Rimma Ahmedova: “Muhabbat mening ko‘zim bo‘ldi…” (2005)

Agar g‘amgin bo‘lsang, sevinchim — najot,
Shod bo‘lsang, ol, mana, g‘amimni berdim.
Qanoting bo‘layin, sen ham bo‘l qanot,
Hamdarding bo‘layin, bo‘lgin hamdardim…

She’rni ich-ichidan his qilib, shoir tuyg‘ularini avaylagancha, go‘yoki undagi dardni hurkitib qo‘ymaslik uchun cho‘chigandek ohista o‘qiydi… Men Undan yuqoridagi misralarni bor yo‘g‘i bir marta eshitganman. Lekin har gal uchrashganimda so‘zga ko‘chgan bu hissiyotlar nur bo‘lib uning qiyofasidan yog‘ilib turgandek bo‘ladi. Darvoqe, undan she’r tinglayotganingda she’r muallifini tamoman unutasan. Garchi aktrisaning o‘zi umrida hech she’r qoralamagan bo‘lsa-da, lekin botinida katta Shoir yashaydi. Bu hayotni ulug‘lagan va undan o‘shancha azoblangan ham Uning aynan mana shu shoir yuragidir…

Opaning mahzun qiyofasiga, kumushga aylangan boshiga termulib turib, dublyaj san’atida ovozi orqali yaratgan obrazlari, u ishtirok etgan spektakllarni ko‘rib, o‘qigan she’rlarini tinglaganimda, suhbatlashganimda shunga amin bo‘lamanki, bu ayolda hammagada nasib etavermaydigan, har qanday chiroydanda yuksak ruhiy iste’dod mujassam. San’atkorni qanday vaziyatda, qay holatda uchratma, qiyofasida og‘riqlar o‘z hukmini o‘tkazgan bo‘lishidan qat’iy nazar, har qanday tosh yurakni ham eritadigan munislik borligini tan olasan. U hayotning taloto‘plariga o‘zining sukunatlari, sokin hayqirig‘i bilan javob berib kelyapti. Shu bilan birga bu ayol qanchalik kamtarin bo‘lmasin, o‘z tuyg‘ularini ham hurmat qila oladi. O‘ziga nisbatan ma’naviy talabni hamisha katta qo‘yganidan gohida o‘zini hamda bizni ham koyiydi.

— Ijodkor sifatida mustaqil asarlar ustida ishlay olmadim. Faqat topshirilgan, zimmamdagi vazifamni ijro etdim, xolos, — deydi u. — O‘ylab qarasam, bu hayotga kelib qilgan jiddiyroq ishim, hamma qatori uch farzand ulg‘aytiribman. Alloh ularni o‘z panohida asrasin… O‘zing bilmas ekansan oldinda hayot seni qanaqa dahshatlari bilan kutib turganini. Dublyajga kelsak, sanoqli filmlardangina ko‘nglim to‘ladi, o‘shalardan ikkitasi allaqachon yo‘qqa chiqqan. “Maugli” bilan “Sangam”ning birinchi nusxasi o‘chib ketgan. Qayta qilgan dublyajimiz u darajada muvaffaqiyatli chiqmadi. Uch-to‘rtta filmni hisoblamaganda, qolganlari ham deyarli qo‘yilayotgani yo‘q. Holbuki, aktyor sifatida yuragimning avra-astarini titkilab tashlaydigan, ko‘proq mehnat talab qiladigan rollarga ehtiyojim cheksiz edi. Ortga qarab, o‘tgan yillarni bir-bir xayoldan o‘tkazsam, baribir, aktrisa sifatida baxtli ekanman. Baxtim shuki, ustoz Toshxo‘ja Xo‘jayev, Aleksandr Ginzburg, Bahodir Yo‘ldoshevdek o‘z kasbining piriga aylangan rejissyorlar bilan ishlaganman. Uchchalasi ham betakror rejissyorlar. Bular aktyor ishonchini qozona olgan edi. Shu sabab ham biz obraz yaratishda ko‘zlagan maqsadimizga so‘zsiz yetolardik. Shunday holatlar bo‘lardiki, bugun o‘z ijrongdan qoniqasan, senda osmonga ko‘targulik qadar ichki qanotlar paydo bo‘ladi. Ammo ertasiga nedir bo‘ladi-yu, kechagi ichki parvozdan asar yo‘q. “Eh, attang, mana bu yerini kuchliroq qilishim kerak edi” deb ich-ichingni yeb, o‘zingni koyiysan, lekin aslida tomoshabin kechagi rolingni qanday qabul qilgan bo‘lsa, bugungisini ham shunday qabul qilgan bo‘ladi. Chunki rejissyor to‘g‘ri yo‘nalish bergan. Shuning uchun ham emotsional jihatdan tomoshabinga to‘g‘ri yetib boradi.

Aleksandr Osipovich aktyorni o‘z maqsadi tomon asta-sekinlik bilan olib borardi. Qanday borib qolganingni ham sezmasding, go‘yoki hammasiga o‘zing erishayotganday. U “ha yaxshi, yana bir takrorlaylik-chi, yomon emas” deb bafurja tushuntirardi. Natijada uning xohlagani, mening o‘ylaganimdek bo‘lib chiqar edi. Bu rejissyorning emas, go‘yoki mening talqinimdek bo‘lardi. Ginzburgning biz bilan ishlashi, repetitsiya jarayonlari, aktyorlarni obraz hayotiga olib kirishi zargarning ishidek asta-sekinlik bilan nozik kechardi.

Ustozim Toshxo‘ja Xo‘jayev esa bo‘lakcha. Uning ish jarayoni katta polotnolarda, turli bo‘yoqlardan yirik-yirik manzaralarni aks ettiradigan rassomning ishiga o‘xshaydi. Ya’ni To‘la aka avvaliga tushuntirardilar. Aktyorning ijrosi qoniqtirmasa, domlam shartta sahnaga chiqardilarda o‘zlari ijro etib berardilar. Albatta, u kishi darajasida hech kim o‘ynay olmaydi, lekin o‘shanga qarab intiladi. Rejissyor ijrosi aktyor uchun mezon. To‘la aka kuchli aktyor edi. Ginzburg esa aktyor emasdi. U faqat tahlil qilib tanbeh berardi. Muhimi, rejissyor talab qilayotgan narsani tushunib, chiqarib berish kerak. Buning uchun rejissyor aktyordan har tomonlama baland turishi lozim. Agar aktyorlar rejissyordagi kemtiklikni sezishsa, ijodiy jamoa hech qachon shakllanmaydi. Rejissyor esa ayanchli ahvolda qoladi.

Toshxo‘ja Xo‘jayev qo‘lida tarbiyalangan, Georgiy Tovstonogov maktabini ko‘rgan Bahodir Yo‘ldoshev ma’lum vaqt Ginzburg bilan yonma-yon ishladi. Bahodirning ilk ishlari o‘z davrining mashhur spektakllaridan bo‘lgan. U teatrga shamoldek shovullab kirib keldi. Shu uchun ham diplom asari Dyumaning “Ajal minorasi”ni ko‘rgan Ginzburg “Menga sening yoshliging, g‘ayrating kerak, senga esa mening keksaligim, tajribam kerak” deb aytgan edi. Gohida repetitsiyalariga Bahodirni olib kirar, uning fikrlarini tinglardi. Bunday munosabat — keksa avlod bilan yosh avlod, ya’ni sahna sardori bilan yosh ijodkor orasida juda kamdan-kam bo‘ladigan holat. Uning aktyorlar bilan ishlash uslubi To‘la akamnikiga yaqin edi. Spektaklni to‘laligicha tasavvuriga tiklab olar, uning yakunini ham oldindan ko‘ra olardi. Spektakl voqealari ko‘z oldida namoyon bo‘lar, har bir obrazu epizodlargacha yaqqol ko‘rardi-da, tezroq natijasini ko‘rishga shoshilar edi. Tong yorishmasdanoq ishni boshlab yuborardi. Bunga aktyorlar ham o‘rganishgandi. Avvaliga aktyorni o‘z holiga qo‘yib tushuntirardi. Qarasaki, aktyor umuman tushunmayapti. Sahnaga chiqardi-da, o‘zi ko‘rsatib berardi. Hatto, emotsional joylarda, labini qattiq tishlagancha, ko‘zyoshlarini to‘xtata olmas edi… Chunki u ham ustoziga o‘xshagan tabiatan aktyor. Uning ijrosini ko‘rgan aktyor to‘g‘ri yo‘l faqat shu deb o‘ziga singdirardi. o‘zini sira ham ayamas, imkon qadar buyurtma spektakllardan qochar, o‘ziga, ko‘ngliga ta’sir qilgan asarnigina sahnaga olib chiqishga harakat qilardi.

—     Sizningcha, bu rejissyorlik usullaridan aktyor uchun qay biri qulay yoki muvaffaqiyatliroq?

— Buni aytish qiyin. Menga uchchalovinikiyam tushunarli. Ustozim Toshxo‘ja Xo‘jayev repetitsiya jarayonida, o‘tirgan joylaridan mening so‘zimni baland ovozda aytib yuborardilar. Shu ondayoq hammasi tushunarli bo‘lar edi. Bahodirning uslubi, ijodi menga yaqin bo‘lganligi uchun uning izlanishlarini so‘zsiz qabul qilardim. O‘sha vaqtlarda “Eksperiment nimaga kerak, teatrimizning an’analariga to‘g‘ri kelmaydi-ku” deb e’tiroz bildirganlar ham bo‘ldi. Men ham an’analarga tayanish tarafdoriman, agar u o‘z ta’sir kuchini yo‘qotmagan bo‘lsa va teatrdagi ijodiy ishlarni yanada yuqoriga olib chiqa olsa. Yo‘ldoshev fikrlardi. Tafakkur esa chek-chegarani bilmaydi. Ijodda moslashuvchanlik o‘zini oqlamaydi. Qolaversa, hamma uchun umumiy bo‘lgan, hamma tushunadigan tilda asar sahnalashtirishni, hammalashib ketgan uslubni talab qilish noto‘g‘ri, bunday go‘llarcha munosabat san’atning imkoniyatlarini cheklab qo‘yishdan boshqa hech narsa emas. Har bir rejissyorning o‘z ko‘zi, talqini, ya’ni dasxati bo‘lishi darkor. Chunki tomoshabin saviyasi ko‘lmak suvidek bir joyda qotib qolmaydi. o‘zgarib boradi. Teatrning nufuzini yanada ko‘targan “Qaroqchilar”, “Ro‘yxatlarda yo‘q” spektakllari o‘sha izlanishlar mahsuli. Bunda betakror Brimning dekoratsiyalari ham rol o‘ynar edi, afsuski, bugungi avlod sahnada “Yulduzli tunlar”ni ko‘rmagansizlar. Ana unda shoh va shoir Boburni ko‘rardingizlar.

— Rejissyor diktaturasiga munosabatingiz?

— Agar rejissyor diktator bo‘lmasa, duch kelgan yo‘lovchi bir-ikki kechaga tunab ketadigan karvonsaroydan hech qanaqa farqi qolmaydigan o‘lik teatr bo‘ladi. Bugun u rejissyor kelib spektakl qo‘yadi, ertaga boshqasi. O‘ylashimcha, bugungi teatrimizning eng kemtik tomoni ham shunda. Aktyorlarimizning ishga munosabati shuni ko‘rsatyaptiki, go‘yoki teatrda shunchaki ro‘yxatda turgandek, kelib-ketishadi. Albatta, har qancha urinmang bu bilan “teatr qurib” bo‘lmaydi. Chunki har bir odam o‘zicha olam, o‘zining ichki nizomlariga amal qilgani uchun ham o‘zicha haq. Misol uchun rossiyalik mashhur rejissyorlar marhum Meyrxold, Tovstonogov yo Mark Zaxarovni olaylik. Bularning bari diktator bo‘lgan. Nima uchun ko‘p yillardan beri Zaxarovning “Lenkom”i yashab kelyapti? Aleksandr Abdulov: “bitta muhabbatim bor, u o‘lgunimcha o‘zim bilan qoladigan yagona muhabbat — bu Zaxarovga bo‘lgan muhabbat”, deb bejiz aytmagan. Zaxarov qo‘lida ikki yilcha ishlagan aktyorlar: “U bizga hech ovozini ko‘tarmagan, lekin uni ko‘rsak titraymiz” deb aytishadi. Ular bu odamni juda hurmat qiladi, ishonadi. Unga so‘zsiz bo‘ysunadi. Albatta, men rejissyor johil, shafqatsiz bo‘lsin demayman. Birinchi o‘rinda u aktyorlarini jon-dilidan sevishi shart, shundagina ularning taqdiriga befarq bo‘lolmaydi.

Teatr — kichkina mamlakat. U yerda sog‘lom va sof muhit bo‘lishi, bu muhitda muhabbat va hurmat hukmron bo‘lishi shart. Shundagina fikrini bir-biriga o‘tkazish oson kechadi. Bularning bari kichkina mamlakatning podshohi — rejissyorga bog‘liq.

Rol taqsimlayotganda rejissyor aktyorning imkoniyatlarini e’tiborga olishi kerakdir…

—     Shaxsan men “dramatik aktyorman, raqsga tushishni, ashula aytishni bilmayman” degan gapni tan olmayman. Aynan dramatik aktyor har taraflama, sintetik aktyor bo‘lishi joiz.

Bu salbiy rollarni, bu esa ijobiy rollarni o‘ynaydigan, bunisi qahramonlarni o‘ynaydigan aktyor deyishlariga hech qachon qo‘shilmayman. Aktyor birinchi o‘rinda psixolog. Xohlaysizmi-yo‘qmi, har bir rejissyor sizning tashqi ko‘rinishingizga, saviyangizga qaraydi.

Shunday dam bo‘ladiki, teatrga tabiati Gamletga loyiq aktyor keladi. Bunday vaziyatlarda “Gamlet”ni sahnalashtirmaslik gunoh. Lekin Gamlet bo‘lmasa, teatr repertuarining salmog‘ini ko‘tarish niyatida yo‘q joydan Gamlet yasash, bu Shekspirni uvol qilishdir. Iste’dodli aktyorlarni kashf etish, qahramonlarni yuzaga chiqarish kerak. Lekin bu “qahramon” yasash degani emas.

Afsuski, bizning tomoshabinlar rejissyor bu asarni qanday sahnalashtiribdi deb emas, aktyorlarni ko‘rgani keladi. “Otello”ning mazmunini biladi, lekin bu aktyor Otelloni qanday ijro etibdi deb aktyor o‘yinini ko‘rgani kelgan tomoshabin, agar u ziyrak bo‘lsa, sahna dekoratsiyasini kuzatib, rassomning yaxshi ishlaganiga amin bo‘ladi va kim sahnalashtiribdiykan deya rejissyorga qiziqa boshlaydi. Shundan so‘nggina rejissyor ishi ko‘rinadi. Masalan, Bahodir Yuldoshev shu darajaga ko‘tarilgan ediki, odamlar aktyorlarni emas, rejissyor talqinini ko‘rish uchun teatrga tushar edi.

Bir kun Rimma opaning stoli ustida Pushkinning “Qur’onga iqtibos”ini rus tilidagi variantini hamda o‘zbek tilidagi Abdulla Sher tarjimasini ko‘rib qoldim, undan “radioda o‘qimoqchimisiz” deb so‘raganimda shunday javob berdi:

— Bu uchun she’rni o‘zimniki qilib olishim shart. Qolaversa, ovozim bo‘ysunmayapti. Yuragimdagi tuyg‘ularni to‘laligicha chiqarolmayapman. O‘zimni bardoshli, har qanday dardni yenga olaman deb o‘ylagan edim. Qancha tishimni tishimga bosmay, bugungi og‘riqlar meni sindiryapti…

Sahnada, odamlar orasida ilk bor jur’at qilib o‘qigan she’rim Usmon Azimning “Hayot qo‘shig‘i” she’ri edi. Taqdir qarshisida chorasiz — kechikkan ko‘ngil iztiroblari: “Erga bog‘lab qo‘yilganman ildizim yer ostida, Kechalari shovullayman boqib bo‘yi bastingga… El kaftida olib kelgan har shiviring dilimda…” Qarang, bandi muhabbatni shoir qanaqa ifodalagan! Bu tuyg‘ular yuragimga nihoyatda yaqin… She’riyatni bolaligimdan yaxshi ko‘rardim. Hamma uxlab yotganda, ichki holatimga qarab takror-takror ovoz chiqarmasdan o‘qirdim. Ko‘pchilik she’rni ohang bergancha chiroyli o‘qiydi. Lekin men ohang berib o‘qiy olmayman. Ko‘proq mazmuniga e’tibor beraman. Shart emas tinish belgilariga, bo‘g‘inlariga, ohanglariga, bir vaqtda qofiyasiga tushaverish. Yozgan odam misralarga yuragini bergan, u o‘z dardini yozgan, men esa she’rning ichidagi yurakni tinglayman. Shu sabab ham o‘qiyotganda tinish belgilariga ahamiyat bermayman. She’r zamiridagi dard muhim, o‘zim qalbim bilan yetgan, his qilgan iztirobni chiqazib berishim shart. O‘zimga ta’sir qilgan narsa, tinglovchiga ta’sir qiladi.

Rimma opa, “Trud” gazetasidagi intervyuda Natalya Bondarchuk “… meni sahnada ko‘rgan otam yig‘ladi, spektakl tugaganidan so‘ng u men bilan aktyorlik kasbining bevafoliklari haqida uzoq suhbatlashdi” deydi. O‘ylashimcha, Sergey Bondarchukni iztirobga solgan narsa siz uchun ham begona bo‘lmasa kerak…

– Eh-he, Bondarchuk bunday deyishining sabablari ko‘p… Misol uchun “41- otilmasin” filmida bosh rolni o‘ynagan go‘zal aktrisa Izvitskaya qismatini olaylik. Xorijdayam uning dovrug‘i ketgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdanoq, uni ko‘kka ko‘tarishga sababchi bo‘lgan rejissyorlar nazaridan qolib, aktrisani oqishlagan odamlarning esidan chiqadi. Tasavvur qiling, u osmonlarga uchib yurgan edi-yu, birdaniga “tap” etib yerga tushdi. Fojia shundaki, u mashhurlikning aldamchi bo‘lsa-da, shirin ta’mini totib ko‘rgan edi. To‘satdan unutilib ketish hammaning e’tiborida bo‘lib kelgan odam uchun azob. Xullas, ko‘pchilikni o‘ziga mahliyo qilgan ayol ichib-ichib, yolg‘izlikda, och qolib, xor bo‘lgancha o‘lib ketadi. Artist e’tiborga muhtoj. U imkoniyatini to‘laligicha yuzaga chiqarishni xohlaydi. Ichidan qaynab kelayotgan kuch unga tinchlik bermaydi. Bunaqangi taqdirlar, qismatlar kammi?!

U shular haqida gapirarkan garchi aynan Izolda Izvitskaya qismatidek bo‘lmasa-da, o‘zi uchun qadrli, ruhan maslakdoshlari ustozi Toshxo‘ja Xo‘jayevning qismati, uning so‘nggi kunlari, o‘z shogirdidan ko‘rgan bevafoliklarini, noshud rahbarlar tufayli yuragi zada bo‘lib ketgan o‘lmas san’atkor Botir Zokirov hayotidagi notekisliklar haqidagi o‘zidek mahzun hikoyasiga to‘xtaladi…

— Iste’dodli, qoyil qoldiradigan darajada o‘zini yaqqol ko‘rsatib bera oladigan artistlar bor. Afsuski, ularning imkoniyatlaridan hech qachon to‘laligicha foydalanisholmagan. Hozir ham ahvol shu. Holbuki, ularning iste’dodini yelga sovurmasdan, imkoniyatlarini ochish mumkin edi… Sho‘rlik aktyor esa bu borada qaram.

Aktyorning hayotida qancha darz ketgan joylari bo‘lsa, bularning bari uning yuragini chiziq-chiziq bo‘lib tilib turadi. Bu shilingan jarohatlarning hech qaysisi izsiz ketmaydi! Qaniydi shunda sahnaga chiqsang… hammasi tayyor material. Mana senga — sahna. Hayotning tarsakilari to‘plangan yuragingni endi och! Bu og‘riqlar, dardlar, iztiroblarning barcha-barchasi aktyorni emotsional kuch bilan ta’minlaydi.

Umrni ig‘vo, hasadlar bilan yemirib tashlamasdan, nimalardir qilib qolishga ulgurish kerak. Qaysidir aktyor taniqli bo‘lishni, hamma uni tanib, tezda og‘izga tushishni xohlaydi. Aslida ko‘rinib turish ilinjida o‘zini to‘rt yoqqa uraverish aktyorni ko‘rsatmaydi, aksincha ko‘mib tashlaydi. Boshqa aktyorga umuman taniqli bo‘lishning hojati yo‘q, hattoki unga malol keladi. U uchun hayrat muhim. Bu hayratni na shon-shuhratga, na boylikka, hech bir narsaga alishmaydi. Tabiiyki, hayratni sog‘ingan, qo‘msagan odamning o‘zi ham hayrat ulasha oladi. Taniqli bo‘lish oson. Bu uchun iste’dod kerak emas. Bitta reklamaga tushsangiz televizorda sizni kuniga 15-20 martalab ko‘rsatsa shuning o‘zi kifoya. Ertasi kuni ko‘chaga chiqsangiz “anavi televizorda chiqqan” deb kishilar qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadi. Sevikli bo‘lib qolish, usta darajasiga yetib, mashhur bo‘lish qiyin.

Hech hazm qilolmayman kuldirmagan, yig‘latmagan odam aktyor emas degan fikrni. Bu o‘ta sayoz, jo‘n tushuncha. Kuldirish yoki yig‘latish san’at emas! Bizning tomoshabinlarni bachkana qilig‘u gap-so‘zlar bilan kuldirish qanchalar oson bo‘lsa, ularni yig‘latish uchun “Voy boleem” deyishning o‘zi kifoya. Agar sen to‘rt yoki o‘n odamni hayratlantirolmasang, demak, sen bugun o‘z vazifangni bajarmading. Bugungi kuningni hech ikkilanmasdan hayotingdan o‘chirib tashla. Chunki hayrat izlab kelgan odamni aldading. Puliga, vaqtiga xiyonat qilding. Bilasizmi, faqat aktyorgina tomoshabin bilan ko‘z urishtirib, hayot haqida, uning ma’nosi haqida katta suhbat qura oladi. Bu imkoniyat na rejissyorda, na dramaturgda bor.

Zaldagi tomoshabinlarning hammasini yoppasiga hayratlantira olish ham xom xayol, bu uchun tomoshabinning o‘zi ham ruhan tayyor bo‘lishi lozim. Chunki hammaning didi, qalbi, saviyasi turlicha. Odamlarni yig‘latish yoki kuldirish asosiy maqsad qilib olingan, quruq pand-nasihatdan iborat, zalni tomoshabinlar bilan to‘ldirish ilinjida “manna — anshlag!” deya maynavozchilikdan iborat tomoshalar san’atning qonunlaridan chekinganligi uchun ham hech qachon san’at asari bo‘lolmaydi!

…O‘ylab qarasam, umrim teatr, dublyaj, onalik vazifasi, shular orasida zuvillab o‘tibdi-ketibdi. Aslida bu hayotda qila olishim mumkin va shart bo‘lgan ishlarni bajarishga ulgurolmagandekman… Ro‘zg‘or tashvishlarining hammasini o‘z bo‘ynimga olganim uchun, joningizni qadriga yetmagansiz, deb yaqinlarim mendan ranjishadi. Qay bir ma’noda ular ham haq… Misol uchun, har kir yuvganda ko‘ylakning faqat bitta joyini ishqalaversangiz, bora-bora kiyim ham aynan o‘sha joyidan yirtiladi. Baribir men afsuslanmayman. Chunki o‘sha damlarda bu mehnatlarning mashaqqati sezilmagan, malol kelmagan. Neki mehnat bo‘lsa, barini sevganligimdan, azbaroyi oilamga bo‘lgan muhabbatim tufayli qilganman. Shunchaki burch yuzasidangina emas! Qolaversa, atrofingdagilar uchun o‘zingni sarflashni o‘zgacha gashti bor… Hatto rahmatli ayam1 ham “ro‘zg‘orning hamma yukini o‘z yelkangizga olmang, aravani ikkovlaring baravariga tortinglar” deb koyirdilar. Lekin bunday qilolmasdim. Axir, u — ijodkor! Imkon qadar mayda tashvishlardan, oilaviy ikir-chikirlardan ayashim shart edi. Qon-qonimga singib ketgan haqiqat shu ediki, mening ishlarim-vaqtimdanda ko‘ra uning o‘y-fikrlari, lahzalari qimmatli edi. Rejissyor rafiqasi bo‘lganligim uchun o‘zimni asosiy rollardan chetga tortib kelsam-da, har bir spektaklining muvaffaqiyatidan sarxush bo‘lganimdan barcha charchog‘u ko‘ngilxiraliklarni unutib, baxtiyor bo‘lgancha yana kundalik tashvishlariga sho‘ng‘ib ketardim, Hayot shu tarzda o‘taverdi… Erkin bir she’rni ko‘p o‘qiydi, ma’nosi deyarli shunday: “Dunyoga keldingmi, bozorga bor-da kafanlik ol”…

Agar hayotimni boshqatdan boshlash imkoni bo‘lsa, kimdir menga “Rimma, hayotingda seni mana bunday ko‘ngilsizliklar kutib turibdi” deganida ham hech ikkilanmasdan mana shu taqdirni baribir tanlagan bo‘lardim.

Hayot siz uchun nima?

— Agar shu kungacha nelargadir erisha olgan bo‘lolsam, barisining zamirida muhabbat yotadi. Men hayotni muhabbat orqali ko‘rdim. Muhabbat mening ko‘zim bo‘ldi.

Inson hayotida shunday xatolar bo‘ladiki, ularning bittasi butun umringga yetadi. Qolgan xatolaring uchun poydevor vazifasini o‘taydi. Eng asosiysi Alloh tomonidan tuhfa etilgan tan, qalb, ongni ardoqlash kerak. Xastalik — nochorlik, imkoniyatingni cheklanganligi demak.

Hayotda hech kimdan ranjimaslik kerak, deb o‘ylayman. Chunki bu yo‘llarni Allohning o‘zi chizgan,U hech noto‘g‘ri chizmaydi. Siz bilan mening vazifam shu yo‘llardan, taqdirimda bu ham bor ekan, deya qanoat bilan o‘tish. Qanoatda hikmat ko‘p. Qancha o‘nqir-cho‘nqir bo‘lmasin, bu yo‘llardan o‘tishimiz zarur. Faqat bu yo‘llardan o‘tayotganda tavba-tazarru bilan, bizni va bizga ozor yetkazganlarni O‘ZIng kechir, deb o‘taylik.

Bu daryodil ayol o‘zining dunyosi, hikmati bilan men uchun hayotning jo‘n haqiqatlarini parchalab tashladi. Ya’ni xalqimiz orasida ko‘p yuradigan “Qizlarning hammasi yaxshi, lekin yomon xotinlar qaydan chiqadi” naqlini odamlar o‘z zaifligini xaspo‘shlash ilinjida aytishini anglatdi.

Yillar davomida hayot o‘zining bo‘ronlari bilan bu “sokin daryo”ning suvlarini loyqalata olgani yo‘q. Uning munisligida hatto ko‘pchilik erkaklarda uchramaydigan so‘nmas qat’iyat, tog‘lar ko‘ksini titratadigan mushfiqlik bor. U uchun hayot kurashdan, meniki-seniki deya tortishib talashishlardan iborat emas, shu bois sahnani ham kurash maydoniga aylantirib yubormadi. U uchun hayot muhabbat, bardosh va imkoniyat… Bir inson ko‘rishi, chekishi mumkin bo‘lgan dardlarni ingramasdan yengib kelyapti.

Rimma Ahmedova bilan o‘tgan suhbatlarimizni, uning hayotini o‘zimdan o‘tkazar ekanman ich-ichimdan shunday javob sizib chiqadi: bu ayol shunchaki yashay olmaydi, shunchaki rol ijro etolmaydi. Shunchaki e’tibor, munosabat, o‘zi aytganidek “shunchaki shimga dazmol bosish”… Umuman, u “shunchaki” so‘zi bilan chiqisholmaydi. Shuning uchun ham uning og‘riqlari, dardlari, sevinchiyu BAXTI shunchaki emas...

Iqbol Qo‘shshayeva,

2005 yil, dekabr

 


1 Qaynonasi O‘zbekiston xalq artisti Shirin Meliyeva nazarda tutilgan.