Evropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian O‘zbekiston Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan mamlakat xalqiga tabrik yo‘lladi.
“Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘zining boy va uzoq tarixi hamda aholisining g‘ayratiga tayanib, hayratlanarli natijalarga erishdi. Demokratiya, qonun ustuvorligi, inson huquqlari, barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida muhim qadamlar qo‘yildi. O‘zbekiston xalqaro maydonda ham hurmatli hamkor va ishtirokchiga aylandi. Bu yo‘lning katta qismini Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan birga bosib o‘tdi”, – deydi YeI elchisi o‘z qutlovida.
Diplomat YeI va O‘zbekiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani, ushbu hujjat mustahkam sheriklikni kuchaytirish uchun yangi, zamonaviy asos yaratganini qayd etgan.
“Bugungi kunda GSP+ mexanizmi tufayli O‘zbekiston mahsulotlari Yevropada tobora ko‘payib, mamlakatingizga iqtisodiy foyda keltirmoqda. YeI haqiqatan ham eksport hajmini oshirish va O‘zbekistonga qo‘shimcha sarmoya jalb etish niyatida. Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlashga ko‘maklashish hamda O‘zbekiston Respublikasini islohotlari va rivojlanish tashabbuslarida qo‘llab-quvvatlashni taklif qilishdir”, – deydi Sh.Adrian xonim.
Tabrik davomida joriy yil noyabr oyida Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” majmuasida o‘tishi kutilayotgan “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘zaro aloqadorlik” anjumani ham yodga olingan. Ta’kidlanishicha, ushbu muhim tadbir – YeIning Markaziy Osiyo mamlakatlariga modernizatsiya, sarmoyalarni ko‘paytirish, raqamlashtirish, mintaqalararo savdoni osonlashtirish hamda transport va savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda yordam berish bo‘yicha sa’y-harakatlarining bir qismidir.
“Fursatdan foydalanib O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman va mamlakatga Yangi O‘zbekiston yo‘lida muvaffaqiyat tilayman!” – deya qutlagan YeI elchisi Sh.Adrian.
Mavzuga doir maqolalar:
O‘zbekiston–Evropa Ittifoqi: muhim bitim bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. 07.07.2022