“Hafta voqealari blogerlar talqinida” deb nomlangan dasturni boshlaymiz. Unda o‘tgan haftada asosan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan mavzular yuzasidan o‘z mustaqil munosabatimizni bildirib o‘tamiz. Bu dasturni imkon darajasida doimiy olib borish niyatimiz bor. Unda har hafta ko‘zga ko‘ringan jamoat va ijtimoiy tarmoq () arboblarini chaqirib, voqealarga munosabatlarini berib borish ham rejalashtirilgan.
Ilk muloqotda Sanjar Said bilan tugayotgan haftaning eng shov-shuvli voqealarini gaplashdik:
2018 yil 15 mart kuni «Ostona-opera» teatrida Qozog‘istonda O‘zbekiston yilining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyasi rahbarlari ishtirok etdi.
2018 yil 16 martdan e’tiboran Tojikiston Respublikasi fuqarolari amaldagi safar hujjatlari (diplomatik, xizmat va xorijga chiqish umumiy fuqarolik pasporti) bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida vizasiz (30 kungacha) bo‘lishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Tojikiston Respublikasiga vizasiz qachon kirishni boshlashlari hali ma’lum qilinmadi.
2018 yil 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” qaror loyihasini e’lon qildi. Loyiha muhokamasi 30 martga qadar regulation.gov.uz saytida davom etishi va shundan so‘ng qabul qilinishi ma’lum qilindi.
2018 yil 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezidenti qarori” e’lon qilindi. Unda ruhiy kasalliklarni davolash xususiy klinikalarga ham ruxsat etildi, o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish bo‘yicha choralar belgilandi.
2018 yil 14 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» farmonini imzoladi. Unga ko‘ra Milliy xavfsizlik xizmati Davlat xavfsizlik xizmati deya o‘zgartirildi.
2018 yil 14 mart kuni davrimizning mashhur fizik olimi, angliyalik Stiven Xoking 77 yoshida vafot etdi. 20 yoshida Oksford universitetini tamomlab, bakalavr darajasini olib, 24 yoshida Kembrij universitetida fan doktori darajasini himoya qilgan. Atoqli fizik, professor, o‘nlab mukofotlar sohibi.
2018 yil 14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingan 23 yoshli Diana Inikovani katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketgan. O‘qituvchini zudlik bilan shifoxonaga olib borilganiga qaramay, vafot etgan.