Istiqlol marshi: hurlik va birlik timsoli

12 mart kuni Turkiya Respublikasi milliy madhiyasi – Istiqlol marshi qabul qilinganiga 98 yil to‘ldi. Atoqli turk shoiri Mehmet Akif Ersoy qalamiga mansub madhiya matni 1921 yil 12 mart kuni Turkiya parlamenti – Buyuk Millat Majlisi tomonidan ma’qullangan edi.

O‘tgan asrning 20-yillari boshida Turkiya tahlikali kunlarni boshdan kechirayotgan edi. Bir necha asr davomida dunyoning qudratli davlati sanalgan zaminga ajnabiy mustabidlar qadami yetib, mamlakat parchalanish xavfi ostida qolgan edi. Turk vatanparvarlari esa milliy ozodlik harakati olib borardi. Ana shunday dolg‘ali davrda yaratilgan Istiqlol marshi xalqning sinayozgan g‘ururini yana tiklab, ko‘p millionli millatni yagona bayroq ostida birlashtirishga xizmat qildi.

“Millat sifatida Istiqlol marshi kabi she’r sohibi bo‘lganimiz uchun har qancha g‘ururlansak, har qancha shukr etsak oz”, – degan edi Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

Turkiya yetakchisiga ko‘ra, Istiqlol marshi bugun ham qo‘lida bayroq tutgan, qalbida takbirni takrorlagan turk vatandoshlarini bir tanu bir jon etishga ko‘mak beradi.

Turkiya milliy madhiyasi yozilganiga salkam bir asr bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatda davlat va hukumat rahbarlari necha bor o‘zgardi, ammo Istiqlol marshi hamon millat g‘ururi timsoli sifatida baralla yangramoqda.

Madhiyaning yozilish tarixi ham qiziq. 1921 yili Turkiya maorif vazirligi milliy madhiya matni bo‘yicha shoirlar o‘rtasida tanlov e’lon qiladi. G‘olibga esa 500 lira mukofot va’da qilinadi. Tanlovda yuzlab qalamkash ishtirok etadi, ammo ular orasida millat madhiyasi muallifi bo‘lishga loyiq ijodkor yo‘q edi. Nihoyat, hammaslaklarining iltimosiga ko‘ra, shoir Mehmet Akif Ersoy  ham tanlov hay’atiga bugun davlat madhiyasi sifatida kuylanadigan she’r matnini yuboradi. Har jihatdan to‘kis yozilgan she’r g‘olib deb topiladi. Manbalarda yozilishicha, millatparvar shoir “Millatimga muhabbat ramzi o‘laroq yozgan she’rimga mukofot tama qilsam, men qanday shoir bo‘ldim?! Vatan madhiyasi sotilmaydi-ku!” deya she’r uchun va’da qilingan 500 lira mukofotni rad etadi. O‘shanda shoir “Alloh bu millatga ikkinchi bor Istiqlol madhiyasi yozishni ravo ko‘rmasin!” deya mamlakat ozodligi abadiy bo‘lishini tilagan edi.

Mehmet Akif Ersoyning (1873–1936) otasi Mehmet Tohir asli alban millatiga mansub mudarris, onasi esa buxorolik o‘zbeklarning qizi Omina Sharif xonim edi. Mutafakkir Sezai Karakoch “Ota qavmi rumelik, ona qavmi buxorolik, tavallud topgan maskani esa Istanbulning Fotihidir” deganda ayni shu tarixiy haqiqatni nazarda tutgan.

Mehmet Akif Ersoy nafaqat qilqalam shoir, atoqli arbob, bilimdon muallim, iste’dodli voiz va Qur’oni karimning mohir  tarjimoni sifatida ham tarixga kirgan.

“U dorilfunun professori sifatida adabiyot fakultetida dars bergan. Arab, fors va frantsuz tillarini mukammal bilgan bu zot islom ilmlarini puxta o‘zlashtirgan olim ham edi. U “Siroti mustaqim” jurnalida e’lon qilgan maqolalari orqali xalqqa ma’rifat nurini yoydi. Aytishlaricha, Onado‘li bo‘ylab safar qilgan kezlari hamyonida bor-yo‘g‘i 36 kurush qolgan ekan. U ana shunday turfa sinovlarda toblangan chinakam inson edi”, – deya shoirga ta’rif beradi Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

Mehmet Akif Ersoy bugun ham Turkiyada ijodi keng tadqiq etilayotgan, fikrlari siyosat, fikr va ijod ahli tomonidan ko‘p bora tilga olinadigan shoirlar sirasiga kiradi.

“Millat o‘zaro ahil va jips bo‘lsa, uni biror bosqinchi yengolmaydi”, – degan edi shoir bundan salkam bir asr avval. Bizningcha, Turkiya davlati turli sinovlarga yuzma-yuz bo‘layotgan bugungi davrda ushbu hikmatning ahamiyati yanada ortgan.

 S.Salim