AQSh elchisi Samarqandda tadbirkor ayollar faoliyati bilan tanishdi

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hududlar bo‘ylab safari doirasida “Samarqand Art House”ga tashrif buyurdi. Ushbu muassasa USAIDning ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha “CraftLab” loyihasini amalga oshirib kelmoqda.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, J.Henik tajribali hunarmand va trenerlardan biznesni rivojlantirish, elektron tijorat, logistika va moliyaviy ko‘mak yig‘ish bo‘yicha ta’lim olgan ayollar bilan uchrashib, ularning mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.

Samarqand safari davomida diplomat “Sabr” nodavlat tashkilotiga ham tashrif buyurgan.

“AQSh elchixonasi tadbirkor ayollar salohiyatini oshirish hamda ularga bozor tahlili va kredit dasturlarida yordam berishga qaratilgan NNT loyihalarini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi. Ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish har qanday mamlakatda iqtisodiy farovonlik uchun muhimdir”, – deyiladi elchixona xabarnomasida.

AQSh hukumati O‘zbekistonda USAID orqali Agrobiznesni rivojlantirish bo‘yicha 3,4 million dollarlik tashabbus va mintaqaviy Tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish loyihalari orqali qishloq joylarda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Avval xabar berganimizdek, Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida hunarmandchilik korxonalari va yakka tartibdagi hunarmand ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida biznes g‘oyalar tanlovi e’lon qilingan. Loyiha doirasida ajratilgan mablag‘ korxonalar va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat qo‘shish, yangi bozorlarga chiqish, ish o‘rinlari yaratish, savdo hajmi va daromadni oshirish kabi maqsadlarga sarflanmoqda.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 million dollarlik dasturni ham ishga tushirgan.

Agentlik O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida Tadbirkorlik kodeksini tayyorlashga ham ko‘mak berayotgani xabar qilingan.