24 iyun kuni Toshkentda Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida tahsil olgan mutaxassislarga sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Malayziyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan ishtirok etib nutq so‘zladi.
“Biz MTCP doirasida o‘zbekistonliklarning Malayziyada bilim va malaka oshirish loyihalarini davom ettiramiz. Chunki bu ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish borasida muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekistonlik mutaxassislar dastur doirasida yangi bilimlarni egallab, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda. Biz dasturni amalga oshirishdagi ko‘magi uchun O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga minnatdorlik bildiramiz. O‘zbekiston tomoni dastur uchun munosib nomzodlar taqdim etishda davom etadi degan umiddamiz”, – dedi elchisi Hendi Assan.
Diplomat so‘nggi yillarda O‘zbekistonda malay tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotganini ham mamnuniyat ila qayd etdi. 2021 yil noyabr oyida Malayziya bosh vaziri kubogi uchun xalqaro tanlovda O‘zDJTU talabasi Nargiza Ortiqova birinchi o‘rinni egallagan edi. Elchi Hendi Assan joriy yil 20 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Malay tili notiqlik san’ati xalqaro tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tganini yodga olar ekan, tanlov g‘olibi xalqaro bosqichda ham munosib ishtirok etishiga umid bildirdi.
Bu yil ham MTCP doirasida 16 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis Malayziya multimedia universiteti, PETRONAS neft texnologiyalari instituti, Malayziya soliq akademiyasi, Qishloq hududlarini rivojlantirish instituti, Islom turizmi markazi, Qimmatli qog‘ozlar sanoatini rivojlantirish korporatsiyasi, Malayziya aksilkorruptsiya akademiyasi kabi ta’lim dargohlarida malaka oshirdilar. Ularga sertifikatlarni elchi Hendi Assan tantanali tarzda topshirdi.
MTCPning o‘zbekistonlik bitiruvchilari klubi rahbari, TEAM universiteti mas’uli xodimi Tohir Ahmadjonov ishtirokchilar nomidan Malayziya hukumati va elchixonasiga minnatdorlik bildirar ekan, dasturga yil sayin qiziqish oshib borayotganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) 1980 yilda ta’sis etilgan. Dastur doirasida Malayziya rivojlanayotgan mamlakatlar bilan turli sohalarda ilg‘or tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. “Qo‘shnilar ham gullab-yashnasin” g‘oyasi dastur mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Ushbu platforma turli soha vakillarining kasbiy malakasini oshirish orqali inson resurslarini yanada rivojlantirishni ko‘zlaydi.
O‘tgan yillar davomida MTCP yo‘nalishlari kengaydi, ayni paytda u 138 mamlakatni qamrab oladi. Mazkur dastur doirasida tashkil etilayotgan o‘quv kurslarida O‘zbekiston vazirlik va tashkilotlari vakillari ham muntazam ishtirok etib kelmoqda. 1992 yildan hozirga qadar 700 ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassis hamda talabalar qisqa va uzoq muddatli kurslarda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Qisqa muddatli kurslar menejment va ijtimoiy boshqaruv, fan, texnologiyalar va AKT boshqaruvi, iqtisodiyot, moliya va savdo, diplomatiya, atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy taraqqiyot, ingliz tili kabi yo‘nalishlarni qamraydi. Malayziya hukumati, shuningdek, bakalavriat, magistratura va doktorantura kabi bosqichlarda uzoq muddatli tahsil uchun ham stipendiyalar ajratadi.
Shu mavzudagi maqolalar:
Malayziyada tahsil olish uchun 8 sabab aytildi. 17.03.2022
Toshkentda “Malayziya kuni” qanday o‘tdi? 15.12.2021