Sharof Boshbekov: “Savodsizlikdan o‘rtamiyonalik tug‘iladi” (2018)

http://n.ziyouz.com/images/sharof_boshbekov.jpg

1. Kimdir adabiyotimiz yuksalish pallasida desa, kimdir buning aksini tasdiqlaydi. Sizningcha, qay biri haq va nega?

2. Hozirgi adabiy jarayondagi qaysi muammo sizni eng ko‘p tashvishga soladi? Ushbu muammoni bartaraf etishning qanday samarali yo‘lini ko‘rsata olasiz?

3. Keyingi paytda zamondosh adiblarimizdan kimlarning kitoblarini o‘qidingiz? Qaysi asar sizga ma’qul keldi-yu, qaysi asardan ko‘nglingiz to‘lmadi? Buning sabablari ­nimada?

Mazkur anketa yordamida bugungi adabiy jarayonning yutuq va kamchiliklari haqida bir qur fikrlashib olsak, foydadan xoli bo‘lmas. Axir, aytadilar-ku, “Kengashli to‘y – tarqamas”, deb. Shunday ezgu niyat ila anketamiz savollariga ­navbatdagi javobni e’tiboringizga havola etayotirmiz.

1. Butun o‘zbek adabiyoti haqida qat’iy fikr aytishga haqqim yo‘qdir-ku, lekin adabiyotning bir shahobchasi – dramaturgiya (shuningdek, kinodramaturgiya) to‘g‘risida shaxsiy fikr­larimni bildirishim mumkin. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, so‘nggi paytlarda teatrlarga kam tushyapman. Bunga betobligimni bahona qilib, o‘zimni oqlashim ham mumkin-ku, lekin undan-da jiddiy sababi ham bor. Men teatrga borishim uchun yuvinib-taranishim, kiyinishim (birovning yordamida), transportga o‘tirishim, teatr zinalaridan qiynalib chiqishim kerak – shuncha ovoragarchilikka arziydigan spektakl esa… yo‘q. Buning o‘rniga o‘sha tomosha haqida televizorda beriladigan ma’lumotlar bilan qanoatlanaman. Agar asar muallifi, sahnalashtirgan rejissyorini shaxsan tanisam, spektakl haqida ma’lum tasavvurga borib qo‘ya qolaman. Shuning o‘zi – kifoya.

Keyingi paytlarda to‘y mojarolari, qaynona-kelin munosabatlari, sevishganlar (ko‘pincha baxtsiz) qismatiga qurilgan siyqa syujet odamlarning joniga tegib ketdi. Ha, aytganday, teatr ma’muriyati “dadil” hisoblagan giyohvandlik, odam savdosi, diniy ekstremizm, terrorizm kabi mavzulardagi asarlar ham bor, lekin bu toifa spektakllar chin sabablar bir yoqda qolib, islom diniga bilib-bilmay tosh otish evaziga bo‘layotir. Xullas, ko‘pdan beri “Eh, anovi spektaklni ko‘rolmay qoldim-da”, deb afsuslanmayapman.

Kinodramaturgiya masalasida ham ahvol shu. Faqat sal battarroq. ­Kinodagi bosh fojia – moddiyat yetakchilik qilayotgan joyda ma’naviyat ­chekinishidir.

2. Meni tashvishga solayotgan ­muammolar ko‘p, qay birini aytay? Eng achinarlisi, adabiy muammolar ijtimoiy muammolar bilan chatishib ketgani! Ertayu kech tinimsiz qiynayotgan masala – savodsizlik. Bu illat ildizi ancha chuqurlab ketdi. Lekin muammoni yoritishda aksar matbuot – soqov, radio-televideniye – gung! Men taxminan besh mingta odamni shaxsan tanisam, shundan yigirmatacha odamning savodiga tan beraman. (Hatto o‘zim ham bu ro‘yxatda yigirma birinchi bo‘lib turibman.) Bu – juda kam. Chidab bo‘lmas darajada kam!

Oddiy mexanizator, haydovchi, qassobni qo‘ya turaylik, ijodkor ziyolilar va ilm ahlining savodi ham ko‘ngil to‘ladigan darajada emas. Men oddiygina grammatik savodni nazarda tutyapman. Shunday bir sharoitda kitob o‘qishga undamoq, kitobni tar­g‘ib qilmoq binoyidek samara berarmikan? Ko‘chaga chiqib istalgan maktabning yuqori sinf o‘quvchisiga istalgan matnni berib ko‘ring – o‘qiyolmaydi! Xoh lotinda bo‘lsin, xoh kirillda. Men o‘qish deganda nuqta, vergulini joyiga qo‘yib, ifodali o‘qishni nazarda tutyapman.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Kollejni bitirgan bolalarimiz ishga kirish uchun ariza ham yozolmayapti”, deb bekorga kuyib-pishayotgani yo‘q. Kollej, maktabni qo‘yavering, oliy o‘quv yurtini bitirganlarning savodini ko‘rib ham yoqa ushlaysan kishi. Men “Shifo-info” degan tibbiy gazetaga rahbarlik qilaman. Tahririyatimizga, asosan, universitetning filologiya yoki jurnalistika bo‘limlarini bitirgan yosh yigit-qizlar ish qidirib keladi. Diktant yozdirib ko‘raman. Aytsam ishonmassiz, bitta so‘zni o‘ntadan sakkiztasi noto‘g‘ri yozadi! (Boshqa bosh muharrirlarga ham tavsiya qilaman – ishonchli usul.)

Savodsizlik o‘rtamiyonalikka olib keladi. O‘rtamiyona muallim, o‘rtamiyona injener, o‘rtamiyona arxitektor, o‘rtamiyona vrach, o‘rtamiyona boshliq, hamma yoq – o‘rtamiyona!

Ming taassufki, lotin alifbosiga o‘tish masalasi o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotibdi. Qolaversa, maktabda o‘qitilayotgan lotin alifbosi nomukammal – mutaxassislar qayta ishlab, isloh qilishi lozim. Yaqinda maktabni lotinda bitirayotganlarning salkam ikki avlodi yetishib chiqadi. Gazeta-jurnal o‘qimaydiganlar avlodi! Negaki, mamlakatimizda lotin alifbosida chiqadigan gazeta-jurnal yo‘q hisobi (“o‘uncha”ga o‘xshash bir-ikki nashrdan tashqari, albatta). Tilchi olimlarimiz nega tomoshabin bo‘lib turibdi?! Axir, bunday salbiy ahvol uchun, avvalo, ular javobgar-ku!

Meningcha, zudlik bilan lotin yozuviga o‘tishimiz kerak. Muddat qisqa bo‘lishi kerak, masalan, olti oy. ­Nashriyot, bosmaxona, tahririyat va boshqa idoralar lotin yozuviga mo‘jallangan dastur bilan bepul ta’minlansin.

Bu ishlarni bugun, hozir qilish kerak! Ertaga kech bo‘lishi mumkin…

3. Bilasizmi, umrning har bir faslida ma’lum bir yozuvchilarning asarlariga ehtiyoj sezadi kishi. ­Bolalikda – ertaklarga, o‘smirlikda – Jyul Vern, Jonatan Sviftlarning sarguzasht va fantastik romanlariga, balog‘at yoshida – Gi de Mopacsan va siz ham ko‘nglingizda sanab turgan boshqa yozuvchilar asarlariga. Qarilikda – turli lug‘at, spravochnik va atlaslarga ko‘proq ehtiyoj sezarkansan kishi…

Sharof Boshbekov

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 48-son