Shvetsiyada turkiy xalqlarga tegishli 500 dan ziyod qadimiy qo‘lyozma topildi

Shvetsiyaning Uppsala va Lund universitetlari kutubxonalarida turkiy xalqlarga oid 500 dan ziyod (takroriy nusxalar bilan birga 858 ta) tarixiy qo‘lyozma topildi.

“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, qo‘lyozmalar O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Gulnoza Xalliyeva boshchiligidagi delegatsiyaning Shvetsiyaga amaliy safari davomida aniqlangan.

Topilmalar orasida Navoiy, Bobur, Fuzuliy, So‘fi Ollohyor, Mashrab kabi atoqli shoirlardan tashqari hali xalqimizga noma’lum bo‘lgan shoir va tarjimonlarning qo‘lyozmalari mavjud. Birgina Alisher Navoiy qo‘lyozmalarining o‘zi 25 tani tashkil etadi.

Qo‘lyozmalar XIX – XX asrlarda shved missionerlari tomonidan yig‘ilgan, sotib olingan va keyinchalik ikki universitet kutubxonasiga tuhfa qilingan.

O‘zbekistonning  Shvetsiyadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda noyob durdonalarni olimlar guruhi bilan kelib, avvalo to‘liq reestrini tuzish, tavsifini yaratish, yaroqli holga keltirib ta’mirlash, imkon qadar yurtimizga qaytarish lozimligi qayd etilgan.