Bismillahir rohmanir rohiym.
SAVOL. Alouddin aka, Qur’oni Karimning Siz amalga oshirgan o‘zbekcha ma’no tarjimasi jurnalimizda e’lon qilinganiga ham, mana, ikki yil bo‘libdi. Ruhoniy va dunyoviy hayotimizda ulkan hodisa bo‘lgan bu ishning foydasi, ahamiyati, inshoolloh, kelgusida yanada yaqqolroq ko‘rinajak va xayrli bo‘lajak. Hozir bevosita tarjima xususida va jamiyatning bu tarjimaga munosabati haqida bir-ikki og‘iz suhbatlashib olsak. Avvalo, bilishni istaymizki, tarjimadan ko‘nglingiz to‘ldimi?
JAVOB. Haq taologa beadad hamdu sanolar hamda Ul zotning habibi va so‘nggi payg‘ambari hazrati Muhammad Mustafoga durudu salomlar bo‘lsinki, Yaratganning inoyati bilan keyingi yillarda diyorimiz mo‘min-musulmonlari uchun dinu iymon yo‘li ochilib, xalqimiz dinsizlik asoratidan asta-sekin xalos bo‘la boshladi. Insoniyatni jaholat zulmatlaridan qutqarib, iymonning munavvar yo‘liga boshlagan Ollohning kalomi bo‘lmish Qur’oni Karimni, barcha payg‘ambarlar sarvari Muhammad alayhissalomning muborak hadislarini va alloma ajdodlarimizdan bizlarga ma’naviy meros bo‘lib qolgan diniy kitoblarni o‘qib, o‘rganib, mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Qur’oni Karim ma’nolarining zamonaviy o‘zbek tilidagi izohli tarjimasi dunyoga keldi. Kalomulloh ma’nolarini xalqimizga birinchi bo‘lib yetkazish baxti jumhuriyatning yetakchi adabiy oynomasi «Sharq yulduzi»ga nasib etdi. Men o‘sha yorug‘ kunlarni minnatdorlik va maroq bilan eslayman. Jurnal xodimlari — bosh muharrirdan tortib musahhihgacha bu savobli ishga katta diqqat-e’tibor va mas’uliyat bilan kirishgan edilar. Agar Qur’oni Karim tarjimasi jurnalda to‘la ikki yil davomida e’lon qilingan bo‘lsa, qariyb har bir son uchun tayyorlangan juz’ ustida tarjimon bilan muharrirlar o‘rtasida keskin bahs-munozaralar bo‘lib o‘tar edi. Har safar yangi qilingan tarjimani yetkazib berar ekanman, telefon oldida tahrir uchun mas’ul Omon Muxtor va Anvar Tursunlarning «hujum»lariga qarshi hozirlik ko‘rib turar edim. Chunki ular tarjimaning ilk o‘quvchilari va, ta’bir joiz bo‘lsa, ilk tanqidchilari ham edilar. Shuning uchun har bir sura, balki har bir oyat tarjimasini o‘ta diqqat bilan o‘qishar va iloji boricha biron kamchilik topishga «harakat» qilishar edi. Muharrirlarimiz bu Ilohiy asar tarjimasini imkon qadar o‘quvchiga tushunarliroq bo‘lishiga ahamiyat berishar, shu sababdan ayrim o‘rinlarda to men ular talab qilgan izohlarni yozib bermagunimcha yoki O‘tkir aka o‘rtaga tushib har ikki tarafni insofga chaqirmaguncha, Toshkent bilan O‘sh o‘rtasidagi «telefon jangi» davom etaverar edi. Tabiiyki, bunday bahs-munozaralar natijasida tarjima faqat yutar va sayqal topar edi. Lekin shu o‘rinda men muhtaram o‘quvchilarimizni xotirjam qilish uchun shuni ma’lum qilib qo‘yishga burchlimanki, muharrirlar tomonidan kamina amalga oshirgan tarjimaga biron so‘z qo‘shilgani ham yoki qisqartirilgani ham yo‘q.
Endi savolingizga kelsak, xo‘sh, mening o‘zim bu tarjimadan ko‘nglim to‘ldimi yoki yo‘qmi? Avvalo, Ilohiy Kalom ma’nolarini U nozil bo‘lgan tildan boshqa bir tilga o‘girish shunchaki havas bilan yoki qo‘ldagi qalamni charxlab olish uchun qilib qo‘yaveradigan oson ish emasligi ayon bir haqiqatdir. Binobarin, men ham qariyb yigirma yillik tayyorgarlik so‘ngida bu muborak ishga qo‘l urar ekanman, ko‘zim o‘ngida va dilim to‘rida mudom Ollohning rizoligi, ul Zot oldidagi buyuk mas’uliyat va ro‘zi mahsharda Uning huzuridagi javobgarlik yuki turdi. Bu shunday sharafli va ayni paytda o‘ta vazmin bir yuk ediki, uning oldida o‘zimga o‘xshagan ojiz bandalarning mening tarjimamga nisbatan bildiradigan munosabatlari — ularning olqishlari yoki tanqidlari juda yengil narsaga aylanib qoladi. Shuning uchun men Yaratganning O‘zidan madad tilab, nihoyat darajada cheklangan diniy bilimim va iqtidorim yetganicha bu Ilohiy Kalom ma’nolarini, Uning uslubidagi purma’no tig‘izlik, taranglik va shiddat bilan yonma-yon keladigan, har bir oyat taxtidan ufurib turgan Qudsiy Mehrni, so‘z ila ifodalab bo‘lmaydigan darajada bemisl fasohat-balog‘at bilan barobar turgan, har bir aql egasi anglay oladigan buyuk soddalikni va nihoyat Ilohiy amru farmonlardagi turfa ohang va mazmun tovlanishlarini alo qadri hol millatdoshlarimizga yetkazishga harakat qildim. Lekin Qur’oni Karim shunday tubsiz dengiz ekanki, undagi tengsiz va bebaho javohirotni to qiyomat terib bitkazib bo‘lmas ekan. Shu boisdan ham necha asrlardan buyon ne-ne allomayi zamonlar bu Ilohiy kitoblarga yuzlab tafsirlar — sharhlar bitdilar-u, ammo bironta inson men bu dengizning tubiga yeta oldim, deb da’vo qila olmaydi. Qo‘limizdagi tarjima ham o‘sha o‘tgan ustozlarning kitoblaridan foydalanib, xalqimizni Kalomulloh tomoniga burish ilinjida qilingan bir harakat bo‘lib, shunday sharafga muvaffaq qilgani uchun men Yaratganga beadad shukrlar aytaman.
Shu o‘rinda muhtaram o‘quvchilarimizga uqtirib o‘tmoqchimanki, Qur’oni Karim ko‘z qiri bilan o‘qib qo‘ya qoladigan kitob emasdir. Uni fahmlamoqchi bo‘lgan kishi chin ixlos-la, butun vujudi bilan berilib qayta-qayta o‘qigan taqdirdagina bu aziz Kitob ma’nolariga yetib bora oladi.
SAVOL. «Qur’oni Karim ma’nolari tarjima qilinyapti ekan, yaqinda e’lon qilinarkan», deb kutib yurilgan kunlarda xalq orasida qiziqish nihoyatda katta, umumiy kayfiyat ham bo‘lakcha edi. Keyinroq, nazarimda, bu qiziqish bir oz susaygandek, odamlar sal beparvo bo‘lib qolgandek tuyuldi. Sizga ham sezildimi bu hol? Tarjima muallifi sifatida bu holning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
JAVOB. Menimcha, bu holning bir necha sabablari bor. Birinchidan, Qur’oni Karim tarjimasi boshlanayotgan o‘sha davrda insonlarning ruhoniy hayotlarini oyoqosti qilib kelgan dahriy tuzum endi yemirila boshlagan, ruhoniy tashnalikdan aziyat chekayotgan ming-minglab kishilarda Kalomulloh ma’nolari bilan tanishish imkoniyati vujudga kelgani haqidagi xushxabar katta qiziqish uyg‘otgan edi. Ikkinchidan, eslasangiz kerak, o‘sha paytlarda ommaviy axborot vositalarida diniy-ruhoniy mavzu markaziy o‘rinlarni ishg‘ol qilgan ediki, bu hodisa ham xalqimizda dinga va diniy kitoblarga muayyan qiziqish uyg‘otishi tabiiy edi. Lekin, keyinchalik, kishilar Qur’oni Karim ma’nolari bilan tanisha boshlagach, avvalo, ular bu Kitobda o‘zlari uchun notanish bo‘lgan yangi bir uslubga ro‘baro‘ keldilar va, tabiiyki, ular uchun bu qadimiy va ayni paytda yangi So‘zni qabul qilish oson kechmadi. Ehtimol, bu holga, ayrim birodarlarimiz to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek, tarjimadagi izohlarning kamligi ham muayyan ta’sir ko‘rsatgandir. Ammo, mening nazarimda, asosiy sabab boshqa yoqda. Asosiy sabab shuki, Qur’oni Karim, ushbu Ilohiy kalom, boshqa bashariy kitoblardan farqli o‘laroq, o‘quvchining oldiga, o‘qigan har bir oyatga amal qilish vojib, degan qat’iy talabni ko‘ndalang qilib qo‘yadiki, hamma o‘quvchilar ham bunday oliy himmatga ega bo‘lmasliklari turgan gap. Demak, Qur’on nashriga «bir zo‘r klassik asar» deb yoki bir «madaniy-ma’naviy obida» deb ko‘z tutgan kishilar uchun ehtimol Kalomulloh yuki vazminlik qilgandir. Har holda, biz bu holni Qur’on o‘quvchilari kamayayotibdi deb emas, balki saralanayotibdi deb baholasak, to‘g‘riroq bo‘lar. Qolaversa, Qur’oni Karim tarjimasi turli nashriyotlarda ketma-ket, misli ko‘rilmagan sanoqda — milyon nusxada chop etilib, xalqimizga tarqalib ketganini hisobga olsak, bu aziz Kitobning xaridorlari unchalik ham kam emasligini ko‘ramiz.
SAVOL. Bizning kuzatishimizcha, Qur’oni Karimning tarjima etilishini yuz foiz qo‘llab-quvvatlovchilardan tortib, «Kalomulloh tarjima qilinmasligi kerak edi, endi u ilohiylik martabasidan yerga tushib qoldi», degan ma’noda keskin rad qiluvchilargacha bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, bu masalada dunyoviy ulamolar ham, diniy ulamolar ham ikkiga bo‘linib qoldilar. Hatto o‘sha paytlarda jumhuriyat kompartiyasi markaziy qo‘mitasi kotibi nomiga bir dorilfunun dotsentidan «Qur’onning «Sharq yulduzi» jurnalida bosilishini axloqsizlik deb hisoblayman», degan mazmunda telgrom ham yuborilgan. Jamiyatning bu tariqa turfa munosabatini Siz qanday sharhlaysiz?
JAVOB. Darhaqiqat, Qur’oni Karim tarjimasi dunyo yuzini ko‘rishi bilan jamiyat tomonidan xilma-xil munosabatlarga duch keldi. Avvalo, xalqimizning aksari qismi bu muborak ishni xushnudlik bilan kutib olganliklarini ta’kidlash joizdir. Endi qarshiliklarga kelsak, ayrim dindorlarimiz, garchi o‘zlari Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima-tafsir qilinishidan xursand bo‘lsalar-da, lekin uni alohida kitob shaklida bo‘lmay, balki bir adabiy jurnalda chop etilayotganidan xavotirga tushgan va bu ish Qur’onga nisbatan hurmatsizlik bo‘lmasmikin, degan andishani izhor qilgan edilar. Ularning bu xavotirlariga jurnal o‘z vaqtida o‘rinli javob qilgan edi («Shvrq yulduzi», 1990 yil, 7-son, 169—170-betlarga qaralsin). Darvoqe’, o‘sha sonda Siz eslab o‘tgan telgromning matni ham to‘la berilgan edi. Garchi, hozirgi vaziyatimizdan qaraganda, Qur’on tarjimasi xususida kompartiya idorasiga arz qilishning o‘zi axloqsizlik bo‘lib ko‘rinsa ham, o‘sha vaqt nuqtai nazari bilan boqib shikoyatchini ayblab bo‘lmasdi. Ammo meni telgromdagi ikkinchi jumla hayratga solgan edi. Unda: «Uni (Qur’onni) yaxshilab tayyorlangandan keyin alohida kitob qilib, faqat obuna yo‘li bilan oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli odamlarga tarqatish…» kerakligi yozilgan edi. O‘shanda men: «Bu dotsent akamiz Qur’oni Karimni o‘qib, o‘rganib, unga amal qilib o‘tgan ota-bobolarimizning hammalarini oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli kishilar, deb hisoblaydilar shekilli», deb o‘ylagan edim.
Endi «Kalomulloh tarjima qilinishi bilan osmondan yerga tushib qoldi», degan xavotir bilan boshlari qotib yurgan birodarlarimizga kelsak, ular yo haqiqatan ham Qur’on osmondan — Olloh taolo tomonidan yerga — Muhammad alayhissalomga va u zot vositalari bilan butun insoniyatga tushganidan bexabarlar, yoki xalqimiz Qur’oni Karim ma’nolaridan xabardor bo‘lib qolishidan qo‘rqadilar. Holbuki, Kalomulloh Janobi Haq tomonidan bizlarga uni faqat qabristonlarda yoki o‘lik chiqqan xonadonlarda o‘qishimiz yoxud sandiqlarda avaylab-asrashimiz uchun emas, balki ongli hayotimizning har bir nafasida o‘qib, ma’nolarining fahmiga yetib, unga amal qilishimiz uchun tushirilgan-ku! Holbuki, Qur’on, agar ta’bir joiz bo‘lsa, Parvardigorimiz tomonidan bizlarga yuborilgan Ilohiy Maktubdirki, unda, agar o‘qib, uqib, amal qilsak, ikki dunyoimiz saodatini ta’min etadigan Ilohiy yo‘l-yo‘riq va amru farmonlar bordir. Xo‘sh, endi agar Qur’on tilidan bexabar bo‘lsak-chi? U holda bu aziz Kitobning ma’nolarini o‘z tilimizga o‘girib, imkon qadar Kalomullohga yaqinlashish bizlarning ezgu vazifamiz va muqaddas burchimiz bo‘lib qolmaydimi?! Axir, maktub yuborgan Zot o‘quvchilar faqat u maktubning ohanglariga mahliyo bo‘lishlaridan yoki o‘sha maktub bitilgan varaqning hoshiyasidagi bezaklarga hushlari uchib, maftun bo‘lib qolishlaridan rozi bo‘lmasa kerak. Aksincha, shunday Ilohiy Maktub olish baxtiga noil bo‘lgan har bir o‘quvchi — Inson darhol undagi Ilohiy farmonlarni o‘qib-o‘rganib, ularni imkoniyati yetganicha ijro qilishga kirishmog‘i lozimdir. Men mana shunday mulohazalardan kelib chiqib Kalomulloh ma’nolarini millatimizga yetkazishga harakat qildim. Ha, Qur’oni Karim tarjimasiga nisbatan turfa munosabatlar bo‘ldi. Lekin, nafsilamrni aytganda, men o‘z tarjimamni e’lon qilar ekanman, yetmish yillab dinsizlik og‘usi bilan zaharlanib kelayotgan xalqimizdan bundan-da keskinroq, bundan-da noxushroq qarshilik qilishlarini kutgan edim. Qolaversa, arablarda shunday bir naql ham bor-ku: «Man sannafa, faqod istahdafa», ya’ni, «Har kimki biron asar tasnif qilsa (yozsa), muhaqqaqki, u har tarafdan otiladigan o‘qlar uchun nishonga aylanadi». Yaratganga shukronalar bo‘lsin, U zot avval bandalarining dillarini o‘z kalomiga moyil qilib qo‘yib, so‘ngra bizga ushbu Kalomni tarjima qilishni nasib etgan ekanki, mutlaq ko‘pchilik hammillatlarimiz bu voqeani xursandlik bilan kutib oldilar.
SAVOL. Tarjima jurnalda e’lon etilib bo‘lgach, bir necha marta va turli nashriyotlarda kitob holida chop etildi. Lekin, afsuski, matnda bir oz farqlar ko‘zga tashlanyapti. Imloviy xatolar ham ancha-muncha. Hatto bir nashrda «Hujurot» surasidan 4-oyatning davomi va 5-oyatning boshlari tushib qolib, ikkala oyat qo‘shilib ketgan. Bularning sababi nimada va mas’uliyatini kim bo‘yniga oladi?
JAVOB. Nurulloh, bu savolingiz bilan Siz mening ham dilimni o‘rtayotgan bir muammoni o‘rtaga tashladingiz. Aytib o‘tganimdek, Qur’oni Karim tarjimasi jurnal sahifalarida, «Cho‘lpon» nashriyotida va G‘afur G‘ulom nashriyotida ketma-ket qariyb milyon nusxada chop etildi. Men har bir nashrni tarjima muallifi sifatida intiqlik bilan, lekin shu bilan barobar xavotir bilan kutadigan bo‘lib qoldim. Chunki qaysi nashrni olib qaramang, ortiq darajada imloviy xatolar, hatto ayrim suralarda butun-butun oyatlar tarjimasi tushib qolishi kishini ranjitadi. Ayonki, bu bir tomondan o‘quvchini chalg‘itsa, ikkinchi tomondan nashriyotning Kalomullohga nisbatan beparvoligini ko‘rsatadi. To‘g‘ri, kitob chop etish, xususan, Qur’oni Karim tafsiridek o‘ta murakkab kitobni nashr qilish jarayoni juda qiyin va mehnattalab jarayon ekan, lekin bu hol hech bir nashriyotni o‘tib ketgan xatolar uchun mas’ul bo‘lishdan ozod qila olmasa kerak.
SAVOL. Qur’oni Karimda Olloh taolo aql egalariga ko‘p bor murojaat qiladi. Nihoyat Qur’oni Karimning ma’nolarini o‘z ona tillarida o‘qishga muyassar bo‘lgan aksari aql egalarida «Nega? Nega? Nega?» degan savollar ko‘payib qoldi. Ya’ni, mukammal tafsirlarga muhtojlik sezilyapti. Agar tez orada bu «Nega?»larga qoniqarli javob berilmasa, jamiyat yana boyagiday qorong‘ilikda qolaverishi mumkin… Masalan, bir yozuvchi akamiz bir kuni: «Qur’oni Karimni o‘qib chiqdim, ammo jannatda ibodat qilinadimi, yo‘qmi — javob topolmadim», dedi. Yana bir kuni: «Nega Olloh taolo yaxshi amal qilganlarga oxiratda nuqul moddiy ne’matlar va’da qiladi? Nega ma’naviy ne’matlar haqida so‘z yo‘q? Nima, jannat faqat moddiy ne’matlar makonimi?» deb qoldi. Albatta, bunday savollar rad ma’nosida emas, haqiqatan bilgisi kelganidan tug‘ilgan savollardir. Demak, aql ularga javob istaydi. Shu masalada nimalar deya olasiz?
JAVOB: Darhaqiqat, mukammal tafsirlarga muhtojmiz. Chunki bizning avlod Qur’oni Karim sirlari bilan endi-endi oshno bo‘la boshladiki, bu aziz Kitobning mazmun-mohiyatini to‘laroq anglab yetishimiz uchun bizlar o‘nlab, balki yuzlab sharhu tafsirlarga muhtojmiz. Inshoolloh, kelgusida bu orzu-istaklarimiz ham ro‘yobga chiqar. Ammo hozircha boriga baraka deganlaridek, qo‘limizdagi tafsir-tarjimaga murojaat qilib, uni qayta-qayta o‘qisak, o‘ylaymanki, o‘zimizni qiynab yurgan ko‘plab «Nega?»larga javob topsak kerak. Zotan, aql egalarining vazifasi faqat turli savollar topish emas, balki, o‘qilgan oyatlar zimnidan, jumlalar orasidagi havodan — iqlimdan o‘zgalarning farosati yetmagan javoblarni ham topishdir. Buning uchun, avvalo, qo‘limizdagi Kitobning egasi avvalu oxirni, dunyo va oxiratni O‘z qabzasida ushlab turgan Zot ekanligini bir nafas bo‘lsin unutmasligimiz kerak. Ollohning Kalomi ham U zotning O‘zi kabi yuksak, qudratli va hikmatli ekanini har daqiqa yodimizda tutishimiz lozim. Ya’ni, bu aziz Kitob huzuriga yillar davomida ko‘nglimizga ingan g‘uborlar va aqlimizni ishg‘ol qilgan shubhalar bilan emas, balki toza dil va sof aql bilan kelsak, chin iymon va ixlos bilan kelsak, ana shunda undan ko‘nglimiz taskin topadigan, aqlimiz orom oladigan barcha javoblarni olamiz. Ana shunda barcha olamlar Podshohining huzuridan bizning saodati abadiyyatimizni ta’min etadigan to‘xtam-qanoatni va sobit e’tiqodni topamiz. Ana shunda, siz yuqorida eslab o‘tgan savollarning javobi Qur’oni Karimda qayta-qayta keladigan: «U joyda (jannatda) jannat ahllarining ko‘ngli tilagan barcha narsa muhayyodir», degan mazmundagi oyati karimada ekanligini juda oson ko‘ra olamiz va insoniyatni mudom ma’naviyyat yuksakliklariga ko‘tarilishga undagan, moddaga qul bo‘lib qolmaslikka buyurgan Olloh taolo, ma’naviy barkamol, sobit e’tiqodli kishilarga jannat ne’matlarini va’da qilgan Parvardigorimiz hech qachon ahli jannatni u joyda ma’naviy ne’matdan mahrum qilib qo‘ymasligiga iymon keltiramiz.
Nurulloh, men bu so‘zlarim bilan Qur’oni Karimni o‘qiganlarda hech qanday savol tug‘ilishi mumkin emas, demoqchimasman, balki dilimizga kelgan har qanday savol-ishtiboh bilan yana Qur’onning o‘ziga murojaat qilsak va uni diqqat-e’tibor bilan, ixlos-e’tiqod bilan mutolaa qilsak, barcha «Nega?»larning javobini Kalomullohdan topa olishimizni aytmoqchiman. Olloh taolo barchalarimizni Qur’oni Karimni o‘qib, uqib, unga amal qiladigan bandalari qatoriga qo‘shsin!
“Sharq yulduzi” jurnali, 1994 yil, 3-4-son