Yangi avlod ovozi (Rahmon Qo‘chqor, Abduqayum Yo‘ldosh, Islomjon Yoqubov, Abdunabi Hamro) (2013)

Rahmon Qo‘chqor javoblari:

1. Tan olib aytish kerakki, o‘tgan asrning 70-yillari adabiyotga kirib kelgan avlod, o‘zidan oldingi ijodkorlar tajribalarini inkor etmagan holda, milliy adabiyotda katta bir to‘lqinni hosil qila oldi. Anvar Obidjon, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Muhammad Rahmon, Matnazar Abdulhakim, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid va ular tengdoshlari bo‘lmish boshqa shoirlar, Xurshid Do‘stmuhammad, Murod Muhammad Do‘st, Tog‘ay Murod, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov, Qamchibek Kenja, Alisher Ibodinov singari yozuvchilar nomi bilan “adabiyot pasportini olgan” bu avlod, darhaqiqat, millat dardu dunyosini yoritishda, uning estetik didini yuksaltirishda e’tiborga loyiq izlanishlar olib bordi. “70-yillar avlodidan keyin bizda boshqa adabiy avlod shakllanmadi” degan gapni ham, birinchi galda, o‘sha avlodning bugun bekor yurgan vakillaridan kutsa bo‘laveradi. Agar bu gap rostdan ham aytilayotgan bo‘lsa, darhaqiqat, uni “iddao” deb atagan ma’qul. Chunki biz izzatli nomlarini sanagan ijodkorlar daldasi bilan adabiyotimiz hovlisiga Abduvali Qutbiddin, Eshqobil Shukur, Zebo Mirzayeva, Halima Ahmedova, Aziz Said, ularning ortidan Iqbol Mirzo, Salim Ashur singari o‘nlab shoirlar, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Abduqayum Yo‘ldoshev, Ulug‘bek Hamdam kabi iste’dodli yozuvchilar kirib kelganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, avvalgi avlodlardan farq qilaroq, bu ijodkorlar yaratgan asarlar “bir-birini to‘ldiruvchanlik” xususiyatiga ega bo‘lmadi, mualliflarning har biri olam va odam idrokida o‘z yo‘lidan ketmoqlikni afzal bildi. Chunki ular yozishni boshlagan paytlar hayotning o‘zida ham, yuzida ham majburiy yakranglik barham topgan, avval sidqidildan ishonilgan, keyin shubha aralash qaralgan aksariyat g‘oyalar, muvaqqat qadriyatlar batamom ostin-ustin bo‘la boshlagan davr edi. Qolaversa, bu avlodning “xonanishinroq” bo‘lib o‘sishiga, “idealini yo‘qotishi”ga, har biri o‘z boshiga yo‘l tanlashga majbur bo‘lishiga Alisher Navoiy nomidagi teatrda aynan 70-yillar avlodining faol ishtiroki, hatto sezilarli jonbozligida kechgan yozuvchilarning so‘nggi s’ezdi o‘z ta’sirini o‘tkazganini ham unutib bo‘lmaydi. Sho‘ring qurmag‘ur bu avlod bugun o‘sha akalaridan “Biz adabiyotdan chiqib ketgandan keyin paydo bo‘lgan bolalar” degan istehzoni eshitishga ham majburki, ularning aksariyati bu gapni xuddi shunday istehzo bilan, hatto shunday deb yurganlarga achinib qabul qilishi odamni tinchlantiradi…

Endi jiddiy gapga o‘tadigan bo‘lsak, bugungi adabiy avlodning g‘oyaviy-badiiy qarashlari bir xillikdan uzoq – hayotning o‘zidek rang-barang ekani, ijodkorlarning voqelikni idrok etish va uni talqin qilish usul-uslublari bir-biriga o‘xshamasligi, eng muhimi – yosh o‘zbek shoir-yozuvchilari dun­yoning ilg‘or adabiyotlariga bo‘ylashib ijod qilayotganini sezmaslik mumkin emas. Agar Abduvali Qutbiddinning “Izohsiz lug‘at” degan dostoni adabiyotshunoslik aybi bilan izohsiz qolib ketgan bo‘lsa, agar Zebo Mirzayeva, Halima Ahmedova, Iqbol Mirzo she’riyati to‘g‘risida fragmental mulohazalardan nariga o‘tilmagan bo‘lsa, agar Nazar Eshonqulning o‘nlab hikoyalari chuqur tahlillarini kutib turgan bo‘lsa, agar Isajon Sulton hikoyalari, “Boqiy darbadar”, “Ozod” romanlari yoxud Ulug‘bek Hamdamning hikoyalari, “Muvozanat”, “Isyon va itoat” romanlaridagi mazmun-mohiyatning bafurja tahlili uchun adabiy bahs maydoni tashkil etilmagan bo‘lsa… ijodkorlar aybdor emas. Demoqchimanki, bu avlodning bor ekaniga hali ham shubha qilish, uning izlanishlarini tumovning yo‘talidek o‘tib ketadigan hodisa, deb qo‘l siltashdan ko‘ra, unga tenglashmoq, uni ixlos-la o‘qimoq va uqmoq, agar qo‘ldan kelsa, nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro estetik maydonda ham uning targ‘ib-tashviqi bilan shug‘ullanmoq vaqti allaqachon kelgan.

2. Ijod deganimiz, hamma zamonlarda va har qanday yo‘nalishda faqat erkinlikda yuz beradigan hodisadir. Ijodkorning asar yaratishini ayolning ko‘zi yorishiga qiyos qilinar ekan, o‘sha damda har ikkisi ham o‘zini o‘rab turgan muhitni, odamlar bu haqda nima deyishini emas, balki o‘zini qiynayotgan darddan, og‘riqdan tezroq xalos bo‘lishni o‘ylaydi. Keyingi hamma tuzatishu tahrirlar – bolaning kindigini kesib, oq matoga o‘rash ham, qo‘lyozmadagi ilhom qutqusi bilan me’yoridan oshgan joylarni epaqaga keltirish ham erkin ijodning so‘nggi notalari hisoblanadi. Endi bu ulug‘ hodisa mahsuli bo‘lmish asarning dunyo yuzini ko‘rishi boshqa masala. Mana shu o‘rinda Siz aytgan erkinlik yo bo‘ladi, yo bo‘lmaydi. “O‘tgan kunlar”ning ilk nashriyoq bo‘g‘ilgan erkinlikdan darak berardi. Bu gapni “Qutlug‘ qon” haqida ham, Pirimqul Qodirov romanlariyu Sharof Boshbekov pesalari to‘g‘risida ham aytish mumkin.

To‘g‘ri, Istiqlol tufayli bizda tsenzura rasman bekor qilindi, bu konstitutsiyaviy normaga aylandi. Ommaga havola etilayotgan asarlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi uchun mas’uliyat, avvalo muallif, qolaversa, uni e’lon qilayotgan OAVlari mutasaddilari zimmasiga o‘tdi. Afsuski, bu mas’uliyatni har kim har xil tushunmoqda. Bir qism bosh muharrirlar o‘z nashrining so‘nggi sahifasiga “chop etilayotgan materiallar mazmuni uchun mualliflar javobgar” degan yozuvni qadash yo‘li bilan o‘sha mas’uliyatdan qutilishnigina emas, balki qanday material berib bo‘lmasin, ommani o‘ziga qiziqtirish ishini ham go‘yo do‘ndirayotgan bo‘lsa, boshqa birlari sal jiddiyroq material qo‘liga tushishi bilan o‘ziga rasmiy yoxud norasmiy muassis deb bilgani idoralarga uni havola qilish, ularning dono maslahatlariga amal qilish yo‘li bilan “o‘ziga yuklangan vazifani vijdonan bajarmoqda”. Boshqacha aytganda, iste’dodli shoir-yozuvchilar, adabiyotshunoslar yaratayotgan barcha asarlar ommaga o‘z vaqtida va ohori to‘kilmay yetib borishi muammosi hali kun tartibidan tushgani yo‘q.

Savolning ikkinchi qismi suhbatdoshlarni “qizdirish” uchun atay o‘ylab topilgandek tuyuldi menga. Zero, “rang-baranglik deganimiz avlod degan tushunchani inkor etmaydimi? Axir, avlod bo‘lish uchun muhitning bir xilligiyu shunga yarasha dunyoqarashdagi yakranglik ham kerak bo‘ladi-da” qabilidagi da’volar, ustoz Ozod Sharafiddinov iborasi bilan aytganda, “chepuxa gaplar”dir.

Nima uchun rang-baranglik avlod tushunchasini inkor etar ekan? Nega avloddan dunyoqarashdagi yakranglik talab qilinar ekan? Axir, dunyoqarashi, didi, estetik ideallari, ijodiy uslublari rang-barang bo‘lmasa, bu zamondoshlarning nomi “adabiy avlod” emas, “adabiy poda” atalishi kerak emasmi? Qaysi zamonda, qaysi avlodda bir-birini takrorlaydigan ikki ijodkorni topasiz? Axir, ijodkorni shu maqomga loyiq qiladigan eng asosiy mezon aynan hech kimnikiga o‘xshamaydigan dunyoqarashi, badiiy idroki, estetik didi emasmi? Faqat Yaratgan tomonidan yuqtiriladigan mana shu favqulodda fazilatlar bo‘lmasa, u odamning boshqalardan nima farqi qoladi?

3. Agar adabiyotning ishi, missiyasi chilangarning kasbi, vazifasidek oson, “ikki karra ikki – to‘rt”dek jo‘n bo‘lganida edi, xalqning bir-ikki ertagi va o‘n-o‘n besh hikmatli so‘zi bilan masala hal bo‘lar, ibtidodan buyon muammo bo‘lib kelayotgan savollar allaqachon yechimini topgan chiqardi. Adabiyot, o‘zi bilib-bilmay, Cho‘lpon aytmoqchi, “boshini zo‘r ishga berib qo‘ygan”. Uncha-muncha ijodkorni-ku, qo‘ying, hatto, hazrat Navoiydek avliyo zot, bu ishning zo‘rligidan oltin boshini tebratib aytgandi:

Ko‘zni o‘kush sa’y ila zabt etgamen,
Etsa ko‘ngil zabtiga ish, netgamen?

(Oldinroq ketib aytish mumkinki, hozirga qadar bunyod etilgan barcha buyuk san’at asarlari aynan ko‘ngil zabtiga shahd etib yaratilgan bo‘lsa, adabiy-badiiy qabristonlarda bir-birining ustiga qalashib ko‘milib ketgan barcha hashaki narsalar ko‘zni zabt etmoqdan narini ko‘ra olmagan kosiblarning “bachki”laridir).

Avvalgi chiqishlarning birida ta’kidlaganimizdek, hazrat bobomizning yuqoridagi misralarida gap zabt etilmog‘i, hayratga to‘ldirilmog‘i lozim bo‘lgan o‘quvchi-muxlisning ko‘ngli haqidagina emas, balki adabiy asar qahramonining, demakki, g‘oyat chigal, murakkab umuminsoniy ko‘ngilning zabti – talqini to‘g‘risida ham bormoqda. Uni ochish, inkishof etish har qanday iste’dodning ham qo‘lidan kelavermaydigan nihoyatda og‘ir yumush. Agar e’tibor bersak, F.M.Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romanidagi voqealarni no‘noq yozuvchi bir hikoya doirasida yumaloq yostiq qilishi ham mumkin edi. (Zero, roman voqealari, bor-yo‘g‘i, o‘n besh-yigirma kun davom etadi, xolos). Mazkur o‘lmas asarda esa bosh qahramon Raskolnikov ruhiyati jinoyatga qadar, jinoyat payti va undan keyingi holatlar fonida shu qadar teran, kutilmagan rakurslarda tahlilga tortiladiki, ko‘ngli tirik o‘quvchi qahramonga qo‘shilib sal bo‘lmasa, aqldan oza yozadi. Xuddi shu gapni adibning boshqa aksariyat romanlari, dunyo adabiyotining shoh asarlari to‘g‘risida ham aytish mumkin. Umuman, menimcha, bir gapni – abadiy-estetik qoidani esdan chiqarmasligimiz kerak: buyuk asarlar dunyoga yechim bermaydi – yashash qonun-qoidalaridan saboqqa shoshilmaydi, aksincha, shundoq ham murakkab hayot muammolarini battarroq chigallashtiradi, yana ham to‘g‘rirog‘i, tiriklikning qanchalar murakkabligini uning oddiy nazarlar ilg‘ay olmagan qirralariga ishora qilish orqali bo‘rttirib (oshirib emas!) ko‘rsatadi, talqin qiladi. Shu ma’noda adabiyot o‘zgalarga aql o‘rgatish ham, odob-axloqqa quruq da’vat etish ham, yaxshilikning jo‘n targ‘iboti ham emas. Kimki adabiyotdan shu narsalarni kutsa, talab qilsa, boshqa uy eshigini taqillatgan bo‘lib chiqadi.

So‘zning ilohiyligi, so‘z zargarlarining mahorati haqida gapirilganda, birinchi navbatda, badiiy so‘z vositasida “olam qalbi” (S.Sveyg) puchmoqlariga yo‘l solgan ijodkorlar qo‘lidagi so‘z nazarda tutilsa, ajab emas. Yodingizda bo‘lsa, 1927 yilda Cho‘lpon o‘zi suygan shoir Henrih Heynedan bir to‘rtlikni tarjima qilgan edi:

Hamma esnab turdi, quloq solmadi,
Qayg‘umni gapirib bergan vaqtimda.
Meni alqamagan kishi qolmadi,
Qayg‘umni nazmga tergan vaqtimda…

Demak, siz bilan bizga, bor-yo‘g‘i, tovushlar yig‘indisidek jo‘n bir narsa tuyuladigan so‘z, adabiyot ixtiyorida mutlaqo o‘zgacha funktsiya kasb etadi, uning ma’no tovlanishlari yuzaga keladi, u voqelik va inson tabiatining ochqichiga aylanadi. Kimda qanday, bilmadim, masalan, men Navoiyning, Gyotening, Balzakning, Dostoyevskiyning, Tolstoyning, Sveygning, Kamyuning, Kafkaning, Somerset Moem…ning asarlaridagi ayrim o‘rinlarda birrov nafas rostlab olishga, o‘rnimdan turib ketishga, o‘zimga o‘zim bir narsalarni uqtirishga majbur bo‘lib qolaman. Buning sababi – Siz aytgan “haqiqiy adabiyotda har ikki olamga ishora bo‘lmog‘i va, eng muhimi, bunday adabiyot har ikki olamdan ma’naviy turtki olib yaratilishi”dan bo‘lsa kerak. Mana shu darajaga yetib bormaguniga qadar, asar, u har qancha dolzarb, muhim, qiziqarli mavzuda, eng oxirgi rusumdagi “izm”lar yo‘lida yozilmasin, zamonlar chegarasidan o‘tolmaydi, umrboqiylikka erishmaydi.

4. Chinakam adabiyot bu kurashdan hech qachon uyalmagan, chetda turmagan. Boya eslaganimiz Navoiy dostonlaridan tortib, Dostoyevskiy romanlari, xususan, uning “Besы” (“Jinlar”) asarigacha, Jorj Oruelning “1984” romanidan Somerset Moemning “Parijdagi ta’tillar” romanigacha, Pushkin va Cho‘lpon she’rlaridan tortib Shavkat Rahmon iztiroblarigacha – bari-barida adabiyot ezgulik himoyachisi bo‘lib maydonga chiqqan. Bu borada adabiyot boshqa barcha ijtimoiy-gumanitar sohalar oldida tili uzun bo‘lsa uzunki, aslo qisiq emas. Odamlar adabiyotning bu funktsiyasiga shu darajada ishonib-tayanib qolganlaridan, hatto, “JEK”ning takasaltang ishchilari qilmishidan ozurda bo‘lgan paytlari ham “yozuvchilar qayoqqa qarayapti?!” deb iddao qilishgacha borib yetishadi. Holbuki, Shavkat Rahmon o‘zining “Iqror”ida alam-la qayd etganidek, u jangchi emasdi, u shoir edi!

Bugun ham xalqimizning vijdonli ijodkorlari ezgulik va yovuzlik kurashidan, uning har qanday shaklidan o‘zini olib qochayotganlari yo‘q. “Kulgili ahvolga tushib qolgan ezgulik” to‘g‘risida hingillayotganlar esa avval ham, hozir ham – hech qachon xalq va millat dardu dunyosini anglamagan, anglolmaydi ham. “Romantika” deysiz. Ular chinakam romantika nima ekanini biladilarmi o‘zi? Romantikasiz – uchqur xayol, qulochsiz orzu, balki hech qachon amalga oshmaydigan buyuk maqsadlarsiz insoniyatning qorin g‘amidan boshqa g‘ami bo‘lmagan to‘ng‘izdan ne farqi qolardi?

Darvoqe, “hech qachon amalga oshmaydigan buyuk maqsadlar” deganimda esimga tushgan bir qiziq fikrni ham keltirib o‘tay. U amerikalik dramaturg Yujin O’Nilniki edi, shekilli: “Qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan orzularni o‘ylab yashaydigan odamlarni o‘sha orzularini amalga oshirib jazolamoq kerak. Chinakam insonlar hech qachon amalga oshmaydigan buyuk orzularni ko‘zlab yashaydilar”, – deydi adib. Mana shunday cheksiz-chegarasiz orzularsiz, intilishlarsiz bir-ikki inson emas, katta adabiyot, katta millatning so‘z san’ati qanot qoqa oladimi, agar qanot qoqsa, uning parvozi qayergacha boradi? To‘ytepagachami?

5. U yoxud bu mevaning hosildor, yirik va xushta’m bo‘lishi yo‘lida selektsionerlar nima “ayyorliklar”ni o‘ylab topishmaydi, deysiz. Masalan, hozir bozorlarimizda o‘zimizning jaydari gilosdan boshqa bu mevaning hamma mahalliy-ajnabiy duragaylarini topishingiz mumkin. Kichkinaligimizda dadam rahmatli oilamizning har bir a’zosi nomiga bittadan gilos ko‘chati olib kelib hovlimizga ekkandi. Ularning hammasi avvaliga yaxshi tutdi, uch-to‘rt yildan so‘ng mo‘l hosilga ham kirdi. Biroq o‘shalardan ikkitasi hech qancha vaqt o‘tmay avval hosildan qoldi, keyin bo‘lsa, birdan qurishga tushdi. Shunda dadam bizga tushuntirgan edi: “Shu ikkalasi qanaqa bo‘lsayam gilos daraxtiga emas, zarangga payvand qilingan ekan, oxir-oqibat asli nasliga tortdi – zaranglashib ketdi…”

“Modernizm”, “postmodernizm”, “neomodernizm”, “ekzistentsializm” va ulardan o‘sib chiqqan barcha ijodiy yo‘nalishlar u yoxud bu adabiy-estetik makonda paydo bo‘lgan, o‘sha makon ob-havosida ulg‘aygan, ko‘proq aynan o‘sha makon atrofida istiqomat qiluvchi muxlis dunyoqarashi va didiga mos adabiy mahsulot bergan yoxud berayotgan metodlar hisoblanadi. Mazkur metodlarda dunyo adabiyoti va san’atida chinakam hodisa bo‘lgan ko‘plab asarlar vujudga keldiki, ularni inkor etish, ko‘rib ko‘rmaslikka olish – borib turgan madaniy basirlik bo‘lur edi. Qolaversa, mazkur metodlarni mualliflar bekorchilikdan yoxud oliftagarchilik uchun o‘ylab topmaganlarini ham alohida ta’kidlash kerak. Chunki o‘tgan XX asr G‘arb dunyosida va taqdiri unga tarixan tutash bo‘lgan Lotin Amerikasi mamlakatlari va Yaponiyada chakana ijtimoiy-siyosiy falokatlar, shafqatsiz va mehrsiz kapitalning temirtan diktaturasi, millionlar hayotini domiga tortgan jahon urushlari, o‘shanga qadar jamiyatlarni tutib turgan qadriyatlarni yer bilan yakson qilgan ma’naviy inqirozlar yuz berdimi? (O‘tgan asrning aynan 10-40 yillari oralig‘ida!) Bu hodisalarning bari birlashib, inson ruhiyatida ortga qaytmas evrilishlarni, sinishlarni, inson bo‘lib yaralganiga behad pushaymonliklarni keltirib chiqardi. (Gollivud kinoijodkorlari tomonidan realistik yo‘sinda suratga olingan “Odnajdы v Amerike” filmi hodisalarini eslaylik). Ayni shu jamiyatlarda yashagan, barcha ma’naviy degradatsiyalarning jonli va hissiyotli guvohi bo‘lgan ijodkorlar an’anaviy metodlardan ko‘ra, yangicha, ayni zamon va mafkura ruhiga mos (moslashgan emas!) usul-uslublar izlashi tabiiy va hatto zaruriy hodisa edi. Bu jihatdan hech qursa, Alber Kamyuning “Begona” qissasini, Frants Kafkaning “Jazo koloniyasida” hikoyasini, yapon adiblari asarlarini, Fridrix Dyurrenmatning “Eshak soyasidan chiqqan hangoma” fars-dramasini eslash va xayolan tahlildan o‘tkazishning o‘zi kifoyadir… Demoqchimanki, G‘arb estetik takomilidagi tabiiy jarayon mevasi bo‘lmish bu metodlarni “qandaydir “izm”lar” deb kalaka qilish, mensimaslik siz bilan bizga yarashmaydi, obro‘ ham keltirmaydi.

Masalaning ikkinchi jihati esa, darhaqiqat, jiddiy muhokamaga muhtoj. Ya’ni bugungi adabiyot va san’atimizda kuzatilayotgan, aqli yetsa-etmasa, didi o‘tsa-o‘tmasa, mana shu metodlarga taqlidan narsa yozish, “san’at asari yaratish” yo‘lidagi chiranishlar kishining avval kulgisini, keyin g‘ashini keltiradi, xolos. Boya aytganimizdek, gilosning navini yangilash, hosilini mo‘l qilish uchun u payvand qilinadigan asos ham qanday bo‘lmasin, gilos naviga oid bo‘lishi shartligi nafaqat tabiatga, balki estetikaga ham xos bo‘lgan azaliy qonuniyatdir. Agar ozgina diqqat qilsak, ko‘ramizki, hatto, barcha zamonlar va makonlar uchun universaldek tuyuladigan realizm metodi ham G‘arbda o‘ziga xos qiyofaga, Sharqu Janubda o‘zgacha shamoyilga ega. Deylik, Qodiriy va Cho‘lpon romanlaridagi realizm qatidan sharqona romantizmning shohi ko‘ylagi lip etib o‘tib qolishini sezmaslik mumkin emas, axir. G‘arbda keng quloch yozgan “shafqatsiz realizm”ni, har qancha toshbag‘ir bo‘lmasin, bizning yozuvchilarimiz obi tobiga keltirisha olmaydi va buning keragi ham, bunga ehtiyoj ham yo‘q.

Afsuski, milliy adabiyot maydonida milliy ijodning azaliy, an’anaviy va behad imkoniyatlarga ega “o‘yin qoidalari”ni o‘zlashtira olmayotgan (buning uchun, “bor-yo‘g‘i” Xudo yuqtirgan iste’dod talab qilinadi, xolos!), buning uddasidan chiqa olmasligiga nihoyat ojiz aqli yeta boshlagan qalamkashlar “shig‘ir” va nasriy yozmalarini har turli shaklu shamoyilga solishga bekorga urinib yotishibdi. Ishonmasangiz, sinab bilingki, mana shu xil “ijodkorlar” na Kamyuning, na Sartrning, na Fromm yoxud Yungning biror satrini tushunishadi, mag‘zini chaqa olishadi. Ular hatto Mayakovskiyning nisbatan ibtidoiy futuristik she’ru dostonlariga ham og‘zini ochib qarashdan nariga o‘tisholmaydi. Mana shu holatda Siz bularning narxini, obro‘-martabasini oshirib “bizni qayerga boshlab ketyapti?” deya xavfsirashingiz sal kulgili tuyuladi. Sizni bezovta qilayotgan faqat ular e’lon qilishdan charchamayotgan “modernistik asarlar”gina emas, bu xil mualliflarning shaxsiy “tahlilchilari”, “kashfiyotchilari” tomonidan paydar-pay yozilayotgan maqolalar ham ekaniga aqlimiz yetib turibdi. Nima ham deysiz: ko‘ngilni keng qiling. Xalqdan chiqqan bir “shumroq” donishmand aytgan ekan: “Devorni yiqiladigan tomoniga qarab itaringlar”, deb. Bu “adabiy basharali” devorlar, boya aytganimizdek, nari borsa, paxsadan qilingan poydevorga gipsokartondan “montaj” qilingan, yomg‘ir suviga-da yuvilib ketadigan guashda chizilgan dekoratsiyadek gap: Siz itarmasangiz ham bir-ikki adabiy mavsumdan keyin o‘zi nurab ketadi…

6. Bu masalada ham muammoning qo‘yilishidan tortib uning yechimigacha biryoqlamalikdan nari bo‘lgani durust. Ya’ni, aslida, san’at – ohang, rang, so‘z, jismu jon o‘yini – plastikasi – improvizatsiyasi mahsuli sanalishini esdan chiqarmasligimiz kerak. Shu o‘rinda yaqinda eshitganim bir hangoma yodga kelyapti. San’atkorlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtiga yangi ishga borgan do‘stlarimdan biri – ayol kishi beozor kulib “arz qilib” qoldi: “Aka, talabalarini-ku, qo‘ying, u yerning domlalari ham sal “anaqaroq”. Kecha yo‘lakda ketayotsam, orqamdan bir kap-katta domla har xil qiliq qilib kelyapti. Shartta to‘xtab, astoydil ranjib: “Bu nima qilganingiz, nega mening yurishimni masxaralayapsiz?” desam, jiddiy turib: “Xonim, men sizni aslo ranjitmoqchi emasman. Prosto… yurishingizdan etyud olyapman”, deydi…”

San’at – Yaratgan qudratiga yaralmishning buyuk taqlidi, iste’dodli taqlidi, badiiy yuksak taqlidi ekani – uning aksiomasi sanaladiki, busiz “qora so‘z” bilan “she’riy lutf”ning, tog‘ning oddiy toshi bilan “Oyog‘idagi zirapchani olayotgan bola” haykalining, jaydari xirgoyi bilan “Cho‘li iroq”ning, o‘rgatilgan fil xartumida bo‘yalgan mato bilan xolstdagi “Jakonda”ning… farqi bo‘lmagan bo‘lardi. Bu hol tushunarliroq bo‘lishi uchun bizga yana chinakam san’atning o‘zi yordamga keladi. Masalan, Iqbol Mirzo so‘zni mana, qanaqa o‘ynaydi, o‘ynatadi:

Hovuzda xudoyimning aksini ko‘rgandayman,
Bulutlar va baliqlar raqsini ko‘rgandayman.
Yashil quyosh, moviy tosh, safsar ko‘z yosh oralab,
Odamning va Havoning nafsini ko‘rgandayman.
Yuzimga suvlar urdim, yuzimga zulm etdim,
O‘zimga zulm etdim, ko‘zimga zulm etdim.

Mana shu hovuzdagi aksni – Yaratganning olamdagi va odamdagi zuhrini tasvirlash, buyuk qudrat va hech qachon to‘la ochilmas ruhoniy sir sari odimlash zavqi barcha san’at turlari, jumladan, adabiyotdan ham, xuddi rassom ranglarni iylagandek, so‘zni chiylashni, tovlantirishni, o‘ynatishni, uning oddiy odam ko‘zidan pinhon rang va ohangini yuzaga chiqarishni talab qiladi. Bu, aslo “so‘zbozlik” degani bo‘lmay, dun­yoga botiniy nigoh bilan qaray olish quvvati ato etilgan iste’dodninggina qo‘lidan keladigan “o‘yin usuli”dir. Bir narsani tan olish kerakki, iste’dod ulgurji narsa: bersa qo‘shqo‘llab beradi – bo‘ladi, bermasa, chiranish-u jilpanglashdan foyda yo‘q – bo‘lmaydi. Ana o‘sha bor narsani ro‘yobga chiqarish tinimsiz mehnatni, izlanishni, jon koyitishni, o‘zdan, dunyoning o‘tkinchi lazzatlaridan voz kechishni talab etishi esa hammaga ma’lum haqiqat, iste’dodning yashash talabidir.

Bizga berilgan savolning tug‘ilishi sababini ham, albatta, inkor etib bo‘lmaydi. Ya’ni, san’atni o‘yinga aylantirayotgan, yana ham to‘g‘rirog‘i – maishiy darajadan yuqori ko‘tarila olmaydigan o‘yinlarni san’at deb taqdim etayotgan “madaniy kosib”lar harakati odamning g‘ashini keltirayotgani, darhaqiqat, bor gap. Bu masalada aybni nuqul xorijdan qidirish, “ommaviy madaniyat” balosini ro‘kach qilaverish ham, oxir-oqibat, odamni uyatga qoldiradi. Mo‘r-malaxday yopirilib kirib kelayotgan o‘sha “ommaviy madaniyat”ning kuchli ta’sirini inkor etmagan holda, boshqa bir haqiqatdan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu achchiq haqiqat shundan iboratki, milliy madaniy makonda “ommaviy madaniyat”ga kengroq joy ochish, uning urchib-bolalashi uchun qulay ob-havo – muhit yaratish, bu zaminni har turli o‘g‘itlar bilan ta’minlash, yetishtirilgan “mo‘l hosil”ni jozibador “upakovka”da paydar-pay bozorga chiqarib pullashdan manfaatdor kuchlar o‘zimizda ham istagancha topiladi. Agar ularni muhokama minbarlarida tinglasangiz, hammasi bir ovozdan “kalkalangan” (“kalakalangan” deb aytish to‘g‘riroq bo‘lardi!) o‘zbek tilida bu hodisaga qarshi ekanini bidirlashadi, “ayrim do‘stlari”ning bu qiliqlarini, bor-yo‘g‘i, “nima desam ekan… ijodiy eksperime-e-nt sifatida tushunaman” deyishadi. Vaholanki, bunaqa eksperimentlar o‘nlab yillar davom etayotgani, bu jarayonda milliy san’at va madaniyat, adabiyot maydonida tobora chuqurroq tomir otib borayotgan alaflar gurkirab g‘ovlayotgani vijdonli ziyolilarni qiynamasligi mumkin emas. Albatta, yillar o‘tib mazkur hodisalar o‘zining ob’ektiv bahosini olishi, boyagi manfaatdor korchalonlar tarix chiqindixonasidan o‘ziga “munosib joy” egallashi tayin. Biroq bu orada bir necha avlod estetik didining qashshoqlashishi, ularning chinakam san’at bilan duragay tomoshabozlik farqiga yetmay o‘tishidek afsuslanarli manzara madaniy tariximiz yuzida dog‘ bo‘lib qolishi kishiga alam qiladi.

7. Ochig‘ini aytganda, ko‘pchilik adabiy tanqidni nihoyatda tor, biryoqlama tushunadi, u to‘g‘rida shunga yarasha fikr-xulosa yasaydi. Bunday qarash ayrim shoir-yozuvchilarga ham yot emasligini shundan ham bilsak bo‘ladiki, ulardan biri – har yarim yilda beshtadan dostonni qoyillatib, Navoiyni ham changida qoldirib ketgan, eng sinchkov muhaddislar ham topa olmagan hadisni go‘yo “topib”, u bilan kitobini bezagan bir shoir: “Biz sho‘ro zamonining eng yaramas narsasi – adabiy tanqiddan, hayriyatki, qutildik” – degan gapni aytishgacha borib yetgandi.

Holbuki, adabiy tanqid xuddi adabiyotdek qadimiy tarixga, evolyutsion takomil yo‘liga ega estetik tafakkur sohasi hisoblanadi. Chuqur adabiy tanqidiy mulohazalardan iborat maqola va kitoblar xuddi badiiy asar singari zavq-shavq bilan o‘qiladi, qiziqarli bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Boshqacha aytganda, adabiy tanqidchi u yoxud bu asar tahlili asnosida olam va odam haqida o‘zining yozuvchinikidan kam bo‘lmagan talqinlarini ilgari suradi, ularni ham ilmiy, ham ijodiy dalillaydi.

O‘zbek adabiy tanqidchiligining Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurov singari vakillari yetakchilik qilgan davri bilan bugungi holatini solishtirsak, odamni xursand qiladigan narsa kam topilishi bor gap. Maqolalarimning birida “adabiyotning qand kasalligi” haqidagi mulohazalarim bilan o‘rtoqlashgan edim. Nazarimda, bu kasallik adabiy tanqid “tanasi”ga ham allaqachon o‘rnashgan ko‘rinadi. Shuning uchunmi, bugungi adabiy tanqidning nigohida yolqin, hamlasida shiddat, harakatida jo‘shqinlik ko‘p ham sezilmaydi. Adabiyot tanasidagi yaralarni uzib tashlaydigan tishlar liqillab, kasal ildizlarni sug‘urib otadigan tirnoqlar ko‘chib qolgan. Natijada, adabiyot – doimiy parvarishga, ihotaga, sergak e’tiborga muhtoj inja boqqa, boya aytganimizdek, xohlagan bekorchi istagan alafining urug‘ini ketmonlab ekmoqda, bu bog‘ bag‘rini tanib bo‘lmas darajaga keltiryapti. Kundalik “sariq” nashrlarda “davomi kelgusi sonda” ekani va’da qilinib bosilayotgan, bir-biridan tuban to‘qimalarni aytmaganimizda ham, kitob do‘konlarimiz peshtaxtalarida mumtoz adabiy mulkni surbetlarcha bir chetga surib o‘zining yo‘g‘on va beso‘naqay gavdasiga joy ochayotgan “tanlangan asarlar”, “saylanma”lar, “tomlik”lar qo‘r to‘kmoqdaki, o‘zini hurmat qilgan didli kitobxon bu holga hayron boqayotgani aniq.

Bugun xuddi har bir qo‘shiqchining yonida o‘zining prodyusseri, dalloli bo‘lgani singari ko‘pchilik yozuvchi-shoirlarning ham hamtovoq talqinchilari – “adabiyotshunos”lari bo‘lishi kutiladigan holga aylangan. Xolis, samimiy, kuyunchak tahlilu talqin o‘rnini “shishadoshni qo‘llab yuborish”, “keyingi yil mukofot-unvonga ilintirib qolish” istagi, “bir yerdan ekanligini unutmaslik mas’uliyati”, “narigi guruhdagilar hujumiga qoldirmaslik”dek sergaklik… sifatlari egallamoqda. U yog‘ini surishtirsangiz, “olimman” deb yurgan, soni ancha-munchani tashkil etadigan birodarlarimizda oddiy savodning ham beli chiqib qolgani, bugungi dunyo adabiyoti, estetik tafakkuri ne ufqlarni zabt etayotgan bir vaqtda, ularning adabiy didi Qahhor domlaning “adabiyot muallimi”niki darajasida ekani odamni chindan qo‘rqitib yuboradi. Bu qandaydir vahima gap bo‘lmay, o‘sha “mutaxassislar” tomonidan yozilgan o‘nlab, yuzlab qo‘lyozmalar bilan tanishish asnosida yuzaga kelgan xulosa, desam ishonavering.

Bizga qaratilgan e’tirozingizni ham eshitib turibman: “Siz ham o‘zingizni adabiy tanqidchi sanab yurasiz-ku, nega o‘shalarni nomma-nom aytib “urib tashlamaysiz?” demoqchisiz-da. Avvalo shuki, bunday maqolalarni bosadigan “muharrirning mardi” (Muhammad Yusuf)ni bugun kunduzi chiroq yoqib qidirishga to‘g‘ri kelayotir. Qolaversa, avvalroq aytganimdek, noshud muharrirlarga dono maslahatchilik qilayotganlarning nozik didiga moslab narsa yozib “tarixda qolgandan” ko‘ra, yozmay qo‘ya qolgan ma’quldek. Va yana, qolaversa, bu da’vatingizga ustoz shoirimiz Abdulla Oripov lirik qahramoni tili bilan: “Men o‘zga manzilga tikkanman ko‘zim…” deya yoxud yana o‘sha Qahhor domlaning Saidiysi zamona Bulbuligo‘yolariga qarata aytganidek: “Men teshik tomni yamash uchun dunyoga kelmaganman” deya javob berish to‘g‘ri va vijdonli gap bo‘ladi…

8. “Eski” – “yangi” masalasida Siz bilan bizni shakl chalg‘itmasligi kerak. Shakliy yangilik, boshqachalik hali tafakkur, idrok, tuyg‘u yangiligi degani emas. Va, aksincha, masalan, Abdulla Oripov insho manerasida G‘afur G‘ulomona kenglikning zuhur etishi, Shavkat Rahmon hayqiriqlarida Cho‘lponning o‘chmas ovozi eshitilishini aslo tak­rorga yo‘ymasligimiz lozim. Bu buyuk ijodkorlarni birlashtirib-yaqinlashtirib turgan boshqa narsa – ularning chinakam milliyligi, millat qalbini, sajiyasini kashf etuvchilar ekani.

Mazkur savolga Nazar Eshonqul do‘stimiz bergan javobda haq gap aytilibdi: har bir chinakam ijodkor, avvalo, betakror shaxs bo‘ladi. Shaxs esa zavod stanogi novidan paydar-pay to‘kilib turadigan mashina detali emas. Uning ishloviga yillar, balki asrlar talab etilar. Ijodkor shaxs kamoloti uchun esa, inchunin.

Pushkindan meros bir mulohaza bor: agar men haykaltaroshdan mushugimning haykalini yasab berishini iltimos qilsam-u, u menga mushukni qanday bo‘lsa, o‘shandoqligicha aks ettirib bersa, menda bitta emas, ikkita mushuk paydo bo‘ladi, xolos, farqi – biri jonli, boshqasi jonsiz. Chinakam haykaltarosh o‘sha mushukning shunday holatini topadiki, bu holat, balki boyagi tirik mushukning o‘ziga ham qiziq tuyular… Shunga o‘xshab, ijodiy originallikni ta’minlab turgan javharni faqat shakl­dan izlash estetik idrok chalg‘ishining boshlanishidir.

Zamonamizning ayrim “yuksak badiiy did egalari”, masalan, Muhammad Yusufni she’riyatda original yo‘l ocha olmaganlikda, an’anaviylikda ayblab visirlashadi. Holbuki, agar xolis diqqat qaratilsa, bu juvonmard shoir o‘zidan avval ijod qilgan salaflarining birortasini, biror masalada takrorlamadi. Mana, qo‘limda shoir to‘plamlaridan biri. Uni varaqlab, kitobga jamlangan she’rlar sarlavhasini navbatma-navbat o‘qiyman: “Vatanim”, “Jayron”, “Mehr qolur”, “Ozoda”, “Biz baxtli bo‘lamiz”, “Tuzalmaydi dardim mening”, “Mo‘minjon”, “Lolaqizg‘aldoq”… Xo‘sh, bu she’rlardagi ruhiyat, kayfiyat, dard, holat, insho usulining analogini Muhammad Yusufga qadar ijod qilgan minglab shoirlar merosidan topa olamizmi? Aynan mana shu jihat badiiy ijoddagi chinakam yangilik, navatorlik, originallik emasmi?

Endi menga go‘yo yangicha usulda yozayotgan, o‘quvchi-muxlis – inson ko‘ngliga umrboqiy o‘rnashib qoladigan asarlar yaratishi shart bo‘lgan “modernchi”larning havorang kitoblaridan “eskicha” yozgan Muhammad Yusufnikidek chinakam ikkita she’r topib bering-chi.

Do‘stim, tushuning, masalan, Xurshid Do‘stmuhammadning “Jajman”, Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam”, Isajon Sultonning “Qismat”, Muhammad Sharifning “Parvoz” hikoyalari o‘quvchini avvalboshda yangicha hikoya tarzi bilan o‘ziga tortgandek tuyulsa-da, o‘sha o‘quvchi ichki dunyosini ostin-ustin qilib tashlaydigan asl qudrat – bu asarlar zamirida yotgan, shu paytga qadar hech qachon bu taxlit talqinini topmagan voqelik, ma’no-mazmun hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, iste’dod dardi mahsuli bo‘lgan har bir asar har doim yangi, “avvalgilarga o‘xshamas” o‘zining shaklu shamoyilida tug‘iladi, yashaydi va… shu sifati bilan ham o‘lmay qoladi.

9. Boya bir haqiqatni eslatdik: katta iste’dodlarga hamma narsa ulgurji beriladi – tafakkur va idrok kengligi ham, qalb va tuyg‘u ko‘lami ham, insho va izhor originalligi ham. Shundan kelib chiqib, ular o‘zi yashayotgan davrning ma’no-mohiyatini ichidan – ildizidan anglaydi, abadiy o‘zgarmas kurashlarning yangi shaklu shamoyilda takrorlanayotganini ilg‘aydi, dunyoga kelishi evaziga yelkasiga yuklangan mashaqqatli vazifani ham teran his qiladi.

Ko‘pincha, gigant siymolar to‘g‘risida gap ketganda, “tarixning burilish pallalarida mana shunday ulug‘ zotlar maydonga keladi” degan talqinlarni eshitamiz. Menimcha, bu ta’rif boshqacharoq, anig‘i – aynan teskari shaklda berilishi to‘g‘riroq bo‘lur edi. Ya’ni “mana shunday ulug‘ shaxslar tarixning – taraqqiyotning burilishiga sababchi bo‘lishadi, unga mazmun, taqdir baxsh etishadi”. (Shoir, bu hodisaning bir jihatiga urg‘u berish uchun, sof o‘zbekcha qilib aytadi: “Egam goho shunday o‘ynar quli bilan, Goho urar bandasining qo‘li bilan…”)

Alloma G‘afur G‘ulom ijodida uchraydigan zamonasozlik ruhidagi ayrim she’r­larni qayta-qayta pesh qilaverish ham, balki, kimgadir obro‘ keltirar, biroq o‘sha obro‘talab kimsa o‘zbek shoiri o‘tgan asrning 20-yillaridayoq “Tillarda bong uring yangi turmush-chun, Zehn okurkaday oyoq ostida” deya sho‘ro siyosatining asl illatini hech kimnikiga o‘xshamas quyma satrlarda ifodalab qo‘yganini ham bilsa, qaniydi. Shu ma’noda, barcha fojiali adashishlar, ishonishlar, keyingi afsus-nadomatlarga qaramay, har qancha chiranilmasin, G‘afur G‘ulomlar avlodini “sho‘ro fuqarochiligi”ning tor, temir ramkasiga aslo sig‘dirib bo‘lmaydi. G‘afur G‘ulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir singari adiblar chinakam o‘zbek milliy ijodkorlari edi. Ular davr yo‘l qo‘ygan va qo‘ymagan darajada ham chin fuqarolik (qizil sho‘ro fuqaroligi emas!), ham ijodkorlik vazifasini ado etganlar.

“Bitta ishni amalga oshira turib, har ikki – ijodkorlik va fuqarolik burchlarini ado etish mumkin”gina emas, shartdir! Zero, fuqarolik degani pasportdagi yozuvdan kattaroq tushuncha bo‘lib, u xalqparvarlik, millatparvarlik, haqiqatparvarlik, adolatparvarlik singari o‘lmas ezgu tuyg‘ularni ham o‘z ichiga oladi. Ijodkor esa mana shu tuyg‘ular egasi, tarafdori, himoyachisi bo‘lmasa, nimani ijod qiladi, uning kori – hunaridan ne naf?

10. Sevimli shoirimiz Omon Matjon o‘tgan asrning nursiz kunlarida bezovta ruh haqida bir she’riy hikoya yozgandi. Mazmuni shuki, qorong‘i go‘r ichida yotgan ruh bir kun yer yuziga chiqadi. Shunda qabriston yo‘lida o‘ziga-o‘zi gap uqtirib, nedir masalani albatta hal etish shahdida borayotgan kishini ko‘rarkan, xotirjam qorong‘i manziliga qayta bosh qo‘yadi: “Er ustida odamlar yashayotgan ekan!” Oradan yuz yilmi-ming yilmi o‘tib ruh yana bir bor dunyoga chiqadi va ko‘radiki, boyagi yo‘lda bir kimsa – boshi xam, ko‘zi nursiz, qaddi va qadami ezgin holda o‘z-o‘ziga ming‘irlab boryapti: “Gapirganing bilan foydasi nima, hech narsa o‘zgarmaydi, shundoq ekan, g‘ovlab ketmaydimi, menga nima?” qabilida. Shunda ruh qabriston sari chinqirib uchadi: “O‘liklar, turing, Yer usti ham bizniki endi!..”

Yodingizda bo‘lsa, suhbatimiz boshida eslaganimiz 70-yillar avlodi adabiyot maydonida javlon urayotgan paytlar “Pushkin-1”da joylashgan Yozuvchilar uyushmasida kechadigan muhokamalarda konkret asargina emas, bir noo‘rin qo‘llangan so‘z ustida ham qanaqangi qizg‘in munozaralar bo‘lardi. Ular nafaqat iste’dodlarning toblanishiga, balki bu maydonga kirmoqqa chog‘langanlarning jiddiy sergak tortishiga, bu makon ko‘ngilxushlik qiladigan joy emasligini anglashiga, shunga qarab oyoq bosishiga sabab bo‘lardi. Nafaqat adabiyot gazetamiz, balki unga yondosh boshqa nashrlar sahifalari ham adabiy-estetik bahslarga to‘liq bo‘lar, eng muhimi – ularda faqat professionallar emas, balki yuzlab, minglab didli kitobxonlar ham qizg‘in ishtirok etardi. 70-yillar avlodining obro‘sini hozirgacha saqlab turgan bir-biridan o‘qishli, badiiy baquvvat asarlar yaratilishida shu ijodiy muhit rolini ham e’tirof etmoq insofdan bo‘lsa kerak? Shunday ekan, toki adabiyot va san’at o‘z hududida yuz berayotgan hodisalarni o‘zi mustaqil va erkin muhokama qilmaguncha, buning uchun esa shu ishga mutasaddilikni bo‘yniga olgan kishilar zimmasidagi eng muhim vazifa aynan shu muammo yechimi (yubileylar o‘tkazish, bayram oshi va go‘sht tarqatish, oylik va mashina benzini limiti bilan shug‘ullanish … barobarida, albatta!) ekanini anglamaguncha, bir so‘z bilan aytganda, adabiyot o‘zini o‘zi tozalab, tozartirib borish huquqini amalga kiritmaguncha, Siz aytgandek, “insonni inson, millatni millat sifatida tiklanishiga ma’naviy dalda” bo‘lish missiyasini bajara olmaydi.

 

Abduqayum Yo‘ldosh javoblari:

1. Asl ijodkorlarni taqvim sahifalariga qarab avlodlarga bo‘lish an’anasiga unchalik qo‘shilolmayman. Nazarimda, yaqin-uzoq kechmish yoinki bugungi kun, avvalo, adabiy kashfiyotlari hamda qalamkash Shaxslari bilan e’tiborga molik bo‘lgani ma’qulroqdek. Taassufki, tilga olinayotgan vaqt oralig‘ida bu e’tirofga loyiq asarlarniyu rutbaga munosib zotlarni sanay boshlasak, qo‘llarimizdagi barmoqlarimiz ham ortib qoladi.

Deylik, biron asaridagi qahramon tilidan emas, o‘zining ustidan ketayotgan sud jarayonida “Men to‘g‘rilik orqasida, bosh ketsa “ix” deydirgan yigit emasman!” deya xitob qilgan ulug‘ Qodiriy Shaxsi qoshida hayratlar ila bosh egmay bo‘ladimi? Partiyaning ongsiz soldati emasligini yuksak minbarda turib ayta olgan Qahhor-chi? To‘g‘ri, ijtimoiy evrilishlar yuz berib, yov qochgach, bu gap Qahhordan burun ham aytilgani borasida da’volar g‘imirlab qoldi. Haq gap. Bu gapni Qahhordan oldin ham aytishgan, Qahhordan keyin ham aytishadi. Balki “partiya” o‘rniga “g‘oya” tushunchasi ishlatilar, balki “mafkura”. Ammo bu bilan mohiyat o‘zgarmay qolaveradi. Muhimi – shu gapni AYTA OLIShDA. Agar takrorlash shunchalik oson ekan, ibrat shundoq ko‘z oldilarida turganidan keyin ham nima uchun Qahhorga jo‘rovoz adiblar qatlami paydo bo‘lmadi, nima uchun adabiyotimiz osmonidan voqea bo‘ladigan asarlar yomg‘iri yog‘madi: Qahhor jasorati momaqaldiroq bo‘lib gumburlab qolaverdi. Bil’aks, bugun o‘qisangiz uyalib ketadigan yostiqday-yostiqday ro‘mon-qissalar uzluksiz bosilib chiqaverdi. Nima uchun qayta qurish yillarida ko‘z-ko‘z etishga arzigulik “Zilzila”dan boshqa chop etilmagan asar topilmadi?..

Aytishlaricha, 60-yillarda aksariyat yozuvchilar “Shu asarim chop etilib qolsa, Qahhor nima derkan?” degan adabiy istihola bilan ijod qilisharkan. Keyingi yigirma yil ichida mana shu tarzdagi istihola unutildi. Buning ob’ektiv sabablarini sanab o‘tirish ancha vaqtni oladi, ammo asosiylaridan biri, albatta, bu mening mulohazam, adabiyotimizda shunday Shaxs(lar)ning taqchilligidir. Brextning gaplarini sal o‘zgartirib aytadigan bo‘lsak, bunday Shaxsi yo‘q adabiyotning emas, bunday Shaxsga ehtiyojmand adabiyotning rivojlanishi og‘irroq kechadi.

O‘tgan asrning 80-yillaridan 90-yillarning boshlariga qadar adabiy uloq publitsistika va “fosh etuvchi” (mohiyatiga ko‘ra, bu ham publitsistika) asarlarda ketdi. Buning natijasida, adabiy jarayonda ma’lum darajada “oq dog‘lar” paydo bo‘ldi. Bu davrda endi adabiyotga kirib kelgan qalamkashlarni o‘zimcha “adashtirilgan avlod” deb atayman. Illo, “sotsialistik realizm” iskanjasida ulg‘aygan avlodning banogoh “qayta qurish” qozonida qaynashiyu o‘tgan yetmish to‘rt yil bo‘ralatib so‘kilgan nigilistik maqolalarni hazm qilishi, ayni paytda, bozor iqtisodiyotining bizga noma’lum jihatlarini tezlikda o‘rganib olishi, yangi zamonga, yangi ijtimoiy talablarga, yangi did-saviyaga moslashishi, adabiyot tirikchilik va obro‘ vositasi emas, qismat ekanligini anglab yetishi oson kechmadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, adabiyotda yangisi qurilmasdan turib eskisi buzildi. Bu taloto‘pda ancha-muncha odamning boshi aylanib qolishi tabiiy hol edi, deb o‘ylayman.

Nihoyat, po‘rtana tinib, suv yuzasidagi xas-xashaklar oqib ketganidan so‘nggina “yarq” etgan asarlar ora-sira ko‘zga tashlana boshladi. Mening nazarimda, uzoq davom etgan sinovlardan so‘ng aloha adabiyotimizda yangi, ovozi “ikki daryo oralig‘ida” qolib ketmaydigan avlod paydo bo‘lgandek. Ajab emas, shu yaqin yillar ichida adabiy iste’molga “Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton, Bahrom Ro‘zimuhammadlar davri” degan istiloh kirib kelsa. Eng muhimi esa – mening nazarimda, albatta – adabiyotimizda Erkin A’zam, Shuhrat Rizayev timsolida Shaxslar paydo bo‘ldi…

2. Ijodiy erkinliksiz adabiyot issiqxonada yetishtirilgan gulga o‘xshab nimjon va bo‘ysiz bo‘lib qoladi. Faqat bu erkinlik sarhadlarini aniqlashtirib, darhol Xitoy devori bilan o‘rab olishga shoshmaslik kerak. Biz uchun muhimi – natija, ya’ni adabiyotimizda voqea bo‘ladigan asar. Misol uchun, Isajon Sulton “Adabiyotda timsollar davri keldi”, deydi, o‘ziyam turli eksperimentlarni yaxshi ko‘radi. Uning “Boqiy darbadar”, “Ozod” romanlarini yoki Chikagoda o‘tkazilgan xalqaro tanlovda yuqori o‘rinni olgan “Ayvon” hikoyasini tilga olmagan taqdirimda ham, keyingi “Ota qasidasi”ni o‘qib larzaga tushdim. Hikoya qanday “..izm”da yozilgani bilan qiziqib ham o‘tirmadim, zero, u menga an’anaviy adabiyotning cho‘qqisi bo‘lib tuyuldi.

“Dunyoni badiiy-estetik qabul qilishdagi yaqinlik” borasidagi tashvishlar ham o‘rinsiz-ov. O‘zimcha, bir tajriba o‘tkazib ko‘rdim. Bahrom Ro‘zimuhammadning bir turkum “boshqotirma” she’rlarini oldim-da, har kuni faqat bittadan o‘qiyverdim. Keyin mulohaza yuritishga urinib ko‘rdim: shoir bu misrasi bilan nima demoqchi, bunisi bilan-chi, o‘zi aytar gapi bormi va hokazo. Ishonavering, taassurotlar eng yaxshi hikoya o‘qilgandek…

Albatta, erkinlik bor ekan, uning suiste’molchiligi ham bo‘ladi. Qalbidan emas, qorindan chiqarib yozayotgan bitiklarini turli yaltiroq “izm”lar qobig‘iga o‘rab berayotgan, “san’at – san’at uchun, meni yuz yildan keyin tushunishadi, axir, allaqachon postmodernizm bosqichidan ham o‘tib bo‘lganman” qabilidagi puch da’volar qilayotgan qalamkashlar ham uchrab turibdi. Busiz mumkin ham emas, shekilli: taraqqiyot tikansiz bo‘lmaydi.

Bular hali holvasi. Ana, internetni oching, shafqatsizligu fahsh, qonxo‘rligu zo‘ravonlik targ‘ib qilingan “asar”lar achib-bijg‘ib yotibdi. Ammo bular monitor-quti ichida-ku, deb xotirjam bo‘lishga ham asos yo‘q. Yaqinda bir kattagina kutubxonadan “Jahon adabiyoti” jurnalining loaqal bironta ham soni topilmadi. Ammo javonlarni to‘ldirib turgan, qalin yaltiroq muqovali, oppoq-silliq qog‘ozlarda chop etilgan jild-jild kitoblarni varaqlab ko‘rib, hushimiz boshimizdan uchdi. Bu asarlar qanday qilib bu yerga kelib qoldi? Ularni kimlar o‘qimoqda?..

Hamon esimda, oltinchi sinfdaligimda “Don Kixot” hamda “Gargantyua va Pantragyuel” kitoblarini olmoqchi bo‘lganimda kutubxonachi adabiyot o‘qituvchimizdan ruxsat olib kelishga yuborgandi. Bu yerda bo‘lsa, yosh tsenzi olib tashlangan, nimani xohlasang, o‘shani uyga olib ketib o‘qishing mumkin. Mana, saxiy mualliflarning o‘zlari hadya qilgan kitoblar qatorlashib turibdi…

3. Yaxshi asar ichki norozilik va bir olam orzu-umidlar, nekbin niyatlar chog‘ishgan qalb ehtiyojidan tug‘iladi. “Ura-ura” kayfiyatidagi xotirjam ko‘ngildan hech qachon ikki samimiy misra sitilib chiqmaydi. Agar shunday bo‘lmaganida edi, siz aytayotgan “sovet adabiyotining achchiq qismati” dahriylik e’tiqod darajasiga ko‘tarilgan, ziyolilar qoni daryo bo‘lib oqayotgan bir davrda “Usta va Margarita”dek durdona asarga ega bo‘lmasdi. Ko‘p hollarda mafkuraga xizmat – baayni usta musavvir haqiqiy ijodining yuzasiga oddiy manzarani chap­lab qo‘ygandek – asarning tashqi ko‘rinishi, xolos, mohiyat esa tamomila o‘zgacha. “Abadiyat qonuni”ni eslang. Yoki Qahhorning tengsiz hikoyalari qachon yaratilgan? Vaholanki, shunday adib oltmish yoshga to‘lganida “…xalqim va partiyam chizgan chiziqdan bir enlik ham chetga chiqqan emasman, umrimning oxirigacha xalqimga, partiyamga sodiq bo‘lib qolaman”, deydi. Qodiriydek zot ham “Manim haqimda kim nima desa desin, lekin men Marks va Leninning haroratlik shogirdiman, chunki men Lenindan ruh olib, Marksdan ilhomlandim”, deydi. Ammo, shukrki, o‘sma ketib qosh qoldi, bugungi kunda ham adabiyotimizning har ikkala Shaxsining abadiyatga daxldor asarlari – ularning ko‘plab salaflaridan farqli ravishda – qo‘ldan qo‘ymay o‘qilmoqda.

Shubhasiz, adabiyotning aql qamrab olishi mushkul bo‘lgan darajadagi ulkan missiya – vazifasini yagona “insonshunoslik” atamasi bilan izohlab bo‘lmas. Gollivudning bir kinosi bor. Zamondoshlarimiz faqat oq va qora rang bo‘lgan jamiyatga tushib qolishadi. Tasavvur qiling, hamma tomon faqat oq va faqat qora. Go‘zallikning na tovlanishi bor, na tuslanishi. Kunlar bir xil, kayfiyatlar bir xil, na quvonch bor va na hayajon; olomon kamalak nima ekanligini bilmay o‘tib ketmoqda. Adabiyotsiz hayot menga mana shu jamiyatni eslatadi…

4. Bani bashar dunyoga kelibdiki, ongli-ongsiz ravishda, beixtiyor adabiyot sari intiladi, nainki uning yonida bo‘lishga, bu cheksiz adabiyotni sarhadsiz qalbiga joylashga intiladi. Dastlabki harflar, toshga o‘yilgan bitiklar, qo‘shiqlar, dostonlar, eposlar – hamma-hammasi mana shu ehtiyoj hosilalaridir. Inchunin, adabiyot hamisha va har mahal insonning yonidadir, busiz mumkin ham emas, axir. Adabiyotsiz tamaddunning o‘zi bo‘lmasdi.

Asl adabiyot hamisha ezgulik, yaxshilik, yorug‘likning yonida turib “jang” qiladi va bu kurash abadul-abad davom etajak. Bu – tunning kun bilan almashinishiday tabiiy hol. Ma’lum vaqtlar oralig‘ida, bu “jang” jarayonida kechadigan ayrim taktik-strategik vazifalar bois qandaydir jihatlar, omillar oldinroqqa chiqib qolishi mumkin, ammo bular vaqtinchalik tadbirlar, xolos. Deylik, o‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalarida biz Soljenitsinning “GULAG arxipelagi” asarining bosma sifati past, harflari arang ko‘rinadigan “samizdat” nusxasini oylab navbatda turgandan keyingina o‘qiganmiz. Bu asar tom ma’nosi bilan sho‘ro davrini, Insonni “murvatcha” deb bilgan qonxo‘r Stalinning mudhish qirg‘inbarotini ko‘z oldimizga keltirdi-qo‘ydi. Sal keyinroq chet elga qochib ketgan sobiq KGB xodimi Viktor Suvorovning “Akvarium”, “Osvoboditel”, “Istoriya VOV” singari asarlarini shunday qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qildik. Ha, shubhasiz, bular juda qiziqarli kitoblar edi. Ammo ular bizga qimmatli ma’lumotlar berishi, favqulodda “fosh etish” ko‘lami bilan qadrli edi, xolos. Biz bularni shoshib o‘qib chiqdik va yana Yevripid, Dante, Servantes, Navoiy, Mashrab, Gyote, Dostoyevskiy, Kafka, Joys, Qodiriy va Qahhor…ga qaytdik. Mana asl Adabiyotning so‘lish bilmas kuch-qudrati, ohanrabosi!

Darvoqe, o‘rni kelib qoldi, yana bir holatni qayd etib o‘tay. Adabiyotimizning yangi avlodi keksa avlod o‘z asarlarida niqoblab kelgan ko‘p haqiqatlarni dadil ayta olmoqda. Yodingizda bordir, avvallari urush davri haqidagi qaysi kitobni – muallifi urush qatnashchisi bo‘lgan taqdirda ham – o‘qisangiz, yigitlar ko‘ngilli ravishda Vatanni himoya qilishga qo‘shiq aytib ketar, ortda esa ularning sevimli yorlari oq ro‘molcha silkib xayrlashib qolishardi.

Yaqindagina G‘.Karimiyning “Langar fojiasi” romanida urushga chaqirilgan qishloq yigitlarining qabristonda yashirinib yurishlarini, N.Hoshimovning “O‘q va tig‘” romanida esa o‘zbek yigitlarining janggohga xuddi kushxonaga haydalgan qo‘ylar kabi, qo‘llariga qurol o‘rniga yog‘och miltiq tutqazilib (!) tashlashganini o‘qidim. Mana, adabiyot qayerda! O‘ylanib qolaman, nahotki, shu oddiy haqiqatlarni aytish uchun bizga shu-u-uncha yil kerak bo‘lgan bo‘lsa?

Adabiyot ezgulik uchun kurashishdan hech qachon uyalmaydi, nomus qilmaydi, aksincha, Adabiyotni o‘sha darajaga olib chiqa olmagan, uning “atomdan zo‘r kuchidan o‘tin yorishda foydalanib yurgan” biz qalamkashlar uyalishimiz, nomus qilishimiz kerak.

Navoiyga murojaat qilaylik:

Besha sherin gar zabun qilsang shijoatdin emas,
Nafs itin qilsang zabun, olamda yo‘q sendek shujo’.

Ko‘nglimizdagi moddiylikka, huzur-halovatga, to‘kin-sochinlikka bo‘lgan ming boshli qutquni yenga olsak, sadoqatli Adabiyot hamisha biz bilan bo‘lib qoladi…

5. Hayot halqasining o‘zi uzluksiz yangilanishlardan iborat. Shoir aytganiday, tirilish faslida uyg‘onmasang – o‘lasan. Men bundan yigirma-o‘ttiz yillar muqaddam xorijda “Abadiy innovatsiya” atamasi ishlatila boshlanganini o‘qib, hayron qolgandim. Ammo tez orada bu tizim hayotiy zarurat ekanligini anglab yetdim. Zero, shiddat bilan o‘zgarayotgan hayotimizda yangi munosabatlar, yangicha qarashlar yanada tezlik bilan shakllanmoqda, turmush tarzimizga yangidan-yangi ilm-fan yutuqlari kirib kelmoqda. Bugun dunyoning narigi chekkasida yuz berayotgan voqea-hodisa oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas, bu chekkasida ayon bo‘ladi. Adabiyot ham hayotimizning muhim mazmun-mohiyati sifatida doimiy tad­rijiy o‘sishda, rivojlanishda. Shunday ekan, yangi zamonning yangi talablari bu sohada islohotlar zaruratini keltirib chiqarishi va bu ehtiyojning voqelikka aylanishi tabiiy bir hol.

Faqat bu borada kamina – izlanishga asoslangan har qanday “izm” qatori postmodernizmning ham yashashga haqli ekanligini e’tirof etgan holda – ehtimolki, daqqiyunusdan qolgan qarashlar tarafdoriman. Ya’ni adabiyotning asosini, poydevorini realizm tashkil etadi. Mustahkam poydevor ustiga esa yanada mustahkam va chiroyli binolar quraverish mumkin, mohiyat esa o‘sha-o‘sha bo‘lib qolaveradi. Ya’ni usul vosita, xolos. Men bu fikrimni yuqorida I.Sultonning bir hikoyasi misolida asoslashga urindim, shekilli.

Misol uchun, Markesning “Buzrukning kuzi” romanini qayta-qayta o‘qiyman. Ammo nimagadir shu paytgacha biron marta asarning qaysi “izm”ga tegishli ekanligi xususida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Muhimi – kitobning ta’sir kuchi. Yanada soddaroq aytadigan bo‘lsam, bu borada Qahhorning qadim o‘gitiga quloq tutaman: “Yanglish maslahatlarga amal qilib asarning g‘oyasini qidirar edim. Bu ham bekorchi urinish ekan. Haqiqatan shunday. Asarning g‘oyasini qidirishga ehtiyoj bormi? Asar o‘quvchiga qanday ta’sir qoldirsa, uni qaysi yo‘lga boshlasa, g‘oyasi o‘sha-da”. Bunda “g‘oya” so‘zi o‘rniga “izm”ni qo‘ysak kifoya.

6. Yana ko‘hna hikmatga qaytamiz: maqsad vositani oqlaydimi? Ya’ni bizning misolimizda adabiy o‘yin yaxshi asarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladimi yoki o‘yin – o‘yin uchun bo‘lib qolaveradimi?

Adabiy o‘yinning adabiyotga aylanganiga esa ancha bo‘ldi. Buning uchun Milorad Pavichning shov-shuv bo‘lgan “Hazar lug‘ati”ni eslash kifoya. Boshidan-oxiriga, oxiridan boshiga, erkaklar uchun boshqachayu ayollar uchun boshqacha, musulmonlar uchun boshqachayu nasroniylar uchun boshqacha o‘qiladigan bu asar katta-katta adadlarda, turli tillarda chop etilayotganligining o‘ziyoq ko‘p narsadan shohidlik berib turibdi.

Biz esa mavzuga tegishli yana bir hikmatni eslab o‘tamiz: o‘ynab yozsang ham, o‘ylab yoz.

Yana bir gap. Ishonasizmi, yaqinda internetda shlyapa shaklidagi she’rni o‘qib qoldim. Tuppa-tuzuk boshqotirma. Har qalay, bir marta qiziqib o‘qishga yaraydi…

7. Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin. Bugungi adabiy tanqidchilik haqida mutaxassislar o‘z xulosalarini aytishar, men o‘quvchi sifatidagi mulohazalarim bilan cheklanaman.

Nimagadir “tanqidchi” so‘zini eshitsam, yana o‘sha Abdulla Qahhorning 1940 yili yozilgan “Tortiq” maqolasini eslayveraman. Hammamiz bilamiz, bu maqolada Said Ahmadning kitobi ayovsiz “urilgan”. Oradan chorak asr o‘tib esa Qahhor domlaning “Ilhom va mahorat samarasi” maqolasi paydo bo‘ldi. Bu safar Said Ahmadning “Ufq” kitobi “anchagina romanlar orasida yarqirab turgan asar” sifatida yuqori baholangandi. O‘ylanib qolaman, tanqid kelajakning mevasi ekan, agar Qahhorning ayovsiz tanqidi bo‘lmaganida edi, Said Ahmad “Ufq” romanini yozish darajasiga yetib kelarmidi-yo‘qmi? Balki ustoz Qahhor o‘z vaqtida aytilgan tanqidi bilan boshlovchi havaskorning kelajakda haqiqiy yozuvchi bo‘lib yetishishiga katta hissa qo‘shgandir?..

Bugungi tanqidchilikdan unchalik ko‘nglim to‘lmaydi. Ehtimol, tinmay chop etilib turgan o‘ta katta miqdordagi adabiy makulatura orasidan haqiqiy asarni qidirib topish mushkul kechayotgandir yo o‘zbekona istihola-andisha ustun kelayotgandir, har qalay, munaqqidlarimizning biron asarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratgan jiddiy tahlilli maqolalarini topish tobora qiyin bo‘lib borayapti. Kuyinchak munaqqidlarimiz Yo‘l­dosh Solijonov bilan Sanjar So­diqlarning ayrim chiqishlari bundan mustasno, albatta.

Xo‘sh, buning sababi nimada? Fikrimcha, ayrim tanqidchilarimiz – yoshidan qat’i nazar – haliyam “sotsialistik realizm” qoliplaridan chiqib keta olishmagan. Bundan uch-to‘rt yil burun g‘alati voqea bo‘ldi. Yangi asarni o‘qiyotgan ustoz tanqidchi ro‘zg‘or qiyinchiliklari, oiladagi yo‘qchilik tasvirlangan o‘rinlarga filning xartumiday katta-katta so‘roqlar qo‘yib chiqdi. Shogird tanqidchi esa ko‘zlarini ola-kula qilgancha shartta hukm o‘qib tashladi: “Bu asar uchun muallifni maydonga olib chiqib, peshonasidan otib tashlash kerak. Bizning zamonda kambag‘al qolibdimi?” Bu so‘zlarni eshitarkanman, beixtiyor taqvimga qaradim. Xayriyatki, yigirma birinchi asrning o‘ninchi yilida yashayapmiz, agar o‘tgan asrning o‘ttiz yettinchi yili bo‘lganida, bu siyosiy hushyor tanqidchilar darhol “uchlik” tuzib, kambag‘allarni qalamga olishga jur’at etgan sho‘rlik muallifni otuvga hukm qilishdan ham toyishmasdi… Bu mavzuga qaytmaslik uchun, qistirib o‘tib ketay: asar boshqa tanqidchi tomonidan ijobiy baholandi va kitob bo‘lib chiqdi ham.

Dobrolyubovning juda yaxshi so‘zlari bor: “Dlya nas ne stolko vajno to, chto xotel skazat avtor, skolko to, chto skazalos im, xotya bы i nenamerenno, prosto vsledstviye pravdivogo vosproizvedeniya faktov jizni” (Biz uchun muallifning nima demoqchi bo‘lgani emas, ehtimol g‘ayri shuuriy tarzda, hayot haqiqatini xolis ifodalash chog‘ida nima deya olgani muhim). Demak, tanqidchilik, avvalo, ijodkorlik, kashfiyotchilik va tabiiy ravishda xolislik va haqqoniylikdir.

Tanqidchi bo‘lish oson emas. Yaqinda Y.Solijonovning bir maqolasini o‘qib qolgan do‘stimiz “Domla dev ko‘rinishidagi shamol tegirmonlariga qarshi kurash olib borayapti-da”, deb qoldi. Vaholanki, Yo‘ldosh akaga o‘xshash munaqqidlarimiz aynan shamol tegirmoni ko‘rinishidagi devlarga qarshi kurash olib borishmoqda. Hech kim indamay turaversa, bu adabiy devlar dahshatli darajada urchib-ko‘payib, kattalashib ketadi. Ana undan keyin ularga qarshi kurashish qiyin kechadi.

Ko‘nglimdagi yana bir gap, ayrim munaqqidlarimiz “tuxumdan tuk qidirishni” bas qilsalar, Xudoning inoyati bilan favqulodda go‘zal asarga duch kelib qolganlarida buni bemalol hayqirib ayta olsinlar ham. Keling, yana Brextga murojaat etaylik:

“S a g r ye d o. Galiley, tы doljen uspokoitsya.

G a l i l ye y. Sagredo, tы doljen vzvolnovatsya!”

(S a g r ye d o. Galiley, sen o‘zingni bosib olishing kerak.

G a l i l ye y. Sagredo, sen hayajonlanishing kerak!)

Darhaqiqat, ijodkor Galiley olamshumul kashfiyot qilgan lahzalarda nega endi uning do‘sti – tanqidchi hayajonlanmayapti? Nega u hamma narsadan gumonsirayapti? Ishonavering, yaxshi asar yaratish yerning o‘z o‘qi atrofida aylanayotganligini isbotlash bilan barobar. Buning ustiga, siz har qancha inkor etmang, “u, baribir, aylanaveradi”.

8. Hay-hay, juda unchalik emasdir. Imonim komil, agar siz ta’kidlagandek, “tap-tayyor, asfaltlangan, tekis, hatto aytish joiz, chorrahalariga svetaforlar o‘rnatilgan yo‘l” bo‘lganida edi, bu ko‘chada “oppa-oson” yurishni ixtiyor aylaganlar lak-lak bosib kelishar va natijada, na svetaforlaringiz qolardi, na yo‘lning o‘zi; bu olomon qo‘lida olatayoq ushlab turgan tanqidchilarni ham yanchib o‘tib ketishi aniq edi…

Har bir oshiq qalb – muhabbatni yangilaydi, deyishadi. Har bir ijodkor Adabiyot atalmish fusunkor, sirli, sehrli, o‘xshashi va cheki yo‘q olamga o‘z qalbi bilan kirib keladi, uni o‘zicha yangilaydi.

Adabiyot – umuminsoniy boylik. Navoiy biz uchun qanchalik aziz bo‘lsa, Shekspir ham shunchalar qadrli. Har ikkalasi ham insoniyat uchun bebaho meros qoldirgan. Shunday ekan, umumsayyoramiz miyoqsidagi adabiyot haqida so‘z yuritgan chog‘imizda yangilikka intilish sal nisbiyroq ko‘lam kasb etadi. Ya’ni bu ko‘proq ijodkorning o‘z islohotlariga intilishidir. Zero, ish stolida o‘zini kamida Pushkin his qilgan ijodkor agar tayanch nuqtasini topib olsa, sayyoramizni ham o‘z o‘qidan chiqarib yuborishga qodir sezadi o‘zini. O‘sha afsonaviy tayanch nuqtasi esa – qalamkashning iste’dodi…

Har qancha yangilikka intilmaylik, aslida, har qanday yangilik ma’lum muddat burun unutilgan eskilik ekanligi yodimizdan chiqmasligi lozim. Insoniyat tarixi Bodlerning bir misra she’riga arzimaydi, deyishadi. Shunday ekan, bugun o‘tmishga, kechagi kunga qarab qo‘yib, so‘ng oldinga yurish, yangilikka intilish joizdek. Deylik, “Aka-uka Karamazovlar”ning ifoda usuli bir kuni kelib eskirishini tasavvur qilib bo‘ladimi? Mashrabning o‘tli g‘azallarining-chi?..

9. Shoir bo‘lmasliging mumkin, ammo fuqaro bo‘lishing, demakki, fuqarolik burchingni ado etishing shart. Bu – hammamizga tanish talab. Bir paytlar yozuvchilarni “Inson ruhining injenerlari” deyishardi, so‘ngroq bu maqom yanada yuqoriroqqa ko‘tarildi: “Millat vijdoni”. Vijdon o‘z burchini ado etmay yashay oladimi?

So‘z – bemisl qudratga ega. Bir oqshomda oddiy artilleriya ofitseri tomonidan yaratilgan “Marseleza” qo‘shig‘i qanchadan-qancha odamlarni kurashga ilhomlantirganini eslang.

Shu sababli ham ijodkor fuqarolik pozitsiyasidan hech qachon chekina olmaydi, hatto o‘zi istagan taqdirda ham.

Bugun murakkab zamonda yashamoqdamiz. Integratsiya jarayonlari jadallashuvi, chegaralarning shaffoflashuvi butun dunyoda yangicha bir ijtimoiy voqelikni yuzaga keltirmoqda. Bu ham bo‘lsa, “ommaviy madaniyat”ning uzluksiz davom etayotgan xuruji, ta’bir joiz bo‘lsa, bosqinidir.

Biz hammamiz “amerikacha orzu” nima ekanligini yaxshi bilamiz, albatta. Bu – “Zolushka” ertagining zamonaviy ko‘rinishi. Ya’ni teng imkoniyatlar sharoitida inson nima qilib bo‘lsa ham, qiyinchiliklarni yengib o‘tishi va million dollarga ega bo‘lishi kerak. Kambag‘almisan – o‘zing aybdorsan. Omadsizmisan – yana o‘zing aybdorsan.

Men orzuning bunaqa shakli faqat okean ortidagi “sehrli diyor”da yashaydiganlarga xos, deb yurardim. Ammo kuni kecha bir yozuvchining yangi asarini o‘qib qoldim. Nima emish, bir yigit o‘zidan besh yosh katta, xunuk qizga uylanarmish-da, to‘y oqshomi qaynotasi qo‘lidan “Malubi” kalitini olarmish. To‘ydan o‘n besh kun o‘tar-o‘tmas, bu “zamonaviy kuyov” qaynotasini o‘ldirarmish. So‘ng esa tog‘da xotinini o‘ldirayotganiga guvoh bo‘lib qolgan juvonni o‘ziga o‘ynash qilib olarmish… “Amerikacha orzu”dan nimasi kam buning? Ham million dollar, ham mashina, ham tayyor hovli-joy, qo‘shimchasiga esa o‘ynash ham…

Aslida esa, men yozuvchilarimizning fuqarolik burchi “qizil” gaplarni yalov qilib ko‘tarishda, avval qanday yomon yashaganimizniyu bugun qanday yaxshi yashayotganimizni me’daga tegadigan darajada takrorlayverishda emas, jamiyatimizda “o‘zbekcha orzu”ni qaror toptirishda deb bilaman. Bo‘lsin-da, o‘zbekcha orzu ham! Boshqalardan nimamiz kam bizning? Axir, halol yo‘l bilan, imon-e’tiqod, uyat-sharmni unutmagan holda, birovlarni sotmasdan, o‘zganing haqiga xiyonat qilmasdan ham hayotda orzu qilingan maqsadga erishish mumkindir. “Amerikacha orzu”ni butun dunyoga Gollivud yoygan bo‘lsa, bugun biz hech bo‘lmasa, davlat mablag‘ bilan ta’minlab turgan “O‘zbekfilm” imkoniyatlaridan foydalanaylik. Axir, yaxshi film asosida yaxshi stsenariy, demak, yaxshi asar yotadi…

10. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshlarida bo‘lsa kerak, birdan yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bodrab chiqqan turli tabibi g‘ayblaru ekstrasenslar hayotini imkon qadar o‘rganib, “Telbalar mamlakati” degan bir nima yozgandim.

Oradan yillar o‘tgach esa, bir muddat “sariq matbuot”da xizmat qilishga to‘g‘ri keldi. Ishonavering, bu Adabiyot ichidagi “aldabiyot”ning o‘zi ulkan bir tizim. Uni manifaktura deb atash mumkindir yo bo‘lmasa, to‘xtamasdan ishlaydigan liniya, konveyer. Xullas, bu tizimda hashar “asar”lar qanday yaratiladi, ular qay tarzda ishlovdan o‘tkaziladi, nechuk targ‘ib-tashviq qilinadi, “yulduz-yozg‘uvchi” qay usulda yasaladi, falonchi-pismadonchi yozuvchi-tanqidchilar qandoq sotib olinadi – bularning hammasini yaqindan ko‘rish imkoniyati tug‘ilib qoldi. Men bu adabiy konveyerda yollanma ishchi qatori mehnat qilayotgan ijodkorlarni ko‘rdim. Ular yemagan somsaga pul to‘lardilar: yozgan mashqlari chop etilgunga qadar sarlavhasidan tortib mazmuniga qadar tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketardi, hamyoni tobora qappayib borayotganidan mamnun zuluk-noshir ulardan xaridorlar sonini oshiradigan, demak, “anavinaqa” narsalar ko‘proq tasvirlangan asar talab qiladi, bu talab bajarilmasa, boyagi aytganim, shunaqangi sahnalar asarga majburan tiqishtiriladi. Men xuddi shu yerda asarlari “tanqiddan tuban” yozg‘uvchining “O‘zbek detektiv adabiyotini men bilan Tohir Malik yaratdik”, deya kerilganiga guvoh bo‘ldim. Xuddi shu yerda allaqachon o‘zini “klassik” hisoblay boshlagan yana bir yozg‘uvchining “Falon besavod tanqidchi mening asarimni tushunmasdan tanqid qilipti. Tamom, endi bu odamga bizning nashrlarda o‘rin yo‘q!” degan hukmini eshitdim. Bir hukmki, shikoyatga o‘rin yo‘q… Aytmoqchi bo‘lganim, “aldabiyot” saltanatidagi ko‘rgan-kechirganlarimni qoralab qo‘yganman. Vaqti kelib, ularni e’lon qilarman.

Umuman olganda esa, men “ko‘ngilochar adabiyot”ni adabiy did, saviya, ma’naviyat atalmish ulkan tiriklik daraxti ildiziga qo‘yilgan va asta-sekin portlatiladigan mexanizmi ishga tushirilgan bomba bochkasi, deb bilaman…

 

Risolat Haydarova javoblari:

1. “Adabiy avlod” deya nom berilgan tushuncha XX asrda, shu yuz yillikda shakllangan sovet davri adabiyoti tarixida yuzaga kelganini unutmaslik kerak. Bu hodisa jamiyat hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlar, yuzaga kelgan ma’lum bir ijtimoiy shart hamda sharoitlar natijasi, shuningdek, ijod ahli mansub bo‘lgan davrdagi ustuvor g‘oya, fikr, maqsad, ba’zan esa mafkuraning qoldirgan izi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Aynan mana shu ustuvor g‘oya, mafkura sababli har bir davrdagi ijod ahli ko‘nglini birlashtirib turuvchi umumiy bir maqsad, orzu yoki dard uyg‘onib, shu omillar o‘sha zamon adabiyotining qiyofasini yaratdi. Shundanmi, ijod ahli adabiyotga avlod-avlod bo‘lib kiradi, degan fikr o‘rnashib qoldi. Bu yo‘l o‘z-o‘zidan adabiy statistikaga olib boradi. Adabiyotda statistika kerakmi o‘zi? Mayli, bizda “adabiy avlodlar” degan tushuncha bor ekanmi, shu nuqtai nazardan turib, ahvolni tahlil qilib ko‘raylik.

70-yillardan keyin bizda adabiy avlod shakllanmadi, degan iddao to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, degan savolga javob topish, buning sabablarini aytish uchun, avvalo, 80-, 90-, va nihoyat, 2000-yillar ijtimoiy hayotiga baho berish, shu davrlarda kishilar ongida ro‘y bergan o‘zgarishlar jamiyatga qay tarzda ta’sir ko‘rsatgani, yoki jamiyatdagi o‘zgarishlar kishilar dunyoqarashida qanday to‘ntarishlar yasagani, bularning bari ijod ahliga, eng muhimi, ularning g‘oyaviy-estetik qarashlariga qay tarzda iz solganini aniqlash kerak bo‘ladi. Axir, har bir yozuvchi (nafaqat ijodkor, balki oddiy inson sifatida ham) o‘zi yashayotgan davrning farzandi ekanmi, davrga xos ijtimoiy to‘lqinlarning zarbini yelkasida his etmay qolmaydi.

80-yillarning ikkinchi yarmi, ayniqsa, 90-yillarning birinchi yarmi ijtimoiy va siyosiy hayotda inqilobiy o‘zgarishlar ro‘y bergan zamon, ijtimoiy hayot tahlilchilari yaratgan atama bilan nomlaganda, “o‘tish davri” bo‘lgani ma’lum. Tarixdan bilamizki, mana shunday olag‘ovur zamon, hukmron ideallar qulagan, iqtisodiy, ijtimoiy asoslar o‘rnidan siljigan bir palla ziyolilar, xususan, ijodkorlar uchun savollar va mana shu savollarga javoblar izlash payti bo‘ladi. Chunki avvalgi ma’naviy va estetik qarashlar tanazzulga uchragan (bu jarayon chuqur insoniy iztiroblarga, ba’zan esa fojialarga olib kelishini tarix qayta-qayta ta’kid qilgan, buni takrorlab o‘tirishning hojati yo‘q), davr esa yangi talablarni olg‘a suryapti. Jumladan, yangi davrning g‘oyaviy-estetik qarashlarini yaratish zarur. Lekin qanday qilib? Bir jihatdan qaraganda, hammasi oson va ravshandek. Asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlar, havas qilarlik mumtoz adabiyot, jahonda e’tirof etilgan tarixiy siymolar, demakki, poydevor uchun barcha zarur tayanchlar mavjud. Ammo mustahkam poydevor hali yuksak koshona bunyod etildi, degani emas! Bu ish yengillik bilan amalga oshmaydi. Umrida bir marta bo‘lsin uy qurib ko‘rgan odam buni yaxshi biladi.

Shunday davrda 70-yillardagi kabi avlodning shakllanishi mumkin ham emas. Chunki ko‘rib o‘tganimizdek, sharoit o‘zga. Bugungi kunda jahon miqyosida madaniyatlarning yaqinlashuvi, uyg‘unlashuvi, ijtimoiy dardlarning globallashuvi kuzatilmoqda, adabiy yo‘nalishlar, shakl va uslublarda ham turli madaniyatlarga xos bo‘lgan jihatlarning sintezlashib ketayotganini ko‘ryapmiz. Bu o‘rinda har bir milliy adabiyotdagi avlodlarga xos bo‘lgan ustuvorlik haqida so‘z yuritib bo‘lmaydi. Hozirgi paytda nafaqat uslub, balki g‘oya, yo‘nalish, kontseptsiya, muhimi, muhit, dunyoqarashlarda turfalik bor ekan, shu choqqacha ongimizda yashab kelayotgan, g‘oyaviy-estetik qarashlari mutanosib keluvchi avlodlar tushunchasi shu qadar nojoiz ko‘rinadi.

Universitetda ta’lim olgan kezlarimiz adabiy avlodlar haqida so‘z ketganda, “falon davr adabiy avlodi” deganda qator-qator nomlar sanab ketilardi. 80-yillar avlodi yoki 90-yillar avlodi deganda qator-qator nomlarni sanay olmayotgan bo‘lsak, bizda jarayon depsinib turibdi, deya xulosa qilish bir yoqlama fikr bo‘ladi. 80-yillarning ikkinchi yarmida e’lon qilinib, davrning ma’lum qoliplariga tushib bo‘lgan adabiy shakl va qarashlarni buzib yuborgan “Yozning yolg‘iz yodgori” (Xayriddin Sulton), “Urush odamlari” (Nazar Eshonqul) qissalarini, “Uxlayotgan odam” (Ravshan Fayz) dostonini, Muhammad Yusuf, Eshqobil Shukurning she’rlarini, bolalar adabiyotida tom ma’noda o‘zgarish yasagan Anvar Obidjonning “Bahromning hikoyalari” she’riy turkumini eslash kifoya. Biz tushungan darajadagi adabiy avlodlar bo‘lmagan o‘sha davrlarda ham maydonga o‘z ovozi bilan kirib kelganlar BOR EDI!

Afsuski, maydonga kirib kelish boshqa-yu, u yerdan noxos chetga chiqib qolmaslik, belbog‘ni oldirib qo‘ymaslik yoki Yaratganning irodasi bilan “erta so‘ngan yulduz” bo‘lib qolmaslik boshqa gap ekan.

Hozir eslasam, men bilan birgalikda talaba bo‘lgan, adabiyot maydonini orzu qilgan, matbuotdagi chiqishlari bilan umid uyg‘otgan qator tengdoshlarim yon-atrofimda yo‘q. Birlari “ro‘zg‘or” atalmish g‘orga kirib ketgancha, qaytib chiqolmadi, birlari zamonning savollariga javob topolmaganidan hammasiga qo‘l siltab qo‘ya qoldi, birlari “o‘tish davri”dan buyog‘iga yo‘l topolmadi, qanaqadir siyosiy qarashlaru oqimlar bilan birgalikda oqqancha ketdi! Evrilishlar davri mana shunday, qarama-qarshi oqibatlarga olib kelar ekan.

Bugun atrofimda ijodga jiddiy qaraydigan, haqiqiy badiiy asar yaratishga urinayotgan, mening havasimni keltirib, shaklan g‘aroyib, tamomila yangicha mazmun va uslublar bilan romanlar yozayotgan safdoshlarim borligidan shukur qilaman. Yon-verimda mag‘izni unutib, shakl ortidan quvganlar ham, oldi-qochdi, ur-surlarni yostiqday kitob qilganlar ham, avvalgi to‘plamlarida chop etilgan she’rlarini to‘plab, ortiga ikki-uchta she’rini tirkab kitob yasab yurganlar ham bor. E’lon qilinayotgan asarlarning janri, yo‘nalishlari borasida ham rango-ranglik mavjud. She’riyatda kim yaponchasiga xokku, tanka yozca, kim g‘arbcha ohanglarni afzal bilib, stans, sonet, nasriy she’r bityapti, kimlardir nasrda sinergetik hikoya, mini roman kabi nomlarni afzal bilmoqda. Bular jahondagi an’analarga yaqinlashishga urinishlarning bir necha xil ko‘rinishlari. Bu urinishlarning qay biri yashab qolishi haqida bugun hukm chiqarish imkonsiz. Chunki buni vaqt ko‘rsatadi.

So‘nggi o‘n-yigirma yil mobaynida ijtimoiy hayotda yuz bergan o‘zgarishlar adabiy jarayonga shu qadar ta’sir ko‘rsatgan, yozilayotgan asarlarning mavzusi, yo‘nalishi, shakli va uslublari, hatto kontsepti shu qadar turfa holatga kelganki, bir qarashda kishi hozirgi adabiyotimizning qiyofasini bor bo‘yicha anglab ololmaydi. Anglash uchun esa shu choqqacha miyamizda yashab kelgan “ramka”lardan sal chetroqqa chiqib olish kerak bo‘ladi.

2. Asli har bir millatning adabiyotida rang-baranglik bo‘lishi kerak. Mavzu, janrga oid o‘zgarishlar, uslub va shakldagi rang-baranglik ijod erkinligi borligidan darak beradi. Lekin erkinlik hadsiz-chegarasiz narsa emas. Uning chegarasi axloq va mas’uliyat deb ataladi. Agar shu chegara buzib o‘tilsa, boshboshdoqlik kelib chiqadi. Yozuvchi erkinlik bilan boshboshdoqlikni farqlay olmasa, bundan dahshatliroq narsa yo‘q. Erkinlik bu – mavzu, uslub va shakl izlanishlari imkoniyati, hayotni, dunyoni badiiy jihatdan idrok etish yo‘lidagi urinishlardir. Shu bois haqiqiy yangilik yaratgan yozuvchilarni ko‘rganda havasim keladi.

Bugun yozuvchilar biron bir adabiy uslub, g‘oya yoki mafkura bilan cheklab qo‘yilayotgani yo‘q. Lekin bu imkoniyatni kim qanday tushunyapti? Hamma gap shunda. Muhimi – mag‘iz. Agar mag‘iz yo‘q bo‘lsa, qanchalik chiroyli shakl bermang, bezamang, yozilgan “narsa” (hikoya, qissa yoki roman emas, aynan “narsa”) bemazaligicha qolaveradi. Men iste’moldagi o‘sha “izm”larga shu nuqtai nazardan qarayman. O‘sha “izm” adabiyotni boyitishga xizmat qilsa – juda yaxshi. Agar iste’dodsizlik, ma’naviy qashshoqlikni yashiruvchi bir niqob bo‘lsa, afsus… Shu ma’noda men ko‘proq realistman. Qo‘limizdan kelsa, hozirgi o‘sha “izm”larni adabiyotimiz rivojiga xizmat qildiraylik. Bu ishni eplamasak, kulgiga qolib nima qildik?

Adabiyot rivojini kuzatsak, g‘alati bir paradoksni uchratamiz. Davrlar, estetik dunyoqarashlar, adabiy uslublar qay darajada taraqqiy etmasin, “zamona qahramoni” haqidagi tasavvurlar qanchalik o‘zgarmasin, bosh mezon o‘zgarmay qolaverarkan. Ya’ni – adabiyotda insonparvarlik, axloq g‘oyasi yetakchi bo‘lib turaverarkan. Mana shu ikki tamo­yilni buzishga qaratilgan “narsa”lar adabiyotning ziyonidir.

Masalaga shu nuqtai nazardan turib qarasak, hammasi o‘rniga tushadi, menimcha. Chunki adabiyotning bosh mezoni bor-ku! Unga an’anaviy usulda bordingizmi, moderncha yoki supermoderncha qadam bilanmi, matematiklar tili bilan aytganda, “qo‘shish va ko‘paytirishda amallarning o‘rni o‘zgargani bilan natija o‘zgarmaydi”.

3. Inson shunchaki biologik mahsulot emas. Insonning yaralishi, bu dunyoga kelishining o‘zi katta sir-sanoat, qarangki, Olloh o‘z bandasini boshqa ikki bandaning inon-ixtiyori va muhabbati vositasida yaratadi, shu olamga keltiradi. Bundan ortiq mo‘jizani tasavvur qilib ham bo‘lmaydi. Shu bois ajdodlarimiz yaratgan adabiyot insonga buyuk mohiyat sifatida qaragan, Olloh o‘zi yaratgan mavjudot orasida faqat insonnigina yuksak pog‘onaga ko‘targan, Yaratgan insonning suratida va siyratida o‘z aksini ko‘radi, inson shu bois husn bobida ham “mazhari sun’i iloh”dir, deya ta’kid qilib kelgan.

Menimcha, adabiyot moddiy olam savollariga ruhiy olamdan quvvat olgan holda javob izlashi lozim. Shu ma’noda adabiyot har turli siyosiy atributikadan xalos bo‘lishi kerak. Ya’ni mamlakatda iqtisodiy va siyosiy islohotlar yo‘lida biron-bir harakat boshlangan zahoti ishlab chiqarish masalalarini aks ettiradigan qissa va romanlar yozilishi, adabiy qahramonlar biron-bir siyosiy partiya faoli bo‘lishi, faqat siyosiy g‘oyalar bilan yashashi, partiya ishi uchun salomatligidan ayrilishi yoki hayotini qurbon qilishi (Pavel Korchagin kabi), yaqinlaridan voz kechishi shart emas (holbuki, bizga mana shunaqa adabiy qahramonlarni namuna qilib ko‘rsatishardi).

Lekin bu – adabiyot ijtimoiylikdan yiroqlashadi, degani emas. Inson ruhiyat mahsuli – muhabbat sababli yaralib, moddiy dunyoga kelgach, o‘zi yashaydigan muhitning uzviy bir bo‘lagiga aylanadi. Endi u jamiyat kishisi bo‘lib qoladi. Yozuvchi inson sifatida o‘z davrining namoyandasi, o‘z jamiyatining a’zosi bo‘ldimi, unga shu zamonning “muhri” tushmay qolmaydi, demak, yozganlaridan shu davrning nafasi kelib turadi. Shu ma’noda yozuvchi “besh kunlik dunyo” odamiga aylanadi. Lekin “besh kunlik dunyo” odami hisoblangan ijodkorning abadiyatga daxldor bo‘lishi mumkin emas ekanmi? Menimcha, yozuvchining asarlari davrlar osha yashashga qodir ekanligini bildiradigan muhim mezonlar bor. U ham bo‘lsa, yozuvchining o‘z ijodi bilan o‘quvchini komillik sari bir necha qadam olg‘a tashlashga unday olgani, o‘zligini tanitishga ko‘mak bergani, millat dardini tilga chiqara bilgani, o‘z ona tilining bor go‘zalligini namoyon qilgani, xalqini dunyoga tanitolganidir.

4. Adabiyot o‘zining tarixiy o‘rnini o‘zgartirgani yo‘q. U hamisha ezgulik tomonida edi, hozir ham shunday. Lekin shu o‘rinda “g‘alati” bir jihat borki, buni aytmasa bo‘lmaydi. Bu – ezgulik deganda kim nimani nazarda tutganligidir.

Bir vaqtlar “roman shaydosi” bo‘lgan chog‘larim sovet va o‘zbek sovet adabiyotida yaratilgan (lof emas!) oltmishdan ortiq romanni o‘qib tushirganman. “O‘tgan kunlar”, “Navoiy”, “O‘tror” kabi o‘lmas asarlarni bu hisobga qo‘shmayapman. Nomi va syujeti g‘ira-shira yodimda qolgan “Mash’al”, “Binafsha atri”, “Fidoyilar”, “Toshkentliklar”, “Chotqol yo‘lbarsi” va hokazo va hokazo “zamona” romanlaridan hozir qay biri tirik? Mana shu romanlarning bosh qahramonlari ham jamiyat uchun yashagan, ezgulik yo‘lida o‘z nuqtai nazari bo‘yicha kurashgan odamlar edi. Masalan, qaysi bir romanning qahramoni – Dildor ismli qiz bolshevik yoriga yon bosib, o‘z akasini tutib bermoqchi bo‘ladi. Yana bir romanning personajlaridan biri – boyning xotini yashirincha o‘z eriga xiyonat qilib yurardi, kunlardan bir kun boyvuchcha ayol “sevgilisi”dan xiyonat ko‘rib aqlidan ozadi. Keyin qizil komandir sababli axloq yo‘liga kirib, o‘sha komandirga xotin bo‘ladi-da, yangi eri bilan birgalikda sobiq eri – boyning hovlisiga kirib o‘rnashib oladi. Turgan gap, boyning boshqa xotinlari sobiq kundoshlarini quvib solmoqchi bo‘ladilar. Shunda kelin-kuyovlarning eshigini qo‘riqlab o‘tirgan mazlum xalq vakilasi – faol ayollardan biri “bolshavoyning oilasi”ni himoya qiladi. Bu kabi syujetlarni yana sanash mumkin. Lekin yetarlidir, deb o‘ylayman. Yozuvchining, qolaversa, o‘sha zamon siyosatining nazarida bular ezgulik uchun kurashgan ijobiy qahramonlar edi.

Bugungi kunda ijobiy qahramon, salbiy qahramon degan tushunchalar o‘rtasidagi chegara yaqqol chizilib, “mana u” deb ko‘rsatib qo‘yilayotgani yo‘q. Biz ertaklarda tasvirlangandek, salbiy qahramonni olamdagi bor illatlarni o‘zida jamlagan xunuk bir odam, ijobiy qahramonni esa har jihatdan mukammal, husni ham, fe’li ham go‘zal bir kishi, deb qabul qilmaydigan bo‘ldik. Chunki real hayotda, ko‘pincha, buning aksini ko‘ryapmiz. “Nima yaxshiyu,nima yomon?” degan savolning javobi oson emasligiga ham ishonch hosil qilganmiz. Bunga zamonaviy dunyodagi hayotning o‘zi murakkab va chigalligi, yashash uchun kurash masalasi borasidagi qarashlarning turli-tumanligi sababdir.

Hayotning o‘zida mazkur shu ikki qutb o‘rtasidagi olishuv hamon davom etib kelyapti. Faqat bu kurashning shakli o‘zgargan, xolos. Har bir jihatga yodimizga singgib ketgan an’anaviy tushunchalarga qarab baho berayotganimiz sababli ezgulik yo‘lida kurashish bizga sog‘lom mantiqdan uzoq tutim bo‘lib tuyulayotgan bo‘lsa, ehtimol.

5. Agar tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, “postmodernizm” atamasi modernizmga bo‘lgan munosabatni belgilash ma’nosida 1934 yilda (F. de Onis “Ispan va Lotin Amerikasi she’riyati antologiyasi” kitobida), Yevropaning madaniyat va dindagi hukmronligi nihoya topganini ta’riflash sifatida 1947 yilda (faylasuf A.Toynbi “Tarixni anglash” kitobida) tilga olingan edi. Adabiyotga nisbatan esa bu atama 1971 yilda qo‘llanilgan (AQSh olimi Ixab Xassan tomonidan). Shuning o‘zidan jahon madaniyatidagi kayfiyatlarni qanchalik kechikib “yuqtirganimizni” bilish mumkin.

Postmodernizm dunyo madaniyati olayotgan nafasmi yo shunchaki urfmi, buni tushunish uchun, avvalo, postmodernizm hodisasining o‘zini anglab olish zarur.

XX asrda jahonda kechgan va modernizmning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy va siyosiy voqealarni takrorlab o‘tirmayman, bu hammaga ma’lum. Postmodernizm esa modernizmga, shuningdek, jo‘n ommaviy belletristikaga qarama-qarshilik sifatida maydonga kelgan. U hamma narsani o‘yin shakliga o‘rab, oddiy o‘quvchi va ma’rifatli o‘quvchi o‘rtasidagi masofani tekislab boradi. Albatta, bunda oddiy o‘quvchi ma’rifatlilik darajasiga ko‘tarilmaydi, balki ma’rifatli o‘quvchining darajasi quyiga tushiriladi.

Postmodernizm madaniyati asosida yangi ma’nodagi ezgulik g‘oyalari yotadi. Postmodern deb ataladigan madaniyat o‘zining mavjudligi bilan o‘zigacha hukmron bo‘lib kelgan ezgulik g‘oyalaridan hammabop (boshqacha aytganda, universal) ezgulik g‘oyalariga o‘tilganligini ta’kid qiladi. Yangicha ezgulik doirasiga insoniyatdan tashqari, hayvonot, nabotot, koinot, xullas, butun olam kiradi. Postmodenistlarning haqiqiy ideali koinotdir (qadim yunon mifologiyasida qora koinot, ya’ni kosmos xaos deb atalganini unutmaylik). Shu bois postmodernistik asarlarning asosida xaos, ya’ni nihoyasizlik, cheksizlik, erkinlik yotadi. Xaosning yana boshqa ma’nosi betartiblik ekanini ham esdan chiqarib bo‘lmaydi.

Postmodern talqinlarning ko‘pligi printsipiga tayanadi, dunyoning nihoyasizligi nihoyasiz talqinlarning tabiiy natijasidir, deb hisoblaydi, postmodernizm falsafasi haqiqatlar ko‘p deya ta’kidlaydi, tarixga bo‘lgan qarashlarni qaytadan ko‘rib chiqadi. Bunda tarixga bo‘lgan qarashlardagi muntazamlilikni, ijtimoiylikda narsa va hodisalarning sababga ko‘ra bog‘lanishlarini, tugallik g‘oyalarini inkor qiladi.

Yosh hamkasblarim o‘z she’r va hikoyalarini postmodernistik asar, deb taqdim qilganlarida yuqorida yozilganlarni e’tiborga olishganmikin?

Menimcha, Ulug‘bek Hamdam qo‘ygan savolga javob berish, ya’ni postmodernizm bugungi o‘zbek adabiyoti misolida nimalarda ko‘rinayotganini aniqlashtirish uchun, avvalo, postmodernizmning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rib chiqish lozim.

Rossiyalik tadqiqotchi I.Golovanova postmodernizmning sakkizta xususiyatini sanab o‘tadi. Bular: intertekstuallik (bu ongli ravishda keltirilgan ko‘chirmalar yordamida yangi matn yaratishdir, natijada tugallangan, mazmun jihatidan yaxlit, ma’lum bir muallifga tegishli bo‘lgan matn emas, balki bizning tasavvurimizda muallifi yo‘qdek tuyuladigan matn olinadi), parodiyalash va istehzolilik (o‘quvchida tug‘ilishi mumkin bo‘lgan aqida va qoidalarning shaksiz va shubhasizligiga shubha yaratish yo‘li bilan haqiqatni qayta idrok qilish, o‘z-o‘zini parodiya qilish), matnning ko‘p darajali qilib tuzilishi (o‘z-o‘zidan ko‘chirmalar keltirish, stilistik va syujet qaytariqlari, bitta muallifning ijodi ichida ko‘chib yuruvchi obrazlar, lavhalar, ramz­lar), “o‘yin usuli” (istalgan narsaga nisbatan hazilnamo ibora va ifodalar, ko‘p ma’noli so‘z o‘yinlari, tovush va joy nomlari bilan bog‘liq turli nayranglar yaratish; bunda o‘quvchi mutolaani o‘yin deb qabul qiladi, bitta ma’no ortidan ikkinchi, uchinchi va h.k. ma’nolarni izlaydi), rizoma (ramziy labirint bo‘lib, syujet qurilishi aniq bir markaziy o‘q atrofiga jipslashmaydi, balki chigal, tasodifiy bo‘lib tuyuladigan qurilmaga ega bo‘ladi), janr va uslub sinkretizmi (bu ham o‘yin printsipi bilan ifodalanadi, “sinkretizm” atamasining ma’nosidan kelib chiqilib (buning ma’nosi moddalarning dastlabki, qorishiq holati demakdir), janr va uslub darajalarining qorishib ketishi),“teatrga xoslik” usuli (ommaviy va ommabop madaniyat texnikasidan foydalanib, asarga ommaviy iste’mol narsalariga beriladigan chiroyli yorliq, reklama ko‘rinishini berish va shu bilan birga avval yaratilgan asarlarning syujetlarini istehzoli izohlash), an’anaviy “mualliflik nuqtai nazari” tushunchasining o‘lishi (hikoya qilishdagi tartibsizlik, parcha-purcha holida hikoya qilish taassuroti atayin yaratiladi).

Shularga qarab, keyingi yillarda yaratilgan, postmodernistik ruhda, deb baholangan bir nech­ta asarlarni tahlil qildim. Ularda postmodernizmga xos unsurlarga o‘xshab ketadigan ba’zi belgilarni uchratgan bo‘lsam-da, bu asarlarni postmodernistik hikoya, qissa yoki roman deb aytolmayman. Deylik, Murod Chovushning “Hech” qissasidagi voqelikni uch o‘lchamda ko‘rishga, voqelikni bayon qilishda ong oqimi usulidan foydalanishga urinish postmodernizmning sakkizinchi xususiyatini esga soladi. Ammo bu hali postmodern emas. Sababi oddiygina, Murod Chovushning qissasidagi hikoya tartibsizligi atayin qilingan emas, balki tilga nisbatan hafsalasizlik oqibati. Xurshid Do‘stmuhammadning “Shabada” hikoyasi borasida bo‘lgan bir bahsda ham bu asarni postmodernistik deguvchilar bo‘lgan edi. To‘g‘ri, hikoyadagi reallik va fantastikaning yonma-yonligi, ko‘p o‘rinlarda detektivga o‘xshab ketadigan sirlilik postmodernizmning janr va uslub sinkretizmi xususiyatini yodga soladi. Biroq bu ham postmodern degani emas. Chunki hikoyada mazkur xususiyatga xos bo‘lgan o‘yin printsipi yo‘q. Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.

Albatta, 80-yillarning oxiri, 90-yillarning boshidagi ijtimoiy voqelik, eski aqidalarning fosh bo‘lishi va boshqa qadriyatlarning yuzaga kelishi, jamiyatimizga G‘arbdan ommaviy madaniyatning jadallik bilan kirib kelgani, hozirgi kunda “Umumjahon to‘ri” vositasida axborot oqimiga tushib qolganimiz, “super…”, “giper…” tasvir, kuy, so‘z, axborot va h.k. ekranlarimizni, ko‘chalarimizni, hatto qo‘limizdagi telefonimizni egallab borayotgani postmodern tug‘ilishi uchun zamin bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi. Lekin shunda ham bizda postmodernizm rivojlanib ketmadi. Chunki bizdagi mentalitet, qonimizga singgib ketgan Sharq falsafasi postmodernizmni singishtira olmadi.

So‘nggida yana bir jihatni ta’kidlashim zarur. 90-yillarning oxirlariga kelmasdanoq dunyoda postmodernizm o‘z umrini yashab bo‘lyapti, degan qarashlar chiqqan edi. Hozirgi davrni mutaxassislar “postpostmodernizm”, ya’ni postmodernizmdan keyingi davr deb baholashmoqda. Buning sababi, postmodernizm ham bir madaniy davrdan ikkinchisiga o‘tish bosqichi ekanligidadir. Jahon adabiyoti tarixiga razm solsak, bir adabiy davr ketib, o‘rniga boshqasi kelayotganda oraliqda o‘zining xususiyatlari bilan modernizm va postmodernizmga o‘xshab ketadigan ta’limotlar maydonga kelganini ko‘ramiz. Tarixiy tajriba ma’lum bir qadriyatlar tizimi bo‘lmagan madaniyat barqaror bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Biz boshqa hodisadan, masalan, pala-partish, didsiz “narsa”larni postmodernizm yorlig‘i bilan taqdim qilish kabi illatlardan tashvish chekishimiz lozim.

6. San’at aytiladigan har bir gapni chiroyli ifodalab bergani uchun ham san’atdir. Adabiyot ifoda san’ati ekanmi, unda o‘yin ham bo‘lmay iloj yo‘q. Lekin hamma gap chiroyli ifoda qilishga arziydigan dardning, boshqacha aytganda, mag‘izning mavjudligida.

Fikrini va dardini original yo‘sinda aytish yo‘lidagi shakliy izlanishlarga men ijobiy qarayman. Maqsad – o‘zidagi dardni o‘quvchiga “yuqtirish”, uni hamdard qilish, insoniylik sari yetaklash bo‘lsa, hamma narsani san’atga aylantirishning hech bir yomon tomoni yo‘q. Misol uchun, Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda”si ham, aslida, ramzlardan, ishoralardan iborat asar. Lekin yozuvchi bu asari bilan jahon adabiyotini yangi shakl hamda ramzlar bilan boyitdi, xolos.

Yoki Isajon Sultonning “Ayvon” hikoyasini misol tariqasida keltirsam. Isajonning bu urinishini shunchaki shakl izidan quvish deb aytolmayman. Chunki hikoya oxirida “tilla baliq-ku, o‘z otasini xo‘rlagani uchun shu ko‘yga tushibdi, o‘z bolalariga yem bo‘libdi, shuni ko‘ra-bila turib, baliqni so‘yib qozonga tashlagan alamzada bu bolalarni endi nima kutarkin?” degan jiddiy savol mavjud. Sharqda “qaytar dunyo” tushunchasi ham borki (buni Yevropada bumerang ta’siri deb atashadi), bu hech bir narsa bejavob qolmaydi, deganidir. Ammo tokaygacha? Qachongacha yomonlikka undan o‘tgan yomonlik bilan javob qaytaraveriladi? Bu holda inson yovuzlashib ketmaydimi? Maqsad – mana shu savolni qo‘yishdir.

Yuqoridagi savolga javob berish paytida men postmodernizmdagi “o‘yin usuli” haqida yozgandim. Ta’kidlashim kerakki, bu tarzda “o‘yin” yaratish uchun yozuvchi yoki shoirda bilim, iste’dod bo‘lishi kerak.

To‘g‘ri, matbuotda paydo bo‘layotgan zohiran chiroyli, botinan bo‘sh, pufakka o‘xshash she’rlarni, bir qarashda original shakliy izlanishlar mahsuli bo‘lib tuyuladigan, lekin jiddiyroq tahlil qilganda, shildiroq qog‘ozga o‘ralgan quruq qutiga o‘xshaydigan hikoyalar, qissalarni ko‘rganda, xayoldan xuddi shu savoldagi xavotirlar kechadi. Ammo bu “narsa”lar haqidagi so‘zim alohida.

7. Bizda adabiy tanqidiy maqolalar aksariyat bir qolipda bitiladi. Avval asar biroz yoki ancha maqtaladi, syujeti bayon qilib beriladi, keyin bir ozgina yo ko‘pgina qilib kamchiliklari aytiladi. Bizda tanqidchi deganda asarni tanqid qiladigan yoki maqtaydigan kishi tushuniladi, shekilli.

Ehtimol, adabiy tanqidchi, degan atamaning o‘zidan voz kechish zarurdir? Adabiyotshunos degan so‘zning o‘zi yetarlidir balki? Yoki boshqa sohalarda qabul qilingan tahlilchi (analitik) atamasini qabul qilsakmi? Bir qancha sohalar, masalan, iqtisod, ijtimoiy va siyosiy sohalarda analitiklik kasbi bor. Bunday kishilar shu sohaning mavjud muammolarini tahlil qilib, istiqboli, kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlari haqida mulohazalar bildiradilar, tavsiyalar beradilar. Agar tanqidchi degan so‘zning mohiyatini tanqidda deb tushunsak, u holda, yuqoridagidek yo‘l tutishimiz lozim.

Bugungi kunda adabiy tanqidning qiladigan ishlari juda ko‘p. Tahlil etilmagan qanchalab uslublar, yo‘nalishlar, o‘z bahosini olmagan qanchalab asarlar bor! Maydonga kirib kelayotgan yoshlarning ijodi ham shu paytga qadar munosib va xolis baholangan emas. Ko‘p yoshlar ancha-muncha kitob chiqarib, kattaroq asarlarini e’lon qilib, yoshi ham qirqlarga borgandagina adabiyotshunoslarimizning e’tiboriga tushadi.

Adabiy tanqid hozirgi paytda qo‘lga kiritib bo‘lingan yutuqlarni qayd etish bilan kifoyalanib qolyapti. Lekin o‘zi adabiyotning yutuqlarini ko‘paytirish ustida ishlayotgani yo‘q. Bu nima degani? Bu adabiy tanqid adabiyotning sofligi uchun qayg‘urishi, o‘quvchilarda badiiy didni shakllantirishi, do‘konlarni to‘ldirib yuborayotgan “tijorat” roman va qissalariga o‘zining dadil munosabatini bildirishi, haqiqiy shakliy izlanish bilan shaklbozlikni farqlab ajratishi hamda bu haqda o‘zining fikrini aytishi demakdir. Mana shularni adabiyotimizning yutuqlari ko‘payishiga hissa qo‘shish, deyiladi.

Har yili Yozuvchilar uyushmasida nasr kengashining yillik hisobot yig‘ilishi o‘tkaziladi. Bir yil ichida e’lon qilingan hikoya, qissa va romanlar haqida so‘z boradi. Lekin e’tibor bersak, tanqidchilarimiz matbuotda mana shu yig‘ilishda tilga olingan romanlar yoki qissalarning o‘ndan biriga ham munosabat bildirmagan bo‘ladilar.

Mana shunday yillik yig‘ilishlardan birida adabiyotshunos olimlarimizdan biri Salomat Vafoning o‘n yilcha avval e’lon qilingan qissasi – “Sulaymonning uzugi”ni maqtab, “nega hozir shu qissa haqida hech kim indamadi?”, deya savol tashladi. Men “domla, bu qissa e’lon qilinganiga ancha bo‘lgan, yig‘ilish o‘tgan yili chop etilgan asarlar haqida-ku?” degan edim, dom­la parishonxotirlik bilan “Yaxshi asar bo‘lgandan keyin kech bo‘lsa ham gapirish kerak-da!” deya so‘zini davom ettiraverdi. Ba’zida shunaqa kulgili voqealar ham bo‘lib turadi…

8. Aslida, har bir shoir yoki yozuvchi yangilik yaratish umidida yashaydi. Lekin hech bir yangilik bo‘m-bo‘sh, taqir joyda tug‘ilmaydi. Falsafadagi “hech narsa yo‘qdan bor bo‘lmaydi, bordan yo‘q bo‘lmaydi”, degan nazariya ham bejiz yaralmagan.

Biz istaymizmi, yo‘qmi, ajdodlarimiz yaratgan an’ana va qadriyatlar o‘ziga xos “gen merosi” sifatida ongimizga va ong ostiga singishib ketgan. Har qancha tirishsak ham, “gen merosi” ishtirokisiz biron-bir arzirlik asar yoza olmaymiz. Zero, taraqqiyot mohiyatan mavjud qonuniyatlarga tayanib ilgarilab boradi. Jarayon rivojlanib borar ekan, mavjud qonuniyatlarning eng yashovchani, “mag‘zi to‘q”lari qoladi, puchlari esa zamon g‘alviridan tushib ketaveradi. Yangilik mana shu mag‘zi to‘q eskilik ustiga quriladi. Menimcha, adabiyotdagi eski va yangi o‘rtasidagi kurash ramziy mazmunga ega, ya’ni bu “kurash” tabiiy tanlanish asosida rivojlanish degan mezonga ko‘proq mos keladi.

Yosh yozuvchi va shoir safdoshlarimning yangicha yozishga urinayotganlarini men tabiiy hol deb bilaman. Chunki har bir davr adabiyotida shakl, uslub va tamoyil farqlari bo‘lishi kerak. Davrlar boshqa bo‘lganidek, shu davrlarda yaratilgan adabiyot ham avvalgilaridan sifat jihatidan ajralib turishi zarur. Zotan, taraqqiyotning muhim sharti, keyingi avlodlar ajdodlarning kashfiyotlarini o‘zlashtirgan holda ulardan bir-ikki qadam olg‘a siljishlarini nazarda tutadi.

9. Ijodkorning qalamidan to‘kilgan har bitta so‘z garchand oddiygina bir lola yoki boychechakka doir bo‘lsa-da, chop etilgandan keyin millatning so‘ziga aylanadi. Demak, uning bitgan satrlari faqatgina shaxsiy dardlar qo‘nim topadigan makon emas. Yozuvchi yo shoir inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham ijtimoiy hodisadir. Chin ma’nodagi ijodkor buni hamisha teran tushungan. Rauf Parfi:

Yulduzlarga men ham qarayman,
Yulduzlar – samoviy bir xayol.
Men ko‘proq zaminga yarayman,
Menga kerak yerdagi hayot,

– deganda, avvalo, o‘zining zamin farzandi ekanligini nazarda tutgan, deb o‘ylayman. Ijodkor hatto oddiy inson sifatida ham jamiyatdan tashqarida bo‘la olmaydi. U qaysi bir davrda yashamasin, XX asrning serg‘alva yillari bo‘ladimi yoki hozirgi mustaqillik kunlarimi, o‘sha vaqtning kishisi sifatida zamonning bor zalvorini his qilmay qolmaydi. O‘zgacha bo‘lishi ham mumkin emas.

Misol uchun, XIX asrning oxiri – XX asr boshlariga kelib, “Beg‘am hayot” (“Valensig­yacha hikoyalar”), “Apelsin bog‘larida” hikoyalar to‘plamlari, “Toledo ibodatxonasi”, “Chaqirilmagan mehmon” romanlari bilan Yevropaga tanilgan ispan yozuvchisi Visente Blas­ko Ibanes tabiat, o‘zaro insoniy munosabatlar, oddiy dehqonlarning hayoti mavzularini o‘zi uchun yetakchi deb bilgan edi. XX asrning birinchi yarmidagi ijtimoiy olag‘ovurlar boshlangach, ijod bilan birga noshirlik, huquqshunoslik va siyosiy faoliyat bilan ham faol shug‘ullanadi. 1923 yilda Ispaniyada harbiy diktatura o‘rnatilgach, yozuvchi Frantsiyaga muhojirlikka jo‘nab, umrining qolgan yillarini falsafiy-psixologik romanlar yaratish bilan birgalikda, shaxs erkinligi uchun kurashishga bag‘ishlagan.

Xorvat yozuvchisi Ranko Marinkovich o‘zining dadil erkparvarlik qarashlari tufayli italyan fashistlari tomonidan Ferramonte lageriga tashlangan (holbuki, u kommunist emas edi). Oddiy bir inson Vatani boshiga tushgan og‘ir kunlar sababli ko‘rishi mumkin bo‘lgan jamiki g‘am va alamlarni tortgan. Bugungi kunda Xorvatiyada eng yaxshi novella uchun Ranko Marinkovich nomidagi mukofot ta’sis etilgan.

Nobel mukofoti sovrindori, serb yozuvchisi Ivo Andrich fashistlar Germaniyasining sobiq Yugoslaviyaga bosqini boshlangan dastlabki kunlardan (1941 yil aprel) to Vatani Ikkinchi jahon urushining so‘nggi yilida (1945) ozod bo‘lgunga qadar uy qamog‘ida yotadi. Aynan shu hibsda yotgan kunlarida, keyinchalik XX asr nasrining eng yaxshi asarlari, deb tan olingan “Drinadagi ko‘prik”, “Travniya solnomasi”, “Oyimqiz” romanlarini yaratadi (afsuski, bu yozuvchilarning asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Shu tufayli ko‘p o‘quvchilarimiz ularning ijodidan bebahra). Jahon adabiyotidan bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Mazkur yozuvchilar bitta ishni amalga oshira turib, ya’ni ijod qila turib, o‘zlarining ijodkorlik va fuqarolik burchlarini ado etganlar. Shavkat Rahmon “rubobiy she’rlar” yozishni orzu qilib, “jangchi va zobit” bo‘lganidan alam chekkan bo‘lsa, 70-yillarda bu savdo vijdonli hamma ijodkorning boshida bor edi. Axir, ijodkor ko‘nglida hamisha insoniy burch degan tuyg‘u uyg‘oq. Fuqarolik va ijodkorlik burchi esa mana shu insoniy burchning ajralmas bo‘lagidir.

10. Jahonda “belletristika” degan atama mavjud. Bu o‘qilishi oson, yengil hazm bo‘ladigan novella, roman yoki qissa. Yo‘nalish sifatida uning ham o‘ziga yarasha me’yorlari bor. Belletristika o‘zining yashashga haqli ekanini allaqachon isbotlagan, yo‘qsa, Agata Kristi yoki Ann va Serj Golonlarning romanlari unutilib ketgan bo‘lardi. Ta’kidlash kerakki, belletristika hech qachon jiddiy adabiyot bilan bellashishga da’vo qilmagan, doimo o‘zining o‘rnini yaxshi bilgan, shu bois belletristika ijod qiladiganlar o‘zlarini yozuvchi deb emas, belletrist deya atashgan.

Bizda belletrist degan nomdan uyalishadi, shekilli, o‘zlarini biryo‘la ommabop yozuvchi deb atab qo‘ya qolishadi. Shuning uchun bizda durustgina belletristika o‘rniga yomongina “omma adabiyoti” paydo bo‘ldi.

Bir e’tibor bering, “omma adabiyoti” namunalari qanday matbuotda bosilyapti? Bunaqa adabiyotga “ehtiyoj” qanday paydo bo‘ldiyu uning urchib ketishiga nima sabab bo‘ldi? Men bu hodisani bizda “bulvar matbuoti” paydo bo‘lishi bilan bog‘lagim keladi. Aynan ko‘ngilochar nashrlar gazeta bozoridagi raqobatga chidash, “sinib” qolmaslik uchun oldi-qochdi, odamlarning e’tiborini tortadigan sarlavhali “asarlar”ga ehtiyoj sezdi. “Ommabop yozuvchilar” chaqiriqqa “labbay” deb javob berishib, mas’uliyatni his qilgan nashrlar qabul qilmaydigan hikoya va qissalarini taqdim etishdi. Noshirlar esa o‘z mahsulotlarini tezroq sotish umidida gazetalarning birinchi sahifasiga “Adashgan qiz”, “Yo‘ldan ozgan o‘g‘il”, “Oltin vasvasasi”, “Boylik talvasasi” qabilidagi sarlavhalarni chiqarib, gazetxonlarni chorlay boshlashdi…

Hozir kitob do‘konlari va rastalarida Ishoqjon Nishonovning o‘tgan va shu yil ichida nashr qilingan “Afg‘on shamoli”, “Grad operatsiyasi”, “Qasoskor qashqirlar” degan kitoblari sotilyapti. “Grad operatsiyasi” romanlar seriyasi yoki roman-serial bo‘lib, 2012-2013 yilning o‘tgan davri ichida shu seriyaning beshta alohida romani nashr qilinibdi. Men bu kitoblarning adabiy qimmati haqida bahs yuritmayman. Faqat shu choqqacha hech kim konveyer usulida ishlab, jiddiy asar yarata olmaganini aytmoqchiman. Bilamizki, konveyer bir qolipdagi va andozadagi mahsulotni ko‘plab ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologik moslama. San’at asari esa faqat yagona nusxada, vaqt, mehnat sarflab, qunt va sabr bilan yaratiladi.

Bir martagina o‘qiladigan yengil-elpi “adabiyot”ning umri qisqa, jiddiy adabiyotning zalvori bu kabi “asar”larni bosib ketadi, deb ishonib o‘tiraverish yaramaydi, deb o‘ylayman.

Menimcha, “omma adabiyoti” qarshisida baquvvat ustundek bo‘lib jiddiy adabiyotning turishi” kamlik qiladi. O‘quvchilarda bolalik davridan boshlab badiiy didni tarbiyalash, haqiqiy adabiyotni targ‘ib qilib borish zarur. Bu borada o‘quv muassasalari va madaniyat maskanlarida kitobxonlar bilan o‘tkazilayotgan adabiy uchrashuvlarning o‘zi kifoya emas. Adabiy gazeta va jurnal, almanax nashrlarining adadini ko‘paytirish, buning uchun ularning narxini pasaytirib, oddiy o‘quvchining cho‘ntagibop qilish (bu ish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadi, chunki nashrning tannarxiga kiradigan xarajatlarni kamaytirish yoki arzonlashtirishning iloji yo‘q, faqat bu xarajatlarni nimaningdir hisobiga qoplab borish, iqtisodchilar tili bilan aytganda, “zararlarni kamaytirish” talab etiladi), nafaqat bosma matbuot, balki radio va televideniye ham jiddiy adabiyotni ko‘proq tashviq qilishi lozim. Adabiy jarayondan boxabar qiladigan, o‘smirlar, yoshlarning adabiy didini o‘stirishga xizmat qiladigan eshittirish va ko‘rsatuvlar ko‘payishi kerak. Afsuski, hozir bunday eshittirish va ko‘rsatuvlar yo‘q darajada. Bugungi kun yoshlari va o‘smirlarining qiziqishlarini inobatga olgan holda, jiddiy adabiyot targ‘iboti va tashviqotiga internet nashrlarni ham jalb qilish, bu ish keng miqyosda tashkil etilishi zarur. Bu tadbirlar iqtisodiy jihatdan qanchalik qimmat turmasin, amalga oshirmasa bo‘lmaydi. Chunki ma’naviyatning oqsab qolishidan keladigan zararni milliardlab mablag‘lar bilan ham qoplab bo‘lmay qoladi.

 

Islomjon Yoqubov javoblari:

1. Poetik ijodni vaqt, harakat hamda fazoga keskin bog‘liq tarzda anglash uning qonuniyat va mexanizmlarini to‘la tasavvur etmaslikdir. Illo, bugungi kunda adabiy-estetik tafakkur jamiyat salohiyat darajasi, intellektual potentsialini belgilovchi muhim estetik kategoriya sifatida idrok etilmog‘i lozim. Shundagina jamiyat moddiy va ma’naviy tomonlari uzviy aloqadorlik, o‘zaro ta’sirda doimiy o‘zgarib, rivojlanib borishi to‘g‘ri anglanadi.

Har qanday o‘zgarish fikr va kayfiyatdan ibtidolanadi. Voqea-hodisalar rivojida uzluksizlik mavjud ekan, ijtimoiy jarayonlar muayyan omil va manbalarga nisbatan sababu oqibat sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, davrning inson fik­ru kayfiyatiga ta’siri ham uzluksizlikda olib qaralmog‘i, uning milliy va mintaqaviy ahamiyati umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlardan xorijda kuzatilmasligi kerak.

Ma’lumki, har qanday o‘zgarish harakatdir. Shunday ekan, o‘zaro ta’sir va murakkab aloqadorlikdan tashqarida nafaqat tabiiy, balki ijtimoiy va estetik o‘zgarish ham sodir bo‘lmaydi. Illo, hodisalar yagona qonuniyatli olamiy harakat jarayonidan iborat. Bilamizki, qadimiy afsonayu ertaklardan epik asarlargacha xalqimizning erk va ozodlik haqidagi orzu-o‘ylari aks etgan va bu jarayon biror muddat to‘xtamagan. Demak, tafakkur (butun) va mustaqillik (natija) o‘rtasida bevosita va bilvosita tarzda doimiy sababiy aloqadorlik mavjud. Shuning uchun ham erkka tashna tafakkuriy intilishlar o‘tgan asrda goh ma’rifatparvarlik, goh jadidchilik sifatida bo‘y ko‘rsatib, nihoyat mustaqillik tarzida totli meva berdi. Ayni paytda, bu ijtimoiy hodisa milliy tafakkurni jahoniy miqyoslar sari yuksaltirdi. Zotan, sabab va natija bir-biriga o‘tib turishi bilan xarakterlanadi.

Bugun tobora yuksalayotgan taraqqiyot shiddati inson va jamiyat munosabatlari, xususan uni poetik idrok etish shakl­larini bir qadar murakkablashtirdi. Bizningcha, bu g‘oyatda tabiiy jarayon. Chunki har qanday rivojlanish harakatning sifat jihatidan yangi turlarini vujudga keltiradi. Demak, poetik ijod ham murakkab aloqadorlik mahsuli. Bizning ob’ektiv yondashuvimiz uning shakliy ko‘rinishlaridagi muhimni nomuhimdan ajratish, tabiiy-funktsional, ijtimoiy-genetik va poetik jihatdan dalillash asosidagina kechishi mumkin. Mustaqillik yillarida yaratilayotgan asarlarda ijod ahlining fikr va kechinmalari aks etmoqda. Bizningcha, qalamkashlar ijodiy idroki mazmuni bir xillashuvi mumkin emas. Ular tabiiy siyrati, ma’naviy-madaniy darajasi, qiziqishi, badiiy mahorati, shuningdek, bilim saviyasi, maslagu dunyoqarashini shakllantirgan ijtimoiy-genetik faktorlarga bog‘liq tarzda yuzaga qalqib chiqqan motivatsiyasi hamda estetik idealga yondashuv pozitsiyasi muayyan farqlanishni keltirib chiqaradi. Bu jarayonda ijodkorning emotsi­onal holati ham muhim rol o‘ynaydi. Shubhasiz, yozuvchi, shoir, dramaturg zarur axborotlarni zamon va makon shakllari yordamida qabul qiladi. Biroq ijodiy fenomen imkonlari muayyan ob’ektiv vaqt birligi bilangina chegaralanmaydi. Badiiy idrok predmetli, tanlangan, yaxlit strukturaviy, o‘zgarmas va anglangan jarayon.

Adabiyot tarixi – xalq intellektual tafakkuri tarixi. Badiiy adabiyot barcha zamonlarda umumestetik madaniyatni shakllantirishga xizmat qilib kelgan. Bozor iqtisodiyoti davrida umumestetik madaniyatni yuksaltirish ehtiyoji har qachongidan ortgan ekan, adabiyotning komil insonni tarbiyalash funktsiyasi chuqurlashib, milliy san’atimiz ijtimoiy hayotdagi roli ortib boraveradi. Badiiy-estetik ong voqelikni go‘zallik, olijanoblik, fojialilik va kulgulilik kategoriyalari asosida qayta ishlaydi, undan san’at asari yaratadi. Shuning uchun ham badiiy asar sub’ektiv voqelik, ya’ni o‘z ijodkori ichki dunyosi, xayol-tasavvuri in’ikosidir. Dunyo individual tarzda qabul qilinib, munosabat alohida tarzda bildirilar ekan, ijodiy kredo ham individualdir.

2. Hech bir zamon va makonda mas’uliyat tuyg‘usidan yiroq asl san’atkor bo‘lmagan. Nazarimizda, “bir xillik” dan qochish ijtimoiy muhit va uning dominant dunyoqarashi emas, ko‘proq iste’dod darajasi, iymon butligi, adabiy zavq qanoatlariga daxldor tushunchalar. Chunki hatto qatag‘on chig‘irig‘i avj pardalarida bo‘lgan o‘tgan asrda ham Fit­rat, Hamza, Abdulla Qodiriy, Oybek, H.Olimjon, G‘.G‘ulom, M.Shayxzoda, A.Qahhor, Mirtemir va boshqa ko‘plab iste’dod sohiblari “yo‘lini topib” o‘zlarini qiynagan iztirob-o‘rtanishlar, g‘am-anduhlar, quvonch-shodliklarni ifoda eta olishgan. Badiiy matn mehvariga botin nigohini qaratmay, “andishaning nomini qo‘rqoq” bilib, ayrim adabiy figuralar soyasiga poyandoz solishga urinish tendentsiozlikdan bo‘lak narsa emas.

Fitrat she’rlarining o‘z davrida “elektr quvvati kabi kuchli ta’sir etishi” (S.Ayniy) shoir ko‘nglidan otilgan o‘tli hayqiriq va fig‘onga yo‘g‘rilgan bashariyatni erk va ozod havolar nasimi sari yuksaltirmoq g‘oyaviy niyati, ohangi hamda yorqin shakli bilan bog‘liq. Tabiat va jamiyat sirli puchmoqlari, qaynoq hayot ummonidan Fitrat ko‘ngliga ingan va satrlarga to‘kilgan qayg‘u-hasratli so‘zlar haroratidan shoir ruhiy rag‘bati tavallud topgan. Publitsistik ruhi har qancha bo‘rtib ko‘rinmasin, shakl va poetik serjilolik, majoziylik, samimiyat, lirik mayinlik, o‘ychanlik singari talay jihatlar Fitrat shoirlikning muqaddas burchini o‘ksik qalblarni nurafshon etmoq tarzida anglaganini ko‘rsatadi. Shoir she’riyatini ichdan nurlantirib turgan jihatlar qadim turkiy she’riyat, xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan bir qatorda, usmonli turk nazmida keng qo‘llanilgan she’riy vaznlarni dadillik bilan qo‘llash, yangicha ohang va uslub sari talpinish edi. Agar Fitratning ijtimoiy-psixologik drama, tragokomediya, drama, tragediya, opera librettosi singari janrlardagi izlanishlariga xos serqatlam ramziylik, bashoratona ishoraviylik va teran falsafiylik anglab yetilsa, dramaturg ijtimoiy illatlarni inson tabiatidagi noqisliklar tadqiqi bilan uyg‘unlashtira olgani, ma’naviy qashshoqlik zamirida tug‘ilgan jaholatga qarshi isyon ruhini ifoda etgani, ayniqsa, bo‘rtib ko‘rinadi. Birgina “Abulfayzxon” misolida kuzatilganida ham, zamon va makon chegaralari umuminsoniy muammolar sari mislsiz kengaygani, Afrosiyobdan Rahimxongacha, Siyovushdan Abdumo‘minxongacha bo‘lgan ulkan bir davrdagi millat fojiasi nazarda tutilib ish ko‘rilgani ayon bo‘ladi.

“Ubaydullanoma”, “Tuhfai xoniy”dan “Gamlet”gacha kuzatilgan Fitrat dramalari M.Shayxzoda va boshqalar uchun ibrat maktabi bo‘ldi. Xususan, sohibqiron Amir Temur mavzusiga murojaat etgan birorta adib “Abo Muslim” va “Temur sag‘anasi” ni chetlab o‘tolmadi. Shu ma’noda, adabiyotimizning barcha tur va janrlarida Fitrat-Shayxzoda-Muhammad Ali; Shayxzoda-Muhammad Ali-To‘lqin Hayit; Cho‘lpon-Oybek-Asad Dilmurod; Oybek-Shayxzoda-Ikrom Otamurod tarzidagi uchlik, ya’ni ajdodlar va avlodlar davomiyligiga xos izchillik mavjud. Bu borada dunyoqarash va ko‘ngil yaqinligi, so‘zga ergashish havasidan tug‘ilgan jasorat muhim rol o‘ynaydi. Fikrimiz dalili sifatida Cho‘lpon-Oybek-A.Muxtor-E.Vohidov-A.Oripov-R.Parfi-I.Otamurod-Faxriyor tarzidagi so‘zga sadoqatning shoyon izdoshligini keltirish mumkin.

Ayni paytda, oshufta dillar robitasi Fuzuliy-Qodiriy; Navoiy-Oybek; Navoiy-O.Muxtor; Rumiy-X.Do‘stmuhammad; Rumiy-I.Otamurod; Ogahiy-M.Abdulhakim juftliklari kabi zamonlar osha tiklanishi ham mumkin. Bu hol ba’zida nafaqat shaxslararo, balki endilikda tafakkur tarzi va adabiy vositaga aylangan janrlar misolida ham kuzatiladi. Jumladan, bugungi kunda milliy adabiyotimizda mifopoetik tafakkurga e’tiborning ortishi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Zotan, davrlar o‘tgan sari ezgu so‘zning avlodlar ko‘ngliga qayta ko‘chishi, inson va jamiyat ma’naviy hayotiga kirib borishiga kuchli ehtiyoj seziladi. Abadiyatga daxldor SO‘Zni sog‘ingan Matnazar og‘a: “Ko‘p ham davronnishin bo‘laverma, yur, Hazrat Navoiyga ketamiz”, deya chorlaganidek, ijod ahli ko‘ngli doimo o‘zgarishlarga moyil, pokiza nasim epkinlariga ehtiyojmand. Ular o‘z ixtiyorini g‘urur va sururga limmo-lim HAQ SO‘Z sog‘inchi ilkiga topshirgan qavm. Qalamkash istak-royishlari ruhiyat puchmoqlarida tomir otib yetiladi. Shu ma’noda, ularni vulqon portlashi yoxud qor ko‘chkisiga qiyoslash mumkin. Qisman unutilgan yoxud mutlaqo notanish manzillar, demakki, yangicha shakl­lar istak-sog‘inchi poetik yaratiq bo‘lib moddiylasharkan, zamon va zamondoshlar ko‘ngliga ko‘chadi. I.Otamurod “Sopol siniqlari” dostonida haqli e’tirof etganiday, bu ko‘chish: “makondan makonga, ongdan ongga va ruhdan ruhga” tarzida sodir bo‘ladi.

M.Ali roman-tetrologiyasidagi tarixiy shaxs va badiiy talqin imkoniyatlarining benihoya kengayishi, O.Muxtor yaratgan romanlardagi shakliy-uslubiy izlanishlardan ajratish mumkin emas. M.Ali, O.Matjon, X.Saloh, Ch.Ergash, I.Otamurod, Q.Rahimboyeva dostonlari ham liro-epik asarlarimiz soni va salmog‘ini belgilashga izn beradi. Ayni paytda, U.Nazarov hikoyalari va “Chayon yili” romani, E.Samandar drama va tragediyalari katta nasrdagi izlanishlari, S.Siyoyevning “Ahmad Yassaviy” romani, O‘.Hoshimovning xalqimiz tarixiy qismati badiiy umumlashtirilgan hikoya va romanlari shu ulkan binoga qo‘yilgan munosib g‘ishtlardir. M.Boboyevning nosir va dramaturg sifatidagi merosi, M.Jalil samimiy, tabiiy hamda sokin lirikasi, M.A’zam hayotiy va jozibador she’rlari, G.Jo‘rayeva muhabbatu hijron tuyg‘usiga vobasta ash’orlari, T.Adashboyevga xos qisqa va lo‘ndalik, manzara yaratish hamda hazil-mutoyibaga moyillik, A.Obidjon mayin, istehzoli va zaharxanda kulgiga yo‘g‘rilgan she’riy va nasriy asarlari, O.Hojiyeva she’rlarida kuzatiluvchi mehribon ayol tuyg‘ulari, H.Xudoyberdiyeva lirikasidagi inson va borliq munosabatlari talqini, A.Sher yozuvlaridagi mushohadakorlik haqida ham xuddi shunday iliq so‘zlar aytish lozim. Z.A’lam hikoya va qissalaridagi joziba, A.Suyun qayirmalaridagi didaktika, X.Sultonov nasridagi moziy nafasi, M.Muhammad Do‘st, X.Do‘stmuhammad, A.Dilmurod, A.A’zam, E.A’zam nasridagi yangicha tafakkur kishisi timsollari ifodasi, T.Murod asarlaridagi tabiiy shaloladay oquvchi ohangdorlik, Sh.Boshbekovga xos jiddiy komizm, X.Davron hikoya va qissalaridagi ilmiy tafakkur izlari, Sh.Rahmon merosidagi lirik-falsafiy teranlik, M.Yusuf she’rlaridagi rostgo‘ylik, Faxriyor asarlaridagi bezovtalik va kuyunchaklik, S.Sayyid bitiklaridagi Vatan timsolining xalqona talqinlari, I.Mirzo qalb harorati ifodalangan silsilali tuyg‘ular izhori va boshqa yuzlab misollarsiz adabiyot atalmish orkestr mukammal simfoniyasini tasavvur etish mumkin emas.

Olis viloyatda yashab ijod qilganiga qaramasdan, M.Abdulhakim ona sayyoramizning har bitta jilvasida ming bitta dunyo ko‘ra olgan iqtidor sohibi edi. Shoir “Yolg‘iz yaproq” (she’rlar, doston) kitobchasida “Bog‘” va “saroyga” qiyoslangan sayyoramizni “gulim” deb erkalaydi. Bokira tabiatga nisbatan shafqat qahat bo‘lganligini ko‘rgan lirik qahramon qalbi daraxtdan ajrala olmagan – o‘z ibtidosiga bog‘liq barg kabi titraydi. Sohir tabiat go‘zalligini shoir o‘zicha, tamomila yangicha ohanglarda kashf etadi: “Mening hech kimim yo‘q bahordan boshqa”, deb yozadi. Atigi bir misradayoq tug‘ilish, yashash va hayotning teran ma’nosi haqidagi shoir estetik ideallari mujassam.

Xullas, badiiy asar ijodkor va borliq munosabatidan yuzaga keluvchi mahsulot, adabiyotda eng kam o‘zgaradigan narsa esa mavzudir. Chunki har bir qalamkash o‘z-o‘ziga beradigan: “Men kimman?” degan savoldan tashqarida bironta mavzu bo‘lishi mumkin emas. Badiiy ijod tabiati mazmunan o‘zgarar ekan, u o‘ziga xos shakl, obrazlar olami va ifodaga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun hamisha yangi janrlar vujudga kelgan, takomillashgan yoxud iste’moldan chiqqan. Ayni paytda, har bir alohida janr tabiatida muttasil sifat o‘zgarishlari sodir bo‘lib kelgan. Badiiy ijodda individ roli muttasil ortib borar ekan, muayyan janr an’anaviy kanonlari haqida gapirish o‘rinsizdir. Zotan, janr xususiyatlari konkret asar va uning tabiatiga ko‘ra namoyon bo‘ladi. Mustaqillik davri adabiyoti janrlar tizimi rang-barang bo‘lib borayotgan ekan, bu mavjud an’analar o‘zlashtirilayotgani va adabiy aloqalar faollashgani natijasidir. Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti milliy badiiy-estetik tafakkurning harakatdagi bosqichi. Binobarin, hali muttasil o‘zgarishda bo‘lgan janr kanonlarini qat’iy belgilash va janrlar sistemasi haqida tugal nazariy qarashlarni ilgari surish mumkin emas. Demak, gap janr badiiy voqelikni tashkillash printsiplari (poetik matritsa)ning eng umumiy, nisbatan turg‘un estetik belgi-xususiyatlari haqidagina bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy-ruhiy voqelik va borliqni yaxlit idrok hamda poetik ifoda etayotgan so‘z san’atkori adabiy-badiiy an’anadan tashqarida harakat qilolmaganidek, uning doirasida qolib ham ketolmaydi. Chunki ildiz, daraxt tanasi, shoxlari, bargi va mevasi har biri alohida-alohida moddiylik. Hatto har bir yaproq bir-birini zinhor takrorlamaydi. Ammo asl mohiyat ildizda. Zotan, mustahkam va teran tomir bo‘lmasa, yuqorida sanalganlarning birontasi ham mavjud emas. Binobarin, biz botin nigohimizni tomir rishtalaridan uzmagan holda, har yaproqda ko‘ringan, har qatrada jilvalangan olam atrofida charx urayotgan barcha olamlarni idrok eta olishimiz lozim. Shunday ekan, uslub quruq yerda paydo bo‘lmaganidek, u yangilanmas ekan, ijodiy individuallik ham mavjud emas. Demakki, konkret o‘quvchi tafakkur darajasi va estetik didiga mo‘ljallangan yashovchan asar ham yuzaga kelmaydi.

Ijodiy tafakkur va ruh erkinligi doimo maqsadli, anglangan va, binobarin, cheklangandir. Adabiyot-san’at o‘z tabitiga ko‘ra ijtimoiy, dunyoni badiiy-estetik qabul qilishi va ifoda etishiga ko‘ra hamisha moderndir. Shunday ekan, hech bir milliy adabiyot hech bir davrda keng ma’nodagi “sintez”dan xorij bo‘lolmaydi. Milliy poetik tafakkur hosilasi bo‘lgan bizning bugungi adabiyotimizda hech qanday “izm” yo‘q va bo‘lishi mumkin emas. Agar mavjud bo‘lsa, u o‘zbekizm degan dilimizga yaqin ifodadir. Binobarin, o‘zbek adabiyoti har bir yaratig‘ida mavjud an’analar negizida turib o‘zini fikran, ruhan, ifodaviy jihatdan yangilaydi. Shu tariqa milliy-estetik tafakkur jahoniy miqyoslar sari kengayib, tozarib boraveradi. O‘z navbatida, dunyo adabiy-estetik fikrini ham muayyan darajada o‘zgartiradi.

3. Har qancha libosi mavzun kiydirilmasin, milliy adabiyot pirovardida ota-bobolarimiz o‘lmas obidalarida bitib qoldirgan, muqaddas kitoblarda keladigan javoblar durustligini tasdiqlaydi. Chunki har bir avlod badiiy-estetik ongiyu qalbi o‘z insonlik mohiyatini anglash, his qilish sari yo‘nalgandir. Har bir ijodkor o‘z “men”ligi ko‘ngil hollari, shuuriy miqyoslari qamragan hududlarni mahorati darajasiga ko‘ra ifodalaydi. Demak, gap an’anaga kiydirilgan libos nechog‘lik yarashiqli, fikr va tuyg‘u qamrovi miqyoslari qanchalik eniga, bo‘yiga o‘sgan, teranlik kasb etganligi haqida bo‘lishi mumkin.

4. Ijod va ijodkorlik mavjud ekan, adabiyotdagi “jang” biror muddat to‘xtashi mumkin emas. Poetik mahorat amaliy tajriba asosida o‘zlashtirilishiga qaramasdan, asl iste’dod va iqtidor Yaratganning inoyati – yolqindan ulug‘ qalbga tushgan shu’la. So‘z – tinglovchiga muhtoj qalbning o‘z hollari haqida qardoshi bilan muloqoti. Uning nogahoniy tarzda yorishgan ko‘nglidagi zavq va hayrati, xayol va xotirasi, nomai a’moli haqida Tangriga munojoti. Daho so‘z san’atkorlari aytganidek, panjasiga panja urmoq ma’nosida qalamning a’moli kurashdan iborat. Binobarin, mazkur kurash muayyan g‘oya va ijtimoiy manfaatlar himoyasidangina iborat emas. Chunki ijod – ko‘ngilga tushgan urug‘ nish urishi, ongdagi fikr va qalbdagi his-tuyg‘ular asrori, alohida inson muhabbati hamda iztirobli adashuv va tazarrulari bayoni. Ijod ruhda tug‘ilgan kayfiyat va hayrat ifodasi ekanligi uchun, chinakam ijodkor hayoti o‘z asarlari tarkibiy qismidir.

Mustaqillik yillarida dunyoni badiiy-estetik qabul qilish mezonlarimiz, poetik zavqimiz shiddat bilan o‘zgardi. Dunyoni ramz va ishoralar tilida idroku ifoda etishga intilish kuchaydi. Zohiran bir-biriga unchalik bog‘lanmagan mohiyatga ishora qilish va kitobxon qalbu tafakkurini o‘sha ishoralar bilan muloqotga chorlab, uning sezimlariyu ongiga ta’sir etish orqali anglamlarini shakllantirishga urinish kuchaydi. Bunday yaratiqlarda muallif ongu ruhoniyatidan ibtido olib aks­lanayotgan mohiyat individual kitobxon faol ishtiroki, badiiy-estetik balandlik darajasiga ko‘ra turli rakurslarda bo‘y ko‘rsata boshladi. Chunki endilikda, odam bolasi bosib o‘tgan tafakkur yo‘lini fikran va xayolan kechinmoq voqelikni qahramon botiniga ko‘chirdi. Shu bois, muayyan asar salmog‘i ham o‘quvchi ichki nigohi nechog‘lik teran hamda didi qanchalar ingichkaligigiga bog‘liq tarzda namoyon bo‘la boshladi. Adabiy qahramon va muallif xayol-xotira-tush-reallik sintezidan iborat borlig‘ini qayta kechinish akti o‘quvchi faol harakatini taqozo etmoqda. Zamon va makon tig‘izligi majoziylikni ifodaga ko‘chirishni zarurat darajasiga ko‘tardi.

5. O‘tgan asrning 60-80-yillaridayoq Yevropa o‘z badiiy madaniyati mazmuniy o‘zgarishlarini qayta fikrlashga ehtiyoj sezgan edi. Shubhasiz, postmodernizm poetik tafakkurga u yoxud bu hodisa o‘z ichki sabablariga ko‘ra (spontan) yuzaga kelishi, sub’ekt va tasodiflarga alohida e’tibor qaratish kabi katta imkoniyatlar olib kirdi. Uning haqiqati benihoya ko‘p (variativ) va sub’ektiv. Dunyo anglanuvchi sub’ekt (plyuralistik borliq). Predmet va hodisa mikrotahlil qilinishi, matnni tushunish muhimligi haqidagi aksariyat qarashlari asosli. Chunki muayyan asarda tasvirlangan voqelik mohiyati avvaldan mavjud estetik kanonlar asosida emas, balki munosabat negizida anglanadi. Biz ularni ko‘rish va his qilish asnosida tafakkur qilamiz. Demak, nuqtai nazar rakursni belgilaydi. Nuqtai nazarlar qancha bo‘lsa, asardagi voqelik ham shunchadir.

Biroq postmodernizm hozirgi tsivilizatsiya ijtimoiy-madaniy va falsafiy asoslari (ratsionalizm, tarixiylik, ob’ektivlik, mantiqiylik, makon va zamon, qadriyat, an’ana, tajriba va boshqalar)ga tanqidiy refleksiyadir. U turlicha qarashlar: marksizm, nitsshechilik, freydchilik qorishmasidan iborat (ekliktik) murakkab jarayon. Postmodernistik in’ikos umumiylik mumkin emasligini isbotlash, metafizikani inkor qilishga yo‘naltirilgan. U inson intilib kelgan barcha narsalarni sarob deb biladi. Shu ma’noda, uning “manifesti” bizning klassik falsafiy tushunchalarimiz, Haq va haqiqat haqidagi e’tiqod-maslagimizga mutlaqo ziddir. “Modern”, “post yoxud postpost modern” kayfiyat bir vaqtning o‘zida barcha sohada, millat tafakkuri va ko‘nglida kechuvchi jarayon. Aslida, bizda bunday hodisa sodir bo‘lmadi. Aksincha, realizmning izchil kengayishi doirasidagi uslubiy “o‘zlashtirish”largina kuzatildi.

Bizningcha, har bir milliy adabiyot muayyan zaminda bir paytlar yashagan hamda hozirda umrguzaronlik qilayotgan xalq turli qatlamlari ma’naviy-ruhiy olami ko‘zgusidir. Shubhasiz, jahon adabiyoti ilg‘or an’analariga xos adabiy shamollar epkini erkalamagan har qanday biqiq adabiyot o‘z tasvir usul-vositalarini yangilay olmaydi, yashovchanligini yo‘qotadi. Ammo o‘z zamini nasimlarini tashuvchi milliy qiyofaga ega qahramonlari mo‘ralab turmagan, ular bezovta qalb va qiyofalari ro‘yi rost aks etmagan adabiyot ham estetik ta’sirchanlikdan mahrumdir.

Shukurki, milliy adabiyotimizda yuzaga kelayotgan an’anaviy va noan’anaviy asarlar xoh real, hoh noreal tarzda bo‘lsin, inson mavjudligini olam uyg‘unligi negizida yangicha rakursda idrok etmoqda. Milliy roman taraqqiyotining ayni bosqichida yaratilayotgan aksariyat asarlarda reallik va irreallik sintezlashmoqda. Masalan, Muhammad Alining an’anaviy yo‘sinda bitilgan “Ulug‘ saltanat” tetralogiyasini mif, ertak, doston singari janrlar va tush motivi tabiatida kuzatiluvchi xayoliy noreal tasvirlaru ramziy ifodalardan ajratib tushunish qiyin. Chunki bu o‘rinda adib an’anaga yangicha yondashib, narsalarning milliy qahramon tiynati va umuminsoniy mohiyatiga monand jihatlariga e’tibor qaratgan. Umuman, o‘zbek romaniy tafakkuri xalq hayot tarzi, ma’naviyatu e’tiqodi talabi, benihoya rangdor xayoloti, ruhi hamda fikrlash tarzi dominantligi zaminida dunyoviy shakllarda olamu odamga munosabatini o‘zgartirmoqda. O‘zbek romannavislari ilg‘or avlodi insonning o‘z Yaratuvchisiga, dunyoga, jamiki mangu va hududsiz narsalarga munosabatini ifodalashga intilishmoqda.

6. Zavqli ifoda va o‘ziga xos shakllarning ildizlari toshbitiklar qadar qadimiy. Qolaversa, bizga notanishday tuyulayotgan aksariyat shaklbozliklar jahon adabiyotida qachonlardan buyon mavjud an’analar “o‘zlashtirilishi”, xolos. Bugun ba’zan tarjimalarni ixtiro tarzida taqdim qilishdan andisha qilmaslik hollari ham kuzatiladi. Umuman esa, ”o‘ynab aytsang ham, o‘ylab ayt”, deganida dono xalqimiz har narsada me’yor bo‘lishi lozimligini nazarda tutgan. San’atkorona tasvir, munosib ifoda, maqbul shaklning fikr jozibasiga xizmat qilishini unutmagan. Binobarin, ezgu niyat so‘zga, so‘z amalga ko‘charkan, ibtidosi ezgulik ekanidan roz aytguvchi nafosatli so‘zgina dardmand dillarga go‘zallik va zavq ulasha oladi.

7. Bilish sub’ekti sanaluvchi tanqidchi faoliyati natijasi bo‘lmish talqin badiiy matn zohiridan botiniga tomon tobora chuqur yo‘naltirilishi va unga to‘la muvofiq kelishi lozim. Munaqqid xohish-irodasiga mavqe’ berilgan nuqtada xolislik barbod bo‘ladi, umumestetik me’zonlar buziladi. Demak, tanqidchining bilim, qobiliyat, qurb va imkoniyatlari har qanday manfaatdorlikdan yuksak turishi uning shaxslik darajasi, iymon-e’tiqodiga bog‘liqdir. Sharq falsafiy-estetik tafakkuri uqtirishicha, insonning bandalik maqomida “xom sut emgan”lik bor. Shu boisdan, chin hakamlik qilish uning a’moli emas. Zotan, odam bolasi o‘z ruhiy bilimlari bilan ob’ektlarga xos cheksizlikni qamrashi imkondan xorij. Inson ongi mutlaq g‘oyaning tarkibiy qismi. Binobarin, qismning butun haqidagi fikri ohista va vazmin bo‘lishi zarur. Demoqchimizki, chinakam badiiy asarda ijodiy ilhom onlariga daxldor ma’naviy-ruhiy balandlik moddiylashadi. Unga bildirilayotgan munosabat tanqidchigagina emas, balki umuminsoniyat manfaatlariga zid bo‘lmagan millat, jug‘rofiy makon, mintaqa, din, e’tiqod va jamiyatga daxldordir. Bugungi kunda ana shunday ijtimoiy-estetik tafakkur uslubining tobora barqarorlashayotgani kishini quvontiradi.

Albatta, barcha munaqqidlarimiz ham o‘z xohish-istaklarini yengib o‘tishga qurb topyapti, deyish qiyin. Nachora, ijtimoiy-axloqiy mohiyatni o‘zida mujassam etuvchi individ sifatida alohida shaxs bo‘lib shakllanish jarayoni jo‘ngina hodisa emas. Agar munaqqid tig‘iz munosabatlar tizimi bilan qamrab olingan qisqa umrida ijtimoiy-tarixiy tajribaga zid borarkan, uning “aqidaparastlik”, “provintsializm”, “avtoritarizm”, “egoizm” singari noxush munosabatlar doirasida qolib ketishi, o‘z manfatlari quli va boshqa turfa illatlar qurboniga aylanishi tayin. Eng achinarli jihati shundaki, bundaylar nazdida fazilatlar nuqson, nuqsonlar esa fazilat bo‘lib ko‘rinadi.

Adabiy jarayonda an’ana va novatorlik o‘rtasida dialektik aloqa mavjud. Zotan, har qanday badiiy-estetik yangilik adabiyot taraqqiyoti ichki omilini ta’minlashi, badiiy tafakkur rivojiga sezilarli ta’sir etishi va nihoyat, an’anaga aylanishi bilan xarakterlanadi. Demak, iste’dodli so‘z zargari o‘z davri uchun muhim badiiy-estetik ehtiyojlarni chuqur his etadi. Ular ma’naviy-ruhiy olamida bergan aks sadolarni tinglar ekan, an’anaga ehtiromli munosabatda bo‘ladi. Shu asosda mazmuniy, shakliy, ifodaviy, janriy, ritmik-intonatsion va boshqa novatorliklar yuzaga keladi. Illo, adabiyot rivojini vorislik bilan bir qatorda, poetik fikr va tuyg‘u harakatining yuqoriroq shakl va ifodasi sari talpinish belgilaydi. Demak, ijodkor shaxsini belgilovchi uslub kategoriyasi shunchaki poetik inkor emas, balki mohiyatan inkorni inkor qonuniga asoslanadi.

Shaxsan men yuqoridagi qonuniyatdan xorijda qandaydir eski va yangilar kurashi mavjudligini bilmayman. Har bir yangi yaratiq betakror tili va uslubiga egaligi bilan originallik kasb etadi. Qolaversa, “adabiy an’ana” degani “ijodiy faoliyat uchun namuna bo‘la oluvchi qaymoq qism” ni anglatadi. Bugun o‘tmish adabiyotiga ijodiy munosabat nisbatan follashuvi, jahon poetik tafakkuri sari yuz burish jadallashuvi pirovardida salaflar tajribasini o‘zlashtirish dolzarblashgani belgisidir. Adabiy jarayonni kuzatayotgan har kishi yaxshi biladiki, hozirgi o‘zbek adabiyotiga bir necha avlod vakillari samarali ulush qo‘shib kelishmoqda. Bizda taqir yerda bunyod bo‘layotgan adabiyot mavjud bo‘lmaganidek, vorisiylikka bog‘lanmagan, yutuqlarni ijodiy o‘zlashtirmagan avlod ham yo‘q. Bordiyu shunday hodisa sodir bo‘lsa, adabiy qiyofasizlik yuzaga kelardi. Adabiy an’ana zamini bo‘lmagan (xususan, realizm yoki romantizm bag‘rida kurtak­lari yetilmagan) birorta “begona” janr, uslub, adabiy yo‘nalish yoki oqimning bizda ildiz otishi, milliy adabiyotni boyitishi va transformatsiyaga uchrashi mumkin emas. Kimki o‘zi mansub bo‘lgan adabiy maktab, kengroq ma’noda adabiy yo‘nalish dasturi, milliy adabiyotimiz rivoji mohiyatini chuqurroq anglab yetmagan taqdirdagina g‘oyaviy-estetik qarashlari, ijodiy printsiplarini mutlaqo yangilik deb bilishi mumkin.

9. Adabiyot ko‘ngil sokin burjlariga safar asnosidagi birinchidan: tuyulgan qanoat, sog‘inilgan erk, ezgu niyat, munavvar orzu, totli entikish, samimiy izhor, beg‘araz ishonch, beta’ma muruvvat, beadoq umid, betimsol sabr, kechikkan tazarru, fuzun xayol, najotkor taskin, musaffo kulgu. Ikkinchidan: bezovta o‘y, shikasta izhor, so‘ngsiz qayg‘u, g‘amgin iztirob, ezg‘in nola, adoqsiz nafrat, ma’yus xotira va hokazolardir. Har ikkala holatda ham bu maskan yurak amri, dil istagi hamda his-tuyg‘u, kechinmalar manbai bo‘lgan ko‘ngilga daxldordir. Ado etilishi majburiy bo‘lgan vazifa – burchni o‘tamoq “majburiy”ligi va ko‘ngil tilaklariga sadoqat o‘rtasida ziddiyat mavjudmi. Albatta, insoniyat tarixida sobiq sho‘rolar tuzumi singari qalam ko‘ngil istagiga ko‘ra yurmaydigan davrlar ham bo‘lgan. Ammo men jadid adabiyoti vakillari o‘z ko‘ngliga zid borib, davr taqozosiga ko‘ra yashab o‘tganligiga ishonmayman. Chunki jadidchilik mohiyatan ko‘ngillarda kurtak yozib, so‘ng adabiyot va jamiyatga ko‘chgan. “Kecha va kunduz” misolidayoq ayon bo‘ladiki, Cho‘lpon o‘ttizinchi yillarning ikkinchi yarmigacha zahmatidan qanoat tuymay qalam surmagan. Sh.Rahmon “rubobiy” she’r­larni orzulashi esa kontseptual fikr-tuyg‘u emas, balki oniy kayfiyatdir. Demak, gap maslak ijtimoiy negizining umuminsoniy, milliy va ko‘ngilga yaqin mohiyatiga daxldordir. Nazarimizda, realizm doirasida iste’dod bilan bitilgan chinakam badiiy asarlar uchun bunday dualistik haq talashishlariga ehtiyoj yo‘qday ko‘rinadi.

10. “Jiddiy” va “omma” adabiyoti degan tushunchalar qalam ahlini iste’dod va iste’dodsizlarga, poetik fikr va ifoda tarziga mas’ullar va mahsulotni sotishni ko‘zlovchilarga, kitobxonni ham xoslar va avomga ajratib qarashni taqozo etadi. Bunday qarash ilgarilari ham mavjud edi. Qizig‘i, o‘sha paytlarda folklor asarlari ommaviy bo‘lgani holda, bundan hech kim, hech qachon nolimagan. Anglashiladiki, taraqqiyot shiddati, fan va texnika rivoji ommaviylik mazmunini o‘zgartirgan. Shunday ekan, gap birinchidan, adabiy ta’limga e’tibor, kitobxonlik saviyasini oshirish orqali intellektual o‘quvchilar miqdor va sifatini yanada yuksaltirishga kelib taqaladi. “Xos”lar salohiyatiga shubham yo‘q. Ammo hozircha ularning “aristok­rat” va “elita” emasligini e’tirof etib, ommadan o‘sib chiqqani holda, unga yanada yaqinroq bo‘lishni tuzukroq eplashga jur’ati yetmayotgani ham ma’lum. Zotan, jiddiy adabiyotu san’at taraqqiysi va targ‘iboti xushyor jamoatchilik himoyasiga muhtoj. Buni teran his qilib, ishlarni shunga muvofiq tarzda yo‘lga qo‘yish bugungi kun tartibidan tushgan emas. Ikkinchidan, muttasil rivojlanishda bo‘lgan poetik tajriba kitobxon didini yuksaltirish, nafosat tuyg‘usini o‘stirish asnosida madaniy aurani mustahkamlay boradi. “Engil adabiyot”da me’yor masalasi anglab yetiladi. Shunisi aniqki, “ko‘ngilxushlik” ko‘ngilni bezdiradi ham. Zamon, qalb, tafakkur ko‘zgusi bo‘lmish badiiy til alohida asarlar va alohida adib uchun xos hodisa. So‘z munosabat vositasi, uni his etmoq esa, estetik did kamoloti bilan bog‘liqdir. Milliy chizgilar yorqin ifodalangan asarlarni sun’iy adabiyotga qarshi qo‘yish, adabiy jarayonda kuzatilayotgan chuchmallik va yalang‘och tasvirlardan ilmiy-adabiy iqlim va jamoatchilik ixlosini qaytarish yo‘lida urinishlar izsiz ketmaydi. Adabiy jarayonda kechayotgan bu kabi tozarishlar qalam ahli davr solnomasini yaratishdagi o‘rni, so‘zga ergashish mas’uliyatini anglayotgani, bu borada yig‘ilib qolgan adabiy-estetik muammolarga jiddiy e’tibor qaratayotgani, ijodkor shaxsiyati, ma’naviy intizomiga xos izchillikka intilayotganini ko‘rsatadi. Afsuslar bo‘lsinki, qalam ahli ijod labaratoriyasiga olib kiruvchi bitiklar bizda nisbatan kam. Ustoz so‘z san’atkorlari mahorat maktabi va e’tiroflariga bo‘lgan ehtiyoj esa g‘oyat beqiyosdir.

Umuman, men kitobsevar xalqimiz avom emasligi, adabiyotga munosabat muammosi ijobiy hal etilishiga ishonaman. Ijodkorlikka da’vogar kimsa milliy va umuminsoniy mohiyatda his qilgan haqiqatlarini inson qismati orqali ifoda etish, kitobxonlar tafakkurini poklash, ruhiyatini ingichkalashtirishdan muhimroq vazifasi yo‘qligini anglamog‘i zarur. Demak, qizg‘in faoliyat mahalida sustkashlik va xayol surishdan fidoiyligu shijoat afzalroq.

 

Abdunabi Hamro javoblari:

1. Men, garchi adabiyotshunos olim yoki tanqidchi bo‘lmasam ham, bir qalamkash sifatida jurnal sahifalarida ko‘tarilgan masalalarga o‘z munosabatimni bildirish, shu bahonada ko‘pdan o‘zimni o‘ylantirayotgan fikrlarni o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashishni niyat qildim. Avvalo, bugungi kun uchun juda zarur masalalar o‘rtaga qo‘yilganini ta’kidlashni istardim. Endi bugungi adabiy avlod masalasiga kelsak, menimcha, u ­bor va imkon qadar ijod qilyapti. O‘zingiz aytganingizdek, har bir yangi adabiy avlodning o‘z kredosi bo‘ladi. Bo‘lishi zarur ham. Bo‘lmasa, u “adashgan avlod” yorlig‘ini taqishga majbur. Nazarimda, nafaqat bugungi adabiy avlodning, balki barcha zamonlardagi qo‘liga qalam tutgan ijodkorning oldida bitta savol turadi: nimani yozish kerak va qanday yozish kerak? To‘g‘ri, davr evrilishlari yozuvchi yoki shoirni ba’zan publitsistikaga boshlaydi, u “charx avzoyi”ga qarab, pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Ammo zamona qay tarzda turlanib tuslanmasin, ijodkorning asosiy vazifasi o‘zgarmay qolaveradi: u inson ko‘ngli va ruhini tadqiq etishga majbur. Aslida, Adabiyotning zarurati nimada, so‘z san’ati kerakmi o‘zi? Albatta, kerak! Uning zarurligi shundaki, u Tangrining qudrati bilan odamzod ko‘nglining tubida, ongosti dunyosi qa’rida yashirinib yotgan yovuzlik unsurlarining urchib, yuzaga chiqishiga, olamni zulmat qoplashiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Barcha davrlarda ham uning eng asosiy vazifasi insoniyatni ezgulikka yetaklash bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishi kerak.

Bugungi adabiy avlod ijodi ham bundan mustasno bo‘lmasligi kerak. Badiiy so‘z qimmati, qudrati va uning mas’uliyati o‘zgargani yo‘q. To‘g‘ri, so‘z va mushohada erkinligi masalasida bugungi qalamkash o‘zining salaflaridan peshonasi yorug‘roq, buni qadrlash kerak. Qolaversa, har bir avlod oldida ko‘ndalang turgan muammolar bugun ham mavjud. Bugungi qalam ahlining asosiy burchi, menimcha, go‘zal fikrni go‘zal tarzda aytish, shu orqali o‘quvchilar dilida estetik zavq uyg‘otishgina emas, ana shu imkoniyatlarni bergan zamonni avaylab asrash hamdir. Tinchlik va ijod imkoniyati bo‘lmagan joyda ko‘p narsaga erishib bo‘lmaydi. Xulosa shuki, ijodkorlar mansub bugungi avlod oldida ham yaxshi yozish, shu orqali o‘quvchida hayrat uyg‘otish, ko‘ngil va ruhiyat qatlamlaridagi sirlarni ochish, shundoq ham g‘amzada bo‘lgan dunyoni odamzodning yovuzligidan ogoh etish, uni hushyorlikka chorlash vazifasi turibdi.

2. “Izm”lar hamisha bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Lekin odamzodning fe’li shunaqa: u bir xillikdan tez zerikadi, yangi va qiyinroq mushkulotlar axtara boshlaydi. Nazarimda, turli adabiy oqimlarning paydo bo‘lishida nafaqat ijodkorlar, barcha zamonlardagi hukmron mafkuralar ham o‘z “hissa”larini qo‘shishgan. Sotsrealizm bunga misol bo‘la oladi.

Rang-baranglik avlod degan tushunchani aslo inkor etmaydi, hayotda har kim suygan oshini ichadi. Dunyoni badiiy-estetik idrok etishda yakranglik bo‘lmasligi kerak, aslida. Agar shunday holat yuz bersa, bilingki, qaysidir oqim hukmronlikka erishib, boshqalarining ovozini bo‘g‘ishga bel bog‘lagan. Har bir inson, jumladan, ijodkor ham, shaxs, individ ekan, u dunyoni o‘zgalardan ayricha tasavvur etadi va o‘z bilganicha fahmlab, uning aks-sadosini ko‘ngliyu ruhiga o‘ziga xos tarzda qabul qiladi. Bir xil fikrlaydiganlar, dunyoni bir rangda ko‘radiganlar jamiyati yo mustabid saltanat va yoxud biorobotlar mamlakati bo‘ladi. Bu fikrlar esa “bugungi adabiy avlod” degan tushunchani aslo inkor etmaydi, aksincha, imkoniyatlarga boy avlod shakllanib kelayotganini tasdiqlaydi, xolos.

3. “Haqiqiy adabiyotda har ikki olamga ishora bo‘lmog‘i va, eng muhimi, bunday adabiyot har ikki olamdan turtki olib yaratilmog‘i kerak…” Ulug‘bek, bu mening ayni ko‘nglimdagi gap. Mana shu fikrning o‘zi janrlar va adabiy oqimlar o‘rtasidagi Xitoy devorining nurab borayotganini ko‘rsatmaydimi? Modomiki, o‘n sakkiz ming olam mavjud, Inson esa koinot gultoji ekan, nega biz hamon bu “gunohkor zamin”dan yiroq ketolmayapmiz? Nega hanuz “mistika, fantastika” deb, ayrim asarlarga, ularning mualliflariga bepisand qaraymiz? Alpomishning o‘n to‘rt botmonli, paykoni tog‘ cho‘qqisini o‘pirib ketgan parli yoyi lazerga, Go‘ro‘g‘lining qindan chiqqanda qirq gaz cho‘ziluvchi shamshiri fantastik asarlardagi qurol-neyroblasterga ishora emasmi? Hazrat Navoiy “oynayi jahonnamo” orqali nima demoqchi edilar? Uzr, sezib turibman, siz ko‘proq ruhiy olam kashfini nazarda tutgansiz, men biroz “maydalashdim”, lekin baribir… Esimda, Markesning “Tanholikning yuz yili” asarini ilk bor o‘qiganimda “Nega kitobning boshiga uning fantastik roman ekanligini yozib qo‘yishmabdi?” deya hayron bo‘lganman. “Don Kixot”, “Gargantyua va Pantagryuel”, “Graf Monte Kristo” singari asarlarga bugungi “kompyuterlashgan avlod” bolalari ishonmasa, ajablanmaslik kerak. Ammo biz ishonamiz, shu bois ham ular asrlar bo‘yi yashab kelyapti.

Shoh Mashrab aytmoqchi, “onqadar nurga to‘lib” yozsagina, ijodkor “Toq, Arsh, Kursiyu Lavh”ni xuddi ro‘parasida turgandek ko‘ra oladi. Biroq taassufki, bobomeros hadik, mo‘jizaga ishonmaslik va hayratning so‘ngani yo‘limiz, qo‘limizu tilimizni bog‘lab turibdi hamon. Ko‘ngil uyini yaxshilab tozalash kerak, shekilli… Ulug‘lar ham bu maqomga birdaniga erishmagandirlar, shunday ekan, turli eksperimentlar qilayotgan yoshlarni tushunishga urinish lozimmikan, deb o‘ylayman.

Gollivud filmlaridan birida (bosh rolni Jet Li ijro etgan) bir shaxsning bir necha yondosh olamlarda mavjudligi, faqat parallel dunyolarda uning kasbi, fe’l-atvoriyu maqsadi turlicha ekanligi haqida hikoya qilinadi. Mana koinot teranligi, mana sizga tiriklik jumbog‘i… Menimcha, odamzod – sirlarning ham siri, uni kashf etish uchun har qanday vosita o‘zini oqlaydi. Aslida, ilohiyot, falsafa, adabiyot, san’atning maqsadi kabilar INSONNING KIMLIGINI BILIShga qaratilgan emasmi? Shunday ekan, tush ham, ongosti dunyosidagi informatsion qatlam, ya’ni ajdodlar xotirasi ham, bashoratu karomatlar ham “Qaydan keldigu qayga keturmiz?” deya boshini changallab turgan insonni anglashda va anglatishda ijodkorga ko‘mak berishi aniq.

4. Bu haqda, xuddi boshqalar kabi, men ham ko‘p o‘ylayman. Bir qarashda, adabiyot bugun ham Ezgulikning yonida turib, Yovuzlikka qarshi kurashayotgandek. Adiblar umuminsoniy g‘oyalarni tarannum etib, asarlar bitishyapti, ijobiy qahramonlarni o‘quvchilarga ibrat qilib ko‘rsatishmoqda, kimlardir ana shu asarlardan tegishli xulosalar chiqarayotir. Bular bari yaxshi, albatta. Biroq bugun ko‘p takrorlanayotgan bir faktdan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi: ko‘chaki qissaxonlik (bulvarnaya chtivo) “Men haqiqiy adabiyotman!” degan da’vo bilan chiqmoqchi. Haftasiga bitta “kitob” chiqarib, o‘zini Tolstoy sanaydiganlar ko‘payib borayotir. Chinakam detektivning ko‘chasini yetti mahalla naridan aylanib o‘tadiganlar o‘zlarini ushbu janr qiroli hisoblab, “sariq matbuot” sahifalarini to‘ldirishmoqda. Va, eng yomoni, yoshlarning ko‘pchiligi aynan shunaqa bitiklarni haqiqiy adabiyot, deb o‘ylashyapti. Bu – juda xavfli holat. Bu – “ommaviy madaniyat” tegirmoniga suv quyishdan boshqa narsa emas.

Endi chinakam milliy adabiyot kimning yonida ekanligiga kelsak, menimcha, u faqat va faqat inja so‘zni teran tushunadigan, zavqi baland, hayratlari tirik va yaxshilikning g‘alabasiga ishonadigan o‘quvchilar yonida turishi lozim. “Men o‘z so‘zim bilan dun­yoni o‘zgartira olaman!” deb ishonch bilan yozadigan adibga ishonadigan o‘quvchi hamisha topiladi. To‘g‘ri, chin adabiyot muhibi ham, “sariq matbuot” shaydosi ham xalqqa birdek mansub, ammo adabiyot o‘z qadrini bilganlar bilan birga bo‘ladi. Demak, adabiyot bugun Ezgu Niyatning yonida. Nima uchun? Chunki go‘zallik juda nozik bo‘ladi, u hamisha muhofazaga muhtoj. Ana shu tolmas muhofiz esa Adabiyot deb ataladi.

5. Postmodernizm hali o‘zbek milliy adabiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgani yo‘q, menimcha. Ikki-uch romanu qissa, besh-o‘nta hikoya bilan uning ta’sirini yaqqol anglash qiyin bo‘lsa kerak. Ehtimol, men yanglishayotgandirman, biroq har qanday adabiy oqim, avvalo, makon izlaydi. O‘zining milliy mentalitetidan butkul ayrilib, arosatda qolgan biror millat umrguzaronlik qilayotgan hududda ular hosildor zaminga tushgan urug‘dek gurkirab o‘sishi mumkindir, balki. Biroq o‘zbekning boy milliy-madaniy merosi bor, millatning genida o‘ziga xoslik, boshqalarga o‘xshamaslik bor, uning ongosti dunyosida buyuk bobolarning MILLIY merosiga daxldor qadriyatlar yotibdi. Misol: bugun turli estrada guruhlarining shovqin-suronli, jazavaga to‘liq chiqishlariga irg‘ishlayotgan o‘smir qirqqa kirgandan so‘ng albatta “Munojot” yoki “Qaro ko‘zim”ni istab qoladi. Nega? Chunki uning qonida bor bu ishtiyoq. “Suyak suradi” deydi xalq bunday holni. Postmodernizm ham yuqorida aytilgandek, dunyoni va insonni anglashga bo‘lgan urinishlar jarayonida adabiyot duch kelgan bir vosita, xolos. Ushbu oqimda ijod qiladiganlar orasida o‘zim yoqtiradigan ijodkorlar ham talaygina, inkor etmayman. Bahrom Ro‘zimuhammad she’rlarini yaxshi ko‘raman. Lekin uzr so‘ragan holda aytay, nasrda hali postmodernizmga mansub bo‘lgan, yuragimni jizillatgan asarga duch kelmadim. Bilmadim, balki men poytaxtdan olisda yashab, adabiy jarayondan orqada qolgandirman. Ishqilib, agar Mavlono Rumiy va hazrat Navoiy dasturxonidan to‘kilgan ushoqlarni terib va unga biroz rang berib, o‘quvchiga taqdim etayotgan G‘arb nosirlariga ergashish (taqlidchiga taqlid qilish) postmodernizm sanalsa, mening bu oqimga uncha maylim yo‘q. Bir narsani aniq bilaman: oyog‘i milliy zamindan uzilgan har qanday san’at turi halokatga mahkum. Daraxtning bargiga qancha suv purkamang, agar ildizi qaqroq yer qa’rida bo‘lsa, qurishi aniq. Men boshqa oqimlar qatori postmodernizmning ham o‘zbek adabiyotida yashashga to‘la haqqi bor, deb o‘ylayman. Lekin bir kuni kelib uning yetakchi oqim bo‘lib qolishiga ishonmayman.Chunki millat ruhi og‘rinibroq qabul qilgan narsa bu zaminda uzoq yashay olmaydi. Yashagan taqdirda ham e’tibor topishi dargumon.

6. Aslida, “ommaviy madaniyat” degan balo, o‘sha Siz aytayotgan, o‘yinlik xususiyatidan oziqlanmasmikan? Xavfsirashingizga to‘la asos bor, deb o‘ylayman. “Sen o‘ylama, sen uchun boshqalar bosh qotiradi, sen bemalol ayshingni suraver” qabilidagi “imtiyozlar” bera olgani tufayli ham bu makkor “madaniyat” yoshlar orasida tarqalib, tobora xavfli tus olayotir. Lekin ishonamanki, yuksak ma’naviyatli xalq bu kabi o‘tkinchi o‘yinlarga ko‘pda e’tibor ham beravermaydi. Bir ijodkor do‘stimizning “Meni bir yig‘lat!” degan sevimli iborasi bor. SO‘Z bilan, dardli qo‘shiq bilan yig‘lashni istaydi u. Yig‘lab, ruhini poklamoqchi, ko‘nglini bo‘shatmoqchi. Labirint yoki boshqotirma asar bilan odamni yig‘latib bo‘lmaydi, uning asabini egovlash mumkin, xolos. Mashrab bobomiz aytgan gap hamon dolzarb: “Dilda darding bo‘lmasa, dardi sarimni kavlama”.

7. “Bugungi o‘zbek adabiy tanqidi mavjud haqiqatni qay darajada o‘zida aks ettirmoqda?” degan savolga men bir xolis o‘quvchi sifatida “60-70 foiz atrofida” deb javob bergan bo‘lardim. Fikrimni dalillashga urinib ko‘raman: avvalo, Siz aytgan “xolislik darajasi” o‘rtachadan pastroq, nazarimda. Shaxsiy munosabatlar yetakchi planga chiqqandek. Qolaversa, “sizdan ugina-bizdan bugina” degan tamoyil kuchayib borayotir. Agar Falonchiyev o‘z gazetasida Pistonchiyevning hikoyasini chop etsa, Pistonchiyev boshqa nashrda uning asarlarini shedevr darajasiga opchiqib maqtaydi. Ya’ni qo‘l-qo‘lni, ikkovi birlashib yuzni yuvadi. Ikkinchidan, tanqidchilar va adabiyotshunos olimlarimiz faqat poytaxt adabiy muhitini emas, viloyatlardagi ahvolni sinchkovlik bilan kuzatib borishlari kerak, deb o‘ylayman. Men o‘zim viloyatda yashab, ijod qilayotganim uchun bu gapni aytayotganim yo‘q. Aytmoqchimanki, viloyatlardagi yozuvchilar orasida ham baquvvat asarlar bitayotganlari talaygina, ular ham o‘z xolis bahosini olishga haqli. Ularning aybi poytaxtdan olisda yashaganimi?! Ular Toshkentda kitobini chop ettirolmaydi yoki ijorkorlarning ko‘pchiligiga xos bo‘lgan, tabiiy uyatchanlik bois o‘z qobig‘iga o‘ralib yashayveradi. Demak, agar adabiy tanqid nazariga tushmasa, ular orasidan yangi Qahhor yoki Rauf Parfi yetishib chiqsa ham, birov bilmaydi.

Jasoratli adabiy tanqid yetishmayotganligi ham bor gap. Tan olish kerak, aksariyat qalam ahlining tirikchiligi o‘ziga yarasharoq. Lekin “shig‘ir” yozishga havasmand boyvachchalar ham topilib turibdi. Cho‘ntagi qappaygan shunaqalar bir bechora shoirga falon pul berib, kitob yozdiradi, o‘z nomidan chop ettirib, butun mamlakatga tarqatadi. Tabiiyki, shoir bu kitobni naridan-beri, “ko‘nglidan emas, qornidan chiqarib” yozadi. Ana shu “asarlar”ni kim baholashi kerak? Yoki bo‘lmasa, yuqorida aytilgan “detektiv ustalari”ning kitoblari qay tarzda, qachon va kim tomondan xolis baholandi? Men bunday holni uchratganim yo‘q.

8. Yangicha yozish haqida o‘ylash bilan yangicha yozish o‘rtasida katta farq bor. Har bir ijodkor (agar u chinakam, dilda dardi bor ijodkor bo‘lsa) adabiyotni muhabbatga qiyoslaydi, “oni yangortaman” (uni yangilayman) deb o‘ylaydi. Menimcha, bu urinishning tag‘in bir sababi – ijodkor ko‘ngli va ruhiyatidagi buyuklikka bo‘lgan pinhon da’vogarlik. Yashirib nima qildik, ijod kishisining dil tubida, eng yashirin qatlamlarida “men buyukman” degan bema’ni iddao yotadi. Bu tuyg‘u uni chinakam ulug‘lik cho‘qqisiga ko‘tarishi ham, xarob qilishi ham mumkin.

Mamlakat mustaqillikka erishganiga 22 yil bo‘ldi, lekin ko‘pchilik hamon ulug‘ bobolar nomini sanash va ular bilan og‘izda faxrlanishdan nariga o‘tgani yo‘q. “Hoy, baraka topgur, sen o‘zing qaysi ishni qoyil qilib qo‘yding?” deydigan vallomat qani? Menimcha, niyatni yaxshi qilib, belni mahkam bog‘lagan ko‘yi ezgu amallarga urinib ko‘rgan ma’qul. Birda bo‘lmasa, birda nimadir chiqib qolar, axir?!

Davomiylik, vorisiylik ham kerak, aks holda, yangiga mahliyo bo‘lib, milliy zamindan oyog‘imiz uzilishi mumkin. Lekin, menimcha, vorisiylik taqlidga olib kelmasligi shart. Chunki endi ikkinchi Qodiriy ham, Tog‘ay Murod ham tug‘ilmaydi. Adabiyotga “kseronusxa”ning keragi ham yo‘q. Topib aytilgan gap: eskiga suyangan ko‘yi, uning zamirida yangini yaratish. Nazarimda, eng maqbul yo‘l shu.

9. Menimcha, bu o‘rinda masalani unchalik chuqurlashtirishga hojat yo‘q. (Chunki so‘z degan narsa labirintga o‘xshaydi, ko‘paygan sari ko‘proq chalkashtiraveradi). Agar qalamkash o‘z burchini halol bajarsa, uning bitiklaridan loaqal bitta majruh ko‘ngil shifo topsa, demak, u o‘z fuqarolik burchini bajargan bo‘ladi. Ijodkorning ijodi ezgulikka, Vatan ravnaqiga, millat taraqqiyotiga xizmat qilsagina, uning ijodkorlik burchi fuqarolik burchi bilan uyg‘unlashib ketadi.

10. Bu savolning javobiga yuqoriroqda ham to‘xtalgandim. Masalan, san’at misolida olib qaraydigan bo‘lsak, Buxoroda “Shashmaqom” – xoslar san’ati”, “Mavrigi” – omma san’ati”, deydiganlar ham bor. Unda, Navoiy xoslar shoiriyu Yassaviy omma shoiri bo‘ladimi, degingiz keladi. Jiddiy adabiyot va “omma adabiyoti” paydo bo‘layotgani, afsuski, bor gap. Chinakam iste’dod bilan bitilgan asarlarni keng targ‘ib qilish, xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish juda muhim. Nazoratni kuchaytirish, “sariq matbuot”ning tomorqasiga tosh otish bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Haqiqiy adabiyotni “ko‘chaki qissaxonlik”dan himoyalashning yagona yo‘li barchaga birdek manzur bo‘ladigan yaxshi asarlar yozish va ularni imkon qadar targ‘ibu tashviq etishdir.

Muxtasar fikr shuki, chinakam GO‘ZAL BADIIY SO‘Z hamisha ham bo‘yga yetgan qizdek nozik va himoyatalab bo‘lib kelgan. Mezonlar, qadriyatlar o‘zgaradigan, me’yorlar unutiladigan zamonlarda-ku, inchunin. Tarixning burilish pallalarida adabiyotga hamisha qiyin bo‘ladi. Adabiy tanqid o‘z vazifasini bajarishi lozim. Adabiyot o‘zligini asrab qolishi uchun televideniye, radio va internetdan ham unumli foydalanishi kerak.

 

Xursandbek To‘liboyev javoblari:

1. XX asrga kelib, adabiyot o‘zining mavzu-mundarijasini g‘oyat tezlik bilan o‘zgartirib yubordi. Bu kayfiyatga o‘tishning bosh sababi ham G‘arb va Sharq o‘rtasidagi adabiy aloqalar, millatlar va elatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hodisalarning o‘zgarishi natijasida, deb qaraladi. Chunki jadid shoirlari “zamon bilan yashamoqqa”, bir xillikdan voz kechmoqqa shay turdilar. Buning asosiy sababi, avval “doston o‘qib yurguvchi xalq”ni savodli qilishning usul va yo‘sinlarini o‘ylab topdilar. “Turon truppasi” va “Chig‘atoy gurungi” adabiy tashkilotlarining fidoyi a’zolari – jadid shoiru yozuvchilari, munaqqidu muharrirlari o‘zlariga burch deb bilib, sidqidildan bajarishga kirishdilar. Sho‘ro siyosatining g‘ayrimilliy harakatlarini vaqtida teran ang­lab, unga qarshi choralar ko‘ra boshladilar. Nadomatlar bo‘lsinkim, mafkura yo‘rig‘ida qamchi tutgan kaslar xalqning faol adibu ziyolilarini xalqning dushmaniga aylantirib, minglab insonlarni yo‘q qilish payiga tushdilar. Va ular bu maqsadga erishdi ham. 60-yillarga kelib, yangi bir adabiy avlod voyaga yetdi. Ularning nazdida dunyo “tilla baliqcha”ning hovuziga o‘xshab ko‘rinardi. Ularning anglab yetgan komil g‘oyalari jadid adiblarining orzuli maqsadlarini davomi bo‘lib qoldi. 70-yillarda Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sultonov, Erkin A’zam, Ahmad A’zam, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron kabi yozuvchi va shoirlar bu g‘oyalarga yangicha shakl va ifoda bag‘ishladilar. “Bu elning kattakon kunlari ko‘pdir” (Sh.Rahmon), “O‘zingni ayama, beshafqat bo‘lg‘il” (U.Azim) singari satrlari bilan ijod ahliniyu adabiyotsevarlarni o‘ziga jalb qildi. Tez orada 80-yillar avlodi keldi. Tan olish kerak, 80-yillar avlodining ijodi haligacha adabiy tanqid va adabiyotshunoslik tomonidan to‘laligicha o‘rganib bo‘lingan emas. Unda ramziy-majoziy o‘ziga xos ko‘rinishlarni kuzatamiz. Nihoyat, istiqlol davriga kelib, 60-yillar avlodining yirik vakillari E.Vohidov, A.Oripov, M.Ali, R.Parfi, Sh.Xolmirzayev, O‘.Hoshimov o‘z vaqtida orzulab yozolmagan asarlarini yozishga kirishdilar. Shoirlarimiz esa o‘zlari talpingan ideallarni tarannum qiluvchi she’rlarini yozishni davom ettirdi, deyish mumkin. Bu ideal ulkan g‘oya va orzumiz bo‘lgan mustaqillik va uning qadr-qiymatini teran ang­lab yetish tushunchasi edi.

2. Bugun biz yashayotgan dunyo VUCA deb nomlanmoqda. Demak, (volatiliy (beqaror), uncertainty (noaniq), complexity (murakkab), ambiguity (ko‘p qiyofali) o‘zgaruvchan dunyoda ijodkor ham zamon bilan hamnafas bo‘lishga, uning kayfiyatiga, o‘zingiz aytganingizdek, tashhis barmog‘ini pulsiga qo‘yib ijod qilmog‘i kerakka o‘xshaydi, nazarimda. Hamma zamonlarda bir xil “izm”lardan boshqa bir “izm”lar dunyoga kelganidek, zamonaviy ijodkor ham o‘zining iste’dod va fikr salohiyatidan kelib chiqib ijod qilmoqni kun zaruratiga aylantirgan. Shunday qilsagina adabiyotda o‘zining o‘rniga ega bo‘ladi, degan tasavvur yo‘q emas. Chunonchi, barcha “izm”lar mohiyatida – insonni anglash va uning qalbiga yangi mazmun olib kirish, yashashga, hayotga o‘rgatish, qaysidir ma’noda yolg‘izlikdan qutqarish, unga madad bo‘lish, kerak bo‘lsa, hech kim o‘rgata olmagan sir-bilimlarni yetkazishdan iborat. Ayniqsa, yoshlar ijodidagi izlanishlar kishini quvontiradigan darajada emas. Ijodkorda muhim sanaladigan – boshqalarga ibrat, kezi kelganda, ustoz bo‘ladigan fazilatlarning biz qatori yoshlarning ba’zilarida kuzatilmaydi. Nega shunday? Buning juda ko‘p sabablari bor, deb o‘ylayman. Asosiysi – o‘rganish va izlanish. Shuni eplay olmagan havaskordan bundan ortig‘ini kutib bo‘ladimi? Avlodlarni prof. H.Boltaboyev ular yaratgan asar qahramonlaridan izlagan ma’qulmikin, degan taklifni tashlagan edi. Nazarimda, bu bir tomonlama qarash. Adib yaratgan qahramon o‘z qalbining barcha tomonlarini qamrab ololmaydi. Avlodning hal qila oladigan qudrati shundaki, uning yaratgan asarlarini o‘qib, unga muhabbat qo‘ygan zamon kishisi o‘sha avlodning ketidan ergashgan edi bir zamonlar. Bugun har kim “o‘z qalbining kolumbi” (O.Matjon). Ijodiy erkinlikning og‘ir mas’uliyatini unutib qo‘yib, fahsh, nayrangbozlik kabi illatlarni “qahramon” qilib ko‘rsatayotgan “yozuvchi”lar chindan ham misqollab yig‘ilgan qadriyatlarning ildiziga bolta urishmoqda. Bu kabi tushunchalarning toptalishi natijasida insoniyat bora-bora katta muammolarga yuzma-yuz kelmaydimi?.. Xususiy gazetalarga alohida e’tibor bermoq kerak. Unda berilayotgan hikoya va qissalarda shunchalik yolg‘on va firibgarliklarni “asar”ga aylantirayotgan havaskorlar ko‘payib ketdiki, hatto nomlarini ham sanab adashasan, kishi. Chinakam adiblar kuyinchaklik qilayotgan bir paytda bu kabi havaskor qalamkashlar yozgan asarlar bodrab yotsa, ana shundan og‘iri yo‘q. Mayli yozsin. O‘zbek mentalitetiga xos ohangda yozsin. Ularning madaniyatimizni buzishga haqlari bormi?

“Izm”lar rang-barangligi ham adabiyotning taraqqiy qilayotganidan shahodat beradi. Chunki rang-barang, boya aytganimizdek, VUCA dunyosidagi iste’molchi inson o‘zi istagan narsani xarid qilish ilinjida yashaydi. Xususan, kitoblarni tanlab o‘qiguvchi kitobxon bugun negadir detektiv va yasama syujetli kinoqissalarni sevib mutolaa qilmoqda. Buning asosiy sababi, o‘zingiz adabiy suhbatlarda urg‘ulaganingiz kabi, hayotga pragmatik yondashmoqdir. Jiddiy adabiyot va u olib chiqqan mavzular haqida bosh qotirishga vaqtlari yo‘qdek go‘yo.

Yaxshi asarlarni targ‘ib qilishga xizmat qiladigan tadbirlarni yanada kuchaytirish kerak. Bu yilgi “Kitobxonlar bayrami” ko‘rik-tanlovining amaliy natijasi minglab kitobxonlarning soni ortishiga turtki bo‘ldi, deb aytish mumkin.

3. Doim takrorlab yuradiganim Rumiyning ibratli fikri bor, ya’ni “Hamma o‘z ehtiyojlarining yonida yashaydi”, deydi. Ba’zan o‘ylab qolasan: men ham bu dunyoga safar qilgani kelgan insonman, nega o‘zimning iste’dodimdan unumli foydalanib, jamiyatga, xalqqa bir yaxshilik qilish orzusida ikkilanib qolaveraman. Buning uchun inson nima qilishi kerak? Albatta, kitob o‘qish va uqishi lozim. To‘rt misra she’rni yaxshilab yozish uchun necha bor ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Yog‘och o‘yib, ketmon dastak tayyorlash uchun odam qancha kuch sarflaydi. Bularning zamirida insonga umid va rag‘bat bag‘ishlaydigan birdan-bir vosita borki, uning ismi muhabbatdir. Har kim o‘z kasbini teran tushunsa, hunaridan zavq tuysa, hayratlansa, quvonsa, demak, u inson qilgan ishlarining mohiyatida, mag‘zida ezgulik turadi. Har qanday ezgu ish muhabbat tufayli sodir bo‘ladi. “Muhabbatsiz kishi odam emasdir” deganida Nodira shuni nazarda tutgan bo‘lsa kerak! Odamzod har doim o‘zi yaratgan narsalardan zavqlanadi. Ijodkor yozgan asaridan qanchalik xursand bo‘lsa, undan kitobxon shunchalik foyda topadi, o‘zini taniydi, taqdiriga yangi-yangi mazmunlar bag‘ishlaydi. Bularning barchasida yaxshilik va ezgulik mujassam. Balki havaskor adiblar ham bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerakdir. Yaxshi ko‘rgan soham bo‘lgani uchunmi, shaxsan o‘zim adabiyot kishisini uchratib qolsam, undan o‘zimda yo‘q narsalarni o‘rgangim keladi. Albatta, yuragida ezgulik tuyg‘usi bor insondan yomonlik chiqmaydi. So‘nggi paytlari tushga ishora adabiyotlar yaratilmoqda. Tush, bu olamning u olamga safaridir, balki. Nima bo‘lgan taqdirda ham, har ikki olamda inson o‘zining qilgan amallari bilan qadr topadi, siylanadi. Yaxshilik qilsa, albatta, yaxshilik qaytadi, yomonlik qilsa, buning javobi ham yomonlik bo‘ladi. Shuningdek, ijodkor ham o‘z xalqining komil farzandi bo‘lishni istaydi. Biz bu kabi masalalarda yakdillik bilan harakat qilsak, o‘z adabiyotimizning sharafli yo‘llarini davom ettira oladigan avlodni tarbiya qila olamiz.

70-yillar avlodining adabiyotimizdagi qilgan o‘zgarishlari chinakam jasorat namunasi edi. “O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir”, deb Shavkat Rahmonlar avlodi mardona chiqdi. Nazar Yaxshiboyevning achchiq qismatidan so‘z ochgan Murod Muhammad Do‘st elga tanildi. Erkin A’zam, Xayriddin Sultonlarning hikoya va qissalari ma’rifat va ma’naviyatga chanqoq dillarga umid bag‘ishladi. Demak, adabiyot har qancha to‘siq va qarshiliklarga uchramasin, avangard adibu shoirlarimiz botinida o‘tkir so‘zu haqiqatni bilish, anglash va his qilish mezonlari bilan sug‘orilgan yuksak g‘oyalar yashar ekan. Bularni yozish o‘sha davrda nechog‘li qiyin bo‘lishiga qaramasdan, ular baholi qudrat o‘z asarlarida yoritishga harakat qilardilar. Endi mustaqillik yaratib bergan cheksiz ne’matlar, sharoit va yo‘llardan foydalanib, asl adabiyotimizning buyuk kelajagi xususida jiddiy bosh qotirish payti allaqachon yetib keldi. Bu hodisaga oz emas, yigirma yildan oshyapti. Men asl adabiyot yo‘lida fidoyilik qilib, halol ter to‘kib ishlaydigan jonkuyar avlod yetishib kelayotganiga ishonaman. Faqat hozirgi yoshlarga oqsoqol adiblarimizning jindek e’tibori bo‘lsa bas, degim keladi.

4. Bizni o‘rab turgan bu rub’i maskunda ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash abadiydir. Bularning barchasi adabiyot atalmish sirli ko‘chaga olib kirilganda rango-rang­lashib, boshqacha tusda jilvalanadi. Daho Tolstoy o‘z kundaligida ushbu fikrlarni avlodlarga vasiyat qilib ketgandek: “Har bir yozuvchi o‘z asarini qabul qiladigan ideal kitobxonlarni nazarda tutishi zarur. Bunday ideal kitobxonlar nimani xohlashini aniq tasavvur qilish lozim, agar butun dunyoda ikkita shunday o‘quvchi topilsa, – faqat ular uchun yozish kerak.” Tolstoy “ular” deganida adabiyotga fidoiy va undan o‘z qalbiga yaqin ma’no-mazmun qidiradigan o‘quvchini nazarda tutgan bo‘lishi, tabiiy. Darhaqiqat, insoniyat uchun xizmat qilayotgan borliqdagi jonli va jonsiz narsalar hamma zamonlarda – ezgulik va yovuzlikning kurashidan iborat. Hozirgi kunda adabiyotni shu ikki tushunchani targ‘ib va tahlil qilish san’ati desak, yetarli emasdek. Yangi uchinchi ming yillik – texnotron era kishisi adabiyotga bugunning kayfiyatidan kelib chiqib baho bermoqda. Bir paytlar suyumli bo‘lib o‘qilgan asarlarni bugun o‘qisangiz, sabringiz chidamaydi. Chunki adibning muhim gapi kechagi kun uchun g‘oyat suyumli va muhim edi. Bugun esa boshqa bir ma’noga ehtiyoj mavjud. Demak, umrboqiy asarlar har kuni, har lahzada yaratilmas ekan. Ezgulik va yovuzlik targ‘ib qilinardi avvallari. “Nima yaxshi-yu, nima yomon” mazmunidagi odamzodning kundalik tashvishlari bilan bog‘liq she’ru dostonlar juda ko‘p yozilgan. Avvallari kitob o‘qimay turib biron maqsadga erishish qiyin bo‘lgan. Bugun esa kompyuter bilmasdan turib erishish mushkul bo‘lib boryapti. Ijod ahli mana shu ikki oraliqqa ko‘prik tashlaydi. Biz barkamol jamiyatni barpo etish yo‘lida tinimsiz sa’y-harakatlar olib boryapmiz. Yuzlab tadbirlaru tanlovlar tashkil qilayapmiz. Prezidentimiz I.Karimovning “Adabiyotga e’tibor, ma’naviyatga – kelajakka e’tibor” risolasidagi teran mazmunga ega fikrlarni o‘zimizga burch va mas’uliyat qilib olib, ijod qilish darkor. Axir, adabiyotning kelajagi bugun ulg‘ayib kelayotgan yoshlarning ham qo‘lida ekanligini unutmaslik kerak. Yoshlar bugun nima ish bilan band? O‘zlariga vazifa deb berilgan ishlarni bajarishning nechog‘li uddasidan chiqishyapti? Bular muhim savollardir.

5. Adabiyot – ertaning bashorati, degan gaplarga endi-endi tushunib yetgandekman. Ardoqli adibimiz Shukur Xolmirzayev bundan roppa-rosa yigirma yillar oldin bir adabiy suhbatida: “Kelajakda hikoya, qissa va roman kabi janrlar rivoyat, hikoyat tarzida bo‘ladi. Chunki hamma janrlar o‘zining umrini yashab bo‘ldi, endi hikoyalar o‘rniga hikoyatlar ustun keladi. Ha-ha, insoniyat o‘z asliga qaytadi. Bunga juda oz qoldi”, degan edi. Bugungi adabiy jarayonda paydo bo‘layotgan ba’zi ixcham asarlar menga ushbu fikrlar tasdig‘iday ko‘rinadi.

“Har qanday izm…” Bu fikrlarni ko‘pchilik adabiyotshunoslar turlicha talqin qilishmoqda. Ustozlar yo‘lidan borib, fikr bildiradigan bo‘lsak, mohiyatan bir narsa ustida tortishayotgandek bo‘lamiz. “Izm”, menimcha, ilmning rivojlanishi natijasida turfalanadi. Har kim, o‘z iste’dod qudratidan kelib chiqib asar yozadi. Kunimizda o‘zini modernist sanab yurgan shoir yoki yozuvchi shu yo‘sinda xalqning ichiga kirib boraman desa, adashadi. “O‘tkan kunlar”ni o‘qib “roman”ni tanigan xalqning avlodlarimiz, axir. Demak, romanu qissa, hikoyayu drama bo‘lsin, baribir, uning asl o‘zagi siz e’tirof etgan va alohida ta’kidlagan – realizm bilan nihoyalanadi. Zulmatda adashib qolgan odam alaloqibatda yorug‘likka bo‘lgan umid va ishonchi qanchalik mustahkam va qat’iy bo‘lsa, teran tovlanishlar, metaforalar, istioralar, kinoyalarga burkangan voqelik ham shunchalik o‘quvchi qalbida reallik bilan to‘qnashadi. Shu metaforalar orqali kitobxon o‘zining ko‘ngil tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Dardiga dardkash, hasratiga sherik axtaradi. Bu esa adabiyotning hayot bilan bog‘liqligi va shu zaminda yashayotgan jamiyatning qaynoq qo‘ynida yashayotganligidan shahodat beradi. Kunimizda qo‘lma-qo‘l bo‘lib, takror o‘qilayotgan “Shovqin”, “Bozor” postmoderncha uslubda yozilsa, o‘zining o‘quvchilarini bunchalik ko‘p topa olmasdi. Shuning uchun ham kitobning o‘z taqdir yo‘li, umri va hayoti borligiga ishonging keladi…

6. “O‘yin”, “ko‘ngil ochar mashg‘ulot”ga aylanib borayotgani adabiyotdagi haqiqiy DARD­ning maydalashuvi bilan belgilansa kerak, deb o‘ylayman. Dard – ijdokor uchun suv va havodek gap. Dardi yo‘q odam qo‘liga qalam olib nima qiladi?.. Adiblarning so‘z qo‘llash mahorati, ifoda uslubidagi alohidalik, bir davrga mansub voqelikni inkishof qilish tamoyillaridagi rang-baranglikning yuksalishi bilan ham o‘lchanishi mumkin. Aytish joiz, bugun ayrim ijodkorlar ijodni faqat yozishdan iborat, deb biladigandek. Yozish bilan yozishning ham farqiga ko‘p-da e’tibor berishmayapti. “O‘yin” va “boshqotirma”ni eslatadigan asarlar kundalik turmushimizda unchalik ahamiyat kasb etmasa-da, “bozor adabiyoti” degan olamda oshig‘i olchi. Balki odamzod vaqti kelib o‘ziga yaqin bo‘lgan kechmish voqelarni istab qolar, kunlar, yillar o‘tib, “og‘riqlar va iztirob­lardan” bino bo‘lgan asarlarga ehtiyoj sezar.

“O‘yin”ga berilib ketib…”, bu fikrlar zamiridagi haqiqat chindan ham har birimizni tashvishga soladi. Chunki adabiyotni “qismat” bilgan adiblarimiz bir umr iztirob qo‘ynida yashagan. Ularga odamzod DARDi bilan yolg‘iz qolish saodat hisoblangan. “Sig‘inish”, “iltijo”lar chinakam adibning umr mazmuniga aylangani uchun bunday og‘riqli tuyg‘ulardan kechib ketolmagan.

7. Tanqidchi asardan nima axtaradi? Fazilatmi yo qusur? Estetik zavqni his qilish darajasida qalb ko‘zi ochiqmi, ruhoniyati sof va pokmi? Bugun shu savollarga javob berish mushkul bo‘lib qoldi. Bugungi tanqidchilik haqiqatdan ham “o‘zining vazifasini” bajarmayapti. Doktorlik dissertatsiyalarda ham, nomzodlik ishlarida ham o‘qib ko‘rilsa, shoir yoki yozuvchi darajasiga ko‘tarila olmagan, o‘sha nomni to‘liq oqlay olmagan adib­larni ham ko‘klarga ko‘tarib maqtashayapti. Bu g‘oyat achinarli hol. Buyuk adabiyotimizni xom-xatala asarlar bilan to‘ldirishga haqqimiz yo‘q. Bizning tanqidchilik hozirgi adabiy jarayonning sara namunalarini tanlab olib, ommaga tanishtirishi, kerak bo‘lsa, baholab, ularni chet tillariga tarjima qilishga taqdim qilishga ko‘maklashishi zarur. Bugun biz shunday pallada yashayapmizki, tanqid sohasida ko‘ndalang bo‘lib turgan muammolarni to‘laligicha hal qilishning uddasidan chiqolmayapmiz.

“Tanqidchi xolis bo‘lishi zarur” deyishadi. Haq gap! Lekin xolislikni qandaydir shaxsiy masalalarga aylantirib yuborish hollari ko‘proq uchrab turadi. Agar adib yoki shoirning fe’li yoqmasa – asarlari ham yo‘qqa chiqariladi. Yozuvchi nima qilsin, Xudo bergan fe’l-da, deb ketolmaydi… Agar shunday qilsa, vaziyat yana boshqa tus oladi. Tanqidchi ana shu narsalarni bir chekkaga surib qo‘yib, yaxshisini yaxshiga, yomonini yomonga ajratib, saralab, baholab, kerak bo‘lsa, tushuntirib bersin! Shundagina kitobxon ham, yozuvchi ham adabiyot ahli muhabbatiga musharraf bo‘ladi…

8. “Eski” va “yangi” tushunchalari haqiqatdan ham adabiyotning rivojlanishiga ijobiy ma’noda ta’sir o‘tkazsa kerak, deb o‘ylayman. Nega deganimizda “eski” ifoda shakllari, uslub va tasavvurlar o‘z davrining voqeligini yoritishda g‘oyat muhim bo‘lgan. Davr tubdan o‘zgardi deyapmiz-u, ushbu xos kayfiyatning o‘sishida “yangilik” bo‘y ko‘rsatadi. Bugun axborot zamonida yashayapmiz ekan, kunimizda qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilayotgan asarning ertaga hech narsaga arzimay qolayotgani barchamizni tashvishga soladi. Bir paytlar Cho‘lponning “bir xil, bir xil, bir xil…” degan fikriga javob axtarishga uringan tanqidchilarning o‘zlari ham “bir xillik”ni inkor etish darajasiga yetib borgan. Chunki “bir xil”lik adabiyotni yuksaltirmaydi. Adabiyot, xuddi inson barmoqlari izi bir-biriga o‘xshamagani kabi rang-barang va betakrordir. Lekin mohiyat bitta: o‘zlikni anglash va unga da’vat. O‘zlikni “o‘z” so‘zi bilan yonma-yon qo‘yib talqin qilganimizda millatning qiyofasini manzaralashtirish mumkin bo‘ladi. Bugunning “yangi”si kechaning “eski”sidan tamomila uzoqlab ketolmaydi. Faqat unga boshqacha to‘n kiygizishga intiladi, xolos! Axir, hamma zamonlarda muhabbat tiriklikning mevasi deya qadrlanadi. Xeminguey esa yozuvchi uchun to‘rtta adabiy va abadiy mavzuni borligini aytadi. Boshqasi esa shu to‘rtta unsurning atrofida jam ekanligini isbotlash yo‘lidan boradi.

“Yangi”cha yozishni o‘ziga fazilat deb bilgan ijodkorki bor, yozsin, ammo o‘quvchiga bir zavq bersin, estetik jihatdan tarbiya olishiga yordam bo‘lsin. Ulug‘ adiblarimizning sharafli yo‘llarini matonat bilan davom ettirayotganlar oz! “Eski”ni inkor etmagan holda, “yangi”ni yaratish har bir ijodkorning burchi sanalishi lozim. Asl adabiyotimizning o‘q ildizi va mohiyatining asl manbai mumtoz adabiyotimizning nodir namunalaridir, degim keladi. Xalq dostonlaridan tortib, Mavlono Rumiy, Navoiy, Mashrab, Ogahiy kabi ulug‘larimizga murojaat etayapmiz, har bir voqelik bag‘riga ularning fikrlarini keltirayapmiz. Demak, yangicha yozilayotgan asarlarda mumtoz adabiyotimizning nodir namunalari fonida turib tasvirlash odat tusiga kirmoqda. Modernizm ham, postmodernizm ham mumtoz adabiyotimizning bag‘ridan suv ichmoqda. Voqelik bitta – qalbga xos barcha quvonchu tashvishlarni, nafratu muhabbatni butun murakkabligicha inkishof qilish. Bular bugungi adiblarimizning ko‘pchiligida kuzatilayotgan hodisadir.

9. Ijodkor uchun har ikkisi ham muhim, degan bo‘lar edim. Yozuvchi yozgan asarlari bilan qadr-qimmat topadi. O‘zimiz ham atrofda bo‘layotgan “yaxshi-yomon” narsalarga befarq bo‘lmaslikka mudom intilib yashaymiz. Hammaning ko‘nglini imkon qadar ko‘tarishga, kerak bo‘lsa moddiy-ma’naviy quvvatlashimizga baholi qudrat harakat qilib yashaymiz. Ijodkor – qalbning kashshofi. Uning barcha odamlardan ajralib turadigan bitta fazilati bor. U ham bo‘lsa, ko‘ngil kishisi ekanligi. Ma’rifatli bo‘lishga chaqirish har bir ijodkorning burchi. Ommaviy madaniyatni qurol qilib olgan ba’zi kimsalardan ogoh bo‘lishga har kuni harakat qilamiz. Eng asosiy habib – badiiy asar ekanligini tushuntirishga kirishamiz. Ijodkor o‘ta burchli inson bo‘lishi kerak. Aytgan so‘ziga, yozgan asariga o‘zi javob bermasa, o‘zi amal qilmasa, boshqalar netib quloq solsin! Muqaddas o‘gitlarda: Agar nohaqlikni ko‘rsang, qo‘ling bilan unga qarshi bo‘l, bunga ham qodir emasang, tiling bilan unga qarshi bo‘l, buniyam eplolmasang, diling bilan unga qarshi bo‘l, deya uqtiriladi. Ijodkor uchun bu o‘git g‘oyat muhim. Ushbu ibratli fikrni hayot shioriga aylantirgan ijodkorki bor, maqsadiga, oydin orzulariga albatta erishadi.

10. Yengil asarlarni adabiyot sanayotganlar qattiq yanglishadi. Jamiyatning komil fuqarosidan tortib, hamma a’zolarigacha bu haqda qayg‘urmog‘i kerak. Bu yo‘nalishda qalam surayotganlarning peshqadamlari hisoblanmish Nuriddin Ismoilov, Karimberdi To‘ramuradov, Azamat Qorjovovlardir. Azamat Qorjovov asli samarqandlik. “Dubaydagi ming bir kecha”, “Go‘rdan chiqqan qiz”, “Qil ustidagi taqdir” va hokazo asarlarida badiiy yuk yo‘q. Yozuvchining o‘zi Dubayga bormagan-ku, netib “Dubaydagi ming bir kecha”ni tasvirlaydi?.. Xoliyor Safar, Nigina Niyoz kabilar ham shu yo‘sinda ijod qilishadi. Yoki “Bekajon”, “Hordiq”, “Darakchi”, “So‘g‘diyona” kabi rango-rang xususiy nashrlarda berilayotgan “bozorbop” “qissa”larni (aslida, qissa emas!) o‘qigan kitobxon Ahmad A’zam, Nazar Eshonqul, Abduqayum Yo‘ldosh, Sobir O‘nar, Luqmon Bo‘rixon asarlarini o‘qiydimi? Bunday o‘quvchilar “ommaviy madaniyat”ning mohiyatini tushunishmaydi. Bugungi yoshlar feysbuk yoki “Odnoklassnik” saytlaridagi voqealarga o‘ch. Jiddiy adabiyot o‘qilmayapti emas, o‘qilyapti, faqat auditoriyasi kichraydi. Bozor adabiyotining esa oshig‘i olchi. Har kuni bitta qissani tamomlab, tezda gazetada bosib, evaziga sahifasiga yigirma besh ming so‘m gonorar olayotgan qalamkashlarning maqcadi boshqa. Mayli, yozsin, lekin odamlarga nafi tegadigan qilib yozsa edi. Olmon islomshunos olimasi Annemariya Shimmel qayd etishicha: “Onalar ba’zan farzandlarini ursalar ham shundoq urgisi kelgani uchun yoki urib huzur qilish uchun emas, balki uni yomon yo‘ldan qaytarish, to‘g‘ri yo‘lni topib olishida ko‘maklashish uchun uradi”. Gap adabiy tanqid – halol tanqid haqida. Chinakam san’at ahli, asl adabiyot yaratish yoki shuni asrab-avaylash istagida fidoyilarcha yonib-yashayotgan zamondosh adiblarimiz bor. Ularga shu zahmattalab, murakkab hayot yo‘llarida har birimiz, (ko‘proq ona tili va adabiyoti fani mutaxassislari) hamroh, habib bo‘lishimiz lozim. Shundagina biz Cho‘lponning “Adabiyot nadur?” degan mangu savoliga javob topib bilamiz.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil.