26 avgust kuni AQSh o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistondagi fermerlar va o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga 2 million dollar yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi. AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu mablag‘ aholining zaif qatlamlarini o‘sib borayotgan global oziq-ovqat inqirozidan himoya qilish, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan o‘g‘it hajmi va sifatini oshirishga yo‘naltiriladi.
“Yuqori sifatli o‘g‘itlar narxining oshishi yoki tanqisligi fermer xo‘jaliklarining mahsuldorligi, hosildorlik, fermerlar daromadi, hatto ish o‘rinlarining shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu omillar oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishiga olib keladi. Ajratilayotgan mablag‘ hisobidan USAID mamlakatda o‘g‘itlarni arzonlashtirish, ularning ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish uchun yangi texnologiyalarni joriy etish hamda o‘g‘itlardan samaraliroq foydalanishni o‘rgatish orqali O‘zbekiston fermerlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini kuchaytirmoqda, – deydi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum.
Mazkur ko‘mak O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlari hamda prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatning o‘zini o‘zi ta’minlash borasidagi intilishlariga hamohangdir. O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi salohiyatini kuchaytirish orqali USAID boshqa mamlakatlarning mamlakat iqtisodiyotiga haddan tashqari ta’sirining oldini olishga ham yordam beradi.
O‘tgan yil davomida o‘g‘itning jahon narxi eng yuqori ko‘rsatkichlardan deyarli ikki baravar oshdi, bu esa pandemiya boshlanganidan beri 200 foiz o‘sishni tashkil etdi. Shuni inobatga olgan holda, USAID O‘zbekistondagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, sifatni yaxshilash hamda mahalliy, mintaqaviy bozordagi ulushini oshirish uchun texnik ko‘mak ko‘rsatadi, yangi texnologiyalarning joriy etilishini moliyalashtiradi. Shuningdek, 5 ming fermer va qishloq xo‘jaligida ilg‘or tajribalar borasida treninglar tashkil etiladi.
Ushbu mablag‘ Germaniyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida prezident Jo Bayden tomonidan e’lon qilingan global oziq-ovqat inqirozi ta’sirini bartaraf etish uchun AQSh tomonidan ajratilgan jami 2,76 milliard dollarli ko‘makning bir qismidir. Bu mablag‘ G7 yetakchilari tomonidan global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ajratilgan taxminan 4,5 milliard dollar yordamning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.
O‘zbekiston oziq-ovqat, o‘g‘it va yoqilg‘ining jahon narxlari oshishi natijasida yuzaga kelgan aholi turmush tarzining pasayishi, ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun yordam olayotgan ellikka yaqin davlatdan biridir.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2022 yil 24 fevralda Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri AQSh global oziq-ovqat xavfsizligi inqirozini bartaraf etish uchun qariyb 7,6 milliard dollar miqdorida yordam ajratdi.
Shu mavzudagi maqolalar:
AQSh O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashga 10 million dollar ajratdi. 03.02.2022
USAID va O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi tadqiqot boshladi. 17.11.2021
USAID: yangi ko‘p million dollarli loyiha uchta strategik maqsadga qaratilgan. 06.10.2021