Kommunizm dohiysi o‘z a’yonlari tomonidan zaharlab o‘ldirilgan!..
Kommunistlarning jahonga mashhur dohiysi, butun dunyoni Moskva qarshisida tiz cho‘kishini orzu qilgan Iosif Stalin vafot etgani ham yarim asrdan ziyod vaqt o‘tdi. Bu muddat
davomida «xalqlar otasi»ning o‘limi haqida turli taxminlar, mulohazalar bildirildi. Kimdir o‘zi orzu qilgan davlatning inqirozini oldindan ko‘rgan diktator o‘zini o‘zi o‘ldirgan, degan fikrni aytdi. Yana kimdir Stalin o‘limida xorij josuslarini aybladi. Rossiyalik tarixchi Edvard Radzinskiy esa yaqinda kutilmagan qarashni ilgari surdi. Olimning taxminiga ko‘ra, Stalin o‘z qo‘l ostidagi mansabdorlar tomonidan zaharlab o‘ldirilgan ekan…
1950-yillar boshidayoq temir boshqaruvga asoslangan va qon bilan sug‘orib turilgan saltanatning tagiga suv ketib ulgurgandi. Ayni shu davrdayoq markaziy hokimiyatning o‘zida bo‘linish va dohiyga qarshilik kayfiyati paydo bo‘la boshlagandi. Yuqori doiradagi mansabdorlar ham dohiyning porloq kelajak — kommunizm tantanasi haqidagi otashin nutqlariga allaqachon ishonmay qolishgandi. Bir paytlar Stalinning har bir so‘zini ilohiy kalomday qabul qilgan amaldorlar mo‘ylovdor dohiy tobora qarib borayotganini sezishardi va shu bois ham oldingidan bemalolroq, erkinroq harakat qilishardi. Bir paytlar Stalinning soyasiga salom bergan, «dohiyim», «bobom», «otam», «otamdan ham ulug‘im», «baloyi battarim» deya ko‘klarga ko‘targan kishilar ham kommunizm me’morining so‘nib borayotganini e’tirof etishardi. Kremldagi maxfiy suhbatlarda, yig‘inlarda ham Iosif Vissarionovichning keksalarcha injiqliklari haqida ochiq gapirila boshlangandi.
Ayni shu paytlarda Stalin Siyosiy byuro majlisida bir necha marta AQSh bilan muhoraba olib borish va shu orqali yangi qirg‘in — Uchinchi jahon urushini boshlash haqida gapirgandi. Biroq dohiyning urush haqidagi iddaolari «politbyuro»ning Malenkov, Xrushchev kabi a’zolari rangi qutini o‘chirib yubordi. Hatto Stalinning 1937- va 1945-yillardagi qatag‘on va qirg‘inlarida tashkilotchi va ijrochi vazifasini bajargan Lavrentiy Beriyaday yovuz va qattol shaxs ham dohiyning urush to‘g‘risidagi rejalariga qo‘shilmadi. Sababi, Ittifoq Ikkinchi jahon urushidan horib-charchab chiqqan, mag‘lubiyatga teng g‘alaba Moskvaga juda qimmatga tushgandi. Garchi matbuot nashrlarida sovet xalqlarining buyuk bunyodkorlik ishlari, baxtli-farovon hayoti haqida jo‘rovozda ertak aytilayotgan bo‘lsada, aslida urushdan keyingi tiklash juda ham qiyin kechayotgandi. Barcha jabru sitam yana o‘sha avom gardaniga tushayotgandi.
Siyosiy byuro aúzolari Stalinning Uchinchi jahon urushi xususidagi shirin orzularini dastlab keksa rahbarga xos havoyi orzu deb o‘ylashgandi. Biroq dohiy har bir yig‘inda eski gapni qo‘zg‘ar, barcha rahbarlarni shu maqsad yo‘lida hoziru nozir bo‘lishga undardi. Lekin Stalinning shogirdlari endilikda yana bir bor it azobini tortish, o‘lim tahlikasi bilan yuzma-yuz kelish, eng asosiysi, hokimiyatdan mahrum bo‘lish xavfiga ro‘baro‘ bo‘lishni istashmasdi. Shu bois ular eng qaltis va murakkab yo‘lni tanlashdi: Stalinni o‘ldirishga qaror qilishdi!
Dahshatli hukm ijrosi esa tajribali jallod — Ichki ishlar vaziri Lavrentiy Beriyaga topshirildi. Beriya esa maxfiy topshiriqni bajarishni Stalin shaxsiy qo‘riqchilari boshlig‘i Xrustalevga yukladi. G‘aroyib o‘xshashlik: dohiy butun umri davomida odamlarni qo‘rquv muhitida ushlab keldi, otani farzandga, farzandni otaga dushman qildi, barchani xiyonat, chaqimchilik, «quloqlik»ka o‘rgatdi va oxir-oqibat eng ishongan va suyangan kishisi — muhofaza guruhi boshlig‘i valine’matiga xiyonat qildi. Xrustalev 1953-yilning tun pardasi butun borliqni yopgan 4-mart kechasida dohiyga zahar berdi.
Stalinning shaxsiy soqchilaridan biri bo‘lgan va so‘nggi kecha dohiyga qo‘riqchilik qilgan Pyotr Lozgachevning mulohazalari ham ma’lum ma’noda shu fikrni tasdiqlaydi. Lozgachevning xotirlashicha, 1953-yilning 4-mart kechasi juda ham g‘alati va sirli o‘tgan. Odatga ko‘ra, Stalin soqchilar bilan alla-pallagacha suhbatlashib o‘tirar, ularning ustidan kulib
masxaralar va o‘ziga xos ko‘ngil ochishdan keyin qo‘riqchilarga ruxsat berib uxlashga yotgan. Lekin o‘sha kecha odatga xilof ravishda Stalin ular bilan suhbatlashmagan, boz ustiga soqchiga uning o‘zi emas, Xrustalev ruxsat berib yuborgan. Odatda erta tongda turib davlat ishlariga sho‘ng‘iydigan Iosif Vissarionovich 5-mart kuni ertalab quyosh birgaz ko‘tarilganda ham xonasidan chiqmagan. Xavotirga tushgan Lozgachev esa soat 10 larda Stalinniing xonasiga kirgan. Soqchining tasvirlashicha, u xonaga qadam bosganda, Stalin alanglagancha allaqanday tushunarsiz so‘zlarni aytar — u gung bo‘lib qolgandi — engil-boshi jiqqa ho‘l bo‘lib ketgandi. Yerda esa dohiyning sevimli cho‘ntak soati va «Pravda» gazetasi yotardi.
Shundan keyin zudlik bilan Siyosiy byuro chaqirildi, biroq byuro a’zolari rejalashtirilganday Stalinni shifokorga ko‘rsatishga shoshilishmadi. Xalqlar otasi kun bo‘yi o‘lim bilan olishib chiqdi va kechki soat 9.50 da jon berdi…
Muarrixning shahodat berishicha, Uchinchi jahon urushi qutqusiga uchragan Stalin bu
maqsadga jiddiy kirishgan va ayni shu 5-mart kuni Moskvadan yahudiylarni majburiy ko‘chirishni rejalashtirgan. Dohiy bu bilan AQShning «qitiq pati»ga tegmoqchi va shu bahona urush boshlab yubormoqchi bo‘lgan. Stalinning niyat-maqsadi shu darajada qat’iy va puxta rejaga asoslangandiki, hatto o‘sha kuni erta tongda yahudiylarni tashish uchun transportlar ham buyruqqa shay holda turgan; Qozog‘istonda esa siyosiy surgunga mahkum bo‘lgan yahudiylar yashashi uchun maxfiy sur’atda baraklar ham qurilgan. Biroq Stalining so‘nggi rejasi ro‘yobga chiqmadi. Beriyaning fitnasi sabab, yana bir katta qirg‘in to‘xtatib qolindi. Erta tongda dohiy g‘azabiga duchor bo‘lgan qavmni qayerlargadir tashlab kelishni kutib o‘tirgan haydovchilarga buyruq bekor bo‘lgani yetkazildi. Ehtimol, bu STALIN BUYRUG‘Ining birinchi marta bekor qilinishi edi…
Abdul SOBIR tayyorladi
«Hurriyat” gazetasidan olindi