Taniqli shoir, “Ma’naviy hayot” jurnali bosh muharriri Eshqobil Shukur bilan suhbat
— Oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, oilaviy kitobxonlik haqida gap borar ekan, ijodkorning shakllanishida bolalikning o‘rni xususida to‘xtalmasdan bo‘lmaydi…
— Odam bolaligini bolalikday yashashi kerak. U bola ko‘zi bilan dunyoni ko‘rmasa, keksayganda ham ko‘p narsadan bebahra qoladi. Biz keyingi paytlarda shu narsaga ko‘p e’tibor qilmayapmiz, e’tibor qilmayapmiz emas, hatto ba’zida bunga ters yo‘l tutyapmiz. Sakkiz-o‘n yashar bolakayning bola shaklidagi cholga aylanib qolishi ma’qul emas. Uni aqlli qilaman, deb safsatabozga aylantirib qo‘ymaslik kerak.
Bir uchrashuvda 6-7 yashar bolaga tantanali suratda so‘z berildi. Bolagina ham shunday sayrab ketdiki, to‘tiqushlar yo‘lda qoladi. Hay, mayli, tili burro ekan, yaxshi-da, deb o‘tirgan edik, bolakay birdan “SSSR davrida unday edi, endi bunday bo‘ldi”, hatto “SSSR davrida biz unday bo‘lganmiz-u, bunday bo‘lganmiz”, deb ko‘r-ko‘rona yodlatilgan gaplarni sota ketdi.
Sahnada 7 yashar bola gapiryaptimi yo 70 yashar chol gapiryaptimi — biz bilolmay hayron. O‘sha davrni ko‘rib-kechirganlar shunday gapirsa, ularga yarashadi.
Gap shundaki, bu ketishda bunday bolalar bolaligini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Bunaqada ulardan mahmadanalar yasaladi. Bola bolalikni boladay yashashi kerak. Chumchuq bilan gaplashadimi, daraxt bilan gaplashadimi yo bobosi bilanmi, uning o‘ziga qo‘yib bering. Bir chimdim soxta shuhrat deb bolaning qalbini uyoqdan buyoqqa sudrash joiz emas. Shunda ular soxta gaplardan uzoqda ulg‘ayadi.
Yaqinda bir maktabda uchrashuvda bo‘lganimda, she’rlar mashq qiladigan o‘quvchilar bilan gaplashdim, she’rlarini eshitdim. Bolalarda ishtiyoq baland, yonib turibdi, lekin she’rlarning aksariyati bir xil. Bu she’rlarni deklamatsiya va balandparvozlik shovqini egallagan. Ularning deyarli hammasida “Vatan” so‘ziga “jon va tan”ni hadeb qofiya qilish, bir-biriga taqlid va takrorni ko‘p ko‘rasiz.
O‘quvchilar she’rlarining aksariyati Vatan va mustaqillik haqida. Vatan haqida yozish yaxshi, biroq o‘ziga xos va rost yozish kerak. Hammaga ma’lum gaplarni qaytaraverish yomon. Ularda “Har bir she’rimda “Vatan” so‘zi ishtirok etishi, Vatanni maqtashim kerak”, degan bir jo‘n qarash paydo bo‘lgan. Holbuki, “Vatan” so‘zi ishtirokidagi she’rni yozish uchun juda katta tayyorgarlik kerak. Bu so‘zning yuki baland. Men o‘quvchilarga tushuntirishga harakat qilib: “she’rda “Vatan” so‘zi umuman aytilmasa ham bu she’r Vatan haqida bo‘lishi mumkin. Yaxshisi, ko‘p osmondan kelmanglar-da umumiy gaplardan qochib, uyingizning oldidan oqayotgan ariq yo ko‘changizdagi qari tut haqida yozing, momongizning sizga bo‘lgan mehrini she’rga soling — bular ham Vatan haqidagi she’r bo‘ladi”, dedim. Ayniqsa, o‘qituvchilarimiz bu masalada qattiq turishi kerak. Bolalarning hammasi samimiy bo‘ladi, ulardagi beg‘uborlikning o‘zi she’r, ulardagi sof samimiy intilishlarning o‘zi kelajakdir. Faqat ularni soxta baqir-chaqirlarga chalg‘itib qo‘ymaslik kerak.
O‘zimning bolaligim haqida gapirsam… Ko‘proq bobom va momomga ergashib yurganman. Qayerga borishsa birga borganman. Dalalarni oralab, tuproq yo‘llarni kechib boshqa ovullarga borish men uchun o‘zga bir olamga sayohat qilishday gap edi. Momolarim menga shamol, bulut, suv, Yer bilan gaplashishni o‘rgatishgan. Ular “Shamol aytar ekan, bulut aytar ekan”, deb hikoya boshlashardi. Men ularning tilida she’riyat tilini ko‘rganman. Onam o‘zbek xalq maqollari, matallari va iboralarining tirik entsiklopediyasi desam, tirnoqchayam mubolag‘a bo‘lmaydi. Qishlog‘imning so‘lim tabiati, bag‘ri daryo odamlari, bobolarim, momolarim, otam va onam — bular mening ilk ustozlarim.
— Bundan 30 yillar avval, zamonaviy o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Shavkat Rahmon sizga adabiyotda o‘z so‘zi va yo‘li bor shoir, deya katta ishonch bildirgan edi. Bugun o‘zingizni mana shu ishonchni oqladim, deb hisoblaysizmi?
— Bu ishonchni oqladim, desam, maqtanchoqlik qilgan bo‘laman… Yaxshisi, men boshqa mavzuda gapirishni istardim: Shavkat Rahmon timsolida haqiqiy shoirni ko‘rganman — u har jihatdan butun edi. Uning she’rlarida o‘z qalbi, qiyofasi va botini aks etadi, haqsevar bir shoir sifatida zamondoshlarining diyonatli, orli ajdodlariga munosib bo‘lishini istardi. Uning faoliyati haqiqatga qasam kabi sobit, har bir she’ri so‘zga qasam kabi mag‘rur va halol edi. Mamlakat qaltis bir vaziyatga kirayotgan o‘sha yillari yuzminglab ikkilanib turganlarga qarata: “O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir”, deb hayqirgan shoir, O‘sh – O‘zgan voqealari sabab bir kechada sochi oqargan shoir, millat daraxtini millat qurtlaridan tozalayman, deb tinmagan shoir o‘zining katta ijodi va qisqa hayoti bilan bizga ko‘p narsani o‘rgatib ketdi.
O‘tgan asrning 80-yillarida uning ozodlik uchun qanchalar kuyib-yonganini ko‘rganman. Shavkat aka juda fidoyi odam edi. U yoshlar uchun ko‘ksini qalqon qila olardi. O‘zidan keyin kelayotgan avlodni tish-tirnog‘i bilan himoya qilardi.
Talaba paytimiz Shavkat aka G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda she’riyat bo‘limining mudiri edi. O‘shanda u kishi mening qo‘lyozma holidagi she’rlarimni olib, talabaga og‘iri tushmasin, deb nashriyot harf teruvchisiga mashinkada terdirgan (mashinkada matnni terish ham yaxshigina pul turardi-da) va bu she’rlarning to‘plam holiga kelishiga bosh-qosh bo‘lgandi. Birinchi kitobimning nomini ham Shavkat Rahmon qo‘ygan: “Sochlari sumbul-sumbul”. Bu men uchun katta rag‘bat edi.
Bunday shoirlar millat ruhidan bunyod bo‘ladi. Shuning uchun u millat taqdirini o‘zining taqdiri deb bilardi, unga milliy masaladagi har qanday mavzuning katta-kichigi yo‘q edi, hammasi muhim va hammasi dolzarb edi. Uning:
G‘am so‘zin elimdan avvalroq aytdim,
baxt so‘zin aytaman eldan keyinroq,
— degan satrlari shoirlar uchun ijodiy shiorga aylansa arziydi.
— Jamiyatda ijodkorning o‘rni va roli qanday bo‘lishi kerak? Bu vazifa bugungi kunda qay darajada uddalanayapti, deb o‘ylaysiz?
— Sharqda azaldan ahli qalam, ahli ijod jamiyat gullari, zamon peshvosi sanalgan. Bobolarimiz har jihatdan shunga munosib bo‘lgan. Ular qalam mas’uliyatini Xudoga qasam darajasida his etgan. Shu bois bizda qadimdan badiiy asar yozish madaniyati yuksak darajada shakllangan. Lekin keyingi xonliklar, mustabid tuzum davrida bu madaniyatdan anchagina putur ketgani rost. Har xil g‘iybatlar-u, fisq-fujurlar, oldi-qochdilarni ham ijod deb tushunadiganlar yo‘q emas. Ahli ijod o‘z davrining ovozi, nafaqat ovozi, balki vijdoni bo‘lishi kerak, degan qoida jamiyatda ijodkorning o‘rni va rolini belgilab beradi. Lekin bunga munosib bo‘lish oson emas. Donishmandlarning “Hamma joyda va hamma zamonda faoliyat ko‘rsatish” degan gapi ham ijodiy faoliyatga taalluqli deb bilaman. Avvalo har bir ijodkor o‘z vazifasini teran anglashi kerak. Busiz u ijodkorlik vazifasi uyoqda tursin, uyidagi vazifasini ham bajarolmaydi. Hatto ijodkor tarki dunyo qilib, bir yerto‘laga kirib ketib yozayotgan bo‘lsa ham, baribir, u o‘z atrofidagi dunyo, odamlar, voqealar haqida yozadi, munosabat bildiradi. Ijodkor va jamiyat masalasiga shu nuqtai nazardan qarash kerak. Donishmandning “Xalq mensiz butun bo‘lmaydi!” degan gapi bor-ku. Bugungi kun ijodkorlari milliy manfaat masalasida mahkam turishi kerak deb o‘ylayman. Buning uchun avvalo har birimiz milliy manfaat mohiyatini zamon ruhidan kelib chiqib anglab olishimiz kerak. Milliy manfaat degani milliy mahdudlik emas, xudbinlik ham emas. Aslo! Milliy qadriyatlar, milliy g‘urur, milliy tafakkur, imon va burch himoyasi ham ayni shu manfaat ichida bo‘ladi. Shoirning, boringki, bir qamish haqida yozayotgan ikki qator she’ri zimnida ham shu sezgi yotishi kerak. Uning ijodiy madaniyati shugina sezgidan boshlanishi ham mumkin.
— Ijodkor o‘zi uchun yo‘nalish topishi, o‘sha yo‘nalishda o‘z so‘zini ayta olishi va xalq mehrini qozonishi oson ish emas. Agar u bir nechta yo‘nalishda ijod qilishni ixtiyor etsa-chi? Buning uchun ijodkor qanday omillarni unutmasligi kerak?
— Nazm va nasr bir-biri bilan chambarchas bog‘liq hodisalar. Ular asli bitta narsa. Faqat shakl boshqacha. Shukur Xolmirzayev bir paytlar aytgandi: “Hikoya yozish men uchun hasratimni aytishdir”. She’r ham aslida shu. Shukur aka yana bir gapni bot-bot takrorlab turardi: “Asar yozish bu vasiyatingni yozishdir”. Men Chingiz Aytmatov qissalarini she’rday o‘qiyman. Nazmmi, nasrmi, kichik bir lavhami, eng muhimi ko‘ngilni qog‘ozga tushirish-da. Ijodda ko‘ngil sari boraverish kerak. Ko‘ngilda mo‘jizalar ko‘p.
Tilimizdagi so‘zlar borasidagi izlanishlarim ham ko‘nglimning ishi va xohishi. Ijodkor uchun eng muhim omil uning ko‘nglidir.
— So‘z kimlar uchundir muloqot vositasidir. Ammo ijodkor uchun u hayot-mamot masalasi, taqdiri. Bugungi so‘zga, xususan, tilga bo‘lgan munosabat sizni qay darajada qoniqtiryapti?
— Yaqinda Surxondaryoga borganimda cholu kampirlarning yangi avlodiga duch kelib qoldim. Bular men bilgan chol-kampirlar emas edi. Men bilgan qariyalarning tili bularda yo‘q ekan. Men bilgan qariyalar tilida zalvorni, ranglarni, joziba va ulug‘vorlikni sezganman. Yangi cholu kampirlar esa haminqadar o‘zimiz qatori tili quruqqina, fe’li siniqqina kishilar. Globallashuv va tashqi ta’sirlar sabab keyingi yillarda qanchadan-qancha matal va maqollarimiz, so‘z va iboralarimiz yo‘q bo‘lib ketyapti. Afsuski, bu ko‘zga ko‘rinmaydi, o‘lchaydigan tarozisi ham yo‘q. Agar tarozisi bo‘lganda bir yilda falon tonna matal, falon tonna ibora yo‘qotayapmiz, deb aniq aytgan bo‘lar edik. Universitetlarning filologiya fakultetlari, jurnalistikaga ixtisoslashgan ta’lim dargohlari talabalarning ta’til vaqtlaridagi folklor ekspeditsiyalarini yana tiklab, jonlantirishi kerak. Bunday ekspeditsiyalarda yurgan talaba avvalo xalqimizni o‘rganadi, hayotni, odamlarni ko‘radi, shu bilan birga el orasida qolgan matal, maqol va iboralarni, rivoyatlarni to‘playdi. Bu ham til himoyasi uchun kerak bo‘ladigan ish. Hozir dunyo bo‘yicha tillarning ahvoli tanglashyapti. Shuning uchun ilg‘or xalqlar til himoyasi taraddudiga tushib qolgan. Milliy tilning ahvoli qanday bo‘lsa, milliy did, milliy tafakkurning ahvoli ham shunday bo‘ladi. “Rang ko‘r, hol so‘r” degan maqolni millatlarga nisbatan “Tilini ko‘r, holini so‘r”, deb tatbiq etish mumkin. Buni nafaqat shoiru adiblarimiz, balki har bir millat vakili his etmog‘i kerak.
Nasib etsa, yaqinda ona tilimiz haqidagi “Bobo So‘z izidan” nomli kitobim nashrdan chiqadi. Unda o‘zbek tilidagi so‘zlarning tub ildizi, mohiyati ustidagi kuzatishlarim bor. Til va so‘zlar haqidagi qarashlarimni shu kitobda jamlaganman va Xudo umr bersa bu kitobimni yana davom ettiraman. Ehtimol, umrimning oxirigacha yozadigan kitobim shu bo‘lar…
— Bu dunyo kurash va ziddiyatlardan iborat. Bugungi kunga kelib uning faqat shakli, uslubi o‘zgargan, biroq maqsad-u muddaosi o‘sha-o‘sha — dunyoga egalik qilish, millatlarni jilovda tutib turish… G‘oyalar, fikrlar, madaniyatlar o‘rtasidagi shu kurashda bugungi ijodkorning vazifasi nimalardan iborat bo‘lmog‘i kerak?
— Ochig‘i, tuyg‘ular juda g‘ariblashib ketyapti. Yaqinda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalariga tuyg‘u qashshoqligi mavzusida ochiq dars o‘tdim. Televizorda to‘liq ko‘rsatishdi bu darsimni. Tuyg‘u qashshoqlashuvi juda yomon illat. Odamning tuyg‘ulari sanoqli: Mehr, Nomus, Muhabbat, Uyat, G‘urur, Oqibat kabilar. Shularni boy bersa u simyog‘ochday serrayib qoladi. Simyog‘och-ku bir joyda turar, lekin tuyg‘ularidan mosuvo bo‘lgan bunday odam fitnaga aralashadi, yomonlik va yovuzlikka qul bo‘ladi. Aynigan odamdan hayvon ming marta yaxshi! Odamni tuyg‘ular aynitmaydi. Garchi tuyg‘ular gulning yaprog‘idan ham nozik bo‘lsa-da, insonni raketalar hujumidan ham himoyalay oladigan eng mustahkam himoyadir. Bugungi harbiy va mafkuraviy qurollar yetmish qavat betonni yorib o‘tishi mumkin, lekin ular shu gulday nozik tuyg‘ular oldida ojiz qoladi. Shuning uchun insoniyatning so‘nggi himoya quroli uning ezgu tuyg‘ularidir, degan bo‘lardim. Muhimi, ular inson tiynatida bo‘lishi kerak. Yo‘qsa, insonni zabt etish juda oson va jo‘n bir hodisaga aylanadi.
— So‘zlaringizdan anglashilyaptiki, milliy did va uni asrash sizni hamisha bezovta qiladi…
— Milliy did juda katta tushuncha. Men uning nima ekanini his etaman. Milliy didi yo‘q millat millat emas, u to‘da, xolos. Bizning milliy didimiz — bu bizning ming yilliklarimizdir, bosib o‘tgan yo‘llarimizdir, unda Navoiy, Ulug‘bek, Qodiriy kabi daholarning shuuri yashaydi. Shu paytgacha neniki bunyod etgan bo‘lsak va bundan keyin neniki yaratsak, ular milliy did timsoliday namoyon bo‘ladi. Oddiygina kiyinishimiz, gapirishimiz, salomlashishimizdan tortib, Samarqandu Xiva ekzotikasigacha, Beruniy va Xorazmiylarning olamshumul kashfiyotlarigacha hamma-hammasi milliy did bilan bog‘liq. Albatta, “ommaviy madaniyat” degan bir balo unga ham tahdid solib turibdi. Bu yovuz kuchning maqsadi millatlarning milliy didini vayron qilish va bu vayronalarni boyqushlar makoniga aylantirishdir. Milliy didni asrab qolish haqidagi savolingizga kelsak, bu — ikki-uch ming kishining emas, butun millatning sa’y-harakatiga bog‘liq. Buning uchun har bir odam avvalo o‘zining shaxsiy didini asrashi kerak. O‘zida did bo‘lmagan odamning milliy did bilan necha pullik ishi bor deysiz…
— So‘z ahli va so‘z ixlosmandlariga tilaklaringiz…
— Tilagimni quyidagi she’r bilan ifodalamoqchiman:
Kapalak kulgusin, bulut sharbatin
Ta’mini tonglarda totib ko‘rganlar,
O‘zimdan ulug‘dir sizga hurmatim
Mendan salom olib, salom berganlar.
Qanday alqay sizni, qanday ulug‘lay,
Quyoshga tabassum qilib turganlar,
Yuragim tubidan uzilgan cho‘g‘day
Salomimni olib, salom berganlar.
“Milliy tiklanish” muxbiri
Islomjon QO‘ChQOROV suhbatlashdi.