Fenomenal iste’dodlar ijodining ta’sirlanish hududini faqat u yashagan zamon, qadami yetgan makon, shuningdek, tilning tushunarlilik omillari bilan chegaralash maqsadga muvofiq emas. XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida jahonda shunday adabiy yuksalish sodir bo‘ldiki, uning sabablarini o‘zaro adabiy ta’sirlardan izlash maqsadga muvofiqdir. XX asr boshida irland adibi va shoiri Jeyms Ogastin Aloishes Joys (1882–1942), ispan shoiri va dramaturgi Federiko Garsia Lorka (1883–1936), olmon adibi Frants Kafka (1883–1924), rus shoiri Aleksandr Aleksandrovich Blok (1880–1921), Sergey Aleksandrovich Yesenin (1895–1925), xitoy adibi Lu Sin (Chjou Shujen) (1881–1936), hind adibi va shoiri Robindronath Thakur (1861–1941), bir qator frantsuz yozuvchilari, jumladan Hanri Barbyus (1873–1935), turk ijodkorlari, jumladan Rizo Tavfiq, Yahyo Kamol, Husayn Rahmi Go‘rpinar (1864–1944) va dunyoning boshqa ko‘plab mashhur ijodkorlari bir-birlaridan ta’sirlanmagan bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, xuddi shu adiblar ijodi XX asr boshi jahon badiiy tafakkuri darajasini belgilab bergani ham ayni haqiqat. O‘zini millat fidoyisi deb bilgan, milliy adabiyotni yuksaltirish orqali o‘z xalqini umumjahon miqyosiga olib chiqishni maqsad qilgan har bir ijodkor badiiy tafakkuri darajasini o‘z davrining eng ilg‘or tendentsiyalariga muvofiqlashtirishi zarur. Bunda u, albatta, o‘zi bilan bir zamonda yashab ijod qilayotgan jahon adiblarining yutuqlari va tajribalaridan unumli foydalanishi, kerak bo‘lsa, ular bilan o‘zaro mubohasaga kirishi taqozo etiladi.
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon XX asr boshida o‘zbek adabiyotini Abdulla Qodiriy va Abdurauf Fitrat bilan baqamti turib, ana shunday darajaga yetkaza oldi. Shu ma’noda, Cho‘lpon ijodini jahon adabiyoti kontekstida tadqiq qilish, nazarimizda, eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Biroq bu o‘rinda shuni nazarda tutmoq zarurki, “Adabiy ta’sir yoki komparativistika jarayoni har bir milliy adabiyot doirasida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi” (Jo‘raqulov U. Nazariy poetika masalalari. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2015. – B. 234–235).
Cho‘lpon mansub ijtimoiy-adabiy muhitni O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo bilangina chegaralash yaramaydi. U Rossiya, Turkiya, Germaniya va boshqa bir qator mamlakatlardagi adabiy harakatlar bilan bevosita tanishib, o‘ziga xos aloqada bo‘lgani yaxshi ma’lum. Negaki, Ismoil Gaspirinskiy ilgari surayotgan turkiy xalqlar boshida asrlar bo‘yi davom etib kelayotgan milliy inqirozni bartaraf etish va dunyoning ilg‘or xalqlari qatoriga olib chiqishni ko‘zda tutuvchi jadidchilik harakati, milliy uyg‘onish g‘oyalari shoir ijodining mafkuraviy asosini tashkil etar edi. Jadidchilik va jadid adabiyoti milliy ma’rifatni jahon ilm-fani va san’ati bilan uyg‘un taraqqiy ettirish g‘oyasiga asoslangani ma’lumdir.
Garchi alohida zikr etilmagan bo‘lsa-da, Cho‘lpon ijodida jahon adabiyoti yalovbardorlari, darg‘alari ijodiga xos uslub va dard qaynoq ifoda topadi. Bu uslub va dard shoirning Rossiya, Turkiya va Ozarbayjon kabi yurtlarga safarlari, u yerlarda turli darajadagi adabiyot ahli bilan ijodiy muloqotlari natijasida shakllangan. Bu qarashni uning ayrim mavzulari va obrazlari orqali keyinroq tahlil qilamiz, hozir esa shoir badiiy-estetik tafakkurining o‘sishi va rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy va xususiy omillarni aniqlashga harakat qilamiz.
1. O‘ta murakkab tarixiy sharoit. Ma’lumki, Cho‘lpon dunyoga kelganida yurt allaqachon chorizm asorati, tasarrufi ostida edi. Dunyo bo‘ylab esayotgan ozodlik shamoli faqat mustamlaka o‘lkalarda emas, mustamlakachi yurtlar, jumladan chor Rossiyasining o‘zida ham katta to‘ntarishlar sodir qildi. Qolaversa, Birinchi jahon urushi yetkazgan aziyatlar Turkistonda ham xalq hayotining bir necha baravar og‘irlashuviga sabab bo‘ldi. Bu urushdan so‘ng siyosiy o‘zgarishlar, tarixiy voqealar almashinuvi shu qadar tezlashdiki, natijada millatning asl farzandlari – ziyolilari qatag‘on girdobiga tushdi. Xususan, Turkistonda muxtoriyat o‘rnatilishi va uning qirg‘in bilan tugatilishi, sho‘ro tartibining zo‘ravonlik asosida o‘rnatilishi, fuqarolar urushi, qatag‘onlar – bular sodir bo‘lgan voqealarning asosiylari, xolos. Ikkinchi tomonda inqiroz, qoloqlik va jaholat botqog‘ida o‘zini-da yemirayotgan millat boshiga tushgan kulfatning og‘ir yuki. Ana shu voqealar “tug‘ma shoir” – tug‘ma idrok va iste’dod egasining beg‘ubor yoshlik ayyomini to‘zonlar bilan to‘ldirgani shubhasiz. Shuning uchun ham unda olamga, atrof-muhitga va tarixiy vaziyatni o‘zgartirishga qodir kuchlarga munosabat juda erta shakllandi. 1918 yilda tatar ma’rifatparvari va yetakchisi Mullanur Vaxitov (1885–1918) vafoti munosabati bilan yozilgan kattagina she’ri ham bunga dalil bo‘la oladi. U shunday satrlar bilan boshlangan:
So‘ng davrda yo‘qsul Sharqning tarixi,
Bir bet bo‘lsin, oq satrni ko‘rmadi.
Dunyo tarixini yozgan muarrix
Yaxshilikka qalamini burmadi.
Sharqning qaysi burchagini qarasang,
Yo‘qlik, o‘lim, zulm, qarg‘ish ko‘rarding.
“Tomug‘” degan so‘zni bilmak istasang,
Sharqni boshdan-oyoqqacha yurarding.
Bir zamonlar yer yuzinda o‘z boshli
Ulug‘, shonli, madaniyat tug‘dirgan
U go‘zal Sharq, shirin tuproq so‘ng zamon
Bo‘ldi chetlar panjasida ko‘zyoshli…
2. Ma’naviy yetuk va moliyaviy to‘kis oila muhiti. Cho‘lpon iqtidorining kamol topishida uning bolalik davrida olgan ta’limi va tarbiyasi, shubhasiz, muhim o‘rin tutadi. Otasi Sulaymon bazzoz o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan savdogari, tadbirkorlaridan biri bo‘lishi barobarida “Rasvo”, “Volai Rasvo” kabi taxalluslar bilan she’rlar yozgan, andijonlik qalamkashlar doirasiga mansub kishilardan edi. Tabiiyki, u o‘z o‘g‘lining ta’lim-tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullangan. Akademik Naim Karimovning yozishicha, Sulaymon “zamonasining taraqqiyparvar kishilaridan biri bo‘lgani bois boshqa mamlakatlarda ro‘y berayotgan voqealardan, xususan, shu mamlakatlardagi savdo-sotiq ishlaridan xabardor bo‘lish maqsadida bir necha xorijiy gazetalarga yozilgandi. Abdulhamidning dunyo haqidagi, Sharq va G‘arb mamlakatlaridagi xalqlar haqidagi tasavvuri va bilimi shu nashrlar yordamida shakllanib bordi” (Karimov N. Cho‘lpon haqida so‘z. /Cho‘lpon. Asarlar. 4 jildlik. J.I. – Toshkent: Akademnashr, 2016, 6-bet.) Uning 15 yoshida, 1913 yili Ismoil Gaspirinskiydek mashhur kishiga maktub yo‘llashi e’tiborga molik voqealardan bo‘lib, o‘sha maktubda “Shalola”, “Turk yurdi”, “Shahbal”, “Vaqt”, “Iqbol” va “Tarjumon” gazetalari materiallaridan yaxshi xabardorligi oila muhitining nechog‘liq ma’rifatli ekanidan dalolat beradi.
3. Yurt ozodligi uchun kurash maydoniga kirish. 1917 yil fevralda Rossiyada sodir bo‘lgan burjua qo‘zg‘oloni va davlat to‘ntarishi unga tobe va mustamlaka o‘lkalarda qisqa muddat ozodlik umidiga, zaif bo‘lsa-da, harakat baxsh etgandek bo‘ldi. Qo‘qonda yangi mustaqil davlat e’lon qilinib, uning qurilishi bilan ming-minglab ziyolilar mashg‘ul bo‘ldi. Yangi davlatning Madhiyasini yozish hali yigirmaga ham kirib ulgurmagan Cho‘lponga nasib etdi. Bu tasodif emas edi. 1914 yildayoq yosh Abdulhamid millat ziyoli vatanparvarlari e’tirofini qozona boshlagan edi. Shu yili 18 aprelda “Sadoi Turkiston” gazetasi sahifasida “Turkistonlik qardoshlarimizga” she’ri oldidan shunday satrlar yozilgan edi: “Dunyoning qaysi bir chetiga ko‘z solsak va qaysi millatning ahvoliga nazar qilsak, ul millatning saodati, rivoji va taraqqiysi uchun boshlab shul millatning yoshlari va yosh fikrli qahramonlari sabab bo‘lmakdadirlar. Olarning yosh ko‘ngillari har bir narsadan g‘olib bo‘lub, g‘aflat, jaholat qal’alarini zo‘r ila urub yo‘q qilmak orzusida bo‘lurlar. Ham ba’zilari orzulariga muvaffaq bo‘lub, butun bir millatning yoshi, qarisi, eri va xotiniga yolg‘uz o‘zlari rahbar bo‘lurlar. Yoshgina qalblari ila yorug‘lik va ilm, maorif nuriga boshlarlar. Bunday yoshlar har bir mamlakatda, oz-ko‘p, o‘ziga yarasha bordir. Alhamdulillo, bizim Turkiston turklari orasidan ham shunday yoshlarimiz va yosh fikrli bolalarimiz ko‘rinmakka boshladi. Dalil uchun o‘shli 12 yashar M.Sanjarbek afandi ila andijonlik 15 yashar Abdulhamid afandini ko‘rsatuv yetsa kerak”.
Akademik Naim Karimov fikricha, Cho‘lponning 1914 yilda “Sadoi Turkiston” gazetasida bosilgan “Turkistonlik qardoshlarimizga” she’ri, “Qurboni jaholat”, “Do‘xtur Muhammadiyor” hikoyalari, “Maktab” sarlavhali publitsistik maqolasi, “Adabiyot nadir?”, “Muhtaram yozuvchilarimizga” adabiy tanqidlaridayoq uning “ijodiy dasturi o‘z ifodasini topgan edi”. Bunday jo‘shqin ijodiy faoliyat, 16 yoshdayoq katta e’tirofga arzirli asarlar yaratish, muhimi, ijodiy dasturga ega bo‘lish unga bo‘lgan umidni ishonchga aylantirdi. Yangi davlat Madhiyasiga muallif tanlanganda undan boshqa munosibini topish qiyin edi.
Lekin gap Madhiyada emas, yangi muxtoriyat vujudga kelishi Cho‘lponning vatanparvarlik g‘oyalariga mos hodisa edi. Shuning uchun ham shoir uni olqar, unga borlig‘ini berishga tayyor edi. Afsuski, u oz fursatda yanchib tashlandi va uning faollari ta’qib qilindi. Turkiston Muxtoriyati unutilgunga qadar uning Madhiyasini yozgan shoir ko‘zlardan yiroqroq bo‘lsagina yashab qolishi mumkin edi. Buni anglagan Zaki Validiy Cho‘lponni Orenburgga olib ketadi. Bu yerda u Boshqirdiston Muxtoriyat hukumatini tuzish ishida ishtirok etadi.
Bu jarayonlarning hammasi shoirda yurt ozodligi g‘oyasini o‘stirdi va uning siyosiy qarashlarini yangilangan vatan, yuksalgan millat g‘oyalari asosida shakllantirdi. Tabiiyki, bu g‘oyalar ijodda ham yangilanishlarni taqozo etar edi.
4. Rus va turk adabiyoti orqali jahon adabiyoti bilan tanishuv. Cho‘lpon bolalikda madrasa ta’limini olib, arab va fors tillarini yaxshi o‘rgangan, bu tillardagi adabiyot bilan ham ma’lum ma’noda tanishgani shubhasiz. Keyinroq shoir rus-tuzem maktabida rus tili va adabiyoti bilan ham chorizm mafkurasi yerli xalqlarga munosabati doirasida, maktab ta’limi darajasida tanishdi. Lekin jadidchilik, milliy uyg‘onish siyosiy-ma’rifiy harakati namoyandalarining asarlari bilan tanisha boshlagach, rus adabiyotidan xabardorlik darajasi uni qoniqtirmay qo‘ygani shubhasiz. Chunki mazkur adabiyotlardagi an’anaviylik xususiyatlari rus, turk va tatar adabiyotlaridagi yangilanishlar oldida qaysidir ma’noda eskirgan edi. Shundan bo‘lsa kerak, Cho‘lpon o‘z she’rlarida eski uslub va an’analar bilan birga mazkur tillar orqali o‘rgangan yangiliklarni katta jur’at bilan milliy andazalarga moslab tatbiq eta boshlaydi. Biz ularni ayrim misollar orqali izohlashga harakat qilamiz.
“Hamlet” tarjimasi orqali Shekspir poetik mahoratining o‘zlashtirilishi. Ma’lumki, XX asr boshida Turkistonda madaniy sohaning hamma jabhalarida yangilanish avj oldi. Bu yerda teatr san’atining oyoqqa turishi birinchi galda jadid ziyolilarning sa’y-harakatlari bilan amalga oshirila boshladi. Jumladan, Cho‘lpon tomonidan jahon mumtoz dramaturgiyasidan qilingan tarjimalar o‘zbek teatri rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Ikkinchi tomondan, bu tarjimalar shoir badiiy mahoratining oshishida ham katta maktab bo‘lib xizmat qildi. Buni U.Shekspir qalamiga mansub “Hamlet” tragediyasi tarjimasi yaqqol namoyon etadi.
Tarjimon bu asarni, taxmin qilish mumkinki, M.Uyg‘ur tavsiyasi bilan tarjima qilgan. “Birinchi san’at nishondori o‘rtoq Uyg‘urga” nomli she’rida bunga ishoralar bor: “Turkiston tabibi” o‘ynalar ekan, Sahnamiz “Hamlet”ga yetadi!” derding. Yoki: “Elni sevintirib qanday porladi, eng buyuk asari U.Shekspirning!”
Ma’lumki, U.Shekspir tomonidan “Hamlet” tragediyasi boshqa ko‘plab tragediyalari qatori she’riy yo‘lda yozilgan. Cho‘lpongacha rus tiliga qilingan tarjimalar (ular 20 ga yaqin)ning ba’zilari she’riy va ba’zilari nasriy yo‘lda amalga oshirilgan. Masalan, Nikolay Ketcher, A.M.Danilevskiy, Pavel Kanshin kabilarning tarjimalari nasriy bo‘lsa, Pyotr Gnedich, Dmitriy Averkiyev, Nikolay Rossov, Mixail Lozinskiy, Anna Radlova v? a Boris Pasternak kabilar she’riy yoki nazm-nasr yo‘lidagi tarjimalarni amalga oshirganlar. Bizning qisqa kuzatuvimizdan ma’lum bo‘lishicha, Cho‘lpon ularning hammasi bilan tanishib chiqqan. U “Shekspirshunos Yevgeniy Lanning maslahati bilan asarning P.Kanshin tomonidan qilingan nasriy tarjimasini asos qilib oladi. Ayni paytda shu tarjimani Ye.Lan yordamida inglizcha asliyat bilan qiyoslab o‘rganadi” (IV, 538). Asarning nasriy tarjima qilinishida o‘zbek tomoshabinlarining o‘sha davrdagi didi va saviyasi ham hisobga olingan bo‘lsa kerak.
Robindronath Thakur ijodiga murojaat. Cho‘lponning Robindronath Thakur (Rabindranat Thakur) ijodiga murojaatini uning o‘z shaxsiy qiziqishi natijasi sifatida baholash maqsadga muvofiq emas. Buning zamirida buyuk shoirga xos katta va ulug‘ maqsad bor edi. Bu turkiy xalqlar adabiyotining Thakur hind adabiyotini olib chiqqan darajaga yetkazish g‘oyasi edi. Thakur XX asr boshida “dunyoda eng o‘tkur adibga berilaturg‘an Nobel mukofoti”ni qo‘lga kiritish orqali hind adabiyotining shuhratini ham orttirdi. Cho‘lponda mazkur g‘oya bo‘lganini uning “Ulug‘ hindiy” maqolasida avval o‘zbek, so‘ng turkiy adabiyotlar orasida nisbatan ilg‘or bo‘lgan tatar, ozarbayjon va usmonli adabiyotini qisqa tahlil qilib, eski uslubdan yangisiga juda sekin borilayotganidan taassuf chekadi. Lekin juda oz bo‘lsa-da umid borligini ham unutmaydi. Cho‘lpon turkiy adabiyotda eski ruhni saqlagan holda yangi (G‘arbga xos) shakllarni o‘zlashtirish tamoyilini ilgari surishi, shu yo‘l bilan bu adabiyotning ilg‘or adabiyotlar qatoriga qo‘shilishiga ishonchi ham ana shu kichik maqolada ayon bo‘ladi. Shuningdek, maqolada shoirning Thakur ijodidan uchta she’rni tarjima qilib nashr ettirayotganini ham bilib olish mumkin.
Cho‘lponning ikki qismdan iborat “Thakur va tago‘rshunoslik” maqolasi ham uning mazkur g‘oyasi ruhida yozilgan. “Rabindranat Thakurni madaniy olamning hammasi taniydi, deydi u, madaniy olamga nisbatan ancha ketda bo‘lg‘an bugungi turk-tatar sho‘ro jumhuriyatlari xalqlari ham uni anchadan beri taniydilar”. Bu parchadan shoir Thakurning shuhrati bilan birga o‘z xalqining “madaniy olamga nisbatan ancha ketda” ekanidan ichki og‘riqli bir dardi borligini izhor qilayotgani ham tushuniladi.
Cho‘lpon Thakurdan o‘rganganlarini uch qismga ajratib kuzatish mumkin: 1) falsafiy mushohada; 2) mavjud narsa-hodisalardan poetik obraz yaratish va 3) she’r shaklini ma’lum qonuniyatlardan chiqmagan holda o‘zicha yaratish. Kuchli ijtimoiy ma’noga ega “G‘aflat” she’riga u “ulug‘ hindiy”dan shunday epigraf oladi: “…Biz olam kitobini yanglish o‘qiymiz-da, “U bizni aldaydir”, deymiz”. Bu falsafa she’rga juda mos tushgan.
Cho‘lpon asarlarining hozirgi nashrlarida Thakurdan qilingan ikki she’rgina uchraydi: “Chiroqlar”, “Hoy yo‘lovchi qiz”. Uning maqolalarini kuzatadigan bo‘lsak, aslida ular ko‘proq bo‘lganiga amin bo‘lamiz. Yuqorida eslangan “Ulug‘ hindiy” maqolasining o‘zida uchta tarjima haqida so‘z borgan edi.
“Chiroqlar” she’rida chinni chiroq, sopol chiroq va Oy, “Hoy yo‘lovchi qiz” yo‘lovchi qiz obrazlari orqali qadr-qimmat va ozodlik tushunchalari haqida fikr yuritiladi. Har ikkala she’rda ham shakllar asosiy yo‘ldan chiqilmagan holda an’anaviy qoliplar istisno qilinadi:
“Chiroqlar” she’ridan:
Bir ayvonning tokchasida
To‘la nurli chinni chiroq
Poril-poril yonar edi
Oyning to‘lgan kechasida
Nurlar sochib quchoq-quchoq.
O‘ziga xo‘p bino qo‘yib,
O‘z nurini o‘zi suyib
Tig‘larini sochar edi…
Rus adabiyoti yutuqlarini egallash. Cho‘lpon rus tili va adabiyotini ona tili va o‘z xalqi adabiyoti kabi chuqur o‘rgandi. Davr ijtimoiy muhiti talabidan tashqari shoir uni “madaniy olam”ga kirish vositasi sifatida tushundi va, albatta, bu tushunish to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Rus adiblari turkiy xalqlardan ancha avval jahon adabiyotining nodir namunalarini o‘z tillariga tarjima qilib olgan, bir necha tillardagi adabiyot namunalari bilan shu birgina til orqali tanishish mumkin edi. Bundan tashqari, jahon adabiyotidagi yetakchi g‘oyalar, motivlar va uslublar rus adabiyotida juda tez bo‘y ko‘rsatar, ular bilan tezroq tanishish imkoni bo‘lar edi. Shoirning ingliz, frantsuz, olmon va boshqa tillardagi adabiyot namunalaridan qilgan tarjimalari rus tili orqali amalga oshirilgani shubhasiz. Binobarin, mamlakatda zamonaviylikda turkiy xalqlar adabiyotidan ancha ilg‘or bo‘lgan rus adabiyoti muhiti mavjud bo‘lib, uning yutuqlarini o‘zlashtirish va egallab olish har bir adib uchun muhim edi.
Cho‘lpon A.S.Pushkin, N.V.Gogol, I.S.Turgenev, Ivan Franko, A.P.Chexov, L.Andreev, A.M.Gorkiy, A.Blok, A.Serafimovich, I.A.Krilov kabi bir qator yirik rus adabiyoti klassiklari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali bu adabiyotning ta’sirchan usullarini egallab oldi. Shoir ijodida u tarjima qilmagan ko‘pgina ijodkorlar asarlarining ham ta’sirini ko‘rish mumkin.
Shu o‘rinda Pushkin va Blok she’riyati Cho‘lponga eng ko‘p ta’sir qilganini ta’kidlash lozim. Shoir Pushkinning “Dubrovskiy” qissasi, “Bandi”, “Bulbul va Gul” she’rlaridan tashqari “Boris Godunov” nomli eng murakkab asarlaridan birini ham o‘zbek tiliga she’riy yo‘lda katta mahorat bilan tarjima qildi. Tarjima Pushkin she’riyati tilini yanada chuqurroq idrok etishga sabab bo‘ldi. Shoir asarlarida, jumladan, ayrim she’rlarida nasrning aralash kelishi, ehtimol, shu asarning ta’siridir. Shu bilan birga tarjima Cho‘lpon iste’dodining Pushkindan qolishmaydigan yuksak ekaniga ham dalil bo‘ladi. “Bulbul va Gul” she’rini Cho‘lpon aruzga moslab tarjima qilgan:
Bahor chog‘ida xoli bog‘da bir zulmatli tun erdi,
G‘arib bulbul fig‘on aylab: “Gulim rahm aylagil”, derdi…
Taqte’si: mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun
mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun.
XX asr boshidagi rus she’riyatining eng katta yutug‘i sifatida Aleksandr Blok ijodini ko‘rsatish mumkin. Cho‘lpon she’riyatidagi juda ko‘p xususiyatlar aynan shu shoir ijodidagi fazilatlarni namoyon etadi. Undan bir tarjimasi ham nashrlarda beriladi:
Ko‘ngil jimdir, sovuq ko‘kda,
Qarab ung‘a yonib turg‘an
Hanuz xoli u yulduzlar.
Butun atrof va har yoqda:
“Non – oltin” deb fig‘on qilg‘an
Talashchi, g‘alvachi ellar.
U jim, lekin fig‘onlarg‘a
Quloq bergan va ko‘z tikkan
Uzoqlarg‘a – yiroqlarg‘a!..
Ba’zi she’rlarga nom qo‘yilishida ham Blokning ta’siri seziladi. Ma’lumki, Blokning “O‘n ikkilar” nomli mashhur dostoni bor. Cho‘lpon ba’zi she’rlarini shu usulda ataydi: “O‘n olti”, “Olmishlarga”. Xorijiy yurt va xalqlarga tegishli hodisalarga murojaat qilib yangi talqindagi she’r yaratish usuli ham Blokka xos. Cho‘lpon ijodidagi “Nil qizi”, “Luzon”, “Kaptar”, “Kleupatra uyqusi”, “Ketganingda”, “Bir lavha” kabi she’rlari xuddi shu usulda yozilgan.
Turk she’riyati ta’siri. XX asrga yaqin va uning boshida turkiy xalqlar ziyolilarining o‘zaro yaqinligi har qachongidan ortdi. Chunki ular endi buyuk kelajakni faqat bu xalqlarning birlashuvi ortida ekanini yaxshi anglab olgan edilar. Milliy uyg‘onish mafkurasi, jadidchilik harakatida bu g‘oya ustuvor edi. Cho‘lpon bu harakatdan chetda bo‘lmagani ma’lum. U o‘zining bir necha she’r va maqolalarida usmonli turk shoirlari ijodiga munosabat bildiradi. Bir o‘rinda u yozadi: “Nomiq Kamoldan Ali Sayfi (A.Sayfiy)ga dovur usmonli adabiyotini o‘quymen: yo ortuq yangilik, g‘arblik, yo ortiqcha sharqlilik! Faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan so‘fiylarcha she’rlarini o‘quymen; shularga durustgina qonamen; undan keyin Yahyo Kamolning “Sa’dobod” ruhida ba’zi narsalari” (IV, 32). Ma’lumki, Nomiq Kamol (1840–1888) turk shoiri, nosiri, jurnalisti va ijtimoiy xodimi sifatida taniqli shaxs edi, Ali Sayfiy borasida Cho‘lpon qaysi shu ism-sharifli zot haqida to‘xtalganini aniq ayta olmaymiz. Rizo Tavfiq 1869 – 1941 yillarda yashagan faylasuf, shoir va siyosatchi, Yahyo Kamol esa mashhur diplomat bo‘lsa-da, Cho‘lpon davrida uncha shuhratli bo‘lmagan shoir edi. Binobarin, Cho‘lpon turk adabiyotining mashhur shoir hamda yozuvchilari bilan birga hali ko‘pchilik yaxshi bilmaydigan vakillari ijodigacha tanishib, o‘rganib borgan.
Adabiyotshunos Normat Yo‘ldoshevning fikricha: “Cho‘lponning tabiat ramzlariga murojaat etishida Fikrat she’riyatining ta’siri katta… T.Fikrat bahor va qish, kuz va yoz, quyosh va oy, tun va kun obrazlari orqali borliqdan mohiyat izlab, falsafiy mushohadalar yuritadi. Demak, Fikratda ham, Cho‘lponda ham tabiat maqsad emas, balki shu tabiat tasvirida ruhiy bir holatni ifodalash, borliqqa munosabat bidirish. Inson hayoti haqida ma’lum bir haqiqatni aytishdir”.
Cho‘lpon, hatto, turk tilida she’rlar ijod qildi. Hozircha uning “usmonlicha” yozilgan beshta she’ri ma’lum. Ular ko‘proq bo‘lgan ham bo‘lishi mumkin. Ulardagi turk she’riyatiga xos tarovatning erkin va muvaffaqiyat bilan qo‘llanishi shundan dalolat beradi. Mana, ulardan biri:
ISHQ
(Usmonlicha)
Ilk evvel go‘zimi ishq ila ochdim,
Ishqing meydanina qanimi sachdim.
Ishqsiz o‘lkalerden u ende qochdim,
Ne zamon bog‘ladim zunnore ishqi.
Ishq deya ayrildim dindan, imandan,
Anglamam hech bir jay insaf, vijdandan.
Ishka sajda etdim, bo‘ldim u andan,
Ne zamon qatl etdim kuffor-i ishqi.
Jannat benim uchun quruq sahradir,
Ishqning sahrosi, kim banga ma’vadir.
Aksini sen banga ne qadar qandir,
Qonmam, chunki bildim gulzar-i ishqi.
Ishqing meydoninda bir pexlivanim,
Bir mahshar qo‘parur har damda qonim,
Na buyuk benim, baq, ishqa imonim,
Yera diz cho‘kirdi cabbar-i ishq.
Ben ishqing mulkiga yagana haqan,
Banga bo‘yin egar bar jumla sultan.
Inanir o‘rduma shuyla bir boqqan,
Ko‘r nica saf bista ashcar ishqi.
So‘ylarkan dillarim na yaman so`zlar,
Yozarkan qalamim na hazin ag‘lar,
Soddadil bunlardan na ma’ni anglar,
Bilmas kuch o‘ldug‘i izhori ishqi.
Qardosh xalqlar adabiyoti yutuqlaridan ta’sirlanish. Bu borada aytish lozimki, sobiq sho‘rolar hududidagi qardosh xalqlar adiblari, madaniyat ahli va ma’rifatparvar ziyolilari bilan Cho‘lpon olib borgan muloqotlar shunchaki aloqa bo‘lib qolmay, taqdirdoshlik qismati darajasida bo‘lganini izohlashga hojat yo‘q. Ayniqsa, avval ta’kidlaganimizdek, biroz peshqadam tatar va ozarbayjon adabiyoti va madaniyati ahllari bilan muntazam olib borilgan ijodiy muloqotlar shoir tafakkurining yanada teranlashuviga, bir millat doirasidagi ma’lum chegaralardan o‘zishiga yordam berdi. Bu muloqot ahillari ko‘pchilikka yaxshi ma’lum bo‘lgani bois ular haqida uzoq to‘xtalib o‘tirmaymiz.
Lekin shu o‘rinda Cho‘lponning bir ijodkor bilan hamkorligi haqida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Chunki shoirning sho‘ro voqeligini madh etgan she’rlarini faqat zamonasozlik, murosa taqozosi sifatida baholash ham, bizningcha, to‘la ma’noda insofdan emas. Aks holda ular bu qadar miqdorga va samimiyatga ega bo‘lmas edi. Uning sodir bo‘layotgan voqealar shiddatidan umidlanishga, katta salohiyatga ega bo‘lgan ijodkorlarning taqdiri va taqdim etayotgan fikrlariga ishonishga ham haqqi bor edi. Ana shunday ijodkorlardan biri sifatida Abulqosim Lohutiyni ko‘rsatish mumkin.
Ma’lumki, asl ismi Abulqosim Ahmadzoda bo‘lgan shoir Eronning Kirmonshohiy shahrida 1887 yil dunyoga kelgan va XX asr boshida bu yerda ham sodir bo‘lgan ozodlik harakatlari, qo‘zg‘olon hamda inqiloblarda ishtirok etib, buning uchun ta’qibga, hatto, o‘lim jazosiga loyiq topilgan. 1921 yilda Bokuga, 1922 yilda Moskvaga kelib panoh topgan, qolgan umrini sobiq ittifoqda o‘tkazgan, sho‘roviy g‘oyalarni targ‘ib qilishda juda faol shaxsga aylangan. U olib borgan ko‘plab da’vatlar Cho‘lponda ham umid shu’lalarini yoqqan bo‘lsa ajab emas. Agar u Lohutiydan qattiq ta’sirlanmasa, u “U (Lohutiy) shamolday mayin ovozi bilan shu to‘g‘rida (Oktyabr to‘ntarishining 20 yilligi haqida) bir soatga yaqin so‘zlagan nutqida ko‘ksida bo‘lshevik ko‘klamining raqqosi o‘ynardi. Uning so‘zidagi samimiylik shundan emasmi, axir?.. Hamma bu katta Sharq shoiri, ko‘mmunist-bo‘lshevik shoirning so‘zini maza qilib tingladi, chunki u yaxshi misollar, chiroyliq o‘xshatishlar, kuchli fikrlar, ishontiruchi dalillar bilan so‘zladi”, degan ehtirosli so‘zlarni yozmas edi (IV, 40–41).
Cho‘lpon Lohutiyning “Ovro‘po safari” esdaliklarini tarjima qilib, 1936 yilda ham adabiy jurnallardan birida e’lon qildi, ham alohida kitob holida chop ettirdi. Xuddi shu yili shoir Lohutiyning “Eron qizi” va “Eron qizining javobi” she’rlarini ham tarjima qilgan. “Eron qizi” she’ri muallif tomonidan uning O‘zbekistonga safari davomida hosil qilgan taassurotlari natijasida yozilgan. She’r unchalik katta emas, to‘rt banddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston va Erondagi ijtimoiy-siyosiy holatlar qiyoslanadi.
Shoir dunyoqarashining kengligi jahonda kechayotgan voqealarni chuqur tahlil etganida va ulardan ozodlik motivlarini ko‘plab topa olganida ko‘rinadi. Qadimgi Misr, qadimgi yunon manbalarida keltirilgan voqealardan XX asrdagi Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Italiya, arab mamlakatlari, Eron, Hindiston, Xitoy va boshqa yurtlardagi siyosiy tutumlargacha shoir nazaridan chetda qolmaydi. Ulardan yangi-yangi tuyg‘ular tuyadi, zulm va zo‘ravonlikning turfa ko‘rinishlaridan ta’sirlanadi. Ularni bir qator respublikalarni asoratiga olib turgan sho‘ro siyosatiga o‘xshash tomonlarini turli xil yo‘llar bilan qalamga oladi. Ba’zan bu tutumni fosh qilishga, undan zulm ko‘rayotgan xalqlarni ohu zorlariga mos asarlar duch kelganda, u she’r bo‘ladimi, dramatik asarmi, bundan qat’i nazar tarjima qiladi. Ba’zan esa orzu-umidlariga hamohang asarlarni ham tarjima qiladi, ulardan ba’zilari turkum ko‘rinishini oladi. “Xitoy ohanglari” ana shulardan biridir.
Bu turkumdagi ikki she’r (“Xizmatchi bola qo‘shig‘i”, “Jan-Zi”) “Tort na’rangni, Xitoy” pesasi uchun yozilgan. Ularning ikkalasida ham “yo‘qsilparvar” sho‘ro siyosati fosh etilib, tuzilajak yangi davlat yo‘qsillar uchun hech qanday naf keltirmasligi ta’kidlanadi. Lu Szin Van va Vey In Yu kabi shoirlardan qilingan tarjimalar yurt sog‘inchi mavzusidadir.
Cho‘lpon she’riyatiga ta’sir o‘tkazgan bunday omillar keyingi fasllarda ham tilga olinadi.
5. Ruhiy bosimga qarshi tura olish. Cho‘lpon ijodidagi shiddatga uning yuksak iste’dodi bilan birga qariyb qirq yillik umrining yarmidan ko‘prog‘i ta’qib va tahdidda asab tolalarining taranglashuvi, kuchli bosim ostidagi ruhiy holati ham sabab bo‘lgan, deyish mumkin. Uning “E’tizor”, “Boshqarmaga xat” kabi bitiklari, O‘zbekiston yozuvchilarining 1937 yil 7 – 8 aprel kunlarida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqi hayotiga soya solib turgan muqarrar tahlikadan shoirning najot istaklari sifatida vujudga kelganini tushunish qiyin emas.
Ta’qib tufayli shoirning juda ko‘p she’rlari bosilmasdan, e’lon qilinmasdan yo‘q bo‘lib ketdi. Ular o‘rnida boshqa she’rlar yozildi. Yana bir qancha she’rlarini u o‘zi va yaqinlarining xavfsizligi uchun yoqib yuborgani ham ma’lum. Ular o‘rniga ham boshqa she’rlar yozish, tarjimalar qilish bilan shug‘ullandi. Cho‘lpon mazkur nutqida g‘animlarning shoir “o‘zini ko‘rsatmagani” haqidagi iddaolariga javoban keyingi ikki yil ichida yozgan va tarjima qilgan ishlarini sanab beradi. Ular Gorkiyning juda katta asari – “Ona” romani ikkinchi bo‘limi, “Egor Buluchev”i, Pushkinning “Dubrovskiy”, “Boris Godunov” asarlari, Lohutiyning “Ovrupa safari” tarjimalari, o‘zining “Jo‘r” deb atalgan she’riy to‘plami, “Tiyotru” gazetasi va “Mushtum” jurnallaridagi faoliyati va hokazolar edi. Yana shoir bu ikki yilning bir yilini o‘zining muttasil kasal (qandli diabet) bo‘lib ishlay olmagani uchun “skidka” qilishlarini ham so‘raydi. Nafsilamrini aytganda, mazkur tarjimalarning o‘zi har qanday ijodkordan o‘nlab yillar shug‘ullanishini talab qiladi. Bu shijoatli ishning asosiy sababi ta’qibga taslim bo‘lmaslik, unga qarshi turish edi. Cho‘lpon poetik tafakkuri takomilida jahon adabiyotining tutgan o‘rni va shoir asarlarining dunyo adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’siri ana shu omillar bilan chambarchas bog‘liqdir.
Shahlo Hojiyeva,
O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 8-son