Abdulla Oripov. Bo‘ri ovi (video)

BO‘RI OVI

Qishloqmi yo ovulga bo‘ri oralab qolsa,
Otlanib chiqar edi darhol botir yigitlar.
Bo‘ri qochib borardi, qani u qutulolsa,
Odamdan himo olib chopardi ovchi itlar.

Oxiri yiqitdilar bo‘rini kaltak urib,
Majaqlab tashladilar metindek qattiq boshin.
Zarari tegmaydigan o‘lik dushmanni ko‘rib,
G‘ajimoqchi bo‘lardi ko‘ppaklar endi loshin.

Arqon bilan bog‘lashdi jondorning oyog‘ini,
Qishloq bo‘ylab erinmay sudrashdilar yarim kun.
Bolalar siltashardi bir qarich tayog‘ini,
Muhimi, tomoshabin bayram qilardi butun.

Ha, zamonlar o‘zgardi, lekin hayvonot bordir,
Azamat yigitlar ham ketgan emas yo‘qolib.
Har kimsa o‘z o‘ljasin mahv qilishga qodir,
Hatto chumchuq so‘ygan ham o‘zini sanar g‘olib.

Ehtimol, ovchilikka yo‘q endi uncha talab,
O‘ltirib ko‘rabergin, ekranda turfa olam.
Va lekin tomoshabin o‘sha-o‘shadir, ajab,
Sudrab chopadi topsa mushukning o‘ligin ham.
02.02.2015

Abdulla Oripov