O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan mamlakatimizning kelgusi besh yildagi ustuvor maqsad-marralari belgilandi. E’tiborga molik jihati, taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqishda keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari hamda takliflariga alohida e’tibor qaratildi.
Farmonda qayd etilganidek, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yondashish, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish nazarda tutilmoqda.
Uzoq yillar mobaynida davlatning ijtimoiy vazifasi barcha millatlar, elatlar va etnik guruhlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida jipslik, ahillik va xavfsizlikni ta’minlashdan iborat bo‘lib keldi. 2017-2021 yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi davrida to‘plangan tajriba shuni ko‘rsatdiki, endilikda davlatning vazifasi sifat, mazmun va shakl jihatdan o‘zgarmoqda. Bugungi raqobat dunyosi, investitsiyaviy jozibadorlik endilikda falsafaning o‘sha mashhur kategoriyasi – miqdor ko‘rsatkichlari o‘z o‘rnini sifat ko‘rsatkichlariga bo‘shatib berishini talab etmoqda.
Endilikda davlatning vazifasi davlat xizmatlari sifati va jamiyat bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligiga erishish uchun boshqaruvning barcha darajalarida resurslar va ko‘nikmalarni safarbar etish va birlashtirishdan iborat bo‘lishi lozimligini davr taqozo etmoqda. Bugungi islohotlar davrida davlat boshqaruvi organlari faoliyatini fuqaroga xizmat qilishga yo‘naltirishda ochiqlik (davlat xizmatchilarining hisobdorligi, byudjet shaffofligi, axborotning ochiqligi, fuqarolar va OAVning axborotdan foydalanish ochiqligi) muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farmonning 15-bandida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik
va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, qarori, harakati (harakatsizligi) noqonuniy emasligini ma’muriy sudda isbotlash majburiyati uni qabul qilgan mansabdor shaxsning o‘ziga yuklash tartibiga amal qilinishi qat’iy belgilandi. Bu o‘z navbatida ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizalarning mazmunan ko‘rib chiqilishida qaror chiqargan mansabdorning shaxsan o‘zi kelib sudda isbotlab berishini taqozo etadi.
O‘z qonuniy huquqi va manfaati buzilgan shaxs sudda aynan mazkur qarorning qabul qilgan mansabdor shaxs bilan yuzma-yuz kelishi hamda masalaning har tomonlama tadqiq etilishi sudlar tomonidan ishlarning yanada ochiq hamda shaffof ko‘rilishini ta’minlaydi.
Farmon ijrosi har oyda muhokama qilib borilishi belgilangan, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish esa Respublika komissiyasi zimmasiga yuklangan. Bundan tashqari, amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilishi ko‘zda tutilgan. Bularning bari inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirishga xizmat qiladi.
Elmurodjon ORTIQOV,
Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi