Frank-Valter Shtaynmayer – Germaniyaning 12-prezidenti

Taniqli olmon davlat arbobi Frank-Valter Shtaynmayer 12 fevral kuni Germaniya Prezidenti etib saylandi. Davlat rahbarini saylash vakolatiga ega maxsus idora – Federal majlisning 931 a’zosi Shtaynmayer nomzodini yoqlab ovoz berdi. Nomzod birinchi turdayoq g‘alaba qozonishi uchun 631 ovoz kifoya edi.

2012 yil 18 martdan buyon Germaniya Prezidenti vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan 77 yoshli Yoaxim Gauk o‘tgan yil iyunda keksayib qolgani bois o‘z nomzodini keyingi muddatga qo‘ymasligini ma’lum qilgan edi. Xristian-demokratik ittifoqi/Xristian-sotsial ittifoqi va Sotsial-demokratik partiya blokidan yagona nomzod sifatida ilgari surilgan Shtaynmayerning g‘alabasiga esa ko‘pchilik shubha bildirmayotgan edi.

Shtaynmayer Federal majlisda nutq irod qilarkan, Prezident sifatida Germaniyada demokratik qadriyatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga harakat qilishi, demokratiya poydevorining nurashiga aslo yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan. Yangi saylangan Prezident erkinlik va demokratiyani yagona Yevropaning poydevori deb atagan.

Kantsler Angela Merkel ham yangi Prezidentga ijobiy tavsif bergan.

“Hozirgi beqaror sharoitda u mamlakatimizga munosib xizmat qila olishiga ishonchim komil”, – degan A.Merkel.

Saylov arafasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar ham Shtaynmayerning xalq orasida obro‘si baland ekanini ko‘rsatdi. Emnid jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti so‘roviga ko‘ra, aholining 59 foizi Germaniyaning bo‘lajak Prezidenti o‘z vazifalarini muvaffaqiyat ila ado etishiga ishonch bildirgan.

Germaniyada Prezident qudratli siyosiy hokimiyatga ega emas, ammo u jamiyatdagi turli siyosiy partiyalar va guruhlar boshini qovushtirishdek g‘oyat mushkul va murakkab vazifani bajaradi. Shu bois Prezident “millat vijdoni” degan sharafli nom bilan ataladi.

Qonunchilikka ko‘ra, Germaniya Prezidenti xalqaro maydonda mamlakat vakili sifatida ish yuritadi, boshqa davlatlar bilan shartnomalar imzolaydi. Davlat rahbari hukumatni shakllantirishda ham ishtirok etadi. Ya’ni u federal kantsler taklifiga binoan vazirlarni tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi. Federal kantslerga ishonchsizlik votumi e’lon qilingan vaziyatda esa parlamentni tarqatib yuborib, yangidan saylov belgilaydi.

Parlamentning quyi va yuqori palatalari – Bundestag va Bundesrat qabul qilgan qonunlar Prezident tomonidan imzolanadi. Davlat rahbari Konstitutsiyaga zid  qonunlarni imzolashdan bosh tortib, ularni qayta ko‘rib chiqish uchun parlamentga yuborishi mumkin. Davlat rahbari, shuningdek, mahkumlarni afv etish vakolatiga ega.

Frank-Valter Shtaynmayer – zamonaviy olmon diplomatiyasining nufuzli arboblardan biri. U 1956 yili Detmold shahrida ishchi oilasida tavallud topgan. 1975 yili Germaniya sotsial-demokratlar partiyasi safiga kirgan. Yustus Libus nomidagi unirversitetda huquqshunoslik va siyosatshunoslik yo‘nalishida tahsil olgan. 1986 yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Shu tariqa mamlakatning keyingi 30 yillik siyosiy hayotida faol qatnashib kelmoqda.  2005-2009 va 2013-2017 yillarda Tashqi ishlar vaziri, 2007-2009 yillarda Vitse-kantsler lavozimlarida ishlagan.

Shtaynmayer tajribali diplomat va muzokara san’atini puxta egallagan arbob ekani ma’lum. Shu bilan birga, u mehribon oila boshlig‘i sifatida ham olmon jamoatchiligi hurmatini qozongan. Shtaynmayerning uzoq yillar buyrak kasalidan aziyat chekkan rafiqasi Elke Byudenbender 2010 yili ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini boshdan kechirgan. O‘shanda Shtaynmayerning o‘zi rafiqasiga donorlik qilgan.

Frank-Valter Shtaynmayer 2016 yil mart oyida Germaniya federal Tashqi ishlar vaziri sifatida O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatning o‘sha paytdagi rahbari Islom Karimov bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Sobir Salim