli davlatlar rahbarlari kengashining qarorida mazkur oliy mukofot Ilhom Aliyevga tarixiy g‘alabaga erishib, Ozarboyjon Respublikasining hududlarini ishg‘oldan ozod qilgani, mamlakatning hududiy yaxlitligini qayta tiklagani, turk dunyosi birligi hamda mintaqada tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun taqdim etilgani bayon etilgan. Mazkur qaror O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan imzolangan.

“Sizning qat’iy rahbarligingiz tufayli qariyb 30 yil davom etgan Qorabog‘ okkupatsiyasiga bor-yo‘g‘i 44 kunda barham berildi. Bu g‘alaba nafaqat ozarbayjonlik qardoshlarimiz, balki butun turk dunyosi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Vatan urushi natijasida BMT Xavfsizlik kengashining ko‘p yillar davomida ijro etilmagan rezolyutsiyalari hayotga tatbiq etildi.  Shu bilan Ozarbayjon xalqaro hamjamiyatga adolat chaqirig‘ini yo‘lladi. Ozarbayjon hududiy yaxlitligining tiklanishi turk dunyosi birligini yanada kengaytirdi”, – dedi R.T.Erdo‘g‘on ordenni topshirar ekan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitidagi nutqida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni Qorabog‘dagi g‘alaba va nufuzli mukofot bilan tabrikladi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining 2019 yil 14 oktyabrdagi uchrashuvidan olingan surat.
Foto: “President.uz”

“Avvalambor, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyevga Tashkilotimizga samarali raislik qilgani uchun minnatdorchilik izhor etaman. Ozarbayjon xalqini mamlakat hududiy yaxlitligi tiklanib, tarixiy adolat qaror topgan qutlug‘ sana – G‘alaba kuni munosabati bilan chin dildan tabriklayman. Shu bilan birga, hurmatli Ilhom Geydarovich, Sizni “Turkiy dunyoning Oliy ordeni”ga sazovor bo‘lganingiz bilan ham samimiy tabriklayman”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi. 8 noyabr Ozarbayjonda G‘alaba kuni o‘laroq belgilandi.

S.Salim