Konstantin Sergeevich Stanislavskiy 1863 yil 17 yanvarda Moskvada tug‘ildi. Jahon teatr san’atining buyuk islohotchisi Konstantin Stanislavskiyning teatr sahnasidagi so‘nggi roli 1917 yilda Dostoyevskiyning ”Stepanchenko qishlog‘i” nomli povesti asosida sahnalashtirilgan spektaklda bo‘ldi. Stanislavskiy bu spektaklda polkovnik Rostanev rolini ijro etish uchun tayyorgarlik ko‘radi. Hali rol tayyor bo‘lmasa-da, teatrning ish jadvali bo‘yicha spektakl tomoshabinga o‘ynalishi oldidan so‘nggi repetitsiya o‘tkaziladi. Serafima Germanovna Birmanning yozishicha (1911-24 yillarda teatrda aktrisa, rejissyor bo‘lib ishlagan), “Stepanchenko qishlog‘i” spektaklining so‘nggi repetitsiyasi belgilangan vaqtda boshlanmaydi. Ishtirokchilarning spektakl namoyishiga tayyor bo‘lib turganliklariga qaramay, parda uzoq vaqt ochilmaydi. Sababi, Polkovnik roli ijrochisi Stanislavskiy diqqatini bir joyga to‘play olmay qiynalar, uni ich-ichidan nimadir siqib turar, Polkovnik qiyofasini gavdalantirishga ruhan tayyor emas edi. Juda qiyin ahvolga tushib qolgan Stanislavskiy ko‘z yoshini qanchalik tiyishga urinmasin, qo‘lidan hech bir ish kelmaydi. Nihoyat u, o‘zini qo‘lga olib, pardani ochishga ishora qiladi. Repetitsiyadan keyin boshqa ijrochilar qoniqarli baho oladilar. Ammo Stanislavskiy ijrosidagi Polkovnik roli tayyor emasligi ta’kidlanib, rol boshqa aktyorga topshiriladi. Bu Stanislavskiy uchun nihoyatda og‘ir zarba bo‘lib, shu kundan boshlab u, Moskva Badiiy teatr sahnasida avvalgi yillarida sahnalashtirilgan spektakllardagi Astrov, Famusov, Satin rollaridan tashqari birorta boshqa yangi rol ijro etmaydi.
Umrida bor-yo‘g‘i ikkitagina kitob yozgan Stanislavskiyning nomini hatto janubiy Amerikada ham yaxshi bilishadi. “Mening san’atdagi hayotim“ deb nomlangan birinchi kitobi Amerikada 1924 yilda bosmadan chiqib, dunyo yuzini ko‘radi. Stanislavskiyning o‘ynagan rollari o‘zini ham, atrofidagilarini ham ko‘p hollarda qoniqtirmagan. 1906 yilda Moskva badiiy teatrining ilk bor Ovrupo safariga chiqishi chog‘ida Stanislavskiy sevib ijro etib kelgan Shekspirning “Otello” spektaklidagi bosh rol ijrochisining talqini qoniqarli bo‘lmaganidan bu asar gastrol repertuaridan olib tashlanadi.
Xo‘sh, Stanislavskiyni qaysi shamollar uchirib teatr san’atiga oshno qildi ekan, degan tabiiy savol tug‘iladi. 1877 yilda Moskvaga italyan tragik aktyori E.Rossi gas-trol safariga kelganida 14 yoshli Konstantin mashhur aktyorning ijrosidan shu qadar ta’sirlanadiki, o‘z kelajagini teatr san’atiga bag‘ishlashga qaror qiladi. U boshlang‘ich ta’limni oilasida, so‘ngra gimnaziya va sharq tillari institutida o‘qib yurgan chog‘larida ham “Kichik teatr”ning bironta spektaklini qoldirmay tomosha qilar, goh balet san’atiga qiziqar, goh sayyor truppa aktyor va masxarabozlariga taqlidan spektakllar sahnalashtirib, o‘zi bosh rollarni ijro etardi. 1877 yilning sentyabr oyida u ilk bora uyida oilaviy spektakl namoyish etadi. Bu, o‘sha davrda ziyolilar orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan “Alekseev teatr to‘garagi” bo‘lib, bu Stanislavskiyning hayotida tub burilishlar yasaydi.
1897 yilda Moskva badiiy teatri tashkil etilganidan so‘ng, 1906 yilda bu teatr san’atkorlari Stanislavskiy boshchiligida Rus teatri san’ati bilan Ovruponing yuragi hisoblangan Germaniyaga gastrol safariga otlanadilar. A.P. Chexovning “Vanya tog‘a”, Gorkiyning “Tubanlikda”, Ibsenning ”Shtokman”, Tolstoyning “Shoh Fedor Ivanovich” asarlari repertuardan joy oladi. Repertuar tanlashda esa eng avvalo V.I. Nemirovich-Danchenkoning xizmati katta bo‘ladi. “Vanya tog‘a” spektaklidagi Stanislavskiy ijro etgan Astrov obrazi buyuk nemis dramaturgi Gauptmanga shu qadar ta’sir etadiki, u spektakl so‘ngida dastro‘molini tishlaganicha, uzoq vaqt o‘rnidan turolmay o‘tirib qoladi va, “Shu paytgacha sahnada ko‘rgan asarlarim ichida eng ta’sirli spektakl shu bo‘ldi. Sahnada odamlar emas, badiiy ko‘rinishdagi Xudolar harakat qilishmoqda”, – deya e’tirof etadi.
Chexiyalik jurnalist Rujena Svobodova Stanislavskiy ijrosidan qattiq ta’sirlanib: “U jim turgan holda fikrlaydi. Fikrlash orqali go‘yo sening yuragingga qo‘l solib ko‘rayotganga o‘xshaydi. Beixtiyor o‘zing ham yuragingga quloq solayotganingni sezmay qolasan. Haqiqiy san’atning buyuk qudrati shunda bo‘lsa kerak”, – deb yozadi.
Ana shu gastrol safari Ovrupoda Stanislavskiy nomini mashhur qilib yubordi. Shu bilan birga aktyorning ichki imkoniyatlarini ishga solish, ulardan o‘z o‘rnida unumli foydadanish yo‘llarini ochib beradi. “Teatr san’ati, – deb yozadi u, – bizning davrimizga kelib boshqa san’atlardan juda orqada qolib ketdi, lekin shunga qaramay, boshqa san’atlar uslubiyatini teatr san’atiga qiyoslash o‘ta xato bo‘lur edi. Stanislavskiy sistemasi sahnada hissiyotni tashqi tomonidan ko‘rsatib, aktyor ijrochiligini kasb (hunar)ga, qolipga aylantiruvchi, aktyor ijodiga ilhomning o‘zi yetarli deb qarovchi san’atga qarshi qaratilgan. Sahna xatti-harakati hususidagi ta’limoti Stanislavskiy sistemasining asosini tashkil qiladi. U diqqatini asosiy masala – teatrda aktyorning tabiiy, ijodiy kayfiyati va sahnaviy obraz yaratish masalasiga qaratib, o‘z sistemasini ikki qismga: aktyorning o‘z ustida hamda rol ustida ichki va tashqi tomonidan ishlashiga ajratadi. U “jismoniy harakat metodi”, “qalb ko‘zi bilan ko‘ra bilish”, “harakat tahlili” va “oliy maqsad” qoidalarini ishlab chiqdi. Teatrni teatrdan haydash uchun soxtalik o‘rniga haqiqiy iztirob, ichki dard, kechinmalarni, haqiqiy hayotiy voqelikni aks ettirish, inson ruhiyatini ko‘rsata bilish tomoshabin ko‘z o‘ngida gavdalantirish teatr san’atining eng asosiy vazifasi bo‘lmog‘i kerak”, – deya ta’kidlaydi u.
1897 yilda Nemirovich-Danchenko bilan Stanislavskiy “Moskva badiiy teatri”ni tashkil etish haqida o‘zaro muzokara olib borishadi. Stanislavskiy har bir kelishilgan masalani yon daftarchasiga yozib borar edi. Sababi Stanislavskiyning so‘zlarni xotirasida saqlab qolish qobiliyati ancha sust edi. Shuning uchun ham u har bir voqea va holatlarni albattta qog‘ozga tushirib qo‘yishni odat qilgan bo‘lib, keyinchalik o‘z “sistema”sini tartibga solish hamda kitob holatiga keltirishda shu qog‘ozlar juda qo‘l keladi. Moskva badiiy teatrining tashkil etilishi nafaqat spektakllarning badiiyligi, ijroning yuksakligini namoyish etdi, ayni chog‘da Rus teatri tarixida ilk bora teatrda rejissyorning mavqeini kutilmagan darajada yuqoriga ko‘tardi. Chexov, Gorkiy, Tolstoy asarlarida aktyorlar ansambli, asar g‘oyasi, ijodkorning oliy maqsadi degan tushunchalar keng iste’molga kiradi. Bundan teatr, uning repertuari uchun alohida shaxs – yetkachi aktyor yoki aktrisa emas, teatrning badiiy rahbarlari mas’ul bo‘ladilar. Stanislavskiy uchun vaqt tushunchasi umuman mavhum narsa bo‘lib, uning o‘z maqsadiga erishmog‘i, biron-bir ijrodan ko‘ngli to‘lmaguncha tinmay repetitsiya qilishi, takrorlashdan sira ham charchamasligi kishini hayratga solar edi. Repetitsiya jarayonlari ertalabdan to kechgacha ham tugamas edi. Bitta spektakldagi birgina so‘z ko‘ngildagidek chiqishi uchun qariyb uch oy repetitsiya qilingani ko‘pchilikka ma’lum. Ayrim spektakllarda asarning hayotiyligi – realistik kayfiyatni paydo qilish uchun Stanislavskiy spektakl davomida turli tabiiy tovushlar, suvning jildirashi, yomg‘irning quyishi, uy hayvonlarining ovozi, chigirtka, hatto pashsha va chivinlarning g‘ing‘illashi sahnadan eshitilib turishini talab qilar, ayrim hollarda ulardan o‘rinsiz ham foydalanar, bu esa ba’zan tomoshabinni spektaklni qabul qilishiga xalaqit ham berardi. Shunday kunlarning birida A.P.Chexov yarim hazil, yarim chin ma’noda: “Endi men asar yozsam unda na suvning, na sigirning va na pashshaning ovozi bo‘lmaydi. Shunday shovqinlari bor joylarini umuman o‘chirib tashlayman”,– degan edi. Haqiqatan ham Stanislavskiy uchun spektaklning tashqi ko‘rinishi, dekoratsiya, libos, musiqa, rolda esa timsolning tashqi ko‘rinishi undagi mayda-chuyda unsurlarni topish, timsol qiyofasiga kirish uchun ko‘prik hisoblangan. Shuning uchun ham agar spektakl yoki rolning tashqi unsurlari topilmasa, rejissyor Stanislavskiy, aktyor Stanislavskiy uchun nihoyatda qiyin, tashvishli kunlar boshlanar edi. Ba’zan fikri- yodi shu unsurlarni qidirish bilan band bo‘lganligidan asarning nima maqsadda qo‘yilishi ham xayolidan ko‘tarilib ketar edi.
U o‘zi orzu qilgan rollarning qoniqarsiz chiqishiga tashqi ko‘rinishi, bo‘yi uzunligi, qo‘l va oyoqlarining anchayin beso‘naqay ekanligi sabab deb bilar va aziyat chekar edi. Hatto talaffuzini to‘g‘rilash, barcha unli harflarning eshitimli bo‘lishi uchun mashhur qo‘shiqchi Shalyapin ham shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelgan edi. Nemirovich-Danchenko “Yuliy Sezar” spektaklini sahnalashtirish jarayonida unga Brut rolini topshiradi va o‘ziga juda yarashadigan mo‘ylovi bilan vidolashishga majbur qiladi. Stanislavskiy rejissyor sifatida aktyorlarga nisbatan o‘ta talabchan bo‘lgan. Bir spektakl repetitsiyasi vaqtida sahnada harakat qilayotgan aktyor “M” bir og‘iz gapni takror va taror qaytarar, Stanislavskiy esa pastdan turib ”Ishonmayman, ishonmayman!” deb, aktyorni o‘sha so‘zni qayta-qayta takrorlashga majbur etadi. Sabr kosasi tugagan aktyor “M”, Konstantin Sergeevich, mendan nima talab qilayotganingizni sira tushunmayapman, mumkin bo‘lsa, shu sahnani o‘zingiz ko‘rsatib bersangiz, deb iltimos qiladi. Aktyorning bu qadar ters muomalasidan bir oz o‘ng‘aysizlikka tushgan Stanislavskiy noiloj sahnaga ko‘tariladi va qahramonning so‘zini endi boshlashi bilan pastdan aktyor “M”ning “Konstantin Sergeevich, ishonmayman” degan xitobi eshitiladi. Bu holat bir necha bor takrorlanadi. Qariyb o‘n martalarcha takrorlangan bu sahnadan keyin Stanislavskiy noiloj ”Hmm.. Shu parchani uyda ishlab kelib ertaga sizga ko‘rsataman”, – deydi. Ke-yinchalik shogirdlari bilan bo‘lgan suhbatlarning birida Stanislavskiy “Men gunohkorman, qanchadan-qancha odamlarni behuda ranjitib qo‘ydim-a”, deb afsuslanganini eslashadi. 1878-79 yillarda hali o‘n olti yoshga to‘lib-to‘lmagan Konstantinning yosh qalbini havaskorlar sahnasidagi spektakllarda bosh rollarni ijro etib yuradigan Aleksey Fedorovich Markovning samiymiyligi, sahnadagi yoqimtoyligi, beg‘ubor zavq-shavq bilan sug‘orilgan rollari rom etgan bo‘lsa ajab emas. Chunki Konstantin Markovning “Stanislavskiy” nomini keyinchalik u o‘ziga taxallus qilib oladi va shu kundan uning kundaliklarida Konstantin Sergeevich Stanislavskiy degan yozuv paydo bo‘ladi…
Uning orzulari cheksiz edi. U o‘z rollari bilan jahonga mashhur bo‘lishni istagandi. Ammo uning nomini mashhur qilgan “Mening san’atdagi hayotim” hamda “Aktyorning o‘z ustida ishlashi” kitoblari san’atkorning tarix sahifalaridan munosib o‘rin olishiga sabab bo‘ldi.
Jo‘ra Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son