Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Malayziyaning Menejment va fan universiteti asoschisi hamda prezidenti Moxd Shukri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralarda Namangan OTMlari bilan talabalar almashinuvi va hamkorlikda ta’limni yo‘lga qo‘yish, qisqa muddatli kurslarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun halol sanoat mahsulotlarini sertifikatlash bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, Malayziya Menejment va fan universiteti 2001 yilda tashkil etilgan. “QS Rankings 2023” jahon reytingida 601-o‘rinni, Osiyo oliy ta’lim muassasalari orasida esa 147-o‘rinni egallaydi. U Malayziyaning yetakchi xususiy universitetlaridan biri hisoblanadi.
Umuman, keyingi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ta’lim jabhasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
2019 yil oktyabr oyida Toshkent moliya instituti bazasida Malayziya menejment va tadbirkorlik “Binary” universiteti bilan O‘zbekiston–Malayziya qo‘shma fakulteti ochilgan.
2020 yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti o‘rtasida Urganchda universitetning xalqaro filialini tashkil etish to‘g‘risida uch tomonlama shartnoma imzolangan.
Malayziya islom ilmiy universiteti (Universiti Sains Islam Malaysia – USIM) esa mamlakatimizdagi ko‘plab ilmiy-akademik muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda. Xususan, Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va USIM o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Bundan tashqari, USIM bilan Urganch davlat universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti o‘rtasida tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, talabalar almashuvi bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolangan.
Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda Malayziyada 100 mingdan ziyod xorijlik talaba tahsil olmoqda. Mamlakat YuNESKO tomonidan chet ellik talabalar soni bo‘yicha dunyo o‘ntaligiga kiritilgan. Birgina 2021 yilda Malayziya OTMlariga 150 ga yaqin davlatdan 40 mingdan ziyod talaba qabul qilingan. Xorijlik talabalar orasida o‘zbekistonlik yoshlar soni ham oshib bormoqda.
Shu mavzudagi maqolalar:
Malayziya elchisi MTCP kurslari bitiruvchilariga sertifikat topshirdi. 27.06.2022
Malay tili notiqlik san’ati tanlovi: eng zo‘r bilimdonlar Malayziyaga boradi. 21.04.2022