Federika Mogerini: “Evropa Ittifoqi erkin matbuotni taraqqiyotning muhim omili deb biladi”

Evropa Ittifoqi erkin matbuotni har qanday mamlakatda demokratiyani qaror toptirish va iqtisodiy rivojlanishning muhim omili deb biladi. YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan bergan bayonotida shu haqda so‘z boradi.

“Evropa Ittifoqi hur fikr va  uni ifodalash erkinligini butun dunyo bo‘ylab targ‘ib etish va himoya qilish ishiga hamisha sodiq qoladi. Bu esa 2014 yilda tasdiqlangan On-layn va off-layn fikr erkinligi bo‘yicha Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari yo‘riqnomasida qayd etilganidek, nafaqat an’anaviy ommaviy axborot vositalari, balki internet va boshqa axborot hamda kommunikatsiya texnologiyalariga ham taalluqlidir”, – deyiladi YeI nomidan tarqatilgan bayonotda.

Qayd etilishicha, dunyo bo‘ylab ko‘plab mamlakatlarda jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari, matbuot nashrlari va alohida shaxslar erkin fikrga ega bo‘lish va fikrlarini an’anaviy ommaviy axborot vositalari va internet orqali ifoda qilish yo‘lida  tobora ko‘proq tahdid va zo‘ravonliklarga duch kelayotir.

“Evropa Ittifoqi bu kabi ochiq zo‘ravonliklarga qarshi kurashishdan tashqari, tsenzura va o‘z-o‘zini tsenzura qilishni rag‘batlantirish, OAVga qarshi yuridik jazo choralari (jinoiy, moliyaviy va ma’muriy javobgarlik), shuningdek, OAV bozorini suiiste’mol qilish va nochor iqtisodiy vaziyatga olib keluvchi qonun va odatlarga qarshi kurashishga ham ahd qilgan”, – deyiladi F.Mogerini bayonotida. 

Ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi hur fikr va uni erkin ifodalash huquqini hamma joyda, barcha kishilar tomonidan, o‘zaro tenglik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik va umumbashariylik tamoyillariga asoslangan holda, barcha OAV orqali, chegaralardan qat’i nazar, targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlashda qat’iydir.

Bayonotda  aytilishicha, erkin fikr va uni erkin ifoda etish huquqi axborot izlash, olish va tarqatish erkinligini ham o‘z ichiga oladi.  Bu demokratik boshqaruv va rivojlanishning muhim uzviy qismidir.  Axborot erkinligini ta’minlash oqilona boshqaruvga o‘z hissasini qo‘shadi, chunki u davlat ishlaridagi shaffoflikni ta’minlaydi hamda hukumatlarning o‘z harakatlari uchun mas’uliyatini oshiradi. Xususan, axborotga ega bo‘lish inson huquqlarining buzilishi yoki korruptsiyaning fosh etilishiga ko‘mak beradi. 

 

Shu mavzudagi maqola:

Ostonada Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi siyosat mahkamasi rahbarlari uchrashdi. 23.12.2015