Turkmaniston 2017 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi

 

2017 yilda Turkmaniston poytaxti Ashxabod shahrida o‘tadigan V Osiyo o‘yinlari doirasida qurilishi rejalashtirilgan sport infratuzilmasining 80-85 foizi tayyor. Qurilish sifati Osiyo Olimpiya kengashi va xalqaro federatsiyalar mutaxassislari tomonidan nazorat qilinmoqda. Bu haqda Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchixonasi attashesi Xanturdi  To‘rayev 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, qolgan inshootlar kelgusi yilning birinchi yarmida foydalanishga topshiriladi.

Olimpiya shaharchasining tamal toshi 2010 yil 5 noyabrda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov ishtirokida qo‘yilgan edi. 30 sport ob’ektini o‘z ichiga olgan ko‘p tarmoqli sport majmuasining umumiy maydoni 157 gektarni tashkil etadi.

Turkmaniston hukumati Osiyo o‘yinlari yakunlanganidan so‘ng yangi qurilgan sport maydonlari va mehmonxonadan mamlakatda sportni rivojlantirish maqsadida foydalanishni rejalashtirgan.

Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari Ashxobodda 2017 yil 17 sentyabrda boshlanadi. Nufuzli musobaqada Osiyoning 45 davlati hamda Avstraliya va Okeaniyadan 17 mamlakat vakillari sportning 21 turi bo‘yicha bahs olib boradi. O‘zbekiston terma jamoasi ham Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi.

2010 yil 19 dekabrda Kuvaytda V Osiyo o‘yinlari Turkmanistonda o‘tishi e’lon qilingan hamda bu borada Osiyo Olimpiya kengashi va Turkmaniston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘rtasida ikki tomonlama hujjat imzolangan edi.

Osiyo Olimpiya kengashi Prezidenti, shayx Ahmad Al-Fahad al-Saboh, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov va Okeaniya Milliy Olimpiya qo‘mitalari raisi Robin Mitchel

2014 yil 28 noyabrda esa Osiyo o‘yinlarida Okeaniya mamlakatlari ham ishtirok etishi borasida hujjat imzolandi. O‘shanda Turkmaniston Prezidenti Osiyo o‘yinlari dasturiga turkman milliy kurashi va ot sportini qo‘shishni taklif qilgan va mazkur taklif Osiyo Olimpiya kengashi tomonidan ma’qullangan.

Diplomat Xanturdi To‘rayevga ko‘ra, Turkmaniston Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib bunday miqyosdagi sport anjumanini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Osiyo o‘yinlariga turli mamlakatlardan 200 mingdan ziyod ishqiboz tashrif buyurishi kutilmoqda.

Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari ilk bor 2005 yili Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan. Dastlab musobaqalar ikki yilda bir marotaba o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda oraliq muddat to‘rt yilga uzaytirildi.

Sobir Salim