Jonatan Henik: “Bugun erkin OAV faoliyati har qachongidan ham muhim”

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan bayonot berdi.

“Jahon matbuot erkinligi kunida biz butun dunyo bo‘ylab o‘z jamiyatlarida ma’rifat ulashayotgan, ularni xabardor qilib, o‘zaro munosabatga kirishayotgan jurnalistlarning jasoratini sharaflaymiz. Erkin va mustaqil matbuot vatandoshlarga ularning turmushini shakllantiradigan voqealarni tushunishga yordam beradi hamda g‘oyalar va fikrlar xilma-xilligini targ‘ib qiladi”, – deydi diplomat.

Qayd etilishicha, erkin axborot almashinuvi har bir demokratik davlatning asosiy belgisi sanaladi. Bugungi kunda ko‘plab jurnalistlar dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini va Afg‘onistondagi inson huquqlari buzilishini yoritish uchun o‘z hayotini xavfga qo‘ymoqda.

“Darhaqiqat, bugungi kunda erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarining faoliyati har qachongidan ham muhimroqdir. AQSh elchixonasi O‘zbekistonda media sohasidagi ijobiy siljishlarni qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladi. Hamkasblarim va men turli treninglar va ta’lim olish imkoniyatlari orqali qo‘llab-quvvatlayotganimiz o‘zbekistonlik jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikni qadrlaymiz. Biz O‘zbekiston jurnalistlari mehnatini nafaqat bugun, balki har kuni sharaflashdan faxrlanamiz”, – deb ta’kidlaydi elchi Jonatan Henik.

Ma’lumot o‘rnida, 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni sanasi 30 yildan oshiq tarixga ega. 1991 yili YuNESKOning Vindhuk shahrida (Namibiya) tashkil etilgan anjumanida erkin va mustaqil matbuotni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilingan edi. BMT Bosh assambleyasining 1993 yil 20 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 3 may sanasi xalqaro bayram o‘laroq e’lon qilingan.