Malayziya sayyohlarga chegaralarini to‘liq ochmoqda

Malayziya hukumati epidemik vaziyat o‘nglanishi munosabati bilan joriy yil 1 apreldan xalqaro sayyohlarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.  Malayziya turizmni targ‘ib qilish agentligiga ko‘ra, mamlakat COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq deyarli ikki yillik cheklovlardan so‘ng birinchi marta o‘z chegaralarini to‘liq ochmoqda.

To‘liq emlangan sayyohlar karantinsiz bemalol sayohat qilishlari mumkin, faqat safarga jo‘nashdan ikki kun oldin COVID-19 PSR testini topshirishlari va Malayziyaga kelgach, 24 soat ichida professional ekspres tekshiruvdan (testdan) o‘tishlari kerak.

Malayziyaga kirish jarayonini osonlashtirish uchun sayohat hujjatlariga (xalqaro pasport) ega sayyohlar MySejahtera (Apple AppStore, Google PlayStore yoki Huawei AppGallery’da mavjud) ilovasini yuklab olib faollashtirishlari, so‘ng Traveler belgisi ostida, jo‘nash oldidan to‘ldiriladigan o‘z shaxsiy ma’lumotlarini tizimga kiritish orqali Malayziya hududiga kirishlari mumkin. Ilgari amalda bo‘lgan MyTravelPass sayti orqali maxsus ruxsat olish amaliyoti bekor qilinadi.

Shuni qayd etish joizki, to‘liq emlanmagan xalqaro sayohatchilar kelganlarida besh kunlik karantindan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Ayni choqda, 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlarga karantinsiz kirishga ruxsat beriladi, ular Malayziyaga kelgach, 24 soat ichida professional ravishda amalga oshirilgan ekspres tekshiruvdan o‘tishlari kifoya.

Jamoat joylarida yuz niqoblaridan foydalanish va MySejahtera’ning binolarga kirayotganda ro‘yxatdan o‘tishi endemik bosqichda standart amaliyot sifatida saqlanib qoladi, ayniqsa, bu qoidalarga odamlar gavjum bo‘lgan yopiq joylarda amal qilinishi kerak. Hukumat, shuningdek, jismoniy masofani saqlashni hali ham rag‘batlantirsa-da, to‘liq normal faoliyatni qayta tiklashga cheklovlar o‘rnatmaydi.

“Biz hukumatning xalqaro sayohatlarni qayta tiklash to‘g‘risidagi so‘nggi e’lonidan xursandmiz va Malayziyani xavfsiz sayohat joyi sifatida targ‘ib qilish uchun marketing chora-tadbirlarini kuchaytirish, aviakompaniyalar va turistik firmalar bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqdamiz”, – deydi Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Nensi Shukri xonim.

Vazirning qayd etishicha, xalqaro chegaralarning qayta ochilishi munosabati bilan “Tourism Malaysia” marketing agentligi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan strategik rejani amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Bu borada strategik o‘zgarishlarni amalga oshirish, samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, turizmni targ‘ib qilishda strategik kommunikatsiyalarni optimallashtirish hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratiladi. Chegarani qayta ochish bo‘yicha so‘nggi tartib-qoidalar haqida qo‘shimcha ma’lumotni agentlik saytidan olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “Tourism Malaysia” nomi bilan tanilgan tuzilma Malayziya turizm, san’at va madaniyat vazirligi qoshidagi agentlikdir. Malayziyani sayyohlik uchun afzal hudud sifatida targ‘ib qilish agentlikning bosh vazifasidir.

2019 yilda Malayziyaga 26,1 million xalqaro sayyoh keldi, mamlakat turizmdan taxminan 21 milliard dollar daromad oldi. Shu tariqa Malayziya dunyoning asosiy turistik yo‘nalishlari qatoridagi o‘rnini yanada mustahkamladi. Bu borada “Tourism Malaysia” agentligining ham xizmati katta.