21 sentyabr kuni taniqli shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor 65 yoshida vafot etdi.
“Og‘ir judolik bo‘ldi hammamiz uchun, ayni ijodiy balog‘at yoshida u yorug‘ olamni tark etdi. Hali rejalari ko‘p edi, oxiriga yetmagan she’riy turkumlari, dostonlari, tarjimalari ish stolida qoldi. Usmon Qo‘chqor o‘z hayot yo‘lini mardona bosib o‘tdi. Shoir bugun oramizda yo‘q. Biroq, u betakror asarlari bilan muxlislari, yoru do‘stlari, farzandlari qalbida yashashda davom etadi”, – deya marhumni yodga olgan do‘stlari.
Shoirning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga ta’ziya izhor etgan Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi bu Ozarboyjon adabiyoti uchun ham ulkan yo‘qotish ekanini ta’kidlagan.
“Usmon Qo‘chqor yaxshi inson, iste’dodli shoir, mahoratli tarjimon edi. Hech nima da’vo qilmasdan, indamasdan ijod qildi. Garchi yuragida dardi ko‘p bo‘lsa-da, uni hammaga ochavermadi, faqat va faqat she’riga ishondi. Olloh rahmatiga olsin!” – deb yozdi O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron.
Usmon Qo‘chqor 1953 yil 15 iyulida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.
Uzoq yillar G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, “O‘zbekiston”, “Cho‘lpon” va “Ma’naviyat” nashriyotlarida, “Yoshlik”, “Jahon adabiyoti” jurnallarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Usmon Qo‘chqorning “Hayajonga ko‘milgan dunyo”, “Akssiz sadolar”, “Uyqudagi minora”, “Og‘ir karvon”, “Chamangul”, “Shiroq” kabi she’riy kitoblari, “Quvg‘un” dostoni va “Imom Buxoriy” she’riy dramasi chop etilgan.
U ozarboyjon adiblaridan Sayyid Imoddiddin Nasimiyning “Men bu jahonga sig‘masman” she’riy to‘plamini, Husayn Jovidning “Amir Temur” dramasini, Jalil Mammadqulizodaning qissa va hikoyalarini, Yusuf Samad o‘g‘lining “Qatl kuni”, Anorning “Besh qavatli uyning oltinchi qavati”, “Men, sen, u va telefon”, Sobir Rustamxonlining “Ko‘k tangri”, Yunus O‘g‘uzning “Amir Temur”, “Malika va jodugar”, “Sulton Alp Arslon” asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan.