Latviya Armaniston-Ozarboyjon ziddiyatida Ozarboyjonning xalqaro darajada tan olingan chegaralari daxlsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlaydi. Trend agentiligi xabariga ko‘ra, bu haqda 3 oktyabr kuni Latviya Seymi raisi Inara Murniyetse Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyorov bilan muzokaralarda ma’lum qilgan.
Armaniston-Ozarboyjon ziddiyati, xususan, Tog‘li Qorabog‘ masalasida Yevropa Ittifoqining Ozarboyjondagi elchisi Malena Mard ham munosabat bildirgan. Yevropalik diplomat rasmiy Bryussel mazkur masalada barqaror tinchlik bitimi zarurligi, buning uchun insonlar o‘rtasida muloqot katta ahamiyati kasb etishini ta’kidlagan.
Boku uchun strategik ahamiyatga ega Tog‘li Qorabog‘ masalasi Germaniyaning Ozarboyjondagi elchisi Mixael Kindsgrabning ham e’tiboridan chetda qolmagan. 3 oktyabr – Olmon birligi kuni munosabati bilan Bokuda o‘tgan tantanali marosimda Mixael Kindsgrab ziddiyatni faqat tinch yo‘l bilan hal etish lozimligiga urg‘u bergan. Elchi joriy yil yozda Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank Valter Shtaynmayerning Bokuga tashrifi ramziy ma’noga ega ekanini qayd etgan.
“Hozirgi vaziyatda status-kvo maqbul emasligini juda yaxshi anglaymiz. Biz tomonlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, ziddiyat yana avj olmasligi va uni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rish yo‘lida tomonlarni aniq maqsadli muzokaralarga jalb etishga intilmoqdamiz”, – degan Germaniyaning Ozarboyjondagi elchisi Mixael Kindsgrab.
Tog‘li Qorabog‘ Ozarboyjon rasmiy doiralari e’tiboridagi dolzarb masalalardan biri sanaladi. Ozarboyjon Prezidentining ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Ali Hasanov ham joriy yil 3 oktyabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda mazkur muammoga to‘xtalgan.
Ali Hasanovga ko‘ra, Falastin va Suriyadagi vaziyat bilan birga, Armanistonning Ozarboyjonga agressiyasi musulmon olamidagi barqarorlik va tinchlikka tahdid solmoqda.
“Cir emas, 20 yildan oshdiki, Armaniston Ozarboyjon hududining 20 foizi, jumladan, Tog‘li Qorabog‘ni okkupatsiya qilib kelmoqda. Ozarboyjonning tarixiy yerlarida butun infrastruktura qatorida milliy, madaniy va diniy yodgorliklar, masjidlar vayron etildi. BMT, YeXHT, Yevropa Kengashi, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorligi tashkiloti va boshqa nufuzli tashkilotlar egallangan hududlarni ozod etishga doir tegishli qaror va rezolyutsiyalar qabul qildi. Afsuski, bularning bari amaliy natija bermayotir”, – degan Ozarboyjon Prezidenti yordamchisi.
Qayd etilishicha, mazkur dolzarb masala yechimi yo‘lida musulmon mamlakatlari o‘rtasida axborot sohasida hamkorlikni kuchaytirish lozim.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Qo‘shilmaslik harakati sammiti yakuniy hujjatiga Qorabog‘ masalasi ham kiritildi. 19.09.2016