“Buyuk qaytish”. Ozarbayjonning ozod qilingan hududlariga aholi qayta boshladi

Ozarbayjonda tarixiy jarayon boshlandi: bundan qariyb 30 yil avval okkupatsiya sabab kindik qoni to‘kilgan hududlarni tark etgan aholi yana o‘z oshyoniga qaytmoqda. Bu haqda AZƏRTAC axborot agentligi xabar berdi. Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev o‘z chiqishlaridan birida bu jarayonni “Buyuk qaytish” deb atagan.

Ayni kunlarda Zangilan tumanidagi Ag‘ali qishlog‘iga oilalarni ko‘chirish davom etmoqda. “Aqlli qishloq” (smart village) kontseptsiyasi bo‘yicha barpo etilgan hududga 41 oila joylashishi ko‘zda tutilgan. Bir paytlar majburan o‘z uylarini tark etgan aholiga muqobil energiya manbalari, ekologik toza isitish va intellektual yoritish tizimlari bilan ta’minlangan turarjoylar ajratilgan. “Aqlli qishloq” maktab, bog‘cha, poliklinika va bozorga ham ega.

Ozarbayjon prezidentining Zangilan tumani bo‘yicha maxsus vakili Vohid Hojiyev Qorabog‘dagi urushdan keyinoq ishg‘oldan ozod qilingan hududlarda qurilish-tiklash ishlari amalga oshirila boshlaganini ma’lum qilgan.  Jumladan, Zangilanda ham yirik infrastruktura loyihalari amalga oshirilmoqda. Avtomobil va temir yo‘llari qurilmoqda, yaqin fursatda aeroport foydalanishga topshiriladi.

Qonunchilikka ko‘ra, o‘z tarixiy hududiga ko‘chib kelgan aholi uch yil davomida davlat tomonidan belgilangan ijtimoiy himoya imkoniyatlaridan foydalanadi. Ishg‘oldan ozod qilingan hududlarga aholini ko‘chirish davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi.

Avval xabar berganimizdek, 2021 yil noyabr oyida prezident Ilhom Aliyev tarixiy g‘alabaga erishib, Ozarbayjon hududlarini ishg‘oldan ozod qilgani uchun “Turkiy dunyoning Oliy ordeni” bilan taqdirlangan edi.