Pandemiyaga qaramay, Turkiya turizmni rivojlantira oldi. Muvaffaqiyat siri nimada?

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Buyuk Millat Majlisi deputatlari savollariga javob berar ekan, turizm ko‘tarinki sur’atda ravnaq topayotganini qayd etdi. Vazirga ko‘ra, soha vakillarining fidokorona mehnat va professional sa’y-harakatlari tufayli yil yakunida turizmdan 24 milliard dollar daromad olinishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, pandemiya davrida turizm sohasi jiddiy sinovga uchraganiga qaramay,  Turkiya sohani oyoqqa turg‘azishga harakat qilmoqda. Natijada Turkiya turizm tarixida ilk bor Ispaniyadan ko‘proq sayyoh qabul qilishga erishdi.

Kovid pandemiyasi sabab 2020 yilda xalqaro sayyohlar oqimi 72,6 foiz, daromadlar esa 63,6 foizga qisqardi. Jahon turizm bozoridagi beqaror vaziyat Turkiyaga ham ta’sir etmay qolmadi. Ammo aksar davlatlar pandemiya sabab sarosimaga tushgan bir paytda Turkiya madaniyat va turizm vazirligi xavfsiz turizm dasturini joriy etib, inqirozni bartaraf etish va ko‘p sonli sayyohlarni jalb etishga muvaffaq bo‘ldi.

Cirasini aytganda, professional yondashuv, vaziyatni to‘g‘ri baholay olish va shunga muvofiq tezkorlik hamda hozirjavoblik bilan choralar ko‘rish muvaffaqiyat omili bo‘ldi. Shu tariqa birgina joriy yilning 3-choragida turizmdan kelgan daromad 11,4 mlrd dollarga yetdi. Bu borada o‘sish ko‘rsatkichi 181,8 foizni tashkil etdi. Turtsiya statistika instituti (TÜİK) ma’lumotlariga qaraganda, hisobot davrida har bir sayyoh sutkasiga o‘rtacha 74 dollar sarflagan.

Turkiya Prezidenti ma’muriyatining harakatlar dasturida 2022 yilda mamlakatga 32,3 million xorijlik sayyoh kelishi va sohadan keladigan daromad 30,4 mlrd dollarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Kelgusi yilda har bir sayyoh Turkiya hududida kamida 800 dollar sarflashi va 11 kecha qolishiga erishish maqsad qilingan.

E’tiborga molik jihati, madaniyat va turizm vazirligi 2023 yil – Turkiya Respublikasining 100 yilligida yanada yuksak maqsadlarni ko‘zlagan.

Vazir Mehmet Nuri Ersoy e’lon qilgan turizm sohasini rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra, sayyohlar sonini 75 millionga qadar, daromadni esa 65 milliard dollarga qadar yetkazish rejalashtirilgan. Bu borada kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.

Turkiya qadimgi Rim, Yunon, Vizantiya imperiyalari, Usmonlilar davlati va islom tamadduniga daxldor benazir osori atiqalar, bebaho me’moriy obidalar va betakror tarixiy merosga ega davlat sanaladi. Mamlakatdagi o‘nlab ob’ekt YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Sohillarini O‘rtayer, Egey, Marmar va Qora dengizlari yuvib turgan ma’mur kentlar, tabiati go‘zal qasabalar va infrastrukturasi taraqqiy etgan shaharlar jahon sayyohlarini o‘ziga rom etib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda sayohat yo‘nalishidagi “Condé Nast Traveler” hamda “Travel and Leisure” jurnallari Istanbul shahrini Evropaning birinchi raqamli shahri deb e’lon qilgan edi.

Istanbul ikki qit’a – ham Yevropa, ham Osiyoda joylashgan yagona shahardir. Ko‘p millionli aholini o‘z bag‘riga olgan megapolis mamlakatning iqtisodiy-moliyaviy, madaniy-ma’rifiy poytaxti sanaladi. Ko‘hna shahar 2010 yilda Yevropaning madaniy poytaxti maqomiga ham sazovor bo‘lgan.

C.Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

Istanbul ikkinchi bor Yevropaning eng yaxshi shahri deb topildi. 06.10.2021

Toshkent va Anqara turizm bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda. 14.09.2017

Turkiya sayyohlik bo‘yicha dunyoning uchinchi davlati bo‘ladi…mi? 04.02.2017