Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Ganja shahrida AZƏRTAC axborot agentligiga bergan intervyusida yaqin kechmishning muhim xulosalari va istiqboldagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi.
Ozarbayjon yetakchisi, xususan, ikkinchi Qorabog‘ urushi davrida Armaniston armiyasi Ganjaning tinch aholisini o‘qqa tutgani haqida gapirdi.
Qayd etilishicha, Ozarbayjonning ikkinchi yirik shahriga “Tochka-U”, “SKAD” kabi raketalar otilgan. Oqibatda bolalar, ayollar hamda keksalar halok bo‘lgan. Birgina Ganja shahrida 26 nafar tinch aholi vakili bevaqt hayotdan ko‘z yumgan.
“Buni aslo tasodifiy o‘t ochish deb bo‘lmaydi. Turarjoylarni vayron etish va ozarbayjonliklarni yo‘q qilish qasddan amalga oshirilgan. Bu orqali Ozarbayjon xalqini qo‘rqitish, mamlakat rahbariyatini esa yerlarni ozod qilishdan qaytarish ko‘zlangan edi. Ushbu harbiy jinoyat xalqaro hamjamiyati tomonidan tan olinishi shart”, – dedi prezident Ilhom Aliyev.
Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon harbiy jinoyatga qo‘l urmadi, balki jang maydonida o‘zini ko‘rsatib, tinch aholi qurbonlari uchun qasos oldi. I.Aliyev ikkinchi Qorabog‘ urushi yakunini “fashizm ustidan g‘alaba” hamda “adolatning tantana qilishi” deb atagan.
Ozarbayjon yetakchisi ushbu xunrezlik aslo unutilmasligi va shahid ketgan vatandoshlar hamisha yodda saqlanishini ta’kidlagan. Shu maqsadda Ganjada yirik xotira majmuasi bunyod etilmoqda. I.Aliyev bunday xunrezlik qayta takrorlanmasligi uchun kerakli saboqlar chiqarilishiga ham urg‘u bergan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi.
Avval xabar berganimizdek, 2021 yil noyabr oyida prezident Ilhom Aliyev tarixiy g‘alabaga erishib, Ozarbayjon hududlarini ishg‘oldan ozod qilgani uchun “Turkiy dunyoning Oliy ordeni” bilan taqdirlandi.