AQSh davlat kotibining yordamchisi O‘zbekistonga kelmoqda

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu O‘zbekistonga kelmoqda.

Davlat departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Donald Lu joriy yil 6-11 noyabr kunlari Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istonda bo‘ladi.

Qayd etilishicha, yuqori martabali mulozim tashrifi Vashingtonning har uch davlat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi irodasi sobit ekanining yana bir tasdig‘idir.

O‘zbekistonga safari davomida mehmon davlat hokimiyati, fuqarolik jamiyati vakillari va madaniyat namoyandalari bilan uchrashadi. Xotin-qizlar huquqlari, din va e’tiqod erkinligini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Tashrif mobaynida Markaziy Osiyoda iqtisodiy barqarorlik tashabbusini yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilinadi. Ushbu tashabbus orqali AQSh mintaqaviy savdo yo‘llari va salohiyatini mustahkamlash, malakali ishchilarni o‘qitish va tayyorlash hamda xalqaro investitsiyalarni jalb qilish uchun 25 million dollar mablag‘ ajratadi.

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu joriy yil may oyida yurtimizda mehmon bo‘lib, tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan muzokara o‘tkazgan edi.

Donald Lu 2021 yil dekabr oyida ham yurtimizga tashrif buyurib, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining birinchi majlisida qatnashgan.