Turkiyaning Iroq shimolidagi Kurdiston ayirmachilariga qarshi harbiy harakatlar boshlash rejasi xalqaro hamjamiyatni taraddudga solib qo‘ydi. Iroq Anqaraning ushbu maqsadini milliy suverenitetga tahdid sifatida baholadi. Iroqda aksilterror amaliyotlari olib borayotgan AQSh Kurdiston hududida harbiy operatsiyalar amalga oshirilgudek bo‘lsa, mamlakatdagi vaziyat bundanda yomonlashuvidan xavotirda ekanini ma’lum qildi. O‘z navbatida Yevropa Ittifoqi jur’atsizgina bo‘lsada, Turkiyaning Kurdistonga qarshi harbiy amaliyotiga e’tirozini bildirdi.
Aslida Turkiya davlati va Kurdiston ishchilar partiyasi o‘rtasidagi ixtilof kecha paydo bo‘lib qolgan muammo emas. Kurdiston ishchilar partiyasi 1970 yillarda Turkiya hududida tashkil etilgan edi. Mazkur ayirmachi harakat o‘tgan chorak asrdan oshiq muddat ichida Kurdiston davlati mustaqilligi degan niqob bilan Turkiyada juda ko‘p bora qo‘poruvchilik harakatlari uyushtirdi. Kurd ayirmachilari yetakchisi, necha yillar davomida tutqich bermas qasoskor sifatida kurash olib borgan Abdulloh Ojalanning qo‘lga olinishi va umrbod qamoq jazosiga hukm etilishi bilan Turkiya oz bo‘lsada, xotirjam nafas olgandek edi. Lekin 2004 yildan boshlab Kurdiston ishchilar partiyasi yana qarshilik harakatiga zo‘r berdi. Bu orada kurd ayirmachilari bir necha marta o‘q otishni to‘xtatishdi, yana necha marotaba o‘zlari taklif etgan sulh bitimlarini buzishdi.
Turkiya uchun, xususan, oxirgi oylar tahlikali va notinch keldi. Mamlakatning turli shaharlarida amalga oshirilgan teraktlar va kurdlar bilan to‘qnashuvlar paytida yoz davomida yuzdan ziyod odam qurbon bo‘ldi. Bu holat Turkiya hukumatini ko‘pdan beri paysalga solinayotgan muammoni birato‘la hal etishga chorladi.
Oktyabr oyida rasmiy Anqaraning kurd ayirmachilariga qarshi harakati birmuncha jadallashgani kuzatildi. Agar shu paytgacha Turkiya rahbariyati kurd ayirmachilariga qarshi umumiy bayonot va kichik amaliyotlar bilan chegaralangan bo‘lsa, oxirgi vaqtda Rejep Tayip Erdogan boshchiligidagi hukumat Iroq shimolidan qo‘nim topgan qo‘poruvchi kuchlarni butunlay yakson qilishga niyat qilyapti. Bu gal rasmiy Anqaraning maqsadi jiddiy, niyati qat’iy ekani ifodasi shuki, mamlakat parlamenti o‘tgan oyda Turkiya harbiy kuchlariga bir yil ichida Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi harbiy operatsiyalarni boshlash huquqini beruvchi maxsus qonun qabul qildi. Albatta, garchi terrorchilarga qarshi bo‘lsa ham, boshqa bir mustaqil davlat hududiga qo‘shin olib kirish birgina qonun bilan amalga oshib ketaveradigan jarayon emas. Bu borada xalqaro huquqning yozilgan va yozilmagan qoidalariga rioya etmasdan iloj yo‘q…
Turkiya qonunchilik idorasi tomonidan Iroq shimolida harbiy amaliyotlar o‘tkazishga izn beruvchi qonunning qabul qilinishi tuzukkina shov-shuvlarga sabab bo‘lgani, boz ustiga, bu holat dunyoga hukmronlik da’vosidagi ayrim davlatlarning oshkora tinchini buzgani ham bor gap.
Kurd ayirmachilariga qarshi amaliyot rejasi Iroq hukumatini ham tashvishga solib qo‘ydi. Aslida rasmiy Anqara ko‘pdan beri Bag‘dod hukumatini ayirmachi kuchlarga qarshi yetarli chora-tadbirlar ko‘rmaslikda ayblab keladi.
Turkiya parlamenti harbiy amaliyot boshlash to‘g‘risida qonun qabul qilganidan keyin Iroq hukumati mamlakatdagi Kurdiston ishchilar partiyasining barcha idoralarini yopdi, partiyaning moliyaviy hisoblarini ham muzlatib qo‘ydi. Iroqning Kurdiston ma’muriy hududi rahbari Masud Barzani ham ayirmachi partiyani qurolni tashlash va Turkiyaga qarshi qo‘poruvchiliklarni to‘xtatishga chaqirdi. Anqarada qabul qilingan qonun urush tufayli jiddiy mas’uliyatdan o‘zini olib qochayotgan Iroq hukumatini ham harakatlantirib yubordi.
AQSh Davlat kotibi Kondoliza Raysning o‘tgan hafta oxirida Anqaraga tashrifini ham ana shu maqsad bilan izohlash mumkin. Amerika tashqi siyosat mahkamasi rahbari turk rasmiylarini muammoni diplomatiya yo‘li bilan hal etishga chaqirar ekan, kurd ayirmachilarini «umumiy g‘animimiz» deb atagan. O‘z navbatida Turkiya tashqi ishlar vaziri Ali Babakan AQShning Iroqdagi kurd ayirmachilariga qarshi yetarli darajada kurash olib bormayotgani, shu bois ham Turkiya vaziyatni qo‘lga olish va so‘zdan amaliy harakatga o‘tishga qaror qilganini ta’kidlagan.
Kuni kecha Turkiya bosh vaziri Rejep Tayip Erdoganning AQShga rasmiy tashrifi chog‘ida ham Kurdiston masalasi muhokama markazidagi masalalardan biri bo‘ldi. AQSh ma’muriyati Turkiya bosh vazirini harbiy harakat rejasidan voz kechishga undagan, bunga javoban esa kurd ayirmachilariga qarshi kurashni kuchaytirishga so‘z bergan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Iroq shimolida — chegara hududida 3500 ga yaqin kurd jangarilari mavjud. Albatta, bir necha yuz ming askarga ega bo‘lgan armiya uchun buncha miqdordagi jangarini mahv etish bir necha kunlik ish bo‘lishi mumkin. Lekin mazkur vaziyatda asosiy muammo dushmanni yenga olish yoki olmaslik masalasida emas. Bu o‘rinda gap boshqa bir mustaqil davlat hududiga qo‘shin bilan kirishdek o‘ta nozik masala ustida ketyapti. Boz ustiga, ayirmachilarga qarshi amaliyot Eron, Suriya kabi mamlakatlarda istiqomat qilayotgan kurd millatiga mansub aholida ham norozilik uyg‘otishi mumkin. Bundan tashqari, xalqaro hamjamiyat oldidagi mas’uliyat tuyg‘usi ehtiyotkorroq bo‘lishga undayotganga o‘xshaydi. Shu bois hozircha rasmiy Anqara Kurdiston ayirmachilariga qarshi iqtisodiy jazo choralari joriy etishga harakat qilyapti. Qolgan asosiy savollar esa hozircha javobsiz qolyapti.
Sobirjon Yoqubov
«Hurriyat»dan olindi.