Ozarbayjonlik mashhur shoirlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

7 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ozarbayjonlik mashhur shoirlar Ajdar O‘l va Salim Bobullo o‘g‘li bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondagi Ozarbayjon madaniyat markazi xodimlari, o‘zbek ijodkorlari, yosh qalamkashlar ishtirok etishdi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, filologiya fanlari nomzodi Tohir Qahhor, tarjimon Boboxon Muhammad Sharif, shoiralar O‘ktamoy Xoldorova, Dilbar Haydarova o‘zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari, hamkorlik imkoniyatlari haqida so‘zladilar.

Ajdar O‘l va Salim Bobullo o‘g‘li Samarqand va Buxoro safaridan so‘ng Toshkentga kelganlari, yurtimizning buyuk tarixiy obidalarini ko‘rishdan baxtli ekanlarini izhor etdilar. Tadbirda mualliflarning she’rlari ozarbayjon, o‘zbek va rus tillarida o‘qildi.

Mashhur ozarbayjon shoiri, nosir, dramaturg va tarjimon Ajdar O‘l  (Əjdər Ol) 1958 yilda G‘ozimammad shahrida tug‘ilgan. 1979 yilda Ganja davlat pedagogika institutini tamomlagan. Maktabda o‘qituvchi, «Ishiq» (Hyp) nashriyotida musahhih, kichik muharrir, «Shur» nashriyotida bosh muharrir bo‘lib ishlagan.

She’r, hikoya, pesa, badia janrlarida ijod qiladi. Uning «Mulla Nasriddin va Amir Temurning fillari», «Bor ekanda yo‘q ekan», «So‘nggi maktub» pesalari sahnalashtirilgan. «Usta Yusufning kamonchasi», «Qodirning yangi hikoyasi», «Qotil bilan uchrashuv» hikoyalari asosida badiiy filmlar ishlangan. Qirqdan ziyod kitob muallifi. Asarlari 10 dan ortiq tillarga tarjima qilingan; Turkiya, Eron, Polsha, Rossiya, Germaniya, Gruziyada nashr etilgan.

Ajdar O‘l bir qancha portret-hikoyalari uchun Milliy Kitob mukofotiga (2010), «Yasha» she’riy kitobi uchun Ozarbayjon madaniyat va turizm vazirligining «Oltin So‘z» mukofotiga, «Harbiy-dala qo‘mondonining maymuni» hikoyasi Mahmud Koshg‘ariy nomidagi xalqaro tanlovida Gran-priga sazovor bo‘lgan.

Salim Bobullo o‘g‘li (Səlim Babullaoğlu Səlimov) hozirgi Ozarbayjon modern she’riyatining yorqin vakillaridan biri, shoir, tarjimon va essenavis. U 1972 yil 10 dekabrda Shirvon shahrida tug‘ilgan. Ko‘plab she’r va hikoyalar muallifi.

«Tanho» (Baku, 1996), «Iyunda kuylangan qo‘shiqlar» (Istanbul, 2006), «Yurakka bag‘ishlov» (Vrotslav, 2007), «Shamolga qarshi yurgan ayol» (Tabriz, 2009), «Ilyos Go‘chmaning rasm daftari» (Baku, 2009), «Maskali kishilarning gimni» (Kiyev, 2009), «Qorin sharhi» (Tbilisi, 2010), «Polkovnikka hech kim yozmaydi» (2010) kabi she’riy kitoblari chop etilgan.

Salim Bobullo o‘g‘li o‘zbek (Abdulla Oripov, Aziz Said, Xurshid Davron, Sirojiddin Sayyid she’rlari), rus, turk, fin, ispan, italyan, frantsuz, shved, fors, polyak, ingliz, portugal, yapon, grek, qirg‘iz adabiyoti vakillarining asarlarini tarjima qilgan. O‘rxon Vali, Iosif Brodskiy, Cheslav Milosh, Fozil Husni Dog‘larja, Vasil Stus kabi shoirlarning kitoblari uning tarjimasida chop etilgan. O‘zining she’rlari dunyoning o‘ndan ortiq tillariga tarjima qilingan.

Bir qancha xalqaro (Turkiya, Serbiya, Qirg‘iziston) va milliy («Anor butog‘i», «Kitob–2003», «Kitob–2004») mukofotlar sovrindori. Yevropa Ozodlik shoiri (The European Poet of Freedom) xalqaro adabiy tanlovining nominanti (2018).

Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi idora hay’atining a’zosi, Badiiy tarjima va adabiy aloqalar markazining rahbari.