Yozuvchi, san’atshunos Nodir Normatov bilan ilmiy xodim Lazizjon Baxranovning suhbati
Lazizjon Baxranov: Mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi yaratish, erkin va farovon hayot barpo etish imkonini berdi. Buning natijasida, milliy qadriyatlar tiklanmoqda, madaniyat, san’at sohalarida katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. O‘zbek tasviriy san’atida yangi-yangi badiiy yo‘nalishlar paydo bo‘lmoqda. Serqirra hayotni, zamondoshlarimiz portretlarini, jamiyatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ob’ektiv rangtasvirga tushirish an’anaga aylandi. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Hozirgi kunda milliy ma’naviyatimiz rivojini tasviriy san’at namunalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘zbek rassomlarining keyingi yillarda samarali ijod qilib, yangi-yangi yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani, bu sohada ko‘plab yosh iste’dod egalari kirib kelayotgani uning ravnaqi va istiqbolidan dalolat beradi”. Haqiqatan ham, bu borada yutuqlarimiz ko‘p. Biroq, taraqqiyot vaqt o‘tgan sari oldimizga ko‘plab vazifalarni qo‘yaveradi. Ularni ado etgandagina soha yanada rivojlanadi. Tasviriy san’atni rivojlantiruvchi omillardan biri esa badiiy tanqiddir. Nodir aka, o‘zbek badiiy tanqidchiliging bugungi holati sizni qoniqtiradimi?
Nodir Normatov: Tasviriy san’at asarlarini, xoh u milliy, xoh jahoniy bo‘lsin, tushunishda tarjimon talab etilmaydi. Ammo, badiiy tanqidda tilning ahamiyati beqiyos. Biz o‘zbek tasviriy san’atini anglashda zamonaviy san’atshunoslikni badiiy tanqidga ehtiyoji katta bo‘lib borayotganligini sezib turibmiz. Bu esa bugungi kunda tasviriy san’atimiz xilma-xilligi, kutilmagan “izm”laru yangicha va eskicha uslub hamda ularning qorishiqligi, mavhum va botiniy ma’nolar kasb etayotgan asarlarga to‘lib-toshganligi bilan izohlanadi. To‘g‘ri, bu sohada rusiyzabon muxlislarning omadi chopgan, ular ham O‘zbekistonda, ham Rossiyada nashr etilayotgan minglab kitoblardan bahramand bo‘lishmoqda. Ammo, respublikamizda yashaydigan o‘ttiz milliondan ortiq aholining asosiy qismi o‘zbek tilida gaplashadi. Ana shundan kelib chiqib, men badiiy tanqidchiligimizning bugungi ahvolini qoniqarli, deb hisoblamayman.
– Ma’lumki, istiqlol musavvirlarimizga ijod erkinligi, tasviriy san’at uslubini erkin tanlash, o‘zining badiiy-estetik qarashlarini ochiq ifodalash va targ‘ib etish imkonini berdi. Eng muhimi, musavvirlarimiz ob’ektiv haqiqatga tayanish, uni o‘z asarlarida ifodalash imkoniga ega bo‘ldilar. Ushbu erkinlikdan to‘g‘ri foydalanish, badiiy jarayonlarni falsafiy-estetik tadqiq etish jamiyatni ma’naviy yuksaltirish nuqtai nazaridan dolzarb muammo hisoblanadi. Keyingi yillarda chop etilgan tanqidchilikka doir ilmiy maqola yoki asarlardan qaysi birlarini badiiy jarayonlarni keng qamrovda tadqiq etgan deyish mumkin? Ularda qanday ilmiy-tanqidiy fikrlar, kontseptsiyalar ilgari surilgan?
– Nazarimda, tasviriy san’at sohasida biyennale (har ikki yilda o‘tkaziladigan ijodiy ko‘rgazma) munosabati bilan yozilgan bir-ikki maqolani hisobga olmaganda tahliliy maqolalar kam chop etildi. To‘g‘ri, bu sohada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi san’atshunoslarining davra suhbatlari o‘tkazildi. Ulardan bir qismining “San’at” jurnalida chop etilishi e’tiborni tortdi. Ammo, o‘zbek tasviriy yoki amaliy san’atining boshqa turlari va janrlari ham bor-ku. Aytaylik, haykaltaroshlik.
Janrlar muammolariga bag‘ishlab mazkur san’at jurnalning alohida sonlari nashr etilmoqda. Ammo, har bir sohada o‘z mulohazalarini bildirayotgan mutaxassislarning bu chiqishlari amaliyotda qay darajada hisobga olinayotir, monitoringi qay ahvolda? Bu ham jiddiy masala. Davlatimiz bu sohalarni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va imtiyozlarni yaratgan hozirgi paytda biz ularning istiqbollariga befarq bo‘lmasligimiz kerak.
So‘nggi yillarda turli grantlar va loyihalar asosida Akbar Hakimov, Nigora Ahmedova, Elmira Gul, Kamola Oqilova singari mutaxassislar anchagina salmoqli tadqiqotlar qilishdi. Ammo, ularning aksariyati rus tilida.
– Mustabid tuzum davrida ijodning barcha sohalari qatori tasviriy san’at va badiiy tanqidchilik ham kommunistik mafkura talablariga, dogmalariga bo‘ysundirilgan edi. Sotsialistik realizm ijtimoiy borliqni tasvirlashning yagona ob’ektiv uslubi sifatida qaralgan, undan chekingan yondashuv “burjua estetikasi”, “xalqchillikning buzilishi”, “sotsrealizmdan chekinish” kabi tamg‘alar bilan qoralangan. Ijod erkinligi va tanqidiy yondashuv zarurligi rasmiy hujjatlarda qayd etilgan bo‘lsa-da, real hayotda “sotsrealizm namoyandalari”ning ijodi, asarlari badiiy tanqiddan xoli edi. Hozirgi kunda murakkab, serqirra va rang-barang badiiy jarayonlar kechayotgan paytda tanqidchiligimiz qay darajada rivojlanayapti?
– Nazariya o‘z yo‘lida, biroq san’atshunos o‘zi tanlagan yo‘nalishda ishini amaliyot bilan bog‘lab, aniq dalillar asosida ish olib borishi kerak, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, gilam va ipakdan san’at asarlari yaratish sohasida bir qancha ishlar olib borildi. Ammo, ularni yetarli deb bo‘lmaydi. Gap shundaki, avvalo, o‘zbek tasviriy va amaliy san’atining turlari va janrlari rivoji bir xil emas. Uning yangi davr sharoitidagi holatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, katta imtiyozlar berilgan. Xalq amaliy san’atida, jumladan, miniatyura yoki kulollik san’at darajasidan ko‘ra ko‘proq hunarmandlikka tomon og‘ayotgandek. Bu holat – bozor iqtisodiyotiga moslashish mayllari, boshqa san’at turlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, ana shunday holatlarga badiiy tanqidchiligimiz qay darajada munosabat bildirdi? Bunga Akbar Hakimov, Kamola Oqilova, Elmira Gul kabi mutaxassislarning maqolalarini hisobga olmaganda, o‘ziga xos yechimlar, javoblar topish qiyin.
– Ijodiy erkinlik tufayli milliy tasviriy san’atda kubizm, syurrealizm, impressionizm, traditsionalizm, simvolizm, abstraktsionizm, avangard, naturalizm, giperrealizm, erotik san’at, pop-art, neoimpressionizm, neoklassitsizm, fotorealizm, futurizm kabi badiiy-uslubiy yondashishlar rivoj topmoqda. Jahon tasviriy san’atidagi uslublarni o‘zlashtirishga bo‘lgan intilish yangi falsafiy-estetik paradigmani shakllantirmoqda. Bu esa badiiy jarayonlarni keng va chuqur tahlil etishni taqozo etmoqda. Prezident Islom Karimov inson ma’naviyatiga ta’sir etuvchi barcha sohani, shu jumladan tasviriy san’atni ham “xalqning ma’naviy ehtiyojlari, zamon talablari asosida yanada kuchaytirishimiz, yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur”, deb ta’kidlagan edi. Buning eng samarali, san’at tarixida sinovlardan o‘tgan vositasi tasviriy san’at ravnaqiga konstruktiv, ilmiy-ratsional ta’sir etuvchi badiiy tanqidchilikdan foydalanishdir.
– Bu juda nozik masala. Men ma’lum bir muddat Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida dars bergan edim. O‘sha paytlarda talabalarga erkin mavzu va tasviriy san’at sohasida janrlar bo‘yicha maqolalar yozdirgandim. Ma’lum bo‘ldiki, avvalo, bu masala yechimi tarbiya bilan bog‘liq ekan.
Nazariya va amaliyot tutashgan joyda rivojlanish bo‘ladi. Bu masalaning yechimi esa talabalarni uchinchi bosqichdan so‘ng tegishli joyda amaliyot o‘tishi bilan ijobiy natija beradi. Bunday yondashish dunyo mamlakatlarida allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.
– Realizmga munosabatingiz qanday?
– Realizm, bu – barcha “izm”larning onasi, deyish mumkin. Realizm hayot in’ikosi, hayotdan, voqelikdan ilhomlanadi. Realizm tufayli jamiki baquvvat yoki mukammal, chala va sayoz oqimlar paydo bo‘ladi. Ammo, ularning tasviriy san’atda o‘z imkoni darajasida izlari qoladi. Ummonga mayda tosh tashlasangiz, to‘lqin emas, mavj hosil bo‘ladi. Shu ma’noda, realizm qudratli kuchga ega, u katta bir imoratning poydevoridir.
– Bugun “ommaviy san’at”, “ommaviy madaniyat”ning inson ma’naviyatiga salbiy ta’siri haqida ko‘p gapirilmoqda. Mazkur illatning oldini olish va bartaraf etishda badiiy tanqidchilikning rolini qanday baholaysiz?
– Har qanday san’atning asosi, o‘lchovi, mezoni bor. U osmondan tushmaydi. Agar san’atda mantiq, me’yor, uyg‘unlik, noziklik ustunlari buzilsa yoki chala bo‘lsa, u salbiy hodisaga aylanadi. Chalalik tufayli ana shunday chala madaniyat, chala san’at namunalari ro‘y beradi. Bu bir illat, kasallik. Uni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun sog‘lom muhit kerak.
– Ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan asarlarda musavvirlarning ichki hissiyotlari ustuvorlik qilayotganini kuzatish mumkin. Aslida, musavvir ham shu zamon va makonning odami. Shu ma’noda ijodkor ham faqat o‘zining o‘y-xayollari, ichki kechinmalari bilan ovora bo‘lib qolmasligi, jamiyatda kechayotgan o‘zgarishlarga, mavjud kamchilik va muammolarga faol munosabat bildirishi zarur. Shundagina tasviriy san’at asarlari tomoshabinlar orasida ommalashib, musavvir va jamiyat maqsadlari, manfaatlari uyg‘unlasha boradi…
Tasviriy san’at, bu – oddiy reallikdan yashirin olamga qo‘yilgan qadam, degan edi Jubron Xalil. Shu ma’noda unda majozlar, shartliliklar, imo-ishoralar yog‘dular va rang sochmalari, timsollar orqali ijodkor niyati namoyon bo‘ladi. Rangtasvir, bu – plakat yoki publitsistika ham emas. Uning ma’nosida yashirin olamlar sharpasi bor.
– Aksariyat hollarda tomoshabin madaniyati haqida so‘z yuritilganda, asosan, teatr, kino yoxud kontsert tomoshabinining madaniyati gapiriladi. Holbuki, tasviriy san’at asarlarini idrok etuvchi tomoshabinning madaniyatini yuksaltirish ham ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotning muhim omili sanaladi. Bu borada sizning fikr-mulohazalaringiz qanday?
– Maqomni har kim ham tushunavermaydi, ammo u yaxshi ijro etilsa, istagan tinglovchi quloq solib zavq oladi. Tasviriy san’at sohasida ham hammani tushunadigan qilib tarbiyalash qiyin, bu o‘rinda san’atshunoslarimiz hech bo‘lmaganda, boshlang‘ich tarbiyani berish usullarini o‘ylashlari kerak, deb o‘ylayman.
Xulosa qilib aytganda, bugungi o‘zbek badiiy tanqidchiligi zamonaviy badiiy jarayonlarda ro‘y berayotgan yangilanishlardan, xususan, tasviriy san’atdagi uslubiy o‘zgarishlardan orqada qolmoqda. Tasviriy san’atning bugungi holatini tahlil etish, yutuq va muammolariga jahon tanqidchiligi darajasida haqqoniy baho berish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Yosh, iste’dodli san’atshunos-tanqidchilar avlodining yetishib chiqishi qiyin kechmoqda. Holbuki, tasviriy san’at xalqimizning ma’naviy-madaniy yuksalishiga qanchalik ijobiy ta’sir etsa, tanqidchilik ham tomoshabin va musavvirning badiiy-estetik didini o‘stirish orqali umumtaraqqiyotga shu qadar kuchli ta’sir etadi. Shu bois, bu sohani har tomonlama rivojlantirish dolzarb masala hisoblanadi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son