30 oktyabr kuni Ozarboyjonda Boku-Tbilisi-Qars temiryo‘lining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev va uning rafiqasi Mehribon Aliyeva, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va uning rafiqasi Emine Erdo‘g‘on, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjon Sagintayev va Gruziya hukumati rahbari Georgiy Kvirikashvili ishtirok etdi.
“Boku-Tbilisi-Qarc ctrategik ahamiyatga ega tarixiy loyiha sanaladi. 850 kilometrli yo‘lning 504 kilometri Ozarboyjon hududidan o‘tadi. Boku-Tbilisi-Qars temiryo‘li Yevropani Osiyo bilan bog‘lovchi eng qisqa va ishonchli yo‘ldir. Dastlabki bosqichda bu yo‘ldan 5 million tonna, keyinroq 17 million tonna, so‘ng yanada ko‘proq yuk tashish ko‘zda tutilgan. Sirasini aytganda, Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘li Yevroosiyo transport xaritasini muhim bo‘g‘iniga aylandi”, – dedi Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev.
Qayd etilishicha, yangi temiryo‘l mintaqadagi iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Loyiha Ozarboyjon, Gruziya va Turkiyaning xohish-irodasi tufayli ro‘yobga chiqdi. Uni amalga oshirish bo‘yicha bitim Gruziyada imzolandi, tamal toshi Turkiyada qo‘yildi, topshirish marosimi, mana, Ozarboyjonda o‘tkazilmoqda. Uch mamlakat qat’iy iroda va ishonch bilan oldinga qo‘yilgan maqsadga erishish mumkinligini isbotladi. Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya keyinchalik ham bahamjihat, bir-birini qo‘llagan holda harakat qiladi. Bu loyiha davlatlarimizning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytiradi”, – dedi I.Aliyev.
Ta’kidlanishicha, mazkur yirik loyihaning amalga oshirilishiga ishonchsizlik bilan qaragan kuchlar ham bo‘ldi. Ammo qat’iy iroda va o‘zaro ishonchli hamkorlik asosida yirik loyiha yakuniga yetkazildi.
Mazkur temiryo‘l Markaziy Osiyo uchun ham manfaatlidir.
“O‘rta Osiyo mamlakatlari, xususan, Qozog‘iston bu temiryo‘l loyihasiga katta qiziqish bildirmoqda. Ushbu marosimda mazkur davlatlardan yuqori martabali rasmiylar va delegatsiyalar qatnashayotgani buning yaqqol isbotidir. Ushbu temiryo‘l bois O‘rta Osiyo mamlakatlari bilan an’anaviy do‘stlik aloqalarimiz yanada mustahkamlanishiga ishonamiz”, – dedi Ozarboyjon yetakchisi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham yangi temiryo‘l Osiyo, Afrika va Yevropani bog‘lovchi transport yo‘nalishini muhim bo‘g‘ini bo‘lganini ta’kidladi.
Temiryo‘l orqali 2034 yilga borib uch million yo‘lovchi va 17 million tonna yuk tashilishiga urg‘u bergan Turkiya rahbari yangi loyiha London va Xitoy o‘rtasida doimiy qatnovni ta’minlashini aytdi.
“Bu loyiha tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka ham hissa qo‘shadi, mamlakatlarning ijtimoiy farovonligini ta’minlaydi. Yo‘lovchi va yuk tashishga yordam berishi bilan birga, bu yo‘l bilimlar almashuviga yordam beradi va mamlakatlarimizning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi”, – dedi Turkiya rahbari.
Marosimda qatnashgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov esa Boku-Tbilisi-Qars temiryo‘lining foydalanishga topshirilgani qadimiy Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklash yo‘lidagi beqiyos qadamlardan biri bo‘lganini ta’kidlagan. A.Aripov Boku-Tbilisi-Qars temiryo‘li Shimol–Janub loyihasining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani, O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali yuk tashishdan manfaatdorligini qayd etdi.
Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘lining umumiy uzunligi 838 kilometrni tashkil etib, uning 76 kilometri Turkiya hududida, 259 kilometri Gruziya va 504 kilometri Ozarboyjon hududidan o‘tadi.
Ushbu temiryo‘l Xitoydan Yevropaga yuk va yo‘lovchi tashish muddatini 20-30 kundan 12-15 kunga kamaytirishi kutilmoqda. Yangi yo‘l orqali Turkiyaning Qars shahriga bir kunda, Istanbulga esa 2,5 kunda borish mumkin bo‘ladi.
C.Calim