O‘zbek milliy matbuotining tamal toshi qo‘yilganiga, ya’ni birinchi milliy gazetamiz — “Taraqqiy” chop etilganiga yaqinda 100 yil to‘ladi. Prezidentimizning 1993 yili 24 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, “Taraqqiy” gazetasining birinchi soni chiqqan sana — 27 iyun Respublika matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni etib belgilangan. Darhaqiqat, milliy matbuotimiz ilk namunalari “Taraqqiy” va unga izdosh gazetalardir. Bu nashrlar XX asr boshlarida Vatan ozodligi, millat taraqqiyoti yo‘lida jonini fido qilgan ma’rifatparvar bobolarimizning minbari edi.
Yurtimizda keng nishonlanadigan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan jurnalistikamizning tarixiy sahifalari, matbuotimiz asoschilarining faoliyati haqida eslab o‘tishni joiz topdik. Matbuotimizning jonkuyar tadqiqotchilaridan biri, taniqli olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Boybo‘ta Do‘stqorayev bilan suhbatimiz ana shu mavzuda bo‘ldi.
— Ustoz, bilamizki, bugun yurtimizda keng nishonlanayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilashda “Taraqqiy” gazetasining ilk soni chiqqan sana asos qilib olingan. Lekin ungacha ham yurtimizda o‘zbek tilida gazeta chiqib turgani tarixdan ma’lum. Siz milliy matbuotimizning paydo bo‘lish omillari, shakllanish va rivojlanish bosqichlarini chuqur o‘rgandingiz, bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirdingiz. Boshqa nashrlardan farqli o‘laroq, “Taraqqiy” va unga izdosh gazetalarning milliy jurnalistikamiz tarixidagi o‘rni, ahamiyati haqida gapirib bersangiz.
— Darhaqiqat, jurnalistika tarixiga nazar solsak, “Nega aynan “Taraqqiy” gazetasini o‘zbek matbuotining ilk namunasi sifatida ko‘rsatamiz?”, degan savol tug‘iladi. Chunki bu gazetagacha ham Turkistonda 1870 yildan “Turkiston viloyatining gazeti” chiqib turar, unda mahalliy ziyolilarimiz ham maqolalari bilan qatnashib turishar edi. Lekin bu gazeta mustamlaka bo‘lgan xalqning ustidan hukmronlikni yanada kuchaytirish maqsadida tashkil qilingan, chor hukumatining manfaatlarini ko‘zlab chiqarilar edi.
Rus ma’murlari mahalliy aholini gazeta chiqarishlaridan qattiq xavfsirardi. Ular xalqning milliy ongi uyg‘onib, o‘z holatini anglab yetishi va natijada milliy ozodlik harakatiga otlanishidan hadiksirardi. Mahalliy ziyolilarni chalg‘itish maqsadida 1906 yilning yanvarida o‘zlarining sodiq xizmatkori Ivan Geyer muharrirligida o‘zbek tilida “O‘rta Osiyoning umrguzaronligi. Taraqqiy” nomli gazeta tashkil qilib, go‘yo bu bilan mahalliy aholi manfaatlarini himoya etuvchi gazeta yuzaga keldi, degan tasavvur uyg‘otmoqchi bo‘ldilar. Lekin tez orada ma’lum bo‘ldiki, u ham Turkiston gubernatorligining rasmiy gazetasi “Turkiston viloyatining gazeti”dan farq qilmasdi.
Mahalliy xalq orasida mushtariysi qolmagan, obro‘si tushib ketgan bu gazeta 1906 yilning apreliga borib to‘xtaydi. Shu vaziyatdan ziyolilarimiz ustalik bilan foydalanadilar. Xususan, Munavvarqori mazkur gazetaning moddiy-texnik asosida mahalliy aholining manfaatlarini himoya qila oladigan davriy nashrga ega bo‘lish uchun qattiq harakat qiladi. Munavvarqorining sa’y-harakatlari bilan mahalliy tilni yaxshi biladigan, ayni paytda rus tilida ham bemalol gaplasha oladigan Ismoil Obidiy “Taraqqiy” gazetasiga muharrirlikka taklif qilinadi. Bu taraqqiyparvar ziyolilarimiz chiqargan ilk gazeta edi.
“Taraqqiy” dastlabki sonlaridanoq mahalliy aholiga chor mustamlakachilari siyosatining mohiyatini, milliy zulm, mustabidlik nima ekanligini, ozodlik qanchalik buyuk ne’matligini anglatishga harakat qildi, musulmonlarni jaholat botqog‘idan olib chiqishga da’vat etuvchi materiallar berdi. Tez orada gazeta mahalliy xalq orasida katta obro‘ga ega bo‘ldi.
Shunisi borki,matbuotning qudratli kuchga egaligiga qattiq ishonch hosil qilgan mahalliy ziyolilarni endi gazeta chiqarishdan to‘xtatib bo‘lmasdi: milliy uyg‘onish sodir bo‘lgandi. “Taraqqiy” gazetasi hukumat tomonidan yopilgach, 1906 yilning sentyabrida Munavvarqori “Xurshid” gazetasini chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Bu mahalliy ziyolilarimiz tomonidan chiqarilgan ikkinchi gazeta edi.
“Xurshid” gazetasi ham, undan keyin chiqqan “Shuhrat”, “Osiyo”, “Tujjor” gazetalari ham tez orada hukumat tomonidan yopiladi.
Milliy matbuotimizning ilk qaldirg‘ochlari — “Taraqqiy” va unga maslakdosh bo‘lgan gazetalar ma’rifat orqali millatni uyg‘onishga, taraqqiyotga undadilar. Garchi ular faoliyati qisqa fursatda to‘xtatilgan bo‘lsa-da, mahalliy aholi vakillari gazeta chiqarish malakasini egallab, matbuotning kuchli mafkuraviy qurol ekaniga, bu borada qat’iy va izchil harakat qilish lozimligiga qat’iy ishonch hosil qildilar. Bu esa milliy jurnalistikamiz rivojida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
“Taraqqiy” gazetasi milliy matbuotimizning ilk nashri hamda Vatanimiz ravnaqi, millatimiz baxti yo‘lida kurashganlarning ilk minbari bo‘lgani uchun ham ushbu nashr birinchi soni chiqqan sanani nishonlasak, qutlasak arziydi.
— Demak, o‘zbek matbuoti bosib o‘tgan bir asrli tarixiy taraqqiyot yo‘li oson kechmagan. Sizning “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobingizda o‘sha davrdagi to‘siq va ta’qiqlar batafsil yoritilgan. Tarixning tahlikali, og‘ir sharoitida ta’qibu tazyiqlar ostida faoliyat yuritgan ziyolilar, fidoyi matbuotchilar, jurnalistlar, ularning faoliyati haqida qisqacha ma’lumot bersangiz.
— Darhaqiqat, milliy nashrlar yuzaga kelgan kundanoq ularning yo‘liga to‘siq qo‘yildi. Jumladan, “Taraqqiy”ning ilk sonlari chiqishi hamono “Turkiston viloyatining gazeti” unga qarshi chiqdi. Bu esa, mustabidlar bilan ozodlik kurashiga otlangan mahalliy aholi vakillari orasidagi murosasiz harakatni aks ettiruvchi mafkuraviy to‘qnashuv edi. “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N.Ostroumov bu kurashda mahalliy aholining ayrim vakillarini ishga soldi, gazetasida tanqidiy maqolalar berib, Munavvarqoriga, umuman, “taraqqiy”chilarga qarshi ayrim ulamo, mudarris, talabalarni, xalqni gij-gijladi. Ushbu gazetada “Bir mulla” yoki “Bir mullavachcha”, “Bir madrasada istiqomat qilguvchi” kabilar tilidan o‘ndan ortiq maqola “Taraqqiy” va uning muharriri Ismoil Obidiyga qarshi e’lon qilindi. Natijada, 21 avgustda “Taraqqiy” gazetasi muharririyatiga politsiyachilar bostirib kirishib, gazetaning tayyorlanayotgan navbatdagi soni musodara etildi, muharrir I.Obidiy qamoqqa olindi. Keyingi chiqqan nashrlar muharrirlari Munavvarqori, Abdulla Avloniy yoki 1913-1914 yillarda gazetalar chop etgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev singari muharrirlar va ular bilan birga faoliyat yuritgan jurnalistlar ham tazyiqu ta’qiblar ostida faoliyat yuritishgan. Sho‘ro hukumati davrida jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullangan ziyolilar hayoti ham yengil kechmadi. 1920 yillarda ularga qo‘yilgan ayrim ayblar keyinchalik qatag‘on davrida “ish berdi”. Umuman olganda, matbuotimizning bir asrlik tarixini millatimizning asl farzandlari chekkan zahmatu fidoyiliklar, orzu-armonlar ko‘zgusi, deyish mumkin.
– Siz ko‘p yillar jurnalist kadrlar tayyorlashdek mas’uliyatli jarayonda faollik ko‘rsatib, talabalarga milliy matbuotimiz tarixidan saboq chiqarib olish, zamonaviy jurnalistikaning ilg‘or tamoyillarini o‘rgatishda ko‘maklashib kelyapsiz. Aytingchi, bugungi o‘zbek jurnalistikasini uning o‘tmishi bilan qiyoslaganda qanday xulosalarga kelasiz? O‘zbek jurnalistikasi rivojini ta’minlashda matbuot, umuman, ommaviy axborot vositalari, ularning xodimlari oldidagi ayni paytda dolzarb bo‘lib turgan vazifalar nimalardan iborat?
— O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgach, ijtimoiy hayotning boshqa sohalari qatori ommaviy axborot vositalariga munosabat tubdan o‘zgardi. Jurnalistikaga e’tibor yanada kuchaydi. Yangi, jamiyat manfaatlarini aks ettiradigan ommaviy axborot vositalari tizimi yuzaga keldi. Ularning soni misli ko‘rilmagan darajada oshdi. Nodavlat, mustaqil, tarmoq, reklama yo‘sinidagi studiyalar, gazeta va jurnallar yuzaga keldi.
Muhimi, ijodkorning qadr-qimmati oshdi. Erkin fikrlash va fikr aytish uchun yo‘l ochildi. Jurnalist dunyoqarashi o‘zgardi. Dunyoda bo‘layotgan voqealardan xabardor, xorijiy tillarni yaxshi biladigan, kompyuter texnologiyalari bilan qurollangan jurnalistlarning yangi avlodi voyaga yetdi.
Axborot globallashuvi jadallashgan va axborot kommunikatsiyalari favqulodda shitob bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda jurnalist oldiga qo‘yiladigan vazifalar davr bilan hamqadam bo‘lishni va yanada keng miqyosli, tezkor harakatni taqozo etmoqda. Bugun jurnalistlarimiz oldida yurtimizda kechayotgan islohotlar jarayoni haqida xalqimizni keng xabardor qilish, davrning muhim o‘zgarish va yangilanishlarini ko‘rsatib berish, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga tez va xolis munosabat bildirish, yosh avlodning ongiyu qalbini yot ta’sirlardan asrash kabi dolzarb vazifalar turibdi.
Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “…siyosat haqida gapirganda siyosatchi, iqtisodiyot haqida gapirganda iqtisodchi bo‘lib fikr yuritishni, ma’naviyat va ma’rifat haqida ma’rifatchi, hayotiy-falsafiy muammolar xususida faylasuf bo‘lib bahsga kirishishni – mana shunday yuksak qobiliyat va mahoratga ega bo‘lishni hayotning o‘zi jurnalistlarimiz oldiga eng muhim vazifa qilib qo‘ymoqda”.
O‘ylaymanki, bobolarimiz orzu qilgan bugungi davr farzandlari ham o‘z ajdodlariga munosib bo‘lib, Vatan va xalq oldidagi burchlarini og‘ishmasdan ado etishadi.
Nilufar Namozova suhbatlashdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 26-son