Olimlar odamzod 1889 yildan e’tiboran sekinroq fikrlaydigan bo‘lgan, ayni chog‘da, ijodiy qobiliyatlarini ham boy bera boshlagan, deb hisoblashmoqda.
Holbuki, insoniyatning hozirgi avlodlari juda ko‘plab ajoyib kashfiyotlar yaratdi. Penitsillin, kosmik kemalar, kompyuterlar va hatto sun’iy yurak ham shu avlod tomonidan, ya’ni 1889 yildan so‘ng yaratilmadimi? Biroq yuqorida tilga olingan g‘oyani ilgari surayotgan olimlar fikriga ko‘ra, mantiqan inson intellekti geometrik progressiya bo‘yicha o‘sib borishi kerak edi. Ya’ni biz hozir har kuni duch kelayotgan juda katta hajmdagi axborotlar oqimi aqliy qobiliyatlarimizning tez o‘sishiga omil bo‘lishi zarur edi. Biroq yangi tadqiqotlar bu ishonchni yo‘qqa chiqardi. Shvetsiyadagi Umeo va Amsterdam universitetlari, shuningdek, Irlandiyadagi Korka universitet kolleji mutaxassislari bugungi kun odamlarining intellekt darajasini 1837 yildan 1901 yilgacha Buyuk Britaniya va Irlandiyada hukmronlik qilgan qirolicha Viktoriya davri odamlari intelekti darajasi bilan qiyoslab o‘rgandilar. Natija esa kutilmagan bo‘lib chiqdi. Aniqlanishicha, ajdodlar bizdan ko‘ra ancha aqlli, ziyrak va topqir bo‘lishgan ekan.
Tadqiqot rahbari doktor M. Vudlining iqror bo‘lishicha, hozirgi odamlarning sezish va ta’sirlanish tezligi ajdodlarnikidan sustroq. Holbuki, bugungi kunda ta’lim olish imkoni katta, tibbiyot erishgan yutuqlar ham salmoqli, ovqatlanish sifati yuqori. Bularning hammasi miyaning yanada samarali ishlashini ta’minlashi lozim edi. Biroq shunga qaramay, o‘tgan ajdodlarning sezgilari tezligi 183 millisekundni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi odamlarda bu ko‘rsatkich 253 millisekundga teng ekan.
Olimlar odamlarning intellekt darajasini qiyoslash uchun “Viktorian davri”ni tanlashgani bejiz emas. Ekspertlarning aytishicha, innovatsiyalar davri va daholarning ko‘plab tug‘ilishi aynan shu paytga to‘g‘ri kelgan.
Kembrij universiteti neyrobiologlari xulosasiga ko‘ra, fizika va fiziologiya qonunlari nuqtai-nazaridan qaraganda insoniyatning intellektual taraqqiyoti o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetib bo‘lgan. Miya bundan ortiq darajada o‘sa olmaydi, chunki buning uchun oladigan energiya manbai mavjud emas. Takomillashish uchun omil bo‘ladigan ichki resurslar poyoniga yetgan. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, inson miyasining yanada taraqqiy etishi uchun juda ulkan miqdorda qo‘shimcha energiya va kislorod zarur bo‘ladi. Hozirgi paytda buni ta’minlashning sira iloji yo‘q ekan.
— Bosh miya og‘irligi inson organizmi umumiy vaznining atigi 2 foiziga teng. Shunga qaramay u turli jarayonlarni bajarish uchun organizmdagi umumiy energiyaning 20 foizini sarf etadi, — deydi neyrobiolog professor S. Laflin. — Biz olib borgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bosh miya fikrlash jarayonlari miqdorini oshirishi uchun unga qo‘shimcha ravishda juda katta energiya manbai kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, shu narsa ham ma’lumki, bosh miyadagi miyaning turli qismlarini bog‘lab turuvchi neyronlar tarmog‘i ham yanada takomillashishi uchun ichki imkoniyatlarga ega emas. Bosh miya bu boradagi barcha imkoniyatlarini allaqachon ishga solib bo‘lgan.