Turkiyaning turizm poytaxti – Antaliya sohillarida Runtalya xalqaro marafoni tashkil etildi. Musobaqada dunyoning 50 ga yaqin davlatidan minglab professional va havaskor yuguruvchilar qatnashdi.
Musobaqada qatnashish pulli bo‘lib, undan tushgan daromad Turkiyaning janubi-sharqida yuz bergan zilziladan aziyat chekkan va Antaliyaga evakuatsiya qilinganlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.
Erkaklar o‘rtasidagi marafon poygasida Uzeyir So‘ylemez 2 soat 23 daqiqa 35 soniya natija bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa, ayollardan Nataliya Gyurten 03.03.26 ko‘rsatkich bilan peshqadam bo‘ldi.
Bu yil Runtalya bir vaqtning o‘zida to‘rt bosqichda (2, 10, 21 va 42 kilometrlik yo‘nalishlar) o‘tkazildi. Xususan, 42 km marafon yuguruvchilari Antaliyaning eng go‘zal va tashrif buyurilishi shart bo‘lgan sayohat nuqtalari, Kalechi, Hadrian darvozasi, Duden sharsharasi, Lara sohillari kabi diqqatga sazovor joylar bo‘ylab masofani bosib o‘tishdi.
Runtalya marafoni 2006 yildan beri Antaliyada tashkil etiladi. Musobaqa va marshrut nazorati Turkiya yengil atletika federatsiyasi (TAF) tomonidan amalga oshiriladi. Mavsumning ilk musobaqasi hisoblangan poyga orqali minimal raqobat tajribasiga ega havaskor va professional yuguruvchilarni birlashtirish ko‘zda tutilgan.
Mavzuga doir maqola:
Turkiya: zilzilaning sayyohlik sohasiga ta’siri baholandi. 18.02.2023