Rossiyada 18 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida “Edinaya Rossiya” partiyasi vakillari g‘alaba qozondi. Bu haqda Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova ommaviy axborot vositalariga ma’lum qildi.
Saylovda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 47,88 foizi yoki 52 million 700 ming 992 nafari ishtirok etdi. Hisob-kitoblarga qaraganda, “Edinaya Rossiya” partiyasi – 343, Rossiya Kommunistik partiyasi – 42, Rossiya liberal-demokratik partiyasi 39 mandatni qo‘lga kiritdi. “Spravedlivaya Rossiya” partiyasi esa yangi chaqiriq Davlat Dumasida 23 ta deputatlik o‘rnini egalladi. Shu tariqa saylovda eng ko‘p mandatga ega chiqqan “Edinaya Rossiya” partiyasi parlamentning quyi palatasida konstitutsiyaviy ko‘pchilikni tashkil etdi.
Markaziy saylov komissiyasi xulosasiga ko‘ra, ayrim qonun buzilishlariga qaramay, parlament saylovi ochiq, oshkora va adolatli tarzda o‘tdi. Komissiya raisi E.Pamfilova, ayni choqda, caylov tizimini takomillashtirish, xususan, ovoz berish jarayoniga elektoratni ko‘proq jalb etish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirish lozimligini ta’kidlagan.
Poytaxt Moskvadagi saylov uchastkalaridan birida ovoz bergan Prezident Vladimir Putin saylovda faollik ko‘rsatgan fuqarolarga minnatdorlik bildirgan. Davlat rahbari Rossiya uchun oson bo‘lmagan bugungi bir vaziyatda elektorat “Edinaya Rossiya” vakillariga ishonch bildirgani partiya zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashini ta’kidlagan.
Ommaviy axborot vositalarida Davlat Dumasi spikeri lavozimini kim egallashi borasida turli taxminlar ilgari surilayotgan edi. 23 sentyabr kuni Dumada partiyalar yetakchilari bilan uchrashgan Vladimir Putin mazkur masalaga ham oydinlik kiritdi. Mamlakat yetakchisi hozirga qadar Kreml ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Vyacheslav Volodinni quyi palata raisi lavozimiga taklif etdi.
“Vyacheslav Viktorovich parlament ishini juda yaxshi biladi, negaki, uzoq yillar deputat sifatida faoliyat yuritgan. Qolaversa, Prezident ma’muriyatida ishlagan vaqtida ham kasbiy majburiyatidan kelib chiqib, deputatlik korpusi, fraktsiya rahbarlari va partiyalar bilan muntazam muloqotda bo‘lib kelgan”, – deya nomzodni tavsifladi V.Putin.
Tahlilchilarga ko‘ra, Vyacheslav Volodin tez muddatda Davlat Dumasi spikerligiga tasdiqlanishi aniq. Chunki u Prezident ma’muriyati va parlamentda ishlagan kezlar mamlakat siyosiy hayotidagi ko‘plab o‘zgarishlar tashabbuskori sifatida hurmat qozongan. Masalan, u siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi qonunni liberallashtirishda jonbozlik ko‘rsatgan. Ta’kidlash joizki, muxolif partiya vakillari ham uning nomzodini qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, liberallar yetakchisi Vladimir Jirinovskiy hamda kommunistlar vakili Valeriy Rashkin spikerlikka nomzod o‘zini tashkilotchi va tashabbuskor arbob sifatida ko‘rsata olganini e’tirof etgan.
Dunyo geosiyosatida qaltis o‘yinlar avj olayotgan hamda mamlakat ichki hayotida o‘ziga xos islohotlar talab etilayotgan bir pallada Rossiya Davlat Dumasini boshqarish oson emas, albattta. Bizningcha, yangi spiker oldida eng avvalo turli partiya va hudud manfaatlarini himoya qilayotgan deputatlarning tilini topish va ularni yagona g‘oya yo‘lida birlashtirishdek mashaqqatli vazifa turibdi. Bundan tashqari, Dumaning yangi rahbari qonunchilik tizimini takomillashtirish, xususan, jamiyat uchun hayot-mamot ahamiyatiga ega jabhalarda qonun hujjatlari ishlab chiqish yo‘lida ham ko‘p ter to‘kishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, Davlat Dumasi – Rossiya Federatsiyasi Federal Kengashining quyi palatasidir. Qonunchilik idorasining 450 nafar a’zosi xalq tomonidan besh yil muddatga saylanadi. Mamlakat Konstitutsiyasining 103-moddasiga muvofiq, Davlat Dumasi federal qonunlar qabul qilish, Prezidentning hukumat raisini tayinlashiga rozilik berish, hukumat hisobotini tinglash, amnistiya e’lon qilish, ayrim davlat mansabdorlarini tayinlash kabi vakolatlarga ega.
Sobir Salim