Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altun strategik aloqa imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va tizimli dezinformatsiya kampaniyalariga qarshi kurashish juda muhim ekanini ta’kidladi. Bu haqda u Istanbulda bo‘lib o‘tgan Strategik aloqalar bo‘yicha xalqaro sammitdagi (Stratcom Summit’21) yakuniy nutqida gapirgan.
Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan anjuman ikki kun davom etdi. Professor Altun sammitda samarali natijalarga erishilgani, turli fikr-qarashlar muhokama qilinib, aniq to‘xtamlarga kelinganini ma’lum qildi.
“Umumiy jihatlarimiz mavjud ekaniga guvoh bo‘ldim. Ehtimol, bu bizning eng muhim yutug‘imiz bo‘lsa kerak. Barcha sohalarda duch kelgan muammolar bilan bir qatorda imkoniyatlarimizni ham ko‘rib chiqdik. Bu imkoniyatlarni qanday diversifikatsiya qilishimiz mumkinligiga e’tibor qaratdik”, – dedi u.
F.Altun yangi aloqa texnologiyalari turli mamlakatlardan misollar bilan muhokama qilinganini ham qayd etdi.
“Biz yangi kommunikatsiya texnologiyalarining muhim boyitish jihatlari bo‘lsa-da, tizimli dezinformatsiya manbai sifatida zamonaviy demokratik davlatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladik. Yangi kommunikatsiya texnologiyalari va ular taklif qilayotgan aloqa vositalari nafrat muhitining tarqalishi va nafratlanish ta’sirida jinoyatlar paydo bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Irqchilik va islomofobiya kabi salbiy tendentsiyalarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda va barchamiz bundan aziyat chekayotganimiz kundek ravshan. Yangi media, yangi kommunikatsiya texnologiyalari va ular bilan hayotimizga kirib kelayotgan yangi madaniy voqeliklar qarshisida huquqiy mexanizmlardan demokratik asosda foydalangan holda bir qator tartibga solish ishlari zarurligini anglab yetdik. Albatta, demokratiyani, muzokara madaniyati va jamoat maydonini himoya qilish eng ustuvor maqsadlarimizdan biri. Shu nuqtai nazardan, strategik aloqa imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va aytib o‘tilgan tizimli dezinformatsion kampaniyalarga qarshi kurashish dolzarblik kasb etadi. Bu borada aniq bir doira belgilab olinganini ko‘rdik”, – deya mulohazalarini davom ettirdi Turkiya prezidenti devoni vakili.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tadbir ochilishidagi nutqida dezinformatsiya nafaqat milliy xavfsizlik , balki global xavfsizlik masalasiga aylanganini ta’kidlagan edi.
F.Altun sammitda buning aniq misollari ko‘rilgani va bu anjuman ana shunday muammolarga global yechim topish uchun asos yaratishiga umid qilishini aytdi.
Yopilish marosimida TRT bosh direktori Mehmet Zohid Sobaji va Onado‘li agentligi bosh direktori Serdar Karag‘oz ham ishtirok etdi.